Abu zakariyo yahyo ibn sharaf navaviy riyozus-solihiyn
Download 5.07 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- «Sizlardan har biringiz unga (jahannamga) tushguvchidirsiz»
- 165-BOB Zolimlar qabri yonidan o‘tganda qo‘rqib yig‘lash, Allohga muhtojlikni izhor qilish va ulardan g‘aflatda qolishdan saqlanish xususida
154-BOB Mayyitda ko‘rilgan biror yomon holatni boshqalarga so‘zlashdan o‘zni tiyish haqida 927/1. Rasulullohning (s.a.v.) mavlolari Abu Rofe’dan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kimki biror o‘likni yuvib, undagi ayblarni berkitsa, Alloh taolo uni qirq marta mag‘firat qiladi», dedilar. Imom Hokim rivoyatlari. Bu hadis Muslimning shartlariga binoan sahihdir. Foyda: Yuzi o‘zgarib ketgan yoki qabrida ilon ko‘rib qolingan mayyitning aybini yopish shartdir. Agar mayyit fosiq bo‘lsa boshqalarga ibrat bo‘lishi uchun aybini aytishning zarari yo‘q. 155-BOB Mayyitga janoza namozini o‘qish, qabristongacha olib borish va dafn marosimida qatnashishning fazilati hamda janozada ayollar ishtirok etishining karohiyati to‘g‘risida 928/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kimki janoza o‘qib tugatilguncha o‘sha yerda hozir bo‘lsa, bir qiyrot miqdoricha savobga ega bo‘ladi. Kimki dafn etilguncha hozir bo‘lsa, ikki qiyrot miqdoricha savobga ega bo‘ladi», deganlarida, sahobalar: «Ikki qiyrot deganingiz nima o‘zi?» deb so‘rashdi. Shunda u zot: «Ikkita ulkan tog‘ miqdoricha», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 929/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Kimki musulmon kishining janoza namozida va dafn marosimida imon ila hamda savob umidida ishtirok etsa, ikki qiyrot ajr bilan qaytadi. Har bir qiyrot Uhud tog‘i miqdorichadir. Kimki dafn etilishidan oldin janoza namozining o‘zini o‘qiboq qaytsa, bir ajr bilan qaytadi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 930/3. Ummu Atiyyadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu sahobiya ayol: «Biz ayollar janozaga qatnashishdan qaytarildik. Lekin qaytariq ta’kidlangan holda emas», dedilar. Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 183 Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 156-BOB Janoza namozini o‘quvchilar ko‘p bo‘lishini hamda uch safdan ziyoda bo‘lishlarining mahbubligi haqida 931/1. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Biror kishi vafot etsa, musulmonlardan bir jamoat unga janoza namozi o‘qishsa va ularning adadlari yuztaga yetsa, hammalari shu mayyitga shafoatlarini taqdim etishsa, ya’ni gunohi kechirilishini so‘rashsa, albatta barchalarining shafoatlari unga nisbatan qabul qilinadi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 932/2. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Biror musulmon vafot etsayu, uning janozasida Allohga biror narsani sherik qilmagan qirq kishi ishtirok etsa, ularning shafoatlari mayyitga nisbatan qabul qilinadi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. 933/3. Marsad ibn Abdulloh Yazaniydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Molik ibn Hubayra (r.a.) qachon janoza namozini o‘qimoqchi bo‘lib, jamoatdagilarni oz deb hisoblasalar, ularni uch safga ajratardilar. Keyin: «Men Rasulullohning S: «Qaysi bir kishiga uch saf bo‘lib janoza namozi o‘qilsa, unga jannat vojib bo‘ladi», deb aytganlarini eshitdim», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. 157-BOB Janoza namozida o‘qiladigan zikrlar Mayyitga janoza namozi o‘qish farzi kifoyadir. Shu singari, uni yuvish, kafanlash, dafn qilish ham farzi kifoyadir. Bunga hamma bir ovozdan ittifoq qilgan. Janoza namozi Imom A’zam (r.a.) mazhablarida quyidagicha o‘qiladi: Avval «Allohu akbar» deb, ya’ni, takbiri tahrimani aytib quloq qoqadi. So‘ng Sano - «Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va la ilaha g‘oyruk» duosini o‘qiydi. So‘ngra yana takbir aytadi, ammo qo‘lini ko‘tarmaydi. Keyin Rasulullohga biror salovotni aytadi. So‘ng «Allohu akbar», deb janoza duosini o‘qiydi. Janoza duosi: «Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ‘alal islam va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ‘alal iyman. Allohumma la tahrimna ajrohu va la taftinna ba’dahu». (Ma’nosi: Ey Rabbim, tirigu o‘ligimizni, hoziru g‘oyibimizni, kichigu kattamizni, erkagu ayolimizni mag‘firat qil. Ey Rabbim, kimimizni hayotda qoldiradigan bo‘lsang, uni Islomda qil, kimimizni o‘ldiradigan bo‘lsang, uni iymon bilan vafot ettir. Bizni uning ajridan mahrum qilma. Undan keyin bizni fitnaga solma.) Agar mayyit yosh bola bo‘lsa, quyidagi duoni o‘qiydi: «Allohummaj’alhu lahuma farotan vaj’alhu lahuma salafan vaj’alhu lahumo zuhron va saqqil bihi mavaziynahuma va afrig‘is sobro ‘ala qulubihima va la taftinnahuma ba’dahu va la tahrimhuma ajrah», so‘ng yana «Allohu akbar» deydi va ikki tomonga salom berib, namozni tugatadi. (Ma’nosi: Allohim, bu go‘dakni ota-onalari uchun ajr, fazl va zahira qil. U sababli ota- onasining tarozilarini og‘ir qil, qalblariga sabr yog‘dir. Undan so‘ng ularni fitnaga solma, ularni uning ajridan mahrum qilma.) 934/1. Abu Abdurahmon Avf ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Rasululloh (s.a.v.) janoza namozi o‘qiganlaridagi duolarini yodlab oldim, unda: «Allohummag‘fir lahu varhamhu va ‘afihi va’fu anhu va akrim nuzulahu va vassi’ mudxolahu vag‘silhu bil mai vas salji val barodi va naqqihi minal xotoya kama naqqoytas savbal abyazo minad Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 184 danasi va abdilhu daron xoyron min darihi va ahlan xoyron min ahlihi va zavjan xoyron min zavjihi va adxilhul jannata va a’izhu min ‘azabil qobri va min ‘azabin nar», deb aytganlar. Shunda men o‘sha mayyitning o‘rnida bo‘lishni orzu qilib qoldim», deb aytdilar. (Ma’nosi: Ey Rabbim, uni mag‘firat qil, unga rahm et. Uni ofiyatda qil va avf et. Tushadigan yerini mukarram, kiradigan yerini keng qil. Uni suv, qor, do‘l bilan yuv. Oq kiyim kirdan toza bo‘lgani kabi, uni xatolardan pokla. Unga hovlisidan yaxshiroq hovli, ahlidan yaxshiroq ahl, juftidan yaxshiroq juft ber. Uni jannatga kirgiz, qabr va do‘zax azobidan saqla.) Imom Muslim rivoyatlari 935/2. Abu Hurayra, Abu Qatoda va Abu Ashhaliy otalaridan (r.a.) qilgan rivoyatlarida, Rasululloh (s.a.v.) janoza namozida: «Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiriyna va zakarina va unsana, Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ‘alal islam va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ‘alal iyman. Allohumma la tahrimna ajrohu va la taftinna ba’dahu», deb aytdilar. (Ma’nosi yuqorida o‘tdi.) Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. 936/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar mayyitga janoza namozi o‘qisangizlar, uning uchun duoni xolis qilinglar», deb aytdilar. Abu Dovud rivoyatlari. 937/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) janoza namozida: «Allohumma anta robbaha va anta xolaqtaha va anta hadaytaha lil islam va anta qobazta ruhaha va anta a’lamu bisirriha va ‘alaniyyatiha va qod ji’naka shufa’aa lahu fag‘firlahu», dedilar. (Ma’nosi: Allohim, Sen uning Rabbisan, Sen uni xalq qilding, Islomga hidoyat etding va ruhini olding. Sen uning sirini va oshkorasini biluvchi zotsan. Biz unga shafe’ bo‘lib keldik, uning gunohlarini kechir.) Abu Dovud rivoyatlari. 938/5. Vosila ibn Asqa’ (r.a.) aytadilar: «Rasululloh (s.a.v.) bir musulmon kishining janozasini biz bilan birga o‘qidilar. Unda quyidagi duoni o‘qidilar: «Allohumma inna Fulan ibn Fulan fiy zimmatika va habli jivarika faqihi fitnatal qobri va ‘azaban nari va anta ahlul vafa val hamd. Allohumma fag‘fir lahu varhamhu innaka antal g‘ofurur rohiym». (Ma’nosi: Allohim, Falonchining o‘g‘li Falonchi Sening zimmangda va himoyangdadir. Uni qabr fitnasi va do‘zax azobidan saqla. Sen vafo va hamd ahlisan. Ey Rabbim, uni mag‘firat qil, rahm ayla. Albatta, Sen kechiruvchi va rahmli Zotsan.) Abu Dovud rivoyatlari. 939/6. Abdulloh ibn Avfodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot qizlariga to‘rt takbir ila janoza namozi o‘qib, to‘rtinchi takbirdan keyin ikki takbir orasidagi miqdoricha turib, qizlariga istig‘for aytib, duo qildilar va: «Rasulullohning (s.a.v.) mana shundoq qilganlarini ko‘rdim», dedilar. Boshqa rivoyatda: «To‘rtinchi takbirni aytib, uzoq turib qolganlaridan biz beshinchi takbirni ham aytsalar kerak, deb o‘yladik. Lekin o‘ng va chap tomonlariga salom berib, namozni tugatdilar. Qachonki namoz tamom bo‘lgandan keyin biz u zotga: «Bu qanday qilganingiz?» desak, u zot: «Men Rasulullohdan (s.a.v.) nimani ko‘rgan bo‘lsam, unga ziyoda qilmayman» yoki «Rasululloh (s.a.v.) mana shundoq qildilar», deb aytdilar». Imom Hokim rivoyatlari. 158-BOB Dafn etishni tezlatish haqida 940/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Janozani (dafn etishni) tezlatinglar. Agar mayyit yaxshi bo‘lsa, yaxshilikka tezlatgan bo‘lasizlar. Agar mayyit yomon bo‘lsa, bo‘yinlaringizdan tezroq qo‘ygan bo‘lasizlar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 185 Imom Muslimning rivoyatlarida: «Tezroq yetkazishingiz unga yaxshiroqdir», deyilgan. 941/2. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar tobutdagi o‘likni odamlar ko‘tarib yelkalariga qo‘yishsa, o‘sha tobutdagi kishi solih bo‘lsa, meni tezroq olib boringlar, deydi. Bordiyu yomon bo‘lsa, o‘z ahliga: «Voy bo‘lsin, bu tobut bilan qaerga olib ketmoqdasizlar?» deydi. Bu aytgan so‘zni insondan boshqa hamma eshitadi. Agar inson ham eshitganida edi, hushidan ketib yiqilar edi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 159-BOB Mayyit bo‘ynidagi qarzini tez uzish hamda o‘lishi bilan tezda, ko‘mish tadorikini ko‘rishning mahbubligi haqida. (Ammo to‘satdan o‘lib qolgan kishining o‘lik yo tirikligi aniq bo‘lmaguncha shoshiltirilmaydi) 942/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mo‘minning joni qarzi tufayli muallaq (osilgan) holda qoladi. Qachon qarzi uzilsa, u qutiladi» (ya’ni qarzi uzilmasa, karam etilgan maqomga erisha olmaydi. Va najot yoki halokatga hukm etilmay turadi), dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari. 943/2. Husayn ibn Vahvahdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Talha ibn Barro ibn Ozib (r.a.) kasal bo‘lganlarida, Rasululloh (s.a.v.) ko‘rgani kirib: «Men Talhani o‘lim bo‘sag‘asida, deb gumon qilayapman. Agar vafot etgudek bo‘lsa, menga xabar beringlar. Va dafn etishni tezlatinglar. Chunki musulmon kishining murdasi o‘z ahli huzurida to‘xtatib turilishi durust emas», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari. 160-BOB Qabr oldida mav’iza qilish haqida 944/1. Alidan (r.a.) rivoyat qilinadi. Biz «Baqiy’ul g‘arqad» qabristonida dafn marosimida edik. Rasululloh (s.a.v.) huzurimizga kelib o‘tirdilar. Biz ham u zotning atroflarida o‘tirdik. U zotning qo‘llarida asolari bor edi. Ovozlarini pastlatib, o‘sha aso bilan yerga urib: «Sizlardan har biringizning do‘zax va jannatdan bo‘lgan makoningiz yozib qo‘yilgandir», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, (unda amal qilib o‘tirmasdan) o‘sha yozib qo‘yilgan taqdir kitobimizga suyanib o‘tiraveraylikmi?» deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Amal qilaveringlar. Kim qaysi maq0yaratilgan bo‘lsa, o‘sha maqomga olib boradigan ishlar unga oson qilib qo‘yiladi, ya’ni yo‘llab qo‘yiladi», deb hadisning oxirigacha zikr qildilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 161-BOB Mayyit dafn etilgach qabr oldida biroz o‘tirib, uning haqqiga duo, istig‘for hamda Qur’on tilovat qilish haqida 945/1. Usmon ibn Affondan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) mayyitni dafn qilganlaridan keyin uning tepasida turdilar va: «Birodaringiz uchun istig‘for aytinglar va u sobit turishini so‘roq qilinyapti, chunki hozir u so‘ralyapti», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari. 946/2. Amr ibn Osdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Meni dafn qilganlaringdan keyin bir hayvon so‘yib, go‘shtini taqsimlash miqdoricha fursat qabrim tepasida turinglar. Toki, sizlarning hamrohligingizda Rabbimning elchisiga javob qaytarib olay», de dil ar. Imom Muslim rivoyatlari. Shofe’iy aytdilar : «Qabr oldida Qur’ondan biror (sura) o‘qish yaxshi amaldir. Agar Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 186 Qur’onning barchasi xatm qilinsa, undan ham yaxshiroqdir». 162-BOB Mayyitga sadaqa qilib, uning haqqiga duo yo‘llash haqida Alloh taolo: «Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: «Parvardigoro, O’zing bizlarni va bizlardan ilgari iymon bilan o‘tgan zotlarni mag‘firat qilgin», (Hashr surasi, 10-oyat) deb aytgan. 947/1. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasulullohga S: «Onam to‘satdan vafot etib qoldi. Gumon etishimcha, agar (o‘lishidan oldin) gapira olganida, biror sadaqa qilib ketgan bo‘lar edi. Endi men uning nomidan sadaqa qilsam, onamga savobi boradimi?» deganida Rasululloh (s.a.v.): «Ha», deb javob qildilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 948/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Agar inson vafot etsa, uning amali to‘xtab qoladi. Faqat uch narsada to‘xtamaydi, ya’ni nomai a’moliga yozilib boradi. 1. Sadaqai joriya, ya’ni davom etuvchi va yo‘lga qo‘yilgan sadaqa. 2. Manfaatli ilm, ya’ni ta’lim berilgan ilm va yozib qoldirilgan asar. 3. Ota-onasiga duo qiluvchi solih farzandning ortda qoldirilishi», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari. 163-BOB Mayyit haqida maqtovli so‘zlarni gapirish xususida 949/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Sahobalar bir janoza oldidan o‘ta turib, mayyitni yaxshilik bilan sifatlab maqtashdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Vojib bo‘ldi», dedilar. So‘ngra boshqa janoza oldidan o‘tib, mayyitni yomonlik bilan sifatlab qoralashdi. Rasululloh (s.a.v.) yana «Vojib bo‘ldi», dedilar. Umar ibn Xattob (r.a.): «Nima vojib bo‘ldi?» deganlarida, Rasululloh (s.a.v.) «Haligi yaxshilik bilan sifatlangan kishiga jannat, yomonlik bilan sifatlangan kishiga do‘zax vojib bo‘ldi. Sizlar esa, Allohning yerdagi guvohlaridirsiz», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 950/1. Abul Asvaddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Madinaga borib, Umar ibn Xattob (r.a.) huzurlarida o‘tirgan edim. Bir tobutni olib o‘tib qolishdi. Shunda mayyit yaxshilik ila sifatlandi. Umar ibn Xattob (r.a.): «Vojib bo‘ldi», dedilar. So‘ngra boshqasi olib o‘tildi. Undagi mayyit ham yaxshi sifat ila maqtaldi. Umar ibn Xattob (r.a.): yana: «Vojib bo‘ldi», dedilar. Keyin uchinchi mayyitni olib o‘tishdi. Uni yomonlik ila sifatlashdi. Umar ibn Xattob (r.a.): «Vojib bo‘ldi», dedilar. Shunda men: «Nima vojib bo‘ldi ey Mo‘minlar amiri?», deb so‘ragan edim, Umar ibn Xattob (r.a.) xuddi Rasululloh (s.a.v.) aytganlaridek: «Qay bir musulmon kishining yaxshi ekaniga to‘rt kishi guvohlik bersa, Alloh uni jannatiga kirgizadi», dedilar. Shunda biz: «Uchta bo‘lsa-chi?» deb so‘radik, «Uchta bo‘lsa ham», dedilar. «Ikkita bo‘lsa-chi?» degan edik, «Ikkita bo‘lsa ham», dedilar. Ammo «Bitta bo‘lsa-chi?» deb so‘ramadik», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 164-BOB Balog‘atga yetmagan yosh bolalari o‘lgan kishilarning fazilatlari haqida 951/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qaysi bir musulmon kishining balog‘at yoshiga yetmagan uch farzandi vafot etsa, Alloh taolo ularning ota- onalarini fazli va marhamati bilan jannatga kirgizadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 187 rivoyatlari. 952/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Musulmonlardan qaysi bir kishining uchta farzandi vafot etsa, do‘zaxga tushmaydi. Faqat qasamning ijro etilishi uchungina tushib chiqiladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Qasamning ijro etilishidan maqsad Allohning: «Sizlardan har biringiz unga (jahannamga) tushguvchidirsiz» so‘zi iroda qilingandir (Maryam surasi, 71-oyat). 953/3. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir xotin Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli!, erkaklar aytib bergan hadislaringiz orqali (ilmda) o‘zib ketishdi. Biz ayollarga ham bir kuningizni ajratib, Alloh sizga o‘rgatgan narsalardan bizga ham ta’lim bersangiz», deganida, Rasululloh (s.a.v.) «Shu, shu kunlari to‘planingiz», deb buyurdilar. Bas, ayollar jamlanishdi. Rasululloh (s.a.v.) ham kelib, Alloh o‘rgatgan narsalardan ayollarga ta’lim berdilar. Keyin u zot: «Qaysi bir xotin uchta bolasini (o‘zidan oldin qabrga) jo‘natsa, o‘sha bolalari u ayol uchun do‘zaxdan to‘siq bo‘ladi», dedilar. Shunda bir xotin: «Ikkita bo‘lsa-chi?» dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Ikkita bo‘lsa ham», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 165-BOB Zolimlar qabri yonidan o‘tganda qo‘rqib yig‘lash, Allohga muhtojlikni izhor qilish va ulardan g‘aflatda qolishdan saqlanish xususida 954/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Samud qavmining diyori Hijr nomli joyga yetganlarida, sahobalarga: «Mana bu azoblanayotganlar yeriga faqat yig‘lagan holda kiringlar. Agar yig‘lamasanglar, kirmanglar. Ana shunda ularga yetgan narsa sizlarga yetmaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Boshqa rivoyatda Rasululloh Sh, qachonki Hijr nomli joydan o‘ta turib: «O’z jonlariga zulm qilgan miskinlar diyoridan yig‘lagan holda o‘tinglar. Ularga yetgan musibat sizlarga ham yetib qolmasin», deb, boshlarini o‘rab, o‘sha vodiydan tezlik ila chiqib ketdilar. Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 188 SAFAR ODOBLARI KITOBI 166-BOB Safarga payshanba kuni hamda kunning avvalida chiqishning mahbubligi haqida 955/1. Ka’b ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Tabuk g‘azotiga payshanba kuni chiqdilar. U zot payshanba kuni chiqmoqni yaxshi ko‘rardilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Ikki sahih kitobidagi rivoyatlarning birida: «Rasululloh (s.a.v.) safarga ko‘pincha payshanba kuni chiqardilar», deyilgan. 956/2. Saxr ibn Vado’a al-o‘omidiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Allohim, ummatimning kunduz avvalida (ya’ni tongda ishlarini bajaridaganlariga) baraka ato qilgin», deb duo qildilar. Rasululloh (s.a.v.) agar ozmi-ko‘pmi biror yerga qo‘shin yuboradigan bo‘lsalar, kunduzning avvalida (ya’ni tongda) yuborar edilar. Mana shu hadisning roviysi Saxr (r.a.) savdogar edilar. Bu zotning odatlari, agar tijoratlarini yuboradigan bo‘lsalar, kunduzning avvalida (ya’ni tongda) yuborar edilar. Mana shundan erta tongda ishlarini bajarishlari sababli mol-dunyolar ko‘payib, badavlat bo‘lib ketdilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. 167-BOB Safarga chiqayotganlarning o‘zlariga hamroh olib va bo‘ysuniladigan bir kishini boshliq etib tayinlashlari mahbubligi haqida 957/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar insonlar yakka yurishning zararini men bilganchalik his qilishganida edi, biror yo‘lovchi kechasi yolg‘iz o‘zi yurmas edi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari. 958/2. Amr ibn Shu’ayb otalaridan, otalari esa bobolaridan qilgan rivoyatlarida Rasululloh (s.a.v.) «Bir yo‘lovchi bitta shayton, ikki yo‘lovchi ikki shayton, uchtasi esa haqiqiy yo‘lovchidir», dedilar. Abu Dovud, Termiziy va Nasaiylar rivoyatlari. Bu hadisdan safarda bir va ikki kishi bo‘lsa, shaytonning yomonligidan omon bo‘lmasliklari mumkinligi, agar uch va undan ko‘p bo‘lsa, haqiqiy yo‘lovchi bo‘lib, shaytonning yomonligidan, inshoalloh, omonda bo‘lishlari tushuniladi. Vallohi a’lam. 959/3. Abu Said (r.a.) va Abu Hurayralardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar uch nafar kishi safarga chiqsa, ichlaridan bittalarini amir (boshliq) etishsin», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari. 960/4. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Hamsafarlarning yaxshisi to‘rt adadligidir. Otliqlarning yaxshisi to‘rt yuz adadligidir. Qo‘shinlarning yaxshisi to‘rt ming adadligidir. O’n ikki ming qo‘shin ozlikdan hech ham mag‘lub bo‘lmaydi», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. 168-BOB Safarda bir yerga tushish, yurish, yotish, uxlashning odoblari hamda safarda kechasi yurish, hayvonlarga muloyim bo‘lib, ularning foydasiga ish yuritish, hayvonlar haqqini bilmaganlarga uni o‘rgatish va agar ulov toqat qilsa, mingashtirishning joizligi haqida Riyozus solihiyn. Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf Navaviy www.ziyouz.com kutubxonasi 189 961/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar ko‘kalamzor, hosildor yerga safar qilsangiz, tuyaga yerdagi nasibasini beringlar. Ya’ni o‘tlatib o‘tinglar. Agar quruq, unumsiz yerga safar qilsangiz, tuyani tezlatib yurgizinglar, toki iliklari erimasdan, ko‘zlagan manzilga yetib olinglar. Agar biror yerga qo‘nadigan bo‘lsangiz, yo‘l ustiga qo‘nishdan chetlaning, ya’ni yo‘ldan uzoqroqqa tushing. Chunki u kechqurun hayvonlarning yo‘llari va zararli hasharotlarning joylaridir», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari. Foyda: Bu hadisda Islom hayvonlar huquqini qay darajada himoya qilganiga ishora bordir. 962/2. Abu Qatodadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) odatlari, - agar safarga chiqib, kechasi biror yerga qo‘nsalar, o‘ng tomonlariga yonboshlardilar. Agar subh oldidan biror yerga qo‘nsalar, bilaklarini tikka qilib, boshlarini kaftlariga qo‘yib uxlardilar. Imom Muslim rivoyatlari. Ulamolar: «Rasululloh (s.a.v.) bilaklarini tikka qilib, boshlarini kaftlariga qo‘yib uxlashlaridan maqsad, uyquga sho‘ng‘ib, bomdod namozi o‘tib ketishidan xavf qilganlari uchun», deyishgan. 963/3. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Safarga chiqsanglar, kechqurun yuringlar. Chunki kechasi masofa tez bosib o‘tiladi», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari. 964/4. Abu Sa’laba al-Xushniydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Odamlar safar qilib, biror manzilga tushishsa, dara va vodiylar orasiga tarqalib ketishardi. Buni ko‘rgan Rasululloh (s.a.v.) «Albatta, dara va vodiylar orasiga tarqab ketishingiz shayton tomonidandir», dedilar. Bundan keyin ular biror yerga tushadigan bo‘lishsa, bir-birlariga qo‘shilib, jipslashib olishar edi. Abu Dovud rivoyatlari. 965/5. Sahl ibn Amr Ansoriydan (r.a.) rivoyat qilinadi (bu zot Ibn Hanzaliyya nomi bilan mashhur bo‘lib, Rizvon bay’atida ishtirok etgan sahobalardandir). Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) bir tuya oldidan o‘tdilar. U tuya ochlikdan qorni ichiga tortib ketgan edi. Rasululoh (s.a.v.) «Bu tilsiz hayvonlar xususida Allohdan qo‘rqinglar. Bas, qornini to‘yg‘azib mininglar. Va semirtirib, so‘yib yenglar», deb aytdilar. Abu Dovud rivoyatlari. 966/6. Abu Ja’far Abdulloh ibn Ja’fardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) orqalariga meni mingashtirib, bir sirni aytdilar. Men o‘sha sirni insonlardan birortasiga gapirmayman. Rasululoh (s.a.v.) tahorat ushatadigan bo‘lsalar, biror balandlik yoki xurmo daraxtidan bo‘lgan bog‘-to‘siq bo‘lar edi... Imom Muslim mana shu ko‘rinishdagi qisqa holda rivoyat qilganlar. Ammo imom Barqoniy imom Muslimning isnodlari ila «Xurmo daraxtidan bo‘lgan bog‘- to‘siq bo‘lar edi» so‘zidan keyin quyidagilarni ziyoda qildilar: «Bas, Rasululloh (s.a.v.) ansoriylardan bir kishining to‘sib qo‘ygan yeriga kirdilar. Qarasalar, bir tuya turibdi. U zot tuyaga qaragan edilar, tuya ovoz chiqarib, ko‘zidan yosh oqizdi. Rasululloh (s.a.v.) uning o‘rkachi va qulog‘i ortidan siladilar. Va: «Bu tuyaning egasi kim, bu tuya kimga qarashli?» dedilar. Ansoriylardan bir yigit kelib: «Ey Allohning Rasuli, menga qarashli», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh seni ega qilgan bu hayvon haqida Allohdan qo‘rqmaysanmi? Bu tuya och qoldirib, ko‘p ishlatishingdan menga shikoyat qildi», dedilar. Abu Dovud ham Barqoniy kabi rivoyat qilganlar. 967/7. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Agar biror manzilga tushsak, hattoki yuklarni ulov ustidan tushirib, egarlarni yechmagunimizcha, namoz o‘qimas edik», dedilar. Abu Dovud imom Muslimning shartlariga to‘g‘ri keladigan isnod ila rivoyat qilganlar. Download 5.07 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling