Buxoro davlat universiteti «O’zbekiston tabiiy geografiyasi» fani bo’yicha ma’ruza matni


Download 1.52 Mb.
bet15/22
Sana16.06.2020
Hajmi1.52 Mb.
#119409
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   22
Bog'liq
O`zbekiston tabiiy geografiyasi


Suv resurslaridan foydalanish. Suv resurslaridan erlarni o’zlashtirish omili tariqasida oqilona foydalanish masalalari nafaqat paxtachilik zonasida, balki paxtachilik-lalmikor va lalmikor zonalarda ham muhim ahamiyatga molikdir.

Ma’lumki, O’zbekistonning suv resurslari Sirdaryo va Amudaryo bilan bog`liq. Sirdaryoning ko’pyillik o’rtacha oqimi 38 km3 ni, Amudaryoniki esa 79 km3 ni tashkil etadi. Hozirgi kunda ularning suv resurslari deyarli tugab bo’lgan. Shu munosabat bilan obikor dehqonchilikda suv resurslarini to’g`ri hisobga olish va ulardan oqilona foydalanish muammosi dolzarb masalaga aylangan. Amudaryo irmoqlaridan Surxondaryo (70,2 m3/s), Sherobod (7,5 m3/sek), Qashqadaryo (50 m3/s), Zarafshon (164 m3/s) daryolari O’zbekiston hududida oqadi. Amudaryo suvining ma’lum qismi uning quyi oqimidagi Xorazm va Qoraqalpog`iston yerlarini sug`orishga sarflanadi. Amudaryoning o’rta oqimida Buxoro va Qashqadaryo vohalaridagi yangi yerlarni o’zlashtirish maqsadida Qarshi, Amu-Buxoro va Amu-Qorako’l kanallari qurilgan. Sirdaryoning eng yirik irmoqlari Norin (423 m3/s), Qoradaryo (121 m3/s), So’x (41 m3/s) daryolarining quyi oqimlari, Chirchiq (221 m3/s), Ohangaron (15,4 m3/s) daryolari O’zbekiston hududida joylashgan. O’zbekistonning tog` oralig`i va tog` etagida joylashgan hududlarida yer usti suv oqimining asosiy qismi daryolar o’zanlaridan va suv omborlaridan kanallarga olinadi. Bu kanallar orqali O’zbekiston vohalariga yiliga 50 km3 hajmda suv keladi.

O’zbekistondagi Qizilqum cho’li va Ustyurt toshloq platosi o’zanli oqimga ega emas. Shu bois bu yerlarda suvdan xo’jalikda foydalanishning birdan bir manbasi yer osti suvlaridir. Ustyurtning yer osti suvlari sho’rroq va sho’r. Ayrim joylarda chuchuk suv bo’lishi ehtimoli bor. Ustyurtdagi yer osti suvlarining ishlatilishi mumkin bo’lgan miqdori juda kam. Qizilqumda chuchuklantirmasdan foydalanish mumkin bo’lgan yer osti suvlari juda kam. Markaziy Qizilqumda yer osti suvlarining to’xtovsiz olib turish mumkin bo’lgan miqdori 11,0 m3/s ga teng.

O’zbekistndagi mavjud suv resurslarining asosiy turi bo’lgan yer osti va yer usti suvlaridan oqilona foydalanilgan taqdirda obikor dehqonchilik va yaylov chorvachiligini rivojlantirish imkoniyati tug`iladi.



Relyefni qishoq xo’jaligi nuqtai nazaridan baholash. Joyning relyefini qishloq xo’jaligi nuqtai nazaridan o’rganishda albatta uning iqlimini, tuproqlari, o’simliklari, tog` jinslari va landshaftining boshqa elementlari tahlili bilan bog`lab tadqiq etish lozim.

Relyef qishloq xo’jaligiga bevosita va bilvosita ta’sir etadi. Masalan, yerning haydashga qanchalik yaroqligi qishloq xo’jaligida foydalaniladigan mashinalarni ishlatish imkoniyati, umuman ulardan foydalanish imkoniyati, sug`orish usullari ko’p jihatdan relyefga bog`liq. Bularni baholash uchun joyning nishoblik darajasi, qanchalik notekisligi, erozion chuqurliklar farqi, yonbag`irlarning uzunligi va ekspozistiyasi, mikrorelyefi o’rganiladi. Bu omillar hal qiluvchi ekologik ahamiyatga ega bo’lmagan taqdirlarda ham qaysi ekin turini ekishni aniqlashda, yerga ishlov berish, sug`orish usullarini belgilashda, hosildorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Relyefning bilvosita ta’sirini o’rganish ham muhim, chunki relyef joyning mikro iqlimi sharoiti, radiastiya va issiqlik balansi, yorug`lik darajasi, tuproqning namlanish orqali qishloq xo’jaligi ekinlarining yetilishiga, hosiliga ta’sir ko’rsatadi.

Relyefni qishloq xo’jaligi uchun baholashda odatda geografik-geomorfologik va morfometrik metodlardan foydalaniladi.

Geografik-geomorfologik metodlardan qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishining ayrim tomonlarini va umumiy masalalarini relyef jihatdan tahlil qilishda foydalaniladi. Bunda, masalan, joyning geologik-geomorfologik tuzilishi bilan tuproq-o’simlik qoplamining bog`liqligi, relyef bilan iqlim o’rtaisdagi bog`liqlik o’rganiladi.

Morfometrik metoddan yonbag`irning uzunligi, shakli, qiyaligi haqida ma’lumot olishda, ihota daraxtzorlarini, kanallarni loyihalashtirishda, nomaqbul tabiiy jarayonlarning oldini olish tadbirlarini belgilashda keng foydalaniladi.



Umuman, relyefni qishloq xo’jaligi maqsadida baholaganda uning quyidagi jihatlariga alohida axamiyat qaratmoq zarur:

  1. Joyning balandligini va o`ydim-chuqurlik darajasini aniqlash va uni qishloq xo’jaligi uchun baholash. Joyning balandligi bu yerda qishloq xo’jaligi qaysi tarmog`ini rivojlantirishni aniqlashga yordam beradi.

  2. Hududning parchalanganlik darajasi ekin maydonlarining katta-kichikligiga, unda qishloq xo’jalik mexanizmlarini ishlatish imkoniga, mexnat unumdorligiga ta’sir etadi. Hududning parchalanganlik darajasi formulasi yordamida aniqlanadi.

Bunda

a- hududning parchalanganligi,

R- Hududning maydoni (km2 ).

I- erozion o’yiqlarning uzunligi (km)

3. Yonbag`irlar o’rganilganda asosan ularning qiyaligiga, uzunligiga, shakliga, ekspozistiyasiga e’tibor beriladi, chunki bu ko’rsatkichlar o’simliklarning o’sishiga, hosilning miqdoriga va sifatiga eng ko’p ta’sir etadi. Tuproqning namlikni tutib turishi, qishloq xo’jaligi mashinalarini ishlash sharoiti va ish unumi yer yuzinig qiyaligiga bog`liq. Qiyalik tuproqning yuvilish sur’atiga ham ta’sir ko’rsatadi.

Yonbag`irlar shakliga ko’ra 4 turga bo’linadi: - botiq, qovariq, tekis va murakkab. Bularning har birida yuvilish va akkumlyastiya jarayonlari turlicha ro’y beradi.

Yonbag`irlar ekspozistiyasi erozion jarayonlar sur’atiga ta’sir etuvchi omillardan biri bo’lib, yonbag`irning issiqlik va yorug`lik rejimiga va ular orqali tuproq haroratiga, namligiga, o’simlik qoplamiga, shamolning yo’nalishiga va tezligiga ta’sir ko’rsatadi. O’zbekistonda janubi-g`arbiy, janubi-sharqiy yonbag`irlar iliqroq, quruqroq bo’ladi. Bu hol shu yonbag`irlarda ekinlarni 5-7 kun ertaroq ekish imkonini beradi.

Relefni O’zbekistonda keng tarqalgan obikor dehqonchilik nuqtai-nazaridan baholaganda yer yuzining morfometrik ko’rsatkichlari va plastikasi ko’rsatkichlari asos qilib olinadi.



Yuqorida aytib o’tilganidek, yer yuzining qiyaligi qishloq xo’jaligi mashinalarining qanday ishlashiga, yer usti suv oqimiga, sug`oruv kanallari va zovur, drenaj shoxobchalari o’rnini aniqlashga, sug`orish usullarini belgilashga ta’sir etadi. Obikor dehqonchilik uchun relyef qiyaligini o’rta mashtabli guruhlashtirilishi eng ahamiyatli hisoblanadi. Biz quyida relyefning qiyaligiga ko’ra guruhlarini ko’rib chiqamiz:

Tekis yerlar -qiyaligi 0,0-0,10. Bunday qiyalikdagi yerlar sug`orib ekin ekish uchun yaroqli, lekin qiyalik deyarli bo’lmaganligi uchun sholidan boshqa ekinlarni sug`orish uchun noqulay. Suv keltirgan jinslar va sug`orma suvlarning bug`lanishi natijasida tuzlar akkumlyastiyasi kuzatiladi, yerlar botqoqlanishi mumkin. Egatlarga suv lotoklar orqali olib kelinadi yoki yerlar bostirib sug`oriladi.

Qiyalik juda kamy erlar – qiyaligi 0,1-0,20. Sug`orib ekin ekish uchun qulay, hamma ekin turlarini sug`orish uchun qulay sharoit mavjud, tuproqning bir tekis namlanishi ta’minlanadi. Tuproq yuvilishi deyarli kuzatilmaydi.

Sal qiya yerlar -qiyalik 0,2-0,50. Sug`orib ekin ekish uchun yaroqli. Paxta va boshqa ekinlarni sug`orish qulay, biroq sug`oruv suvi miqdori normadan sal ortib ketsa, 0,3 0 qiyalikdan boshlab tuproq sekin yuvilishi mumkin.

Ozgina qiya yerlar - qiyalik 0,5-1,00. Sug`orib ekin ekish uchun yaroqli. Lekin egatlarda suv miqdori maromi oshib ketmasa, paxtani sug`orish uchun nisbatan qulay sharoit mavjud. Kuchsiz eroziya sug`orma bo’lishi mumkin.

Qiyaligi o’rta yerlar qiyalik- 1-20. Sug`orib ekin ekish uchun yaroqli. Paxtani sug`orish uchun uncha qulay emas. Tabiiy holda tuproqning bir oz yuvilishi kuzatiladi. Sug`organda tuproq yuvilishini hisobga olish va jo’yaklarni yonbag`irga ko’ndalang o’tkazish lozim.

Qiya yerlar-qiyalik- 2-30. Sug`orib ekin ekish uchun yaroqli. Paxtani sug`orish uchun sharoit noqulay. Tuproqlarning yuvilishi sezilarli kuzatiladi. Egatlarni yonbag`irlar qiyaligiga ko’ndalang o’tkazish lozim.

Qiyaligi katta yerlar- qiyalik 3-50. Sug`orish uchun yaroqli, lekin tuproq yuvilishi sug`orishni qiyinlashtiradi. Maromidan ortiq suv bilan sug`orish kuchli yuvilishga olib keladi. Tuproqning tabiiy holda yuvilishi o’rtacha. Sug`orish maxsus zinapoyali kalta egatlarda olib borilishi lozim.

Qiyaligi juda kattay yerlar- qiyalik 5-80. Bahorgi dehqonchilik uchun yaroqli, lekin yerni haydash uchun juda noqulay. Tuproqning gumusli qatlamining kuchli yuvilishi kuzatiladi. Dehqonchilikni maxsus zinapoya terrasalarda olib borish mumkin. Yerga yonbag`ir qiyaligiga ko’ndalang yo’nalishda ishlov berish mumkin.

O’ta qiya yerlar – qiyalik 8-120 .Sug`orib ekin ekish uchun yaroqsiz, eroziya tuproqni butunlay yuvib ketishi mumkin. Tokchilik va bog`dorchilikda foydalanish mumkin (kichik yerlarda).

Sug`orib ekin ekiladigan yerlarning meliorativ holatini aniqlashda yerning o’ydim-chuqurligi, o’yiqlarning qanchalik chuqurligini baholash ham muhim o’rin tutadi. Yerni planirovka qilish (tekislash), sug`oruv ariqlari va zovurlar shoxobchalari yo’nalishini aniqlash, quriladigan nasos stanstiyalari quvvatini belgilash yerning o’ydim chuqurligi ma’lumotlariga asoslanadi. Yer osti suvlari tabiiy oqimini, mahalliy eroziya bazislarini aniqlash ham shu ma’lumotlar asosida bajariladi. Uydim-chuqurligi (o’yiqlar chuqurligi) 0-1 m bo’lgan yerlar sug`orib ekin ekish juda noqulay hisoblanadi, chunki bunda grunt suvining oqib chiqib ketishi qiyin bo’ladi. Bunday erlarda grunt suvi yuzaga ko’tarilib, tuproqda tuz to’planganligi uchun zovur-drenaj tarmoqlarini ancha zich joylashtirish va yerlarga har yili yaxob suvi berish zarur bo’ladi.

Obikor dehqonchilik uchun ko’p joylarda o’rtacha darajadagi uydim-chuqur yerlar (5-10m)eng qulay hisoblanadi. Bunday yerlarda grunt suvi chuqurda, uning tabiiy oqimi ta’minlangan bo’ladi.

Kuchli parchalangan (o’yiqlar chuqurligi 10-20 m) yerlar sug`orib ekin ekish uchun ancha noqulay. Bunday joylarda grunt suvi oqimi yetarli, drenaj kerak emas, lekin suvni tepaga nasoslar orqali ko’tarib berish, sug`orish ishlarini olib borish ancha qiyinlashadi.

Irrigastiya maydonlarining meliorativ holatini baholashda joy relefining parchalanganlik darajasini aniqlash ham juda muhim. Hududlarning parchalanganlik darajasi ekinlarning maydoning shaklini belgilashda, eng qulay mexanizmlardan qanchalik foydalanish mumkinligini aniqlashda qo’l keladi. Olimlarning fikricha, ikki chuqurlik yoki balandlik orasidagi masofa 0,4 km dan ortiq bo’lsa, bunday yerlar sug`orib ekin ekishga yaroqli, agar 0,7-0,8 km bo’lsa juda ham qulay hisoblanadi. Obikor dehqonchilik erlari relyefini baholashda joyning past va baland joylarini, qiyalik yo’nalishini aks ettiradigan relef plastikasi xaritasini tuzish ham maqsadga muvofiqdir. Chunki bunday xaritadan bir havza doirasida eritma va qattiq holatdagi organik-mineral moddalar harakati yo’nalishini, grunt suvlari holatini, tabiiy yer osti suvi oqimi yo’nalishini, tuproqning sho’rlanish darajasi va turlarini aniqlash mumkin. Relyef plastinkasi xaritasi kanal, ariq va zovurlar o’tkazish joyini aniqlashga ham yordam beradi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, landshaft resurslarini, iqlimni, yer osti va yer usti suvlarini, relyefni uyg`unlikda tahlil qilish tabiiy geografik tadqiqotlarda asosiy usul hisoblanadi va, eng muhimi, u orqali O’zbekistonning tabiiy sharoitini qishloq xo’jaligi maqsadlarida geoekologik tahlil qilish imkoni tug`iladi.

MA’RUZA № 1(10-ma’ruza)



O’zbekiston landshaftlarining zonalligi va balandlik bo’yicha mintaqalanishi hamda klassifikastiyasi (tasnifi)

O’zbekistonning turli qismlarida Quyoshdan keladigan yillik yalpi radiastiya miqdori turlicha, shimolida 140 kkal/sm2 dan, janubida 160 kkal/sm2 gacha o’zgaradi. Bu esa, havo haroratning, namlikning notekis taqsimlanishiga va har bir iqlim mintaqasi doirasida o’ziga xos tabiat zonalarining tarkib topishiga olib keladi.

O’zbekiston hududi ikkita iqlim mintaqasida - mo’tadil mintaqaning janubi bilan subtropik mintaqaning shimoliy chekka qurg`oqchil qismida joylashgan. Mo’’tadil iqlim mintaqasida cho’llar zonasi, subtropik mintaqada esa subtropik cho’llar zonasi tarkib topgan. Mo’’tadil iqlim mintaqasida Ustyurt platosi, Amudaryo etagi shimoli, subtropik mintaqaga Quyi Amudaryo deltaning Qizilqum va Quyi Zarafshon tekisliklari, Qashqadaryo etagidagi tekisliklar kiradi. O’zbekistonda asosan qumli, gilli, toshli cho’llar tarqalgan. Cho’llarda yozgi haroratning yuqoriligi, yog`in miqdorining kamligi sababli, oqar suvlar shakllanmaydi. Lekin, O’zbekistondagi shimoliy cho’llar bilan janubiy cho’llar tabiatida kattagina tafovutlar ham mavjud. Bu tafovutlar yilning iliq va sovuq davrlarida ko’zga yaqqol tashlanadi.

Shimoliy cho’llarda qish qattiq bo’lib, uzoq davom etadi, sovuqli kunlar ko’proq bo’ladi va qor qoplami uzoqroq yotadi. Yozi ancha qisqa, juda ham issiq emas, yog`in-sochin miqdori o’simliklarni rivojlanishi uchun etmasa ham yil davomida deyarli bir tekis taqsimlanadi.

Subtropik mintaqasi cho’llari qishini yumshoqligi, qor qoplamining uzoq yotmasligi, sovuq kunlarning iliq kunlar bilan almashib turishi va o’simliklarning vegetastiyasi qishda ham davom etishi bilan shimoliy mo’’tadil mintaqa cho’llaridan farq qiladi. Yog`in- sochinning 70-90 % qish va bahor oylariga to’g`ri keladi.

Tabiat zonalarining geografik kenglik bo’ylab joylashish qonuniyati tog`li o’lkalarga to’g`ri kelmaydi. Tog`larda harorat va namlik miqdorining pastdan yuqoriga tomon o’zgarib borishi sababli tabiat ham shu yo’nalishda o’zgaradi, ya’ni balandlik mintaqalanishi ro’y beradi. O’zbekiston tog`larining etagi cho’llarga borib taqalgani uchun balandlik mintaqalari cho’ldan boshlanadi va yuqorida baland qor-muzliklargacha almashinadi.

O’zbekiston tog`larida tekislikka xos iqlimning ba’zi bir xususiyatlari – kontinentallik, yillik va sutkalik harorat amplitudasining kattaligi, havoning quruqligi kabi xususiyatlari saqlanib qoladi, biroq tog`larda bu iqlimiy xususiyatlar keskinligi kamayadi. Tog`li o’lkalarda bulutli kunlarning ko’p bo’lishi, qorning uzoq yotishi, yog`in miqdorining ko’pligi, havo haroratining pastroq bo’lishi, tog`-vodiy, yonbag`ir shamollarining esishi ham xosdir. Umuman tog`li relef, ya’ni tog` tizmalarining mutlaq balandligi, Quyoshga nisbatan qanday turishi, havo oqimlariga relefning ta’siri, tog` oralig`ida vodiy, botiq, platolarning bo’lishi turli xil landshaftlar paydo bo’lishiga shubhasiz ta’sir etadi. Bu esa o’z navbatida tog`larda balandlik mintaqalarining shakllanishiga ta’sir etadi.

Umuman yonbag`ir bo’ylab 100 metr ko’tarilganda havo harorati o’rta hisobda -0,60 ga pasayadi. O’zbekiston tog`lari janubiy kengliklarda bo’lishiga qaramasdan 3200 metrdan yuqorida havoning yillik o’rtacha harorati manfiy bo’lib qoladi. Tog`larda havo haroratining o’zgarishi tog` tizmalarining yo’nalishiga va yonbag`irlarning Quyoshga nisbatan qanday turishiga, xullas relefning yana boshqa hududiy ko’p xususiyatlariga bog`liq. O’zbekiston tog`larida sovuq bo’lmaydigan kunlar pastdan yuqoriga tomon quyidagicha kamayib boradi: Xovosda (356 m) 230, Toshkentda (473 m) 216, Obliqda (847 m) 211, Sangzorda (1307 m)184 kun davom etadi.

O’zbekiston tog`larida yog`in tekislikka nisbatan bir muncha ko’proq yog`adi. Yog`in respublikamizning nam havo massalariga yo’nalishiga birinchi to’g`anoq bo’lgan tog` tizmalariga, ayniqsa ularning g`arbiy yonbag`irlariga 1500-3000 metr balandliklarda eng ko’p tushadi va yillik miqdori ayrim joylarda 900 mm dan ham oshadi.

O’zbekiston tekisliklaridan tog`lar yonbag`iri bo’ylab ko’tarilib borgan sari umumiy iqlim sharoitlarining o’zgarib borishi kuzatiladi. Ya’ni yuqoriga ko’tarilgan sari issiq iqlim iliq iqlim bilan, keyin tog`ning yuqori qismida esa sovuq iqlim bilan almashinadi. Shuningdek, yog`ingarchilik miqdori, o’avo bosimi va havoning nisbiy namligi ham o’zgarib boradi. Natijada balandlik iqlim mintaqalari tarkib topadi. Bu o’zgarishlar balandlik tabiat zonalarining shakllanishiga va joylanishiga ta’sir etadi.

O’zbekistonda cho’l zonasining janubida, janubi-sharqida va sharqida tog` oldi balandliklari va tog`lar joylashgan. Bular G`arbiy Tyanshan tog` tizmalari, Hisor, Zarafshon, Turkiston, Nurota tog`lari, tog` oldi tekisliklari va tog` oralig`idagi vodiylardan iborat bo’lib, ularning mutlaq balandligi 300 m dan 4688 metrgacha boradi. O’zbekistonning tog` oldi va tog`lik qismlari orografik, geologik, geomorfologik, iqlimiy, gidrografik xususiyatlari, o’simlik-tuproq qoplamining rang-barangligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun O’zbekistonda balandlik mintaqalarining shakllanishida, joylashishida hududiy farqlar ko’zga yaqqol tashlanadi.

Respublikamizdagi tog`larda balandlik mintaqalari cho’l zonasidan boshlanadi. Bu zona 2 qismdan – quyi cho’l va yuqori cho’ldan iborat. Quyi cho’l 0-200 metr mutlaq balandlikda joylashgan, yuqori cho’l 200-500 metr balandlikka ega. Yuqori cho’l quyi cho’ldan tog`larga yaqinligi va shu sababli yog`inning biroz ko’proqligi, och tusli bo’z tuproqlari, efemer o’simliklari bilan ajralib turadi va tabiatiga ko’ra kenglik zonalari bilan balandlik mintaqalari orasida o’tkinchi zona hisoblanadi. Ayrim olimlar yuqori cho’lni balandlik mintaqasiga kiritsalar, ayrimlari uni kenglik cho’l zonasining bir qismi deb hisoblaydilar.

Keyingi balandlik mintaqasi tog` oldi chala cho’l-quruq dasht (adir) mintaqasidir. Unga tog` oldi tekisliklari va tog` oralig`idagi botiqlar, tog` oldidagi adirlar va adir oldi tekisliklari past tog`lar kiradi. Bu mintaqaning mutlaq balandligi 500 m dan 1200-1600 m gacha boradi. Relefi notekis,oddiy va to’q tusli bo’z tuproqlar tarqalgan, o’simlik qoplami asosan rang va qo’ng`irboshdan iborat. Bu mintaqada ikkita balandlik zona – quyi qismida chala cho’l va yuqori qismida esa esa quruq dashtlar tarkib topgan. Chala cho’lda tabiiy nam bahorikor donli ekinlar uchun etarli emas, lekin quruq dashtda tabiiy nam bilan bahorikor donli ekinlarni yetishtirish mumkin. Umuman bu mintaqada sug`orib ekin ekishda, donli ekinlarni yetishtirishda, relyefi dehqonchilikka noqulay bo’lgan joylarida yaylov chorvachiligida foydalaniladi.

O’rtacha baland tog`larning o’rmon-o’tloq-dasht mintaqasi G`arbiy Tyanshan va Hisor tog`larida 800-900 m dan 2500-2700 m gacha bo’lgan balandlikda joylashgan. Bu erlarda anchagina maydonning tuprog`i yuvilib ketgan, ko’p yerlarni qoyali tog` jinslari, surilmalar, qurumlar egallab yotadi. Quruq yonbag`irlarda jigarrang tuproqlar tarqalgan bo’lib, bu erlarga archazorlar xos va quruq dasht o’simliklari o’sadi (bug`doyiq, shuvoq, chalov, toshkakra va boshqalar). Tog`larning nam havo massalariga ro’para namgarchil yonbag`irlarida qo’ng`ir tog` o’rmon tuproqlari keng tarqalgan. Bunday yerlarda yong`oqzorlar, na’matakzorlar va archazorlar uchraydi. Bu mintaqa bahorgi, yozgi va kuzgi yaylov sifatida va tog` bog`dorchiligida foydalaniladi.

Baland tog`larning subalp va alp o’tloqlari mintaqasiga balandligi 2700-2800 m balandlikdan boshlanib qor chizig`igacha davom etadi. Bu mintaqada och va to’q qo’ng`ir tuproqlarda nam o’tloq va o’tloq dasht o’simliklari keng tarqalgan. Mintaqa 2 qismdan – subalp va alp o’tloqlaridan iborat. Subalp o’tloqlariga balandligi 2700-2800 m dan 3000-3200 m gacha bo’lgan yerlar kiradi. Tuproqlari och jigarrang va qo’ng`ir. Boshoqlilar va chim hosil qiluvchi o’simliklar keng tarqalgan. O’rik, archa uchraydi. Alp o’tloqlari 3200 m dan baland joylarda rivojlangan. Tuprog`i to’q jigarrang, qo’ng`ir. Kserofit o’simliklar ko’proq uchraydi. Subalp va alp o’tloqlaridan asosan mayda mollar uchun yozgi yaylov sifatida foydalaniladi.

Qor va muzlar (nival) mintaqasiga tog`larning doimiy qor va muzlar bilan qoplangan eng baland joylari kiradi. Bu mintaqa qor chizig`idan yuqorida joylashgan. Uning pastki chegarasi Piskom havzasida 3600 m, Qashqadaryoda 3820 m, Sangardakda 3850 m balandlikka to’g`ri keladi.

Tog`li hududlarni qishloq xo’jaligi uchun o’zlashtirish va undan kelib chiqadigan muammolarni o’rganish shu kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. O’zbekiston tog`laridan hozirgi vaqtda asosan yaylov sifatida foydalaniladi, uning iqtisodiy imkoniyati katta emas. U yerlarda jami aholining taxminan 10 %i yashaydi. Tog`-kon sanoatidan boshqa sanoat tarmoqlari rivojlangan emas. Tog`larimizda dehqonchilikni (xususan mevachilikni), o’rmonchilikni, chorvachilikni rivojlantirish maqsadga muvofiqdir.

Demak, O’zbekiston relyefi genezisi, yoshiga ko’ra juda ham murakkab va xilma-xil ekan. Uning hududi keng tekisliklardan va balandligi 4000 m gacha va undan ham baland (4688 m) tog` massivlaridan iborat bo’lib, ular respublika hududida notekis joylashgan. Respublika hududining sharqiy va janubi-sharqiy qismlarini tog`lar va vodiylar g`arbiy va shimoli-g`arbiy qismlari keng akkumlyativ tekisliklar va tog` oldi tekisliklari egallagan.

O’zbekiston landshaftlari ham relyefga bog`liq ravishda morfotektonik belgilariga ko’ra tekislik va tog` landshaftlariga bo’linib, har biri alohida landshaft sinf (klass)lari sifatida ko’riladi. Ular ham o’z navbatida strukturali –denudastion, eol tekisliklariga, past tog`larga, o’rtacha balandlikdagi va baland tog`larga bo’linadi. Tekislik landshaftlari sinfida eng yirik birlik landshaftlar guruhidir. O’zbekiston landshaftlari suv rejimiga ko’ra avtomorf, gidromorf va yarim gidromorf landshaft guruhlariga bo’linadi.

Avtomorf landshaftlar tuproq-o’simlik qoplami sizot suvlari ishtirokisiz, asosan yog`in suvlari ta’sirida rivojlanadigan oddiy landshaftlardir. Ular suvayirg`ichlarda, baland tekisliklarda grunt suvi ancha pastda bo’lgan sharoitda tarkib topadi. Bu sharoitda tuproq va o’simliklar gorizontal zonallik qonuniyatlari asosida tarqaladi. Gidromorf landshaftlar yog`inlardan tashqari qo’shimcha suv manbaalari-oqar suvlar, grunt suvlari ishtirokida rivojlanadi va yil davomida ular ta’sirida bo’ladi. Grunt suvlarining chuqurligi mavsumiy o’zgarib turadigan va ma’lum davrdagina tuproqlar rivojiga ta’sir etadigan hududlarda yarim gidromorf landshaftlar tarkib topadi. Bu landshaft guruhi avtomorf va gidromorf landshaftlar o’rtasida oraliq landshaftlar hisoblanadi.

O’zbekistonda o’ziga xos kenglik tabiat zonalarining mavjudligi va ularga mos balandlik mintaqalarining borligi respublika hududidagi tekislik landshaftlari sinfi doirasida cho’l (mo’’tadil, subtropik), voha; tog` oldi va tog`lar sinfida tog` chala cho’llari, tog` dashtlari, tog`-o’rmon dashtlari, tog` o’tloqlari, tog` o’rmonlari, tog` tundralari, glyastial-nival landshaft turlarini (tiplarini) ajratish imkonini beradi.

Landshaft turlari doirasida geoloik va geomorfologik mezonlarga, ya’ni relyef turiga, uni hosil bo’lishi bilan uzviy bog`langan yotqiziqlarga qarab landshaft toifalari (rodlarga) ajratiladi. Masalan, cho’l landshaft turi doirasida to’lqinsimon kuchli parchalangan prolyuvial tekisliklar landshaft toifasini yoki yuzasi tekis prolyuvial tekisliklar toifasini ajratish mumkin.

Landshaft tasnifidagi eng kichik taksonomik birlik-landshaft xilidir (vid). U umumiy tabiiy xususiyatlarga ega bo’lgan alohida landshaftlar yig`indisidan iborat bo’lib tabiiy o’simlik (turlari) va unga mos bo’lgan tuproq xususiyatlariga qarab ajratiladi. N.A.Kogay O’zbekistonda 50 dan ortiq landshaft xilini ajratgan (1982) va ularni zonalar hamda mintaqalar bo’yicha joylashishiga qarab landshaft turlariga gruhlashtirgan. O’zbekistondagi balandlik mintaqalarining quyi qismini tashkil qiluvchi cho’l turiga (tipiga) 33 ta landshaft xili kiritilgan. Bu turdan yuqorida joylashgan cho’l-dasht-quruq dasht landshaft turi 11 ta landshaft xilidan tashkil topgan. O’rmon-o’tloq dasht landshaft turidagi landshaftlar 4 xilga ajratiladi.

O’zbekiston landshaftlari paydo bo’lishi, tuzilishi (strukturasi) va boshqa muhim belgilariga ko’ra tizimga solinganda, guruhlashtirilganda ular quyidagi taksonomik birliklarga ajratiladi: sinf – landshaft guruhi – landshaft turi – landshaft toifasi – landshaft xili.

Bunday tipologik landshaft komplekslarini ajratganda hududlarning tabiatiga ko’ra bir butunligi (yaxlitligi) emas, balki turli joydagi landshaftlarning o’zaro o’xshashligi (bir landshaft turiga kirishi) asos qilib olinadi.

MA’RUZA № 2 (11-ma’ruza)



Download 1.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   22




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling