Djurabayeva Z. A. Ona tili


-§. ONA TILIDA SO‘ZLARNING SHAKL VA MA’NO


Download 1.49 Mb.
Pdf ko'rish
bet139/214
Sana05.01.2022
Hajmi1.49 Mb.
#225945
1   ...   135   136   137   138   139   140   141   142   ...   214
Bog'liq
66onatilipdf

26-§. ONA TILIDA SO‘ZLARNING SHAKL VA MA’NO 
MUNOSABATIGA KO‘RA TURLARI HAQIDA MA’LUMOT. 
OMONIMLAR, ULARNING KO‘P MA’NOLI SO‘ZLARDAN 
(POLISEMANTIZMLARDAN) FARQI. 
 
Reja: 
1.  So‘zlarning  shakl  ma’no  munosabatiga  ko‘ra  turlari  haqida  umumiy 
ma’lumot. 
2. Omonim (shakldosh) so‘zlar va ularning yuzaga kelish sabablari. 
3. Omonim (shakldosh) so‘zlarning turlari. 
 
Tayanch  iboralar:    shakldosh  so‘zlar,  ma’nodosh  so‘zlar,  zid  ma’noli 
so‘zlar,  paradigmatik  munosabat,  sintagmatik  munosabat,    omoformalar, 
omograflar, omoformalar, tajnis, jinos. 
  
Topshiriq.  O‘t,  ot,  yot,  soz,  qirq,  yuz,  uch  so‘zlarini  gaplar  ichida  qo‘llab 
ko‘ring. Ularning qanday ma’noda kelayotganini izohlang.  
  
So‘zlar  o‘rtasida  ikki  xil:  paradigmatik  (o‘xshashlik)  va  sintagmatik 
(qo‘shnichilik)  aloqalari  mavjud  bo‘ladi.  Ulardan  muomala-munosabatlarda 
paradigmatik aloqalar muhim o‘rin tutadi. Paradigmatik aloqalar so‘zlar o‘rtasidagi 
shakliy  va  ma’noviy  o‘xshashliklarga  asoslanadi.  Bunda  so‘zlarning  ifoda  va 
mazmun  planida  bir-biriga  yaqin kelishi  e’tiborga  olinadi. Masalan, ot, uch, qirq, 
yon,  o‘t,  bor,  ko‘k,  palak  kabi  so‘zlar  shakliy,  ya’ni  tovush  tomonidan  bir-biriga 
o‘xshab  qolgan.  Palak  kashta  turini  va  poliz  mahsulotlarining  o‘sib  chiqish 
nuqtasini  anglatadi;  uch  sonni  anglatishi  bilan  birga  biror  jismning  uch  tomonini 
hamda harakatni ifodalaydi.  
Yoki  tezlashmoq,  jadallashmoq,  kuchaymoq;  yorug‘,  yorqin,  charog‘on, 
nurafshon;  sekin,  asta,  ohista  singari  so‘zlarda  ma’nodoshlik  munosabati  ko‘zga 
tashlanadi.     
Ulkan-mitti,  katta-kichik,  baland-past,  issiq-sovuq,  yoz-qish  ko‘rinishidagi 
birliklarda zidlik munosabatini ko‘rishimiz mumkin.  
Shularga  ko‘ra  so‘zlar    omonim,    sinonim  va  antonimlar      deb  ataladigan 
guruhlarga ajratiladi. 
Omonimlar  yunoncha  homos  –  bir  xil,  onyma  –  ism  so‘zlaridan  olingan 
bo‘lib,  aytilishi  va  yozilishi  bir  xil,  lekin  ma’nolari  turlicha  bo‘lgan,  shakliy 
jihatdan aynan bir-biriga o‘xshab qolgan so‘zlardir. Ularga shakldosh so‘zlar ham 
deyiladi. 


Omonimlarning  yuzaga  kelishi  uzoq  davom  etadigan  jarayon  sanaladi.  Til 
taraqqiyoti  yoki  boshqa  tillardan  so‘z  o‘zlashishi  natijasida  shakldosh  so‘zlar 
paydo bo‘ladi. Masalan, quymoq (taom) va quymoq (harakat), o‘t (organizm) va o‘t 
(harakat), burun (oldin) va burun (geografik nom) so‘zlari til taraqqiyoti natijasida 
yuzaga kelgan bo‘lsa, quloq (ruscha kulak – musht so‘zidan olingan) so‘zi o‘zbek 
tiliga  o‘zlashib,  bosh  qismimizdagi  a’zo  nomini  anglatuvchi  quloq  so‘ziga 
shakldosh bo‘lib qoldi.  
Badiiy  adabiyotda  omonimlardan  unumli  foydalaniladi  va  tajnis  san’ati 
asosida tuyuqlar yaratiladi. Masalan, Rustamjon Umarov qalamiga  mansub ushbu 
tuyuqda o‘qi so‘zi  bir xil aytiladi va yoziladi, ammo misralarda “zamin markazi”, 
“aylanib  turuvchi  joy”,  “harakat  qil”,  “kamondan  otilgan  o‘q”  ma’nolarida 
kelmoqda.   
 
Mehvar erur, bilib qo‘y, kurrai zamin o‘qi, 
Ona yer bir kitobdir, hamisha, har on o‘qi. 
Bilmi olmoq farz erur beshikdan qabrgacha, 
Shunda botmas tuproqqa jaholat yoyin o‘qi.  
 
Aytilishi, yozilishi hamda barcha grammatik formalari bir xil bo‘lgan omonim 
so‘zlar    leksik      omonimlar    deyiladi.  Leksik  omonimlar  bir  xil  so‘z  turkumiga 
kirib, bir xil vazifadagi affikslarni qabul qiladi. Masalan, bog‘ (mevazor) – bog‘lar, 
bog‘i,  bog‘ning,  bog‘da,  boqqa,  bog‘dan;  bog‘  (bog‘laydigan  narsa,  bog‘lashdan 
tug‘ilgan  narsa  –  bug‘doy  bog‘i)  –  bog‘lar,  bog‘i,  bog‘ning,  bog‘ni,  bog‘da, 
boqqa,  bog‘dan.  Shuningdek,  qurt  (ipak  qurti)  –  qurt  (suzma  qurt),  ot  –  (uy 
hayvoni)  –  ot  (ism),  chang  (gard,  to‘zon)  –  chang  (urib  chalinadigan  muzika 
asbobi)  kabi  otlar,  tortmoq  (o‘lchamoq)  –  tortmoq  (sudramoq,  arqonni  o‘ziga 
tortmoq),  yozmoq  (qalam  bilan  xat  yozmoq  )  –  yozmoq  (yoymoq),  chopmoq 
(yugurmoq) – chopmoq (kesmoq) kabi fe’llar ham leksik omonimlardir. 
Ba’zi  so‘zlarning  ma’nolari  har  xil  bo‘lgani  holda  aytilishi  bir  xil,  ammo 
yozilishida bir oz farq bo‘lishi yoki ba’zi grammatik shakllarigina o‘xshash bo‘lsa 
ham, qolgan shakllari farqli bo‘lishi mumkin. Bunday so‘zlar uch xil nomlanadi: 1) 
omoshakllar; 2) omofonlar; 3) omograflar. 
Omoshakllar  ma’nolari  har  xil  bo‘lib,  o‘zlarining  ba’zi  grammatik  shakliga 
ko‘ra  bir  xil  talaffuz  qilinadigan  va  bir  xil  yoziladigan  so‘z  shakllaridir  (ko‘zlar, 
bog‘lar, o‘qlar). 
Omofonlar    aytilishi  (o‘qilishi)  bir  xil  bo‘lib,  ma’nosi  va  yozilishi  har  xil 
bo‘lgan  so‘z  va  so‘z  shakllaridir.  Omofonlar  leksik  omonimlar  kabi  faqat  bir  xil 
so‘z turkumiga xos bo‘lishi bilan birga, omoformalar kabi har xil so‘z turkumlariga 
yoki  bir  so‘z  turkumining  turli  shakllariga  oid  bo‘lishi  mumkin.  Masalan,  to‘n 
(kiyim) – ton (ovoz), yot (begona, buyruq fe’li) – yod (xotira) kabi. 
Omograflar  yozilishi  bir  xil  bo‘lib,  ma’nosi  va    aytilishi  (o‘qilishi)  har  xil 
bo‘lgan  so‘z  va  so‘z  formalaridir.  Tort  (son,  qandolat  turi),  tok  (uzum  novdasi, 
elektronlar  oqimi),  to‘r  (yuqori,  parda)  kabi  so‘zlarni  bunga  misol  qilib  olish 
mumkin. 
Shuningdek,  tilimizda  aytilishi  va  yozilishi  jihatidan  bir-biriga  yaqinlashib 
qolgan oxur – oxir – axir, adab – odob, sa’va – sava,  da’vo – davo ko‘rinishidagi 
paronim so‘zlarga ham duch kelinadi.  


  
 
 
103-mashq.    Gaplarni  ko‘chiring,  ajratilgan  so‘zlarning  shakl  va  ma’no 
munosabatiga ko‘ra qaysi turiga kirishini aniqlang.  
 
1.  O‘z  gunohingni  so‘rab  eldan  o‘tin,  Nafrat  o‘ti  ichra  bo‘lmasdan  o‘tin. 
(Anbar  Otin)  2.  Chiroy  go‘zal  yuzda  emas,  chiroyli  xulqda.  (Xurramiy)                 
3. Dangasalik har vaqt insonni xor qiladi. (Abdulla Avloniy) 4. Boshga qilich kelsa 
ham  tark  etmasin  or  sizni,  Qancha  xushro‘y  bo‘lmasin,  mahram  etmang  orsizni. 
(Azim Suyun) 
 

Download 1.49 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   135   136   137   138   139   140   141   142   ...   214




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling