Taqrizchilar: To‘raev H. H. – Arxeologiya va Buxoro tarixikafedrasi professori, tarix fanlari doktori Jamolova D. M


Download 356.17 Kb.
bet3/85
Sana12.10.2023
Hajmi356.17 Kb.
#1700148
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   85
Bog'liq
ma\'ruza davlatchilik

MA’RUZA MATERIALLARI
1- Mavzu. Kirish. Davlatchilik tushunchasi va uning kelib chiqishi.
Reja:

  1. Davlatchilik tushunchasi

  2. Davlatchilik tushunchasining kelib chiqishi

  3. Davlatchilikning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sivilizatsiyaviy yondashuvlar.



Tayanch iboralar:


Davlat, davlatchilik,milliy davlatchilik,davlatchilik belgilari, sivilizatsiya, tarixiy-madaniy rivojlanish, ijtimoiy hodisa.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan kundan boshlab tariximizga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarib, sovet davrida noto‘g‘ri baho berilgan yoki yuzaki ko‘rib chiqilgan masalalarga jiddiy ilmiy yondashuv kuchaydi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 27 iyuldagi “O‘zRFA tarix instituti faoliyatini takomillashtirish haqidagi” qaroridan so‘ng haqqoniy tarixni yaratish, bu jarayonda birlamchi manbalarga asosiy e’tibor berish, qo‘yilgan muammoni soha mutaxassislari tomonidan hal etilishi, mavjud muammolar yechimini ilmiy asoslash borasida anchagina ishlar amalga oshirildi. Shunga qaramasdan, uzoq o‘tmishlarga borib taqaluvchi ulkan tariximizda yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Ana shunday fundamental masalalardan biri – o‘zbek xalqi davlatchiligi hamda davlat boshqaruvi tarixidir.


Shuningdek, jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lgan qadimgi O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi masalalarini har tomonlama tadqiq etish ham mazkur darslikning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi. Ta’kidlash lozimki, qadimgi O‘zbekiston sivilizatsiyasi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. O‘rta Osiyo, umuman, Qadimgi Sharqdagi qadimgi davrlarda bo‘lib o‘tgan tarixiy-madaniy jarayonlar karvon yo‘llari kesishgan hududlarda joylashgan qadimgi O‘zbekistonga ham o‘zining sezilarli ta’sirini o‘tkazgan. Shuningdek, o‘lkamiz hududlarida mavjud bo‘lgan qadimgi madaniyatlar qo‘shni o‘lkalarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazganligi shubhasizdir.
Davlatning tarixiy ildizlarini, u qanday sharoitlarda paydo bo‘lganligi, qanday rivojlanganligini va zamonaviy voqelikda qanday mazmun kasb etganligini bilmasdan turib davlatni sivilizatsiya hodisasi sifatida tushunish mumkin emas. Shu nuqtai nazardan ham mazkur darslikda o‘zbek xalqi davlatchiligining asoslari, bu jarayonga ta’sir etgan hamda tezlashtirgan omillar, turli davrlarda davlatchilik rivojining yuqori nuqtasi yoki inqirozi va ularning sabablari, davlatchilik turlari va shakllari, turli davrdagi mansablar va unvonlar, ma’lum sulolalar va tarixiy shaxslarning davlatchilikdagi o‘rni va ahamiyati, yer egaligi va soliq tizimi masalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham davlatchilik abadiy mavjud bo‘lmasdan, mahalliy xalqlar tarixiy-madaniy rivojlanishining ma’lum bosqichida paydo bo‘lgan voqelikdir. Bu o‘rinda yurtboshimiz I.A.Karimovning quyidagi konsepsiyasini eslab o‘tish maqsadga muvofiqdir: “Davlat qurilishi borasida tanqidiy nuqtai nazarsiz qabul qilinadigan tayyor qolip va andozalar yo‘q. Dunyoda aynan bir-biriga o‘xshash ikkita inson bo‘lmaganidek aynan bir-biriga o‘xshagan ikkita davlat ham yo‘q. Bunday bo‘lishi ham mumkin emas. Har bir davlat – betakror ijtimoiy hodisadir. U har qaysi xalq tarixiy va madaniy taraqqiyotining hosilasidir, uning o‘ziga xos, o‘ziga mos madaniyati rivojining natijasidir”.1
Shuningdek, o‘zbek xalqi davlatchiligi tarixini o‘rganishning naqadar muhimligi Respublika Prezidenti tomonidan shunday izohlanadi: “Davlatchilik bugungi kunda o‘ta siyosiy masala bo‘lib turibdi. Nega deganda, O‘zbekistonda davlatchilik bo‘lmagan, deb orqavarotdan tashviqot yuritayotgan, shu fikrni ongimizga singdirmoqchi bo‘layotgan, kerak bo‘lsa, xalqaro jamoatchilikni shunga ishontirishga urinayotgan kuchlar ham bor... O‘zbek tarixchilarining bugungi kundagi asosiy vazifasi mana shu da’voning puch ekanligini isbotlash, davlatchiligimizning ilmiy nuqtai-nazardan asoslangan tarixini yaratishdir”2.
Shu bois ham so‘nggi yillarda O‘zbekiston tarixining qator dolzarb masalalarini o‘rganishda aniq va haqqoniy tarixiy yondoshuv masalasi muhim bo‘lib bormoqda. Zero, yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Har qaysi xalq milliy qadriyatlarini o‘z maqsad-muammolari, shu bilan birga, umumbashariy taraqqiyot yutuqlari asosida rivojlantirib, ma’naviy dunyosini yuksaltirib borishga intilar ekan, bu borada tarixiy xotira masalasi alohida ahamiyat kasb etadi”. Ayniqsa, o‘zbek xalqi davlatchiligi, va uni boshqaruvining tarixiy taraqqiyot bosqichlarini chuqur o‘rganish va tahlil qilish maqsadida tadqiqotlar olib borish hamda ular natijalarini Oliy ta’lim talabalari uchun ilmiy muomalaga kiritish ham dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Misol uchun, davlatchilik va boshqaruv tarixining falsafiy fanlar bilan bog‘liqligi shunda ko‘rinadiki, falsafa tabiat va jamiyat rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi. U jamiyatdagi tarixiy-madaniy rivojlanish jarayoniga ijtimoiy hodisa sifatida qaraydi hamda ularni umumiy ko‘rinishda o‘rganadi.
Davlatchilik va boshqaruv tarixining iqtisodiyot bilan bog‘liqligi shundaki, iqtisodiy fanlar jamiyatdagi ishlab chiqarish munosabatlarini, ishlab chiqaruvchi xo‘jalik sohalarining paydo bo‘lishi va rivojlanishini, moliya masalalarini, jumladan dexqonchilik, xunarmanchilik, mahsulot ayirboshlash, tovar pul munosabatlari, soliqlar tizimi, savdo-sotiq tarixi kabilarni tadqiq etishda o‘ta muhimdir. Shuningdek, davlatchilik va boshqaruv tarixini o‘rganishda siyosatshunoslikning ham ahamiyati beqiyosdir. Ma’lum bir davlatning taraqqiyoti yoki tanazzuli o‘sha davlatda olib borilgan siyosatga bog‘liqligi sir emas. Undan tashqari, turli davrlardagi norozilik harakatlari, bosqinchiliklar, qo‘zg‘olonlar va urushlar tarixi ham siyosat bilan bevosita bog‘liqdir.
Shuningdek, davlatchilik va boshqaruv tarixini o‘rganishda sotsiologik tadqiqotlarning ham ahamiyati kattadir. Sotsiologiya fani mavjud jamiyatni bir butun yaxlit holatda, uyushgan tizim sifatida tadqiq etadi hamda mavjud jamiyat a’zolarining davlatga bo‘lgan turli munosabatlarini, ularning mavjud davlat haqidagi mulohazalarini o‘rganadi. Xullas, barcha davlatlarda bo‘lgani kabi o‘zbek halqi davlatchiligi va boshqaruvi tarixini tadqiq etish ham turli fan sohalari bilan chambarchas bog‘liqdir.
O‘quvchilar shunga asosiy e’tibor berishlari lozimki, turli halqlar jumladan, o‘zbek halqi ham o‘z davlatchiligining shaklllanish bosqichlarini ijtimoiy, iqtisodiy va tarixiy madaniy jarayonlarga bog‘liq holda turli tarixiy davrlarda bosib o‘tgan. Bir umumiy geografik mintaqa – O‘rta Osiyoda yashab kelgan qo‘shni xalqlar, elatlar va qabilalarni bir-biriga yaqin bo‘lgan madaniyatlar, ijtimoiy-iqtisodiy va tarixiy jarayonlar, umumiy va madaniy etnik ildizlar birlashtirib turgan. Shuning uchun ham qadimgi davrlardan boshlab O‘rta Osiyo xalqlarining tarixiy taqdiri bir-biriga o‘zviy bog‘langan.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda O‘rta Osiyo mintaqasida yashagan qadimgi xalqlar tarixini “qadimiylashtirish” borasida asossiz fikr-mulohazalar ko‘payib ketdi. Hatto, eng yuqori lavozimlarni egallab turgan qo‘shni davlatlar arboblari ham shu masala bo‘yicha “qalam tebratdilar”. Birinchidan, “kim qadimgiroq” ekanligi hozirgi kunda hech narsani hal qilmaydi. Ikkinchidan, ma’lum xalq mentalitetini ko‘tarish, dunyoga ko‘rsatish albatta kerak. Ammo, bu holat qo‘shni xalqlar tarixini yerga urish yoki uni bo‘zib ko‘rsatish evaziga bo‘lmasligi lozim. Uchinchidan, tarixni o‘rganishga bunday yondashuv zamonaviy xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarga rahna solishi mumkin3.
Mazkur qo’llanmada o‘zbek xalqi mentalitetiga alohida urg‘u berilib, u boshqa xalqlar tarixiga hurmat bilan qarash ruhida yaratildi. Shu o‘rinda Respublika Prezidenti I.A.Karimovning quyidagi fikrlari ayni haqiqatdir: “Tariximiz kabi, qadimgi madaniyatimizning yaratilishida ham unga ko‘plab etnik guruhlar, el-elatlar o‘z ulushini qo‘shgan. Bu tabiiy hol, chunki, hech qachon, hech qayerda faqat bitti millatga mansub madaniyat bo‘lmaydi. Har qanday sivilizatsiya ko‘pdan ko‘p xalqlar, millatlar, elatlar faoliyatining va samarali ta’sirining mahsulidir”.
Xullas, O‘zbekison Respublikasining “Kadrlar tayyorlash milliy davsturi” va “Ta’lim tao‘g‘risida”gi qonunlari talablaridan kelib chiqib, bugungi kunda tayyorlanayotgan yangi avlod darsliklarini, o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarini yaratishdan maqsad ham o‘quv jarayoni sifat va samaradorlgini oshirishga, zamonaviy pedogogik usullarni joriy etishga qaratilgan bo‘lib, buning natijasida qadimgi tariximizni targ‘ib etish, komil insonni tarbiyalash, hozirgi kun talablariga javob beradigan tarixchi-mutaxasislar tayyorlashdir.




  1. Download 356.17 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   85




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling