Fevral inqilobining turkiston o’lkasidagi siyosiy jarayonlarga ta’siri


Download 95.54 Kb.
bet2/6
Sana19.04.2023
Hajmi95.54 Kb.
#1363266
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
oraliq

Yosh xivaliklar harakati


YOSH XIVALIKLAR — Xiva xonligida jadidlar tashkil qilgan partiya (firqa) (1914-21). O’z safida milliy ziyolilar, hunarmand, dehqon, savdogarlar, Islom ulamolari va ayrim davlat amaldorlarini birlashtirgan. 1914 yil avgustda Yosh xivaliklar partiyasiga Polvonniyoz hoji Yusupov asos soldi. Jumaniyoz Boboniyozov, Bobojon Yoqubov, Jumaniyoz Sultonmurodov, Nazir Sholikorov, Sultonqori Jumaniyozov, Xudoybergan Devonov, Husaynbek devonbegi Matmurodov, Muhammadyorxo’ja Abdullayev partiyaning faollari edi. Partiyaning e’lon qilingan dasturida xon hokimiyatini cheklaydigan islohotlar o’tkazish, mamlakatda konstitutsiyaviy monarxiya o’rnatish, xalqni ma’rifatli qilish mo’ljallangan. Xiva xonligidagi 1916 yil qo’zg’olonida faol qatnashgan Yosh xivaliklarning rahbarlaridan biri qozikalon Bobooxun Salimov (1874— 1929) qo’zg’olonchilar faoliyatini yashirin ravishda boshqardi. 1917 yil Fevral inqilobi Yosh xivaliklar faoliyatiga kuchli ta’sir ko’rsatdi, ular ochiq kurash yo’liga o’tdi. 1917 yil 5 aprelda Xiva xoni Asfandiyorxon Yosh xivaliklar taqdim etgan manifestni imzolashga majbur bo’ldi. Manifestda yangi usul maktablari ochilishi, mamlakatda temir yo’l, pochta, telegraf barpo etilishi zarurligi, davlat xazinasi nazorat ostiga olinishi, barcha amaldorlarning saylanishi va maosh bilan ta’minlanishi, butun aholining shariat oldida tengligi ta’kidlangan edi. Isloxrtlar amalga oshirilishini nazorat qilish uchun 30 vakildan iborat muvaqqat qo’mita tashkil topdi. 8 aprelda mamlakatni boshqarish uchun Xivada xon huzurida Majlis (raisi — Bobooxun Salimov) va Nozirlar Kengashi (raisi Husaynbek devonbegi Matmurodov) tuzildi. P. Yusupov (1861-1936) ga Rossiya hukumati va rus qo’shinlari bilan munosabatlarni barqarorlashtirish vazifasi yuklatildi. Muvaqqat qo’mita tarkibiga keyinchalik yana 19 kishi, shuningdek, 7 turkman kiritildi. Yosh xivaliklar Xiva xonligida hokimiyatni boshqaruvchi hukmron kuchga aylandi. 1917 yil mayda Majlis raisi Bobooxun Salimov boshchiligidagi delegatsiya Muvaqqat hukumat vakillari bilan muzokara o’tkazish uchun Toshkentga jo’nadi. Asfandiyorxon muvaqqat xukumatning Xivadagi vakili general Xo’ja Mirbadalov (millati tatar) boshchiligidagi harbiy kuchlarga tayanib, iyunda majlisni tarqatib yubordi. Xon o’ziga ma’qul kishilardan yangi tarkibdagi Majlis (raisi — ortiq Oxun) va Nozirlar Kengashi (raisi — Ishoqxo’ja Xo’jaev) ni tayinladi, Yosh xivaliklardan shafqatsiz o’ch olishga kirishdi. H. Matmurodov boshchiligidagi sobiq Majlisning 17 a’zosi qamoqqa olindi, Bobooxun Salimov ustidan kuchli nazorat o’rnatildi, Yosh xivaliklar partiyasining barcha a’zolari kofir, deb e’lon qilindi. 1917 yil sentabrda Xivaga polkovnik Zaytsev katta kazak otryadi bilan etib keldi. 21 noyabrda Yosh xivaliklar ustidan “qozilarning shariat sudi” o’tkazildi. 1917 yil noyabrda Asfandiyorxon rus kazaklari yordamida majlisni butunlay tugatdi. Xonning istibdod tuzumi bilan kurashda maglubiyatga uchragan Yosh xivaliklar mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi. 1917 yil noyabr — dekabrda P. Yusupov, N. Sholikorov (1881 — 1938) Toshkentga, mulla Jumaniyoz Sultonmurodov — Petroaleksandrovsk (hozirgi To’rtko’l) ga yetib borishdi. Yosh xivaliklar partiyasining boshqa yetakchilari Husaynbek Matmurodov, Ishoqxo’ja Xo’jayev, Abdusalom Hoji Islomxo’jayev, Hoji Avazberdi Eshonov xon buyrug’i bilan qatl qilindi (1918 yil 18 may). 1918 yil boshlarida Toshkentda Yosh xivaliklar qo’mitasi tuzildi (raisi — Polvonniyoz Yusupov). Yosh xivaliklar taktik maqsadlarni ko’zlab, bolsheviklar bilan yaqinlashdi. To’rtko’ldagi Yosh xivaliklardan bir guruh inqilobchilar bilan ajralib, 1919 yil boshida kommunistik guruh (fraktsiya) tuzganligini e’lon qildi (raisi — Jumaniyoz Sultonmurodov). Yosh xivaliklar partiyasiga ko’plab a’zolar kelib qo’shildi. Uning yangi dasturi qabul qilinib, unda demokratik islohotlar dasturi bayon etildi. Xiva xoni, to’ralar va beklarga qarashli butun mol-mulkni xalqqa berish, katta boylarning yerlarini kambag’allarga taqsimlash, bepul shifoxonalar va maktablar ochish, yo’llar va ko’priklar qurish, siyosiy erkinlik, milliy tengxuquqlilik, xonlik tuzumini ag’darib tashlab, demokratik xalq hokimiyati — respublikani barpo qilish ko’zda tutildi. Rossiya va Turkistonning bolshevik rahbarlari Xiva xonligidagi barcha muxolif kuchlarni jipslashtirishga zo’r berib intildi. 1919 yil noyabrda Yosh xivaliklar, To’rtko’ldagi inqilobchi kommunistlar guruhi hamda Qo’shmamedxon Sapiyev (? — 1920) va G’ulomalixon Bahodir (taxminan 1885— 1925) boshchiligidagi turkman qabilalari Xiva xoni Sayd Abdullaxon (? — 1933) va turkman yovmutlarining yetakchisi Junaidxonga qarshi kurash boshlash uchun o’zaro ittifoq tuzib, Xivani egallash uchun qizil askarlarni yordamga chaqirdi. 1919 yil noyabr — 1920 yil yanvar oylaridagi keskin janglar natijasida Turkiston fronti Amudaryo (Xiva) guruhining qo’shinlari (qo’mondon — N. M. Shcherbakov, siyosiy rahbar — G. B. Skalov) 1920 yil 1 Fevralda xonlik poytaxti Xivani bosib oldi. Xiva xoni Sayd Abullaxon taxtdan voz kechdi, Junaidxon janglar bilan Qoraqumga chekindi. 2 Fevralda muvaqqat inqilobiy qo’mita tuzildi. Unga To’rtko’ldagi Yosh xivaliklar inqilobiy qo’mitasining boshlig’i Jumaniyoz Sultonmurodov — rais, Majlisning sobiq raisi Bobooxun Salimov, ulamolar vakili odamoxun Ortiqov, yirik savdogar Matpanoboy Madrahimov, turkmanlar vakillari Mulla O’roz Xo’jamuhamedov va Mulla Navro’z Ro’ziboyev a’zo bo’ldi. 9 aprelda muvaqqat inqilobiy qo’mita ishini yaxshilash uchun uning tarkibida 10 kishidan iborat dastlabki xalq xukumati — Nozirlar Sho’rosi tashkil qilindi. Kundalik masalalarni hal qilish uchun Jumaniyoz Sultonmurodov (rais), Polvonniyoz Hoji Yusupov, Bobooxun Salimovdan iborat hay’at saylandi. 1920 yil 26-30 aprelda butun Xorazm xalq vakillarining I qurultoyida Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) tashkil topdi. Yosh xivaliklar dasturi qurultoyda qabul etilgan muvaqqat Konstitutsiyaga asos qilib olindi. Unda Xiva xonligi tugatilganligi va Xorazm Xalq Respublikasi tuzilganligi e’lon etildi. Qurultoyda 15 kishidan iborat respublika xukumati — Xalq nozirlari Sho’rosi tuzildi. Polvonniyoz Hoji Yusupov boshchiligidagi xukumat tarkibiga Jumaniyoz Sultonmurodov (raisning 1-muovini), Bobooxun Salimov (Adliya), Bekjon Rahmonov (maorif), Eshchonqori Jabborqulov (xalq xo’jaligi), O’roz Xo’jamuhamedov (tashqi ishlar), Navro’z Ro’ziboyev (hukumat kotibi), Qo’shmamedxon Sapiyev (raisning 2-muovini), G’ulomalixon Bahodir (ijtimoiy ta’minot), Shomurod Baxshi (sog’liqni saqlash), Muhammadpanoboy Abdullaev (moliya), Xudoybergan Devonov (oliy mufattishnazorat), Rizo Shokirov (harbiy), Hakim Bobojonov (ziroatdehqonchilik), Nazir Sholikorov (ichki ishlar) nozir sifatida kiritildi. Nozirlarning aksariyati jadidlardan iborat bo’lgan va shu sababli hukumat Yosh xivaliklar hukumati deb yuritilgan. Yosh xivaliklar mamlakatda xonlikdan qolgan asoratlarni tugatish, respublikada demokratik tuzumni qaror toptirish, mustaqil Xorazm davlatini barpo qilish uchun kurashdi. Rossiya rasmiy doiralari, Turkkomissiya va Turkfront vakillari mustaqil siyosat yuritishga intilayotgan Yosh xivaliklar xukumatini badnom qilish uchun jon-jaxdi bilan harakat qildi. Sho’rolar davlatining qurolli ig’vogarliklariga qaramay, Yosh xivaliklar hukumati qariyb bir yil yashadi. 1921 yil 6 martda qizil askarlar Xivada 2 marta davlat to’ntarishi yasab, Yosh xivaliklar hukumatini ag’darib tashladi. Bolsheviklar xalq nozirlarini qamoqqa olib, ko’pchiligini otib tashladi. Ayrim nozirlar Junaidxon va istiklolchilar safiga qo’shildi, ba’zilari chet ellarga o’tib ketdi. Yosh xivaliklarning bir qismi keyinchalik afv qilindi va ular Xorazmdagi sho’ro davlati qurilishida faol ishtirok etdi (1923 yil oktabrgacha). Ularning aksariyat qismi 30 yillar qatag’onlarida yosh buxoroliklar singari halok bo’ldi.

MADAMINBEKNING SOVETLARGA QARSHI OLIB BORGAN HARBIY FAOLIYATI


Madaminbekning asl ismi Muhammad Aminbek Ahmadbek o‘g‘li bo‘lib, u 1892 yili Marg‘ilon atrofida – hozirgi Toshloq tumanining Sadda qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi So‘kchilik qishlog‘ida o‘rtahol oilada tug‘ildi. Madaminbekning otasi Ahmadbek o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan chiroyli odam bo‘lganligini marg‘ilonliklar yaxshi eslashadi. Ahmadbekning besh farzandi bo‘lib, Madaminbek ularning eng kenjasi edi. Madaminbekning Maqsudali va Mamadali ismli ikki akasi, Mehriniso va Mayramniso ismli ikki opasi bo‘lgan. Ota-onasi o‘z davrining savodli va bilimdon kishilari, mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘lar davrasida boobro‘ odamlar bo‘lishgan. Ana shunday ma’rifatli oilada voyaga yetgan Madaminbek to‘g‘ri so‘zli, do‘stlariga sadoqatli, mulohazali va diyonatli yigit bo‘lib o‘sdi. Madaminbek Birinchi jahon urushi arafasida chor Rossiyasi hukmronligiga qarshi bosh ko‘taradi. 1914 yili qamoqqa olinadi. Sud Madaminbekning o‘zi tan olmagan ayblar – qotillik va o‘g‘rilikni ham unga to‘nkab, 14 yilga Sibirdagi Nerchinsk degan joyga katorgaga hukm qiladi. 1917 yil Fevral inqilobidan keyin siyosiy mahbus sifatida Madaminbek ozodlikka chiqadi va Marg‘ilonga qaytib keladi. «Sho‘roi ulamo» jamiyatining rahbarlari Madaminbekni shahar mirshablari boshlig‘i – qo‘rboshisi lavozimiga bejiz tavsiya etishmaydi. Agar u qotil va o‘g‘ri bo‘lganida nufuzli ulamolar va ziyolilar unga bu lavozimni taklif qilishmas edilar. Sovet rejimi yillarida Madaminbek va boshqa qo‘rboshilarga «o‘g‘ri», «bosqinchi», «bandit» degan sun’iy yorliqlarni yopishtirish odat tusiga kirgan edi. Turkistonda bolsheviklar hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallagach, Farg‘ona viloyati harbiy komissari K.Osipov Madaminbekni Marg‘ilon milisiyasi boshlig‘i etib tayinlash haqidagi buyruqqa qo‘l qo‘yadi va uni qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi. 1918 yil yanvar oyining oxirigacha Madaminbek shu lavozimda xizmat qiladi. Biroq sovet rejimining xalqqa qarshi siyosati Madaminbekni ozodlik uchun kurashga undadi. 1918 yil mart oyining boshlarida Madaminbek o‘z milisionerlari bilan istiqlolchilar safiga o‘tdi. Madaminbek ayrim siyosatdonlar va tarixchilar hozir ham da’vo qilayotganlaridek, Qo‘qon xoni bo‘lish uchun emas, balki yurtida tinchlik o‘rnatish va bosqinchilarga qarshi kurashish uchun qo‘liga qurol tutdi. Madaminbek atrofida Marg‘ilon va Toshloqdagi jasur chapani yigitlar to‘plandilar. «Yakkatut bo‘lisi Garbuva (Garbobo) qishlog‘idagi Madaminbek guruhining qarorgohiga ommaviy ravishda mahalliy yoshlar kelib qo‘shilardi», – deb yoziladi 1918 yilgi rasmiy hujjatlarning birida. 1918 yil bahorida Madaminbek qo‘l ostida dastavval 1000-1500 yigit to‘plandi. «Deh qondan so‘nggi yaktagini ham tortib olgan» sho‘ro hokimiyatiga qarshi kurashish Madaminbekning asosiy matlabi bo‘lgan. Milliy-ozodlik harakati safiga Madaminbek singari salohiyatli sarkardaning qo‘shilishi juda katta ahamiyatga ega edi. «O‘z oldiga sovet hokimiyatini ag‘darish va Farg‘ona Muxtoriyatini tiklash vazifalarini qo‘ygan Madaminbek tadbirkor siyosatchi va uddaburon tashkilotchi fazilatlariga ega edi», – deb tan olinadi o‘sha davrga oid rasmiy hujjatlarning yana birida. Madaminbek yigitlari o‘rtasida harbiy intizom kuchli edi. Madaminbekchilar bosqinchi va o‘g‘rilarni o‘zlari ushlab jazosini berishardi. Masalan, «1919 yil boshida Toshloqda Ishoq ishboshi va Tojibek kunjarafurush mayda bosqinchilik guruhlarini tuzgani uchun Madaminbek yuborgan odamlar tomonidan otib tashlandi». Madaminbek siymosida sarkardalik, davlat va siyosat arbobiga xos sifatlar o‘zaro mujassam bo‘lgan. U Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilarning tan olingan yo‘lboshchisi edi. Madaminbek vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda o‘z siyosiy boshqaruv usulini o‘rnatdi. Bunday boshqaruv usulini yana Farg‘ona vodiysida Katta Ergash va Shermuhammadbek, Buxoro respublikasida Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor, Anvar Posho va Salim Posho, Xorazm respublikacida esa faqat Junaidxon kabi sardorlargina joriy etgan edilar. 1918 yil noyabr oyining boshida Andijon uyezdidagi Oyimqishloqda (hozirgi Andijon viloyati Jalolquduq tumani) bo‘lgan Farg‘ona vodiysi qo‘rboshilarining qurultoyida Katta Ergash qo‘rboshi o‘rniga istiqlolchilarning Oliy bosh qo‘mondoni qilib Madaminbek saylandi. Uning o‘rinbosarlari qilib Katta Ergash (taxminan 1882 – 1921) va Shermuhammadbek (1893 – 1970) tayinlandi. Madaminbek 1918 yilning oxiridayoq mustaqillikka urinayotgan yirik qo‘rboshilarning faoliyatini boshqarishga muvaffaq bo‘ldi. Shermuhammadbek, Nurmuhammadbek, Xolxo‘ja Eshon, Mahkam Hoji, Rahmonqul, Omon Polvon va qirg‘iz mujohidlarining boshlig‘i Muhiddinbek singari qo‘rboshilarni yagona qo‘mondonlik ostiga birlashtirish undan juda katta kuch-g‘ayratni talab etdi. O‘z qishlog‘i va tumanida «o‘zi bek» bo‘lgan bu qo‘rboshilarning qarshiligi va o‘zboshimchaligini Madaminbek sindirishga erishdi. U Xolxo‘ja Eshonning shuhratparastligi va kaltabinligiga qarshi ancha kurashdi. Katta Ergash qo‘rboshi bilan Madaminbekning munosabatlari ham tez-tez o‘zgarib turardi. Madaminbek qo‘shini safida xalqning barcha tabaqalariga mansub kishilar bor edi. «Madaminbek boylar va mahalliy aholi tomonidan to‘la ravishda qo‘llab-quvvatlanmoqda», – deb aytgan edi 1918 yil oktyabrda Marg‘ilon shahrining favqulodda komissari Sugrubov. «Madaminbek har qanday aksilinqilobchi va sovetlardan norozi odamni, u qaysi millat vakili ekanligi va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, xursandlik bilan kutib olardi», – deyiladi boshqa bir rasmiy hujjatda. Madaminbek qisqa muddat ichida o‘z atrofiga aqlli maslahatchilarni to‘pladi va ular ko‘magida yaxshi tayyorlangan xodimlarni Farg‘ona vodiysining hamma joylariga o‘z vakillari sifatida yubordi. Madaminbek yuborgan bunday vakillar vodiyning barcha shaharlari, katta qishloqlarida bo‘lib tub xalqlarni mustabid sovet rejimi va bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurashga oyoqlantirdilar. «Madaminbek turli siyosiy oqimdagi kishilarni birlashtira oldi. Shuning uchun ham hech qaysi qo‘rboshi uningchalik kuch-qudratga ega bo‘lmagan edi», – deb o‘sha paytdayoq yozgan edi uning g‘oyaviy muxoliflaridan biri sovet harbiy tarixchisi V.Kuvshinov. Yosh Madaminbek tadbirkor lashkarboshi bo‘lish bilan birga, usta siyosatchi, mohir diplomat ham edi. U Farg‘ona vodiysidagi qo‘rboshilarni yagona qo‘mondonlik ostiga birlashtirdi, Buxoro amiri Said Olimxon (1881 – 1944) va Xiva xonligining amaldagi hukmdori Junaidxon (1857 – 1938) bilan qizil armiyaga qarshi birgalikda kurashish uchun muzokaralar olib bordi. Samarqand viloyati istiqlolchilarning rahbarlari Bahrombek (? – 1922) va Ochilbek (taxminan 1883 – 1923) huzuriga o‘z vakillarini jo‘natdi. Afg‘oniston va Turkiyaga ham ishonch li kishilar yuborildi. Madaminbek Rossiyaning Koshg‘ardagi sobiq konsuli Uspenskiy va Buyuk Britaniyaning bosh konsuli P.Eserton orqali jahon sahnasiga chiqishga, Yevropa davlatlari hamda AQShdan bolsheviklarga qarshi kurash olib borish uchun iqtisodiy va harbiy yordam olishga intildi. Madaminbekning bu sa’y-harakatlari xalqaro maydonda sezilarli yutuqqa olib kelmasa ham, lekin Farg‘ona vodiysining o‘zida mustabid sovet rejimiga qarshi kuchlarni birlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Madaminbek tomonidan mohirona diplomatik siyosat yuritilganligi natijasida 1919 yil 22 oktyabrda uning boshchiligida Farg‘ona Muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzilgani vodiydagi vaziyatni istiqlolchilar foydasiga o‘zgartirib yubordi. Yagona, kuchli va malakali zamonaviy musulmon armiyasi tuzish ishlari qizib ketdi. 1919 yilning kech kuziga kelib, «Madaminbek qo‘l ostida salkam 30000 yigit» qizil armiyaga qarshi istiqlol janglarini olib bordi. Bu paytda «Shermuhammadbekda 20000 yigit», «Katta Ergash qo‘rboshida 8000 yigit bo‘lgan». Ana shu lashkarboshilar vodiydagi jangovar harakatlarni yo‘naltirib turdilar. Sovet rejimi va bolsheviklar istiqlolchilarga qarshi kurashish uchun barcha vositalarni ishga soldi. Turkiston fronti, Turkkomissiya, Turkbyuro, keyinchalik RK(b)P markaziy komiteti O‘rta Osiyo byurosi kabi turli tashkilotlar, komissiya va byurolar tuzilib, boz ustiga Rossiya markazidan doimiy ravishda Turkiston mintaqasiga yangi-yangi qizil askar qismlari tashlab turildi. Bu holat, xususan, Orenburg tiqini tugatilgach, avj olib ketdi. 1920 yil yanvar oyining o‘rtalariga kelib, jangovar tashabbus qizil armiya qo‘liga o‘tdi. Harbiy tashabbus qo‘ldan ketganligini, har qadamda xiyonat ta’qib qilayotganini ko‘rgan Madaminbek o‘z yigitlari hayotini saqlab qolish maqsadida Farg‘onadagi sovet qo‘shinlari qo‘mondonligiga yarash muzokaralari boshlashni taklif etdi. Istiqlolchilar qo‘shinining Bosh qo‘mondoni Madaminbek bilan 2-Turkiston o‘qchi diviziyasining boshlig‘i N.A.Veryovkin-Roxalskiy o‘rtasida 1920 yil 6 martda Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahrida yarash bitimi imzolandi. Madaminbek bilan birga sovet hokimiyati tomoniga uning o‘nlab qo‘rboshilari va 3500 yigiti ham o‘tgan edi. Lekin Madaminbekning diplomatik tadbirlari bu gal samarasiz tugadi. Sovet qo‘mondonligi tomonidan muzokaralar o‘tkazish uchun qo‘rboshilar orasiga yuborilgan Madaminbek Shermuhammadbekning roziligi bilan Xolxo‘ja Eshon tomonidan 1920 yil 14 mayda qirg‘izlarning Qorovul qishlog‘i atrofida xiyonatkorona o‘ldirildi. Madaminbek bilimdonligi va tashabbuskorligi, o‘zining demokratik qarashlari va harbiy salohiyati bilan boshqa qo‘rboshilardan ancha ustun turgan. U xalq orasida kuchli mehr-muhabbat va katta obro‘ga sazovor edi. Tabiiyki, millat mustaqilligi uchun kurashgan Madaminbek singari yurtparvarlar sovet rejimi uchun juda xavfli edi. Shu sababli ham Madaminbekning halok bo‘lishidan birinchi navbatda sho‘rolar manfaatdor bo‘lgan. Adolat yuzasidan aytganda, Madaminbekning ayrim ishlari ba’zi o‘zbilarmon qo‘rboshilar va ulamolarga ham yoqmas edi. Istiqlolchilik harakatidagi bunday ziddiyatli holatlar Madaminbek qismatining fojiali tugashida o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Madaminbek fojiali ravishda halok bo‘lgan bo‘lsa ham, uning porloq nomi Turkiston istiqlolchilari o‘rtasida tillarda doston bo‘ldi. Madaminbek haqida turli qo‘shiqlar to‘qilib, istiqlolchilar tomonidan kuylandi. Maxfiy arxiv hujjatlarining guvohlik berishicha, ana shunday qo‘shiq matnlarining biriga Munavvar Qori ancha sayqal bergach, bu qo‘shiq yana ham mashhur bo‘lib ketadi. Madaminbekning qabri hozirgi Qirg‘iziston Respublikasi hududida, Oloy vohasidagi Shig‘ay qishlog‘idadir. Bu manzil XX asrning 20-yillaridan boshlab o‘zbek, qirg‘iz va boshqa turkiy xalqlarning ziyoratgoh maskaniga aylangan. Qabr ustiga o‘rnatilgan marmartoshda «Turing begim, gunohlarni yuvaylik, bosqinchini Ona yurtdan quvaylik!» degan she’riy bitik lotin imlosida o‘zbek tilida o‘yib yozilgan. She’riy matn ostida qilichning rasmi aks ettirilgan. Madaminbek yurt ozodligi va istiqloli uchun kurashda qurbon bo‘ldi. U o‘z o‘limi bilan bugungi Mustaqilligimizga poydevor qo‘ydi, hozirgi istiqlol kunlarimizni yaqinlashtirdi.


Download 95.54 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling