Estetik tarbiya bolaning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishda, hayotdagi va san’atdagi go’zallikni tushunish va qadrlashni bilishida, ma’naviy dunyosini boyitishda katta rol o’ynaydi. Ota-onalar bolalarga tabiatdagi, ijtimoiy hayotdagi, san’atdagi go’zallikni his qilish va shu kabilarni o’rgatadilar. Bola uyqudan turishi bilan atrof muhitdagi turli narsalarga ko’zi tushadi. Ota-ona bu narsalarning chiroyliligini tushuntirib berishi, o’g’il yoki qizining kiygan kiyimlarini chiroyli va qulayligiga, xonaki o’simliklar va bahor gullarining naqadar chiroyliligiga ahamiyat berib qarashga o’rgatishi kerak. Estetik didni tarbiyalashda dastlabki o’yinchoqlar juda katta rol o’ynaydi. Ular hayotni bilishni o’rgatadi va birinchi estetik taassurotlar manbai hisoblanadi. Ota-ona bolalarni xonalarni yig’ishtirish, saranjom-sarishta qilishga jalb qilib. Ularda estetik didni tarbiyalaydi. Estetik tarbiyaning asosi oilada bolalarni ijod qilish (badiiy tarbiyaga) o’rgatishdir.Bolalarning rasm chizishga bo’lgan ehtiyoji juda erta uyg’onadi. Ota-ona o’z bolalariga rasm chizishdagi muayyan ko’nikmalarni egallashga yordam berishi kerak. CHunki bolada agar rasm chizishga qobiliyati bo’lib u qo’llab quvvatlansa, bola ruhlanib san’atning bu turini egallashga harakat qiladi. Bolada yana yoshlikdan musiqa eshitish uquvini o’stira borish unda nozik his-tuyg’uning shakllanishiga imkon beradi. Bola juda yoshligidanoq musiqa ohangiga qarab ritmik harakatlar qiladi. Bu undagi dastlabki estetik did-tuyg’u, iste’dod kurtagidir. Bolaning tashqi ko’rinishiga bo’lgan talablar estetik tarbiyada katta ahamiyatga egadir. Sodda va ozoda kiyina bilish, kishilar orasida o’zini yaxshi tutish, hulq-atvorining yaxshi bo’lishi ham go’zallikdir. Gapirish, kulish, salomlashish, madaniyatli hayrlashish, minnatdorchilik bildirish kabi odatlar ham bolaning yoshlikdan nazokatli, nafosatli bo’lib o’sishiga yordam beradi. Tabiiyki, ota-ona farzandning nozik did va farosatli, odob va ahloqli bo’lib o’sishiga erishish uchun avvalo o’zi barcha go’zalliklarni seza bilishi va sevishi, badiiy adabiyotlar o’qishi, san’atning turli sohasida o’z bilim va taassurotlarini kengaytirib borii kerak.
|