TALMIH (ar. - nazar tashlash, chaqmoq chaqishi) - nazm yoki nasrda mashhur tarixiy voqealar, afsonalar, qissalar, she’r, masal yoxud maqollarga ishora qilishga asoslangan she’riy san’at. Bunda ko‘proq Qur’oni Karim suralarida aks ettirilgan afsona va hikoyalar qahramonlari: payg‘ambarlar, farishtalar nomlari; adabiy asar qahramonlari nomlari, joy nomlari nazarda tutiladi. T.san’atining nomi dastlab Shams Qays Roziyning “Al-mo‘‘jam” asarida (13-a.) uchraydi. Bunda T. “oz so‘z bilan ko‘p ma’noni ifodalovchi” san’at sifatida keltiriladi. U haqdagi nisbatan kengroq ma’lumot Atoulloh Husayniyning “Badoyi’ us-sanoyi’” asarida berilgan bo‘lib, muallif “kalomda mashhur qissa yo mashhur nodir she’r yoki mashhur maqolga ishorat etmak” T. ekanligini aytadi va fikrlarining dalili sifatida Yusuf qissasiga (Ya’qubning ismini eslash orqali), Hofiz g‘azaliga va mashhur maqolga ishora qilingan 3 bayt keltiradi.
T. san’ati ijodkorga bir ishora vositasida ko‘zda tutilgan fikrni batafsil tarzda ifodalash imkonini beradi. SHu jihatdan manbalarda T.ning iyjoz, iqtibos, irsoli masal san’atlariga yaqin turishi ta’kidlanadi. T.dagi ishora tarixiy voqea, afsona, qissa yoki badiiy asar nomi, ular bilan bog‘liq biror so‘zni tilga olish orqali ochiq yoki yashirin tarzda amalga oshirilishi mumkin. Shu ma’noda T.ning shartli ravishda ochiq va yashirin turlari farqlanadi. Alisher Navoiy asarlarida T.ning har ikki turi qo‘llanilgan. Masalan, Ishq aro rasvolig‘im elga berur Majnunni yod,
O‘ylakim aylar ani ko ‘rgan meni mahzunni yod.
Navodir ush-shabob, 124-g‘azal) baytida “Majnun” ismiga ishora qilish orqali mashhur Layli va Majnun qissasi yodga olinyapti va bunda T.ning ochiq tarzda namoyon bo‘layotganligini ko‘ramiz.
Ko ‘p malohat bobida SHirindin aytur Ko ‘hkan,
Sabzshirinimcha ul bor erdi erkinmu malih.
(Navodir ush-shabob, 103-g‘azal)
Yuqoridagi baytda esa T.ning har ikki turi qo‘llanilganligini kuzatish mumkin. “SHirin” ismining keltirilishi ochiq T.ga misol bo‘lsa, “Ko‘hkan” so‘zi “tog‘ qazuvchi” ma’nosini anglatgani uchun bu lafz orqali Farhod nazarda tutilayotganligini anglash mumkin bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |