Filologiya fakulteti
XX asr G’arb adabiyotida ,,yo’qotilgan avlod” yo’nalishi
Download 140.01 Kb.
|
Xolmatov O
- Bu sahifa navigatsiya:
- II BOB. E.M. REMARK VA O’. HOSHIMOV ROMANLARIDA URUSH ODAMLARI OBRAZI
1.2. XX asr G’arb adabiyotida ,,yo’qotilgan avlod” yo’nalishi XX asr boshlariga kelib dunyoning eng qudratli davlatlari, yirik monopoliya egalari o’rtasidagi ziddiyat va raqobat nihoyatda keskinlashdi. Bunga sabab mustamlakalar va yangi o’ljalar masalasi edi. Buning natijasida mustamlakachi davlatlar hukumatlari va monopoliya egalari xohishi o’laroq ikki harbiy-siyosiy blok: ,,Uchlar ittifoqi” (Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiya) hamda ,,Antanta” (Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya) vujudga keldi. Ular o’rtasidagi dushmanlik natijasida birinchi jahon urushi (1914 – 1918) boshlandi. Bu urush insoniyat boshiga cheksiz kulfatlar soldi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, bu urushda o’n million odam halok bo’lgan, yigirma million odam esa mayib-majruh bo’lgan yoki izsiz yo’qolgan. Buning natijasida urushdan keyingi davrdagi adabiyotda, badiiy asarlarda tushkunlik kayfiyati hukm surdi. Urushning dastlabki yillari hukumat vakillarining shovinistik targ’iboti natijasida urushga kirishib, dushmanni yer bilan yakson qilishni vatan oldidagi muqaddas burch deb hisoblagan, biroq urush dahshatlarini o’z ko’zlari bilan ko’rgach, uning naqadar razil va yovuz maqsadda qilinayotganini anglab yetgan qahramonlar haqidagi asarlar dunyoga kela boshladi. Bunga yorqin misol qilib taniqli fransuz yozuvchisi Anri Barbyusning ,,O’t” (1916), ,,Ravshanlik” (1918) kabi asarlarini keltirish mumkin. Ayniqsa, urush hali o’zining qizg’in pallasidaligidayoq yozib tugatilgan ,,O’t” romani G’arbiy Yevropa adabiyotida hammadan oldin imperialistik urush dahshatlarini fosh etibgina qolmay, keng xalq ommasiga bu urushni qanday qilib bartaraf etish yo’lini ham ko’rsatib berdi.20 Romanning qahramonlari alohida shaxslar emas, umumiy askarlar jamoa-sidir. Asardagi jangchilar afsonaviy qahramonlar emas, balki nihoyatda char-chagan, azob chekkan, mansab va mukofotlarni emas, balki tinch hayot va o’z oilasiga qaytishni orzu qiluvchi jonli, realistik obrazlardir. Asardagi Bertran obrazi orqali yozuvchi o’z g’oyalari va qarashlarini yoritadi. Bertran G’arbiy Yevropa va butun dunyoda son-sanoqsiz odamlarni o’lim girdobiga tashlayotgan urush kirdikorlarini o’z ko’zi bilan ko’rgach, bunday urush xalqqa umuman begona ekanligini anglab yetadi. Fransuz askarlarining ko’pchiligi haqiqatni tushunib yeta boshlaydi. Ular urush faqat hukmron doiralargagina naf keltirishini, urushga siyosatchilar uqtirganidek faqat nemislar emas, hamma davlatlar baravar aybdor ekanligini anglaydilar. Shuning uchun askarlar ,,nemislarni emas, urushni yengish kerak”, degan xulosaga keladilar.21 Barbyus insoniylikka qarshi bo’lgan, vayronalik keltiruvchi bu urushni yengish uchun ozodlik kurashi olib borish kerakligini ko’rsatdi. Shuning uchun bu roman umidvorlik ruhi bilan tugaydi: ,,Qora bulutlar orasidan asta-sekinlik bilan yorug’lik shu’lasi ko’rina boshladi. Bu nur qanchalik zaif bo’lmasin, baribir osmonda quyoshning borligidan dalolat beradi.” (yuqoridagi manba, 231-bet) ,,O’t” romanining yaratilishi keyingi adabiy jarayonlarga jiddiy ta’sir etdi. Ayni paytda, urushning asl mohiyatini fosh etuvchi, urush dahshatlarini haqqoniy tasvirlagan asarlar bilan birgalikda sobiq askarlarning urushdan keyingi hayoti va taqdirini aks ettirgan asarlar ham dunyo yuzini ko’ra boshladi. Bunday asarlarning qahramonlari G’arb adabiyotida ,,yo’qotilgan avlod” deb atalgan. ,,Yo’qotilgan avlod” vakillari haqidagi asarlarga Erix Mariya Remark qalamiga mansub bo’lgan ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q”, ,,Qaytish”, ,,Uch og’ayni”, ,,Qora haykal”, Ernest Xemingueyning ,,Quyosh baribir chiqaveradi”, ,,Alvido, qurol!”, R. Oldingtonning ,,Hamma odamlar – dushman”, ,,Qahramonning o’limi” kabilarni kiritish mumkin. Ushbu asarlarning A. Barbyus asarlariga o’xshashlikdan tashqari, farqli tomonlari ham bor. Barbyus romanlarida kelasi hayotga bo’lgan ishonch ruhi, kurashga chorlovchi da’vat mavjud. Narigi romanlarda esa fojiaviylik, tushkun kayfiyat ko’proqdek tuyuladi. Biroq tushkunlikka tushgan inson ham hayotga bo’lgan umidini, yashash istagini yo’qotgan emas. Masalan, ingliz adibi R. Oldingtonning ,,Hamma odamlar – dushman” asari qahramoni bu bema’ni dunyodan voz kechib, o’zi sevgan ayol bilan xayoliy Ea orolida yashirinib bo’lsa-da, hayot kechirish orzusi bilan yashagan.22 Yirik amerikalik yozuvchi Ernest Xemingueyning ,,Quyosh baribir chiqaveradi” romani qahramonlari ham hayotdagi turli narsalardan ovunchoq, yupanch qidiradilar. Ushbu asarga mashhur amerikalik adiba Gertruda Staynning ,,sizlarning barchangiz yo’qotilgan avlodsiz” degan so’zlari epigraf qilib olingan.23 E. Xemingueyning boshqa bir mashhur asari ,,Alvido, qurol!” romani qahramoni Ferdinand Genri dastlab Italiya armiyasida xizmat qiluvchi amerikalik ofitser edi. Avstriyaliklar bilan bo’layotgan jangda oyog’idan yaralanib, harbiy gospitalda yotib davolangach, yana frontga qaytadi. Biroq, o’z rotasidagi yigitlarning hayotini saqlab qolish maqsadida qilgan harakati qochoqlik deb baholangach, urushdan voz kechadi va qochib ketadi. U sevgilisi – hamshira Ketrin bilan birga yashab, o’z shaxsiy hayoti va baxtini g’ayriinsoniy urushdan ustun qo’yadi. Asar so’zboshisida keltirilgan quyidagi jumlalar juda xarakterlidir: ,,Men juda ko’p urushlarda bo’ldim, shu boisdan bu masalada g’arazim qattiq, xatto juda qattiq. Bu kitobning muallifi ongli ravishda shu narsaga amin bo’ldiki, urushlarda jang qilayotgan odamlar dunyodagi eng ajoyib odamlardir. Frontning qizg’in qismlariga kirib borganing sari bunday odamlarga ko’proq duch kela boshlaysan. Ammo urushni boshlaganlar, uning oloviga yana olov tashlab turganlar iqtisodiy raqobatdan, foyda undirishdan boshqa narsani bilmaydigan to’ng’izlardir. Men bunday odamlar urushning dastlabki kunlaridanoq mamlakat fuqarolarining muxtor vakillari tomonidan otib tashlanmog’i lozim deb hisoblayman…”24 XX asr G’arb adabiyotida ,,yo’qotilgan avlod” masalasini eng ko’p va ta’sirli yoritgan ijodkor nemis yozuvchisi Erix Mariya Remarkdir. Erix Mariya Remark 1898-yilning 22-iyun kuni Germaniyaning Osnabryuk shahrida tug’ilgan. Bolaligidanoq adabiyot, san’at va falsafaga qiziqqan. Adabiy-falsafiy to’garakka qatnashadi, jurnalistika sohasiga qo’l uradi. Xatto, musiqa bilan ham shug’ullanadi.25 Maktabni bitirish arafasida urushga jo’naydi, ellik kun frontda bo’ladi. Urushdan keyin bir necha yil davomida turli ishlar bilan mashg’ul bo’ladi, badiiy ijod bilan shug’ullana boshlaydi. Remarkning nomini yozuvchi sifatida tanitgan asar 1929-yilda yozilgan ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q” romani bo’ldi. Shundan so’ng adib ,,Qaytish” (1931), ,,Uch og’ayni” (1938), ,,Zafar darvozasi” (1946), ,,Hayot alangasi” (1952), ,,Hayot-mamot pallasi” (1954), ,,Qora haykal” (1956), ,,Osmon hech qanday seviklini bilmaydi” (1961), ,,Jannatdagi soyalar” (1971) va boshqa asarlar yaratgan.26 1933-yili Adolf Gitler boshchiligidagi fashistlarning hokimiyat tepasiga kelishidan bir necha kun oldin Remarkning yaqin do’stlaridan biri zudlik bilan mamlakatni tark etishi kerakligini xat orqali aytadi. Gap nimadaligini tushungan yozuvchi darrov Shveytsariyaga jo’naydi. Gitler davlat tepasiga chiqqach, natsistlar Berlinda yozuvchining kitoblarini ommaviy ravishda yoqib yuboradilar. Remarkning o’zini esa Germaniya fuqaroligidan mahrum etishadi. Bundan ikki yil avvalroq Shvetsiya Akademiyasi a’zolari tomonidan Remarkka adabiyot sohasida Nobel mukofoti topshirilishi haqidagi fikr o’rtaga tashlangandi. Biroq natsistlar bu g’oyaning amalga oshirilishiga yo’l qo’ymaydilar. 1970-yilning 25-sentabrida Shveytsariyaning Lokarno shahridagi ,,Sankt-Anyes” shifoxonasida yetmish ikki yoshli yozuvchi Erix Mariya Remark yurak xurujidan vafot etadi.27 Adibning ilk asarlari rus tiliga o’girilib, chop etilishi bilanoq katta shuhratga erishdi. Bu asarlar millionlab nusxada nashr etilgan bo’lsa-da, odamlarning talabini qondirib bo’lmadi. Odamlar Remark asarlarini bir-biridan so’rab olib o’qishga kirishdilar. Biroq kutilmaganda rasmiy doiralar, kommunistik mafkura himoyachilari Remarkni g’oyasizlikda ayblab, uning ijodiga tuhmat toshlarini ota boshladilar. Shuning uchun ham uning asarlarini o’zbekchaga o’girishga hech kim botina olmadi. Aslida Remarkning o’sha romanlari shunchalik zararlimidi? Umuman unday emas. Remarkning ,,aybi” shu ediki, u kommunistik mafkuraga ham, fashistik mafkuraga ham xizmat qilmadi. Gitler hokimiyat tepasiga kelib, adib Germaniyani tark etishga majbur bo’lgach, uning asarlari kutubxonalardan yig’ishtirib olinib, shahar ko’chalarida yoqib yuboriladi. Buning sababi shuki, Remark o’z asarlarida fashizmning asl basharasini fosh etgan, urush dahshatlarini, urushning kishilar taqdiridagi fojiali oqibatlarini g’oyat realistik tarzda aks ettirgan edi. Haqiqiy katta ijodkorlar har qanaqa jamiyatda ro’y bergan haqiqatlarni rostakamiga tasvirlashni doimo o’z oldiga maqsad qilib qo’yishgan. Remark ham shunday adib edi. Yozuvchining ijodini o’rganish va asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilish mustaqillikdan keyin boshlandi. Bu borada Nizom Komil jonbozlik ko’rsatdi. E.M. Remarkning mashhur asari – ,,Uch og’ayni” romani birinchi marta ,,Jahon adabiyoti” jurnalining 1998-yil 7 – 9-sonlarida aynan Nizom Komil tarjimasida bosib chiqarildi. 2002-yilda ,,Ma’naviyat” nashriyoti bu asarni kitob ko’rinishida chop etdi. ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q” ham ilk bor ana shu jurnal orqali O’zbekistonga tashrif buyurdi. (2001-yil 5 – 6-sonlar). Ushbu roman 2004-yilda ,,Yangi asr avlodi” nashriyotida ,,Esizgina yoshligim” nomi bilan chop etilgan. Uni ham Nizom Komil o’zbekchaga o’girgan. 2016-yilda bu roman asl nomi – ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q” tarzida ,,Kamolot kutubxonasi” rukni ostida chop etildi.28 Remark asarlarini tarjima qilishda Saidjalol Saidmurodov ham faol harakatlarni amalga oshirmoqda. 2016-yili ,,Jahon adabiyoti kutubxonasi” rukni ostida nashr etilgan ,,Lissabondagi tun” asari buning isbotidir. Adib ijodiga e’tibor qaratadigan bo’lsak, Remark romanlaridagi qahramonlar ikki turga bo’linadi: birinchisi – urushdan qaytgan, nima uchun qurol ko’tarib jang qilganini tushunishga tirishayotgan, urushdan keyingi vayrona bo’lgan dunyoni zig’ircha bo’lsa-da o’zgartirmoqchi bo’lgan sobiq askarlar; ikkinchisi esa nohaqlik va zulm sababli o’z vatanlarini tashlab chiqishga majbur bo’lgan muhojirlar. Bu Remark qahramonlarining yagona farqi bo’lsa kerak. Chunki muhojir qahramonlar ham adolatsizlik, jabr-zulm haqida hayajon bilan mulohaza yuritishadi, hayotlarini o’zgartirishga harakat qilishadi. 1928-yili ,,Fossishe saytung” deb nomlangan nemis gazetasining nusxalari soni, ya’ni adadi birdaniga kekin tarzda ko’tarilib ketadi. Buning sababi o’sha gazeta sahifalarida u paytlarda hali mashhur bo’lmagan yozuvchining ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q” romani chop etila boshlaydi. Odamlar o’zlari kabi o’spirinlarga o’q uzishga majbur bo’lgan ,,yo’qotilgan avlod” fojiasi haqqoniy va ro’yi rost ko’rsatilgan ushbu realistik asarni berilib o’qiydilar. Asarda tasvirlanishicha, millionlab kishilar urushda bekordan-bekorga o’lib ketyapti-yu, gazeta sahifalarida birgina jumla: ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q!” Qiziq, necha-necha million kishilar qon kechib qon to’kishadi-yu, nahotki hech qanaqa o’zgarish bo’lmasa ?!29 1931-yilda chop etilgan ,,Qaytish” romani birinchi romanning o’ziga xos mantiqiy davomi bo’ldi. Bu romanda urushdan tirik qolib, vataniga qaytgan askarlar to’g’risida hikoya qilinadi. Dahshatli azoblarni boshdan o’tkazgan, kelajakka bo’lgan ishonchini yo’qotgan, jamiyatda turli bema’ni illatlar to’lib ketganining guvohi bo’lgan sobiq askarlar tinch hayotda o’z o’rinlarini topa olmaydilar. Ulardan ayimlari o’z joniga qasd qiladi, yana ayrimlari bo’lsa aqldan ozadi yoxud qamoqqa tushadi.30 ,,Remark asarlari o’z davri hayoti va jamiyatini tasvirlaydi. Bu borada ijodkorning o’zi shunday deydi: ,,Mening qahramonlarim – asrimiz insonlari, men ular misolida o’z hayotim va kechinmalarimni bayon etaman”. Bu orqali yozuvchi asarlarining avtobiografik xarakter kasb etishini ham ta’kidlaydi”31 degan edi rus olimi I. Framkin. Adib Shveytsariyadaligida o’zining ajoyib asari bo’lgan ,,Uch og’ayni” romanini yaratdi. Roman chin muhabbat va haqqoniy do’stlik haqida. Asar voqealari birinchi jahon urushidan o’n yil o’tib ro’y beradi. Ammo urushning salbiy oqibatlari hamon qurbonlar talab qilaveradi. Bosh qahramon Robert Lokampning najot farishtasiga aylangan Patritsiya Xolman garchi front maydonlarida bo’lmagan esa-da, urushning mashaqqatli yillarida to’yib ovqat yemaganligi tufayli og’ir kasallikka chalinib, asar oxirida vafot etadi. Keyinchalik, Remark muhojirlar haqida asarlar yoza boshlaydi. Ikkinchi jahon urushi yillarida ,,O’z yaqiningni sev” romani yozilgan bo’lsa, 1946-yilda ,,Zafar darvozasi” romani yaratiladi. Bu asarda ikkinchi jahon urushi arafasida Fransiyaning poytaxti Parijdagi nemis qochoqlari hayoti tasvirlanadi. Birinchi jahon urushi qatnashchisi, iste’dodli jarroh Ravik natistlar hokimiyat tepasiga kelgach, Germaniyadan qochib ketishga majbur bo’ladi. O’tgan siyosiy harakatlardan mutlaqo chetda bo’lgan Ravik oxir-oqibat Ispaniyada Franko boshliq ispan fashistlarga qarshi kurashda qatnashadi. Romanda yozuvchi ilk bora fashizmga qarshi kurash mavzusiga murojaat qildi. Bu mavzu bundan keyingi asarlarida bosh mavzuga aylanadi. Parijda Ravik gestapochi Xaakeni uchratib qoladi va uni o’ldirishga qaror qiladi. Yozuvchi yuksak mahorat bilan, bosh qahramonning murakkab va ziddiyatli ma’naviy qiyofasini ochib beradi. (yuqoridagi manba) 1943-yilning 16-dekabr kuni Germaniyada Elfrida Sholts ismli ayolni fashistlar gilyotinada boshini tanasidan judo qilishadi. Bu Remarkning qadrdon singlisi edi. Fashistlar yozuvchiga singlisi qamoqxonada tutib turilgani, sud hamda qatl uchun hisob-kitob qilishni talab qilib maktub jo’natishadi. Xatda pochta markasiga ketgan pulni ham to’lashini talab qilishadi. Bu paytda Remark Amerikada yashardi. 1952-yilda yaratilgan, fashizmga qarshi ruhda yozilgan ,,Hayot alangasi” romanini adib singlisining yorqin xotirasiga bag’ishladi.32 ,,Hayot-mamot pallasi” romanida ham Remark fashizmni qoralaydi. Asarning asosiy qahramoni Ernest Greber Remark ijodidagi yangi turdagi personaj tipidir. E. Greberni Remarkning boshqa qahramonlaridan adolatni faollik ila axtarish xususiyati ajratib turadi. Natsizmning asl mohiyatini anglagach, u ,,nima qilmoq lozim?” degan savolga javob axtaradi. Gitlerchilar qo’shinida askar bo’lgan Greber sharqiy frontdagi muvaffaqiyatsizliklardan so’ng asl haqiqatni tushunib yetadi. Oxir-oqibat u fashistlarning yengilishi aniq degan xulosaga keladi. Asarda Remark urush davridagi fashistik Germaniyani har tomonlama puxta tasvirlaydi. Yozuvchi fashizmga bo’lgan o’z nafratini armiya va front ortida harakat qiluvchi gitlerchilar obrazida namoyon qiladi. Ta’tilga kelgan Greber e’tiborli natsistlardan biriga aylangan maktabdosh o’rtog’i Bildingni uchratadi. Atrofdagilar ochlikdan azob chekayotgan paytda uning uyi talon-toroj qilingan narsalar, oziq-ovqatlar bilan to’la. Ayniqsa, fashist Shteynberner keskin bo’yoqlarda tasvirlangan. Bu odamning tashqi go’zalligi soyasida shafqatsiz qotil va josus yashiringan. ,,Nima qilish kerak?” degan savolga javob topildi. Asir olingan partizanlarni qatl qilmoqchi bo’lgan Shteynbernerning o’zi Grebber tomonidan otib o’ldiriladi.33 1956-yilda yozib tugatilgan ,,Qora haykal” romani orqali yozuvchi yana bir bor ,,yo’qotilgan avlod” mavzusini qalamga oladi. Shuning uchun ham bu roman ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q”, ,,Qaytish” va ,,Uch og’ayni” bilan birgalikda o’ziga xos tetralogiyani tashkil etadi. Shundan so’ng Remark birin-ketin antifashistik, muhojirlik mavzusidagi ,,Lissabondagi tun”, ,,Jannatdagi soyalar” romanlarini yaratdi. Remarkning har bir muhojir qahramoni taqdiri fojiali kechadi. Ular fashistlar zulmi tufayli Germaniyani tark etishgan. Lekin nima bo’lgan taqdirda ham, qanday qiyinchilig-u mushkulotga yo’liqmasinlar, umid va ishonchni yo’qotmaydilar. Remarkning shunday tipdagi asarlaridan biri ,,Lissabondagi tun”dir. Roman tom ma’noda muallif ijodining yakunlovchi asari hisoblanadi (,,Jannatdagi soyalar” oxiriga yetmagan). Bosh qahramon vatanini, sevimli rafiqasini, kelajakka bo’lgan ishonchini yo’qotadi. Yevropa bo’ylab besh yillik sarson-sargardonlikdan so’ng bosh qahramon vataniga qaytib, ayolini izlab topishga va uni Germaniyadan olib chiqib ketishga muvaffaq bo’ladi. Bedavo dardga, ya’ni saratonga chalingan ayol ham o’ylanib o’tirmay muhtojlik va xavf-xatarni pisand qilmasdan fashistlar hukmronligidagi mamlakatdan eri bilan birga chiqib ketadi. Bu asarida ham Remark mehr-muhabbat orqali o’limni yenga olish mumkinligini, jirkanch va razolatli hayotda ayni shu tuyg’ulargina najot yo’li bo’lib xizmat qilishini ta’kidlaydi. Asar qahramonlari muallif singari ko’ngillarining tubida kelgusida hammasi yaxshi tomonga o’zgarishiga bo’lgan umidni saqlab borishadi. Zero, romanda aytilganidek, ,,umidning yo’qolishi o’limdan og’irroqdir”.34 ,,Yo’qotilgan avlod” adabiyoti bir qaraganda o’tib ketgan urush tufayli hayoti barbod bo’lgan insonlar taqdirini ayanchli tarzda tasvirlovchi, tushkunlik ruhidagi asarlar majmuasidek taassurot qoldirishi mumkin. Biroq, bu adabiyotning insoniyat kelajagi uchun foydali tomonlari ham anchagina. Bunday asarlar insonlar ongida urushning chinakam dahshatlari va insoniyatga qanchalik zararli ekanligi to’g’risida chuqurroq taassurot va tushuncha uyg’otish, insonlar qalbida urushga nisbatan nafrat ruhini uyg’otish orqali tinchlikparvarlik g’oyalarini targ’ib etish, tinchlikning naqadar ulug’ ne’matligi va uni asrab-avaylash barchaning muhim insoniy burchi ekanligini anglatishda juda katta o’rin tutadi. ,,Yo’qotilgan avlod” mavzusi G’arb adabiyotiga xos. O’zbek adabiyotida bu atama qo’llanilmaydi. Biroq milliy adabiyotimizda ham shunday ruhdagi asarlar uchraydi. Ayniqsa, O’tkir Hoshimov qalamiga mansub ,,Tushda kech-gan umrlar” romani fikrimizning yorin dalilidir. Biz ushbu asarga keyingi bobda batafsil to’xtalamiz. Dastlabki xulosamiz shu bo’ldiki, badiiy adabiyotda urush tasvirlari dastlab qahramonlik va jasorat vositasi sifatida kelgan. Bu barcha xalqlar adabiyotiga taalluqli. Biroq, asrlar o’tib, insoniyat tafakkurida ro’y bergan o’zgarishlar, jamiyat taraqqiyoti natijasida bu munosabat o’zgarib borgan. XX asrga kelib G’arb adabiyotida urushga nafrat hissi yetakchi xususiyat kasb etdi. Urush faqat qora bo’yoqlarda, kulfat va fojia sababchisi sifatida tasvirlandi. O’zbek adabiyotiga ham XX asrdan shunday ruh kirib keldi. Biroq, shu bilan bir qatorda front va front ortida jasorat ko’rsatgan qahramonlar obrazlarini muhabbat bilan tasvirlash ham davom etdi. II BOB. E.M. REMARK VA O’. HOSHIMOV ROMANLARIDA URUSH ODAMLARI OBRAZI 2.1. ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q’’ va ,,Tushda kechgan umrlar’’ romanlarida urush va inson fojiasi tasviri Mana endi mavzuimizning eng asosiy masalasiga yetib keldik. Nihoyat, Remark va O’. Hoshimovlarning romanlarini o’zaro qiyoslab tahlil qilamiz. Nemis yozuvchisining ajoyib asari bo’lmish ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q” romani hali katta hayotga qadam qo’yib ulgurmagan o’smir yoshlarning jang maydoniga tashlanishi, front dahshatlarini o’z ko’zi bilan ko’rgan qahramonlar ongida, ruhiyatida paydo bo’lgan o’zgarishlar, jang maydonidagi dahshatli holatlar tasviriga bag’ishlangan. Bu roman quyidagi jumlalar bilan boshlanadi: ,,Bu kitob aybnoma ham, avfnoma ham emas. Bu shunchaki urush dastidan juvonmarg bo’lgan avlod haqidagi, garchi zambarak o’qidan omon qolgan bo’lsa-da, shu urushning qurboniga aylanganlar to’g’risidagi ko’ngil izhoridir.”35 Tarixga qaraydigan bo’lsak, XX asrga kelib jahon tarixidagi eng dahshatli urushlar ro’y berganini ko’rishimiz mumkin. Ayniqsa birinchi va ikkinchi jahon urushlari fikrimizga isbot vazifasini o’tay oladi. To’g’ri, urushning yaxshisi bo’lmaydi. Biroq, hozir sanagan urushlarimiz ichida birinchi jahon urushi chinakamiga qabih urush edi. Chunki bu urush bir guruh davlatlar, yirik oligarxlar va monopoliya egalarining foyda olish, yangi-yangi daromad manbalariga egalik qilish maqsadida qilgan ishi edi. Mustamlakachi davlatlar siyosatchilari, hukumat vakillari o’z siyosiy qudrati va mustamlakalari hududini oshirish yo’lida, boya aytilgan milliarder ,,janob”lar esa yanada ko’proq boylik orttirish yo’lida millionlab odamlarning qurbon bo’lishini bilgani holda, ongli ravishda shu urushni keltirib chiqardilar. Bunisi ham yetmagandek, o’z tuban maqsadlarini niqoblash uchun mamlakat fuqarolariga vatanparvarlik, ulug’ va sharafli burch kabi targ’ibotlar bilan murojaat qilib, ularni odam o’ldirishga, qon to’kishga undadilar. Ikkinchi jahon urushi qurbonlari soni, vayronalik darajasi bo’yicha birinchisidan bir necha baravar yuqori tursa-da, baribir bu urushda muqaddas vazifa bor edi. Germaniya, Italiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda hukumat tepasida turgan fashistik va militaristik ruhdagi tajovuzkor kuchlar butun dunyoga ega chiqishni; xalqlar do’stligi, tinchlik kabi tushunchalarni rad etib, millatchilik va irqchilikni avj oldirayotgan pallada ularga qarshi chiqqan mamlakatlar bunday yovuzlikka qarshi kurash olib bordilar. Bu kurash tinchlik, ozodlikni maqsad qilgan, shu uchun harakat qilgan ulug’vor kurash edi. Ya’ni, bir-biriga dushman bo’lgan, o’zaro urushgan tomonlardan birining maqsadi ezgu edi. Birinchi jahon urushida esa bu ko’zga tashlanmaydi. Tomonlarning har ikkisi ham faqat o’lja, boylik yo’lida urush olib borib, o’z manfaatlari yo’lida millionlab insonlarning bevaqt halok bo’lishi yoki mayib-majruh, vatangado bo’lib qolishiga sababchi bo’ldilar. Ya’ni, birinchi jahon urushida tomonlarning har ikkisi ham aybdor edi. Bu qabohatdan esa aksariyat yoshlar aziyat chekkanlar. Endigina mustaqil hayotga qadam qo’yayotgan qanchadan-qancha o’spirinlar yer bilan yakson bo’ldilar. Tirik qolganlari ham kelajagini yo’qotdilar. Chunki, ular ayni o’qib, bilim oladigan yoki biron bir hunarni o’zlashtiradigan davrlarida mana shu urushga safarbar qilindilar. O’z fuqarolarini turli safsatalar va madhiyabozliklar bilan aldadilar. Natijada bu yoshlar odam o’ldirish, qon to’kishnigina o’rgandilar. Ularning ruhiyatida vahshiy hissiyotlar avj oldi. Roman qahramonlari Paul Boymer, Albert Kropp, Myuller, Tyaden, Leyer, Kemmerix, Katchinskiylar taqdiri misolida bunga guvoh bo’lishimiz mumkin. Biroq, ular baribir insoniy sifatlarini ma’lum darajada saqlab qola oldilar. Ular asl haqiqatni urushning o’zidayoq anglab yetdilar. Asar bosh qahramonlaridan biri Paul Boymer tilidan aytilgan quyidagi fikrlar bunga misol bo’la oladi: ,,Ular hamon maqolalar yozishar, nutqlar so’zlashardi; biz esa ko’chma shifoxona-yu jon taslim qilayotganlarini ko’rib ulgurgandik. Ular hamon vatanga xizmat qilishdan ortiq oliy ne’mat yo’q, deya ayuhannos solishardi; biz esa o’lim dahshati undan-da kuchliroq ekanini bilardik. Ammo bu bilan birortamiz qochoq, isyonchi yoki qo’rqoq bo’lib qolganimiz yo’q (bunday so’zlar og’zining bir chetidan chiqib ketardi ularning), vatanni ulardan kam sevmasdik, jangga kirayotib biror marta tizzamiz qaltiramagan; ammo endi nimanidir farqiga yetamiz, go’yo birdan ulg’ayib qolganday bo’ldik. Yana shunga ham amin bo’ldikki, ular bizga ko’z-ko’z qilgan bejama guldan hech nima qolgani yo’q. Biz qo’qqisdan mudhish bir yolg’izlik girdobiga tushib qoldik, endi bu girdobdan chiqib ketish ilojini o’zimiz topishimiz kerak.”36 Ko’rinib turganidek, bu asarda fosh etish, oshkoralik va haqiqat tarannumi yetakchi o’rinda turadi. Bevosita yirik adib Chingiz Aytmatovning ,,Oq kema” qissasidan olingan quyidagi fikr yodimizga tushadi: ,,pul hukmron bo’lgan joyda ezgulikka o’rin yo’q, go’zallikka o’rin yo’q!”37 Darhaqiqat, iqtisodiy manfaatlar hukmron bo’lgan jamiyat mana shunday qirg’inbarot urushga asos bo’ldi. Demak, roman qahramonlari davrning adolatsizligi, hukmron doiralarning yaramasliklari qurboni bo’ldilar. Xuddi shunday g’oya va motiv O’tkir Hoshimovning ,,Tushda kechgan umrlar” romanida ham ifodalangan. Ayniqsa, afg’on urushi bilan bog’liq tasvirlar o’rin olgan ,,Rustamning kundaliklari” bu borada alohida ahamiyatga ega. Afg’on urushi ham maqsad-muddaosi jihatidan birinchi jahon urushiga o’xshab ketadi. Unda ham iqtisodiy va siyosiy manfaat minglab yoshlarning umriga zomin bo’lgan. Urushga majburan jo’natilgan askarlar ongiga internatsional burch, insonparvarlik kabi g’oyalar singdirilib, g’arazli maqsaddan iborat bo’lgan manfur siyosat niqoblangan. Asar qahramonlari, afg’on urushi ishtirokchilari Rustam, Temur aka, Xayriddin, Viktor, Sasha kabilar taqdirida, o’zaro munosabatlarida ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q” romani personajlariga o’xshash jihatlar uchraydi. Har ikki roman qahramonlari ham adolatsiz va g’ayriinsoniy urushning ayanchli qurboni bo’lgan avlodning tipik obrazlaridir. Rustam garchi urushdan tirik qaytgan bo’lsa-da, baribir salbiy oqibatlardan qutula olmadi. Urush uning dunyoqarashiga ham, ruhiyatiga ham, salomatligiga ham o’zining salbiy ta’sirini o’tkazdi. O’zi sevgan kursdosh qizi Shahnozaga uylangan bo’lsa ham, ikkalasi bir-birini qattiq sevsa ham, ular baxtli bo’la olishmaydi. Aniqrog’i, Rustam Shahnozani baxtli qilolmaydi. Chunki uning o’zi ham baxtli emasdi. Bu baxtsizlikning asosiy sababi esa urushning salbiy ta’siridir. Rustamning o’ta jizzaki, asabiy bo’lib qolishi, adolatsizlikka duch kelganda o’zini bosolmay qolishi, jahli chiqqanda vahshiylashib ketishi kabi holatlar buning yorqin dalilidir. Urushda qon kechgan sobiq jangchining uyga qaytgandan keyin ham ketma-ket adolatsizliklar, pastkashliklarga guvoh bo’lishi, sevimli rafiqasining ko’z o’ngida o’zi sabab so’lib borayotganligi singari omillar oxir-oqibat Rustamning fojiali o’limiga sabab bo’ladi. O’zini boshqarolmay qolgan Rustam to’rtinchi qavat derazasidan o’zini pastga tashlab, mudhish tarzda halok bo’ladi. ,,Tushda kechgan umrlar” romanida nafaqat urushning, balki mustamlakachilik, undan ham ko’ra ko’proq ,,o’zimizdan chiqqan balo” larning qabihliklari haqqoniy tarzda o’z aksini topgan. ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q” va ,,Tushda kechgan umrlar” romanlarida mualliflar milliy ruhni, millat taqdiri va fojiasini haqqoniy tarzda bera olganlar. Milliylik badiiy asarning eng muhim jihatlaridan biridir. Qolaversa, asar markazida insonlar hayoti, ularning taqdiri masalasi turar ekan, bunday asar har qancha milliylikni o’zida aks ettirmasin, u umuminsoniyatga aloqadordir. Bu borada N. G’oyipov shunday deydi: ,,Badiiy adabiyotda milliy obrazli vositalarning imkoniyati beqiyosdir. Shu bilan birgalikda, san’atkor, yozuvchi, umuman, ijod vakili hayot haqiqatiga sodiq bo‘lsa, insoniyat oldida turgan muammolar darajasida yashasa, har qanday obrazli vosita, agar undan mahorat bilan foydalanilgan taqdirda, umuminsoniy masalalarni ifodalashga xizmat qila oladi.” 38 ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q” va ,,Tushda kechgan umrlar” romanlarida urush epizodlari, jang maydonidagi fojiali lavhalar anchagina. Bunday tasvirlar urush dahshatlarini yanada aniqroq tasavvur qilishimizga ko’mak beradi. Avval Remarkning asaridan o’rin olgan quyidagi parchaga e’tibor qaratamiz: ,,Zaminning qadrini hech kim askarchalik bilmaydi. O’lim vahimasi uni chalpak qilib tuproqqa qapishtirib tashlaganda yer askar uchun yakka-yu yagona do’st, og’a va onaga aylanadi. Askar butun vujudi bilan zaminga yopishib, yuz va lablarini tuproqqa surtib, yuragidagi qo’rquv, dard hamda iztiroblarini ana shu tilsiz va sodiq homiyiga aytadi – yer uni o’z quchog’iga oladi, keyin o’n daqiqaga yana bag’ridan bo’shatadi. Askar o’n daqiqa chopib o’tishi, o’n daqiqa yashab qolishi uchun bo’shatadi. So’ng tag’in ko’ksidan joy beradi, ba’zan manguga joy beradi.”39 Ko’rinib turganidek, aldangan; o’zlari ishongan odamlardan ham, o’z mamlakati hukumatlaridan ham vafo ko’rmagan, aksincha aynan ular tufayli o’lim ostonasiga tashlab qo’yilgan yosh askarlar jon saqlash uchun yagona najotni yerdan, ha, o’sha tilsiz va jonsiz zamindan kutmoqdalar. Bunday tabiiy va haqqoniy tuyg’uni, askarlarning ichidan o’tgan bunday o’ylarni faqat urushda bo’lgan, chinakamiga front ko’rgan odamgina xis eta oladi. Remarkning hayotini o’rganish jarayonida guvohi bo’lganimizdek, u ellik kun atrofida urush maydonida bo’lgan va urush dahshatlarini o’z ko’zi bilan ko’rgan. Shuning uchun romandagi yuqoridagidek lavhalar tabiiy va jonli chiqqan: ,,Dastlabki portlashlarning gumbur-gumburiyoq hayotimizning bir bo’lagini ming yillar orqaga surib tashlaydi. Bizda hayvoniy sezgi uyg’onadi, butun xatti-harakatlarimizni ana shu sezgi boshqaradi. Ana shu sezgi bizni qo’riqlaydi. Bunda oldindan anglangan harakat yo’q, bu sezgi ongdan ko’ra tezroq, dadilroq va bexatoroq ishlaydi… Yo’q, bu boshqa tuyg’u – bu oldindan bilishga o’xshagan hammamizda mavjud sezgi. Shu sezgi askarni birdan yuztuban yotishga majbur qilib, uni o’limdan asrab qoladi.” (52-bet)
Ko’rib turganimizdek, asarda psixologik holat bilan bog’liq bo’lgan ruhiyat tasviri berilgan o’rinlar, shuningdek, insonni nafaqat badiiy, balki biologik, psixologik tahlil qilgan o’rinlarga duch kelamiz. ,,Tushda kechgan umrlar” romanida ham urushning insoniylikdan ancha yiroqda bo’lgan vaxshiy qiyofasi ochib berilgan o’rinlar yetarlicha topiladi. Quyidagi misollar orqali bunga guvoh bo’lishimiz mumkin:
– Mama! Mama! Dimog’imga kalla kuydirganda chiqadigan isga o’xshagan hid urildi. Qarasam, Sashaning sochlari yonib, jizg’anak bo’lib ketibdi. Kombinezoni kuyib, badaniga yopishib qolgan, yuzlari qorayib ketgan… – Mama… - dedi alahsirab, - Mamochka… Tinimsiz o’q uzgancha, chakalakzorga yugurdim… …Guvillagan ovozdan o’zimga keldim. BMP da ketayotganimni g’ira-shira angladim. Yo’q, avval dimog’imga achchiq hid urildi. Ko’zimni ochsam, shundoq Sashaning boshiga yuzimni qo’yib yotibman. Chamamda, Sasha o’lgan, boshi muzdek, undan hamon noxush kuyindi hidi kelardi. Qon aralash kuyindi hidi… Kimdir qornimga qo’lini tashlab olgan… Belim qattiq og’rir edi, suv ichgim kelardi. Jahl bilan siltab tashlagan edim, o’sha – kimningdir qo’li shilq etib uzildi-da, huddi o’tin kabi do’p etib yonimga tushdi… Yana xushimdan ketib qoldim.”40 ,,…Pastak devor ortida sallali bosh ko’zga tashlandi. Yelkasidagi granatamyotini devorga tirab to’g’irladi. Vujudimda ajal sharpasi bir lahza aylangandek bo’ldi. Qizig’i shundaki, men negadir umuman qo’rqmadim. Nimagaligini tushuntirib berolmayman. Ajal qarshingda tursa-yu, qo’rqmasang! Shunisi esimdaki, xotirjam buyurdim: – Uchta snaryaddan o’t och! Odamning talqon kabi mayda-mayda bo’lib ketganini o’z ko’zim bilan ko’rdim. Tutun tarqalgach, qarasam, devor ham, boyagi salla kiygan jangari ham yo’q… …Ro’parada turgan qubbasimon kulba ichidan avtomatning tarillagani eshitildi. O’qlar tank zirxiga urilib chiyillagancha sakrab ketayotganini xis etib turar, ammo lyukni yopishni hayolimga keltirmasdim. – O’t och!
– Viktor! Bos! Bos! – derdim nuqul hayqirib. Tank quturgancha o’kirib, shiddat bilan olg’a bosar, pulemyotidan tinimsiz o’t ochgancha duch kelgan narsani yakson qilib borar, qubbasimon tomli kulbalar, turli xil daraxtlar, uzum toklari, uyoqdan buyoqqa bezovta yugurayotgan sigir, qanotlarini patirlatib, jonsarak qaqag’layotgan tovuqlar ko’zga chalinib qolardi. – Bos! Bos! – derdim avtomatdan tinimsiz o’q uzib.” (114 – 115-betlar) Shunga o’xshash tasvirlar nemis adibining asarida ham uchraydi. Unda ham urushning odamlar boshiga solgan azob-uqubatlari, arzimas manfaatlar uchun ayanchli ravishda qurbon bo’lgan yoshlarning achchiq qismati haqiqiy tarzda ko’rsatilgan epizodlar asarni o’qigan inson qalbida urushga bo’lgan nafrat hissini shakllanishiga yordam beradi. Tinchlik va insonparvarlik naqadar hayotiy ahamiyatga egaligini ta’sirli va jonli holatda namoyon qiladi. Quyida bunga misollar keltirib o’tamiz:
Yoki mana bu parchadagi tasvirlarga e’tibor bering: ,,…Sholg’om sho’rva ichaverganidan tinkasi qurigan, ,,tiq” degan tovushdan o’takasi yorilib, yerga uzala tushib qapishib oladigan sho’rpeshana botirlarni dastlabki qarashdayoq taniymiz. Tag’in bular hujumda ishtirok etishadi. Dushman bilan yuzma-yuz urushishadi. Bechora no’xatpolvonlar! Ular shu qadar yurak oldirib qo’yishganki, birining ko’ksi yo qorni yorilib, boshqasining qo’l-oyog’i uzilib yotibdi-yu, baqirib dodlashga ham iymanishadi, faqat g’ingshiydi, ba’zilari onasini yordamga chaqiradi. Bexosdan birov qarab qolsa, darhol dami ichiga tushib ketadi!..” (116-bet) Bu yerda birinchi martan jangda ishtirok etayotgan o’spirinlarning front-dagi achinarli holati bayon etilgan bo’lsa, quyidagi parchada esa bu urushning asosiy qurboni yosh avlod bo’layotganiga alohida urg’u berilgan. ,,…Halok bo’lgan bitta keksa jangchiga besh-o’nta yosh jangchining jasadi to’g’ri keladi. Ko’pchiligi kimyoviy hujum natijasida o’lishadi. O’zlarini nima kutayotganini bilishga ham ulgurmaydilar. Blindajlardan biri labi va yuzlari qorayib ketgan murdalar bilan to’lgan. O’ralardan biridagi yosh askarlar gazniqoblarini ertaroq yechib yuborishadi. Ular zaharli gaz havoga qaraganda yerda uzoq turishini bilmasdan, tepada gazniqobsiz yurgan askarlarni ko’rib o’zlarinikini shosha-pisha yechib tashlashadi. Natijada gaz yutib, o’pkalarini ishdan chiqazib olishadi. Endi ularning ahvoli chatoq: qiynalib, qon qusib, uzoq jon berishadi.” (117 -bet). Demak, xulosa qilishimiz mumkinki, har ikki asar ham frontda ro’y bergan dahshatli manzaralarni haqqoniy va ta’sirchan ifodalash orqali urushning naqadar mudhish hodisa ekanligini; urush tufayli qanchadan-qancha insonlar, asosan yoshlar bekordan-bekorga ayanchli tarzda halok bo’lganligini ko’rsatib beradi. Bu bilan esa har ikki yozuvchi ham insoniyatni vayronkor urush keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlardan ogoh qildilar. Download 140.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling