Fiqh al-akbar asarida mo’taziliylarga berilgan raddiyalar’’ Malakaviy ishi Ilmiy rahbar: f f. d. Kushbayev Farruh Namangan 2023 Re’ja


Fiqh al-akbar kitobidagi mo’taziliylarga berilgan raddiyalar


Download 42.11 Kb.
bet4/4
Sana17.06.2023
Hajmi42.11 Kb.
#1546674
1   2   3   4
Bog'liq
Fiqh al

Fiqh al-akbar kitobidagi mo’taziliylarga berilgan raddiyalar
Insonning imon-e’tiqodi, xususan, bajarayotgan amallarining qabul bo‘lishi uning aqidasi to‘g‘riligi va sofligiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli islom ilmlarining turli sohalarida faoliyat ko‘rsatgan allomalar aqida sofligiga alohida e’tibor qaratganlar. Islom tarixida aqidaviy masalalarda ahli sunna val jamoaga xilof yo‘lni tutgan aqidaviy oqimlar ko‘p kuzatilgan. Ularning tutgan yo‘li, aqidasi xato bo‘lgani sababli aksariyati qisqa muddat davomida barham topib, adashgan oqim sifatida tarixdan o‘rin egallagan. Ana shunday guruhlar qatoriga qadariylar, jahmiylar, mo‘taziliylar, rofiziylar kabi oqim va yo‘nalishlarni kiritish mumkin. Mo‘taziliylar muayyan tarixiy bir davrda faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, biroq ularning noto‘g‘ri aqidalari bugungi kunda ham ayrim adashgan firqalar tomonidan targ‘ib qilib kelinmoqda. Mo‘taziliylar aqidaviy masalalarda bir qator g‘oyalarni ilgari surganlar. Ular aql va naql muvozanatini yo‘qotib, Qur’on va hadisda kelgan, aql qamrab ololmaydigan masalalarni qabul qilmaslikka intilganlar. Mo‘taziliylar islom tarixida o‘z g‘oyalarini qabul qilmagan olimlarga nisbatan murosasizligi bilan ham ajralib turganlar.
Mo‘taziliylik – aqidaviy yo‘nalish hisoblanib, ular ilgari surgan g‘oyalar o‘z davrida insonlarning e’tiqodi doirasida e’tibor qozongan. Bu g‘oyalar kalom ilmining eng muhim mavzulariga taalluqli bo‘lib, quyida ularning tahlili keltiriladi. Mo‘taziliylarga ko‘ra, har qanday hokimiyat faqat xalifa tomonidan boshqarilishi lozim. Adolatsiz imom (rahbar) hatto kuch bilan bo‘lsada, lavozimidan chetlatilishi zarur. Bugungi kunda ushbu qarash ayrim zamonaviy destruktiv oqim vakillari uchun manbaviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Aholi o‘rtasida mavjud tuzumga nisbatan norozilik kayfiyatini uyg‘otib, ularga “qurolli kurash” – “jihod” haqidagi fikrlarni singdirish jarayonida bu kabi g‘oyalardan unumli foydalanish holati amaliyotda kuzatilmoqda. Ahli sunna e’tiqodiga ko‘ra, faqat bostirib kelgan dushmanga qarshi kurashish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ushbu mavzuga oid manbalarda voyaga yetmagan yosh bolalar, ayollar, nogironlar, aqli norasolar, hatto ular qo‘liga qurol olib, hamla qilganda ham, – o‘ldirilmasligi ta’kidlangan. Urushga ayollar va bolalarni jalb qilish aslo mumkin emas (Abu Bakr Roziy, 1417/1997:179– 182). Taniqli alloma Abu Bakr Qaffol Shoshiy “Javomiul kalim” asarida bu haqda fikr bildirib: “Allohga itoat qilish yo‘lida o‘z nafsi bilan kurashuvchi musulmon chin mujohiddir” hadisini keltirgan (Abu Bakr Qaffol Shoshiy, 2011:66). Bu esa jihoddan ko‘zlangan maqsad ekstremistik da’volarga mutlaqo zid ekanini ko‘rsatadi. Moturidiylik ta’limotiga ko‘ra, har qanday rahbarga, hatto u zolim bo‘lsa ham, itoat qilish, hamda unga qarshi chiqmaslik lozim. Chunki u ko‘pchilik tomonidan saylangan bo‘lib, ozchilikning ko‘pchilikka ergashishi lozimligi mo‘tabar manbalarda ta’kidlangan. Mo‘taziliylarning “adolatsiz rahbar” haqidagi g‘oyasini, keyinchalik, Taqiyuddin Nabahoniy (1909–1979) asos solgan Hizbut tahrir (Islom ozodlik partiyasi) norasmiy diniy-siyosiy partiyasi tomonidan amaliyotda qo‘llanilishi kuzatilgan.
Ahli sunna olimlari bu qarashga raddiya berganlar. Jumladan, muhaddis olim Sayyid Muhammad Rashid Rizo (vaf. 1966)ning keltirishicha, “xalifa”, “imom” va “mo‘minlar amiri” so‘zlari bir xil ma’noga ega bo‘lib, din va dunyo manfaatlarini o‘zida jamlagan boshqaruvchini anglatadi. Sa’duddin Taftazoniyning fikricha, xalifalik “Ko‘p shaxslar orasidan tanlangan bir shaxsning din va dunyo ishlarida umumiy rahbarligidir”. Olim umumiy rahbarning zarurligini 4 jihatdan dalillagan:
1. Ijmo’, ya’ni sahobalarning yakdillik bilan fikr bildirishi;
2. Hudud-chegaralarni qo‘riqlash;
3. Xalq manfaatlarini himoyalash va zararli narsalarni daf qilish;
4. Qur’on va sunnatga itoat qilish (Cayyid Muhammad Rashid Rizo, 1922:11).
Olim Movardiy “Al-Ahkomus sultoniya” asarida shunday deydi: “Imomlik nabiylikka dinni muhofaza qilish va dunyoviy ishlarni boshqarish masalasida xalifa sifatida qo‘yilgan” (Ibn Habib Movardiy, 1410/1990:5). Ibn Xaldunning nazdida, xalifalik siyosiy hokimiyatni anglatuvchi “tabiiy podshohlik”dir. Mulk insonlarning zaruriy birlashishi bo‘lib, uning hukmlariga hamma so‘zsiz itoat qilishi kerak (Ibn Xaldun, 1951:190). Abul Muin Nasafiy imom deganda “Rahbar”ni tushunadi. Nasafiyning nazdida, imom hukm yuritish, davlat chegaralarini tashkil qilish va qo‘riqlash, armiya tuzib, ularni qurollantirish, fuqarolarning daxlsizligini ta’minlash, tashqi dushmanlar, o‘g‘ri-qaroqchi va yo‘lto‘sarlarning yomonliklarini bartaraf qilish, ommaviy yig‘in va majlislarni tartibli o‘tkazish, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ixtiloflarning oldini olish, ixtilofli masalalarning qonli to‘qnashuvlarga aylanib ketmasligi choralarini ko‘rish, yetimlarni, ayniqsa, ularning valiylari bo‘lmasa, uylantirish, ne’matlarni taqsimlash kabi vazifalarni bajaradi (Abul Muin Nasafiy, 1993).
Nasafiyning ta’rifi avvalgi olimlar nuqtai nazarini e’tiborga olgan holda, atamalar mazmunini aniqlashtirgani bilan alohida ajralib turadi. Alloma belgilagan funksiyalarning hozirgi vaqtdagi davlat rahbarlari vazifalariga mos kelishi imom nafaqat diniy rahbar, balki dunyoviy davlat boshlig‘i bo‘lib ham hisoblanishini ko‘rsatadi. Unga bo‘ysunmaslik, qarshi chiqish qattiq qoralanadi. Bundan tashqari, davlat rahbari begunoh yoki zamonasining eng peshqadam allomasi bo‘lishi ham shart emas. Ammo u boshqarishda benazir, siyosat bilimdoni, hukmlarini o‘tkazish, o‘z mamlakati sarhadlarini himoya qilishga qodir, adolatli bo‘lishi lozim. Eng muhimi, davlat rahbari gunoh ishlarni sodir qilgani, boshqalarga jabr yetkazgani sababli lavozimidan bo‘shatilmaydi. Ilk mo‘taziliylar xalifa albatta qurayshlik bo‘lishi shart emas, deb hisoblagan bo‘lsalar-da, keyingi davr mo‘taziliylari qurayshlik loyiq bo‘lsa, boshqa kishi xalifa bo‘la olmasligini ta’kidlab, bu bilan qurayshliklarga muayyan “Imtiyoz” berganlar.
Mo‘taziliylarning fikricha, inson o‘z amallarining yaratuvchisidir. Mazkur qarash kalom ilmida muhim hisoblangan bandalarning xattiharakatlari (af’olul ibod)ga taalluqli bo‘lib, insonning to‘g‘ri yo‘l tanlashi hamda adashishi ham shuning doirasida o‘rganiladi. Aslida, hidoyat va zalolatdan maqsad insonda hidoyat va zalolat fe’llarining yaratilishi yoki insonning hidoyat va zalolatga yuz tutishi bo‘lib, af’olul ibod bilan bog‘liq mustaqil bir sohadir. Ahli sunna olimlari bu masalada Allohdan boshqaning taxliq – yaratish qudratiga ega emasligi borasida “Zotan, Alloh xohlagan kimsalarni yo‘ldan ozdirur va o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:435) kabi oyati karimalarga asoslangan holda fikr bildiradilar. Unga ko‘ra, Alloh hidoyatni ham, zalolatni ham yo‘qdan bor qilib yaratgan. Ularni bandalaridan xohlaganiga iktisob va muboshara ma’nosida beradi. Shu sababli ham inson undan hidoyat yoki zalolat topadi. 
Mo‘taziliylar bandaning fe’li masalasida o‘z yondashuvlariga ega. Unga ko‘ra, amallarni bandalarning o‘zlari yaratadilar. Shu tariqa, hidoyat va zalolat fe’li, garchi Alloh taolo xohlagan kishisini hidoyatga, xohlaganini esa zalolatga duchor qiladi, degan ma’nodagi oyatlar mavjud bo‘lishiga qaramay, Allohga nisbat berilmaydi. Mo‘‘taziliylar ihtido va azlolni muayyan “shart” asosida Allohga nisbat beradilar. Ularning fikricha, hidoyat ham, zalolat ham insonning o‘zida bor. Insonda zalolat bo‘lsa, u gunohkor bo‘ladi, hidoyat bo‘lsa, u savob amallar qiladi. Chunki ular insonning o‘zida bor, Alloh ularni yaratmagan. Inson ularning hammasiga o‘zining sa’y-harakati, mehnati bilan erishadi. Aslida, harakat ham, harakatsizlik ham bandaning fe’lidir. Shunday ekan, taklif bo‘lib, undan biror harakat sodir bo‘lmasa ham, bajaruvchiga nisbat berilaveradi.
Mutakallim olim Abdurahmon ibn Ahmad Iyjiy ta’biri bilan aytganda, bundan ko‘zlangan maqsad ehson qilgan odamlarni jannat yo‘liga hidoyat qilish bo‘lib, “Hidoyat berdi” yoki “Zalolatga boshladi”, “Uni hidoyatli qilib yaratdi” yoki “Zalolatli qilib yaratdi” ma’nosidadir. Moturidiylik maktabining yirik namoyandasi Abul Muin Nasafiy mo‘‘taziliylarning bu kabi iddaolariga quyidagi oyat bilan raddiya beradi: “(Ey Muhammad!) Siz o‘zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmaysiz, lekin Alloh o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:392). Bu so‘z bilan mo‘‘taziliylarning fikri bekor bo‘ladi. Bu o‘rinda ihtido – hidoyat, bayon (yo‘l ko‘rsatish). Haqiqatdan ham, hidoyat ayni shu ma’noga dalolat qiladi. Bayon esa payg‘ambarlar vazifasi yoki risolati, ya’ni missiyasi hisoblanadi. Qur’on barchaga to‘g‘ri va noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi hamda ularni sharhlaydi. Demak, bunda hidoyat va zalolat nazarda tutilgan. 
Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomga o‘z sevganini hidoyat qilishni man qilganida, “Siz xohlagan kishingizni hidoyatga boshlay olmaysiz. Zero, Alloh taolo xohlaganini hidoyatga boshlaydi” ma’nosi nazarda tutilgan edi. Xullas, Alloh hidoyatni izlash – ihtido hamda zalolatga yurish – izlol fe’lini ham yaratdi. Ularni yo‘qdan bor qildi. Alloh taolodan boshqa birorta zotda ularni yaratish qudrati yo‘q. Bunga quyidagi oyatlar dalil bo‘ladi: “Kimni adashtirishni iroda etsa, ko‘ksini go‘yo osmonga ko‘tarilib ketayotgandek, tor va siqiq qilib qo‘yadi” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:144). “Alloh (o‘zi) xohlagan kishilarni hidoyatga yo‘llagay” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:46). “Agar Biz xohlasak, albatta, har bir jonga o‘z hidoyatini ato etgan bo‘lur edik” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:416). “Agar Alloh xohlaganida, sizlarning barchangizni (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilgan bo‘lur edi” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:268). Bu oyatlar adashtirishning ham, hidoyatning ham Alloh taolodan ekani, aksincha, inson o‘z amalining xoliqi – yaratuvchisi emasligini isbotlaydi. Bu bandalardan sodir bo‘ladigan xatti-harakatlarning barcha qismlariga birdek taalluqlidir. Allohning buyrug‘i yoki imom (xalifa)ning o‘zi tayinlab ketishi bilan imom bo‘linmaydi, balki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, musulmon jamoasi tomonidan saylanishi lozim. Chunki imomning adolat qilish sifati muhim omil bo‘lib hisoblanadi. Mo‘taziliylar ushbu qarashlari bilan xorijiylik qarashlarini qo‘llab-quvvatlaganlar. Unga ko‘ra:
– Xalifa etib saylanish uchun taqvodor bo‘lish yetarli hisoblanadi;
– Xalifa o‘zini saylagan diniy jamoaga bo‘ysunishi lozim;
– Rahbar o‘zi mansub jamoa manfaatlarini himoya qilmagan taqdirda egallab turgan lavozimidan bo‘shatilishi, hatto qatl etilishi mumkin.


Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Qur’oni Karim

  2. Fiqh al-akbar

  3. Muslim.uz

  4. Ahli sunna.uz

  5. Termiziy.uz

  6. Wikipediya

Download 42.11 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling