2-§. FRANSIYADA MUTLAQ MONARXIYA
Yuz yillik urushning davomi. 1360-yilda Angliya Fransiyaga taklif etgan tinchlik sulhi bo‘yicha mamlakat hududlarining 1/3 qismi inglizlarga o‘tadi. Fransiya qiroli Karl V harbiy islohotlar o‘tkazib, kuchli flot va to‘pchilar qo‘shini tuzishga kirishadi. Yagona qo‘mondonlik joriy etilib, uning vakolatlari kengaytiriladi. Ushbu lavozimga tayinlangan Dyugeklan yirik janglarga kirmasdan kichik janglar orqali deyarli barcha hududlarini inglizlardan ozod qiladi.Lekin urushdagi g‘alabalar uzoqqa cho‘zilmaydi.
Qirol saroyidagi kelishmovchiliklardan foydalangan inglizlar 1415-yilning kuzida Normandiyaga qo‘shin tushiradi. Azenkur jangida yana fransuzlar qo‘shini tor-mor etiladi.
Mamlakatning yarmi Angliya qo‘liga o‘tib, cherkov va ruhoniylar ingliz qirolini tan olishadi. Burgundiya gersogi ham inglizlar tomoniga o‘tadi. Uning ko‘magida inglizlar Parijni egallaydi.
Ko‘p o‘tmay, 1420-yilda tuzilgan sulh shartnomasida Angliya qirolining Fransiya malikasidan tug‘ilajak o‘g‘li birlashgan Angliya va Fransiyaning qiroli bo‘lishi ko‘rsatiladi. Fransiya qirolining o‘g‘li hokimiyatdan mahrum etiladi. Ayni paytdan yuz yillik urushning xususiyati o‘zgarib, ingliz qo‘shinlariga qarshi oddiy xalq ko‘tariladi.
Orlean qizi. Ingliz qo‘shinlari Orleanga hal qiluvchi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda Karl huzuriga 16 yoshli oddiy dehqon qizi Janna d’Ark kelib, uni fransuzlar g‘alabasi muqarrar ekanligiga ishontiradi. Jannaga ritsarlar qo‘shini berilib, Orleanni ozod qilish uchun yo‘llangan qo‘shin tarkibiga kiritiladi. Bir necha kun davomida inglizlar qurgan istehkomlar yanchib tashlanib, shahar qamaldan ozod qilinadi. Bu voqeadan so‘ng Jannani «Orlean qizi» deb atay boshlaydilar. Jannaning qahramonligidan ilhomlangan fransuzlar barcha hududlarda bosqinchilarga qarshi urush boshlaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |