Fuqarolik huquqi asoslari. Fuqarolik huquqi huquq umumiy tushuncha


Download 50.5 Kb.
Sana26.11.2020
Hajmi50.5 Kb.
#152561
Bog'liq
Fuqarolik huquqi asoslari


Fuqarolik huquqi asoslari.
Fuqarolik huquqi huquq umumiy tushuncha.
Fuqarolik huquqi - tovar-pul munosabatlarini va tomonlarning tengligiga asoslangan boshqa munosabatlarni, mulkiy munosabatlarni va unga bog’liq bo’lgan shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladigan huquqiy normalar majmuidan iborat.

Huquq sub’ektining aniq bir buyumga aloqasi mohiyatini aniqlovchi, ashyoning bir shaxsdan boshqasiga o’tishini tartibga soluvchi, fuqarolik-huquqiy shartnomalarini tuzish va ular bo’yicha olingan majburiyatlarni bajarish qoidalarini belgilovchi, shuningdek, etkazilgan mulkiy va ma’naviy zararni qoplash tartibini ko’rasatib beruvchi ijtimoiy munosabatlarning juda keng doirasi fuqarolik-huquqning predmeti bo’lishi mumkin.

Fuqarolik huquqi - insonning kundalik hayoti va faoliyati bilan bog’liq bo’lgan huquq sohalaridan biridir.

Kundalik hayotda barchamiz mulkiy munosabatlarda ishtirok etamiz. Masalan: fuqaroning o’ziga tegishli mulkini boshqa shaxsga sotishi, ijaraga berishi, hadya qilishi kabilar.

Mulkiy bo’lmagan shaxsiy munosabatlar mulkiy munosabatlardan shu bilan farq qiladiki, bunda o’zaro munosabatlar qiymat (pul) bilan ifodalanmaydi, balki shaxsning o’zi bilan bevosita bog’liq bo’ladi.

Mulkiy va mulkiy bo’lmagan munosabatlar fuqarolik huquqiga taalluqli manbalar bilan tartibga solinadi va himoyalanadi.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlar-shaxslar o’rtasida bo’ladigan va fuqarolik-huquqiy qoidalar bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarga aytiladi. Fuqarolik - huquqiy munosabatlarga mulkiy va ayrim nomulkiy shaxsiy munosabatlarning teng huquqli, mustaqil sub’ektlarining yuridik bog’liqligi deb ham qarash mumkin bo’ladi.

Bu bog’liqlik ularda sub’ektiv huquq va majburiyatlarni buzuvchilarga nisbatan mulkiy harakterdagi davlat-huquqiy majburlov choralarini ko’rish imkoniyati ta’minlanganida o’z ifodasini topadi. Odatda, fuqarolik-huquqiy munosabatlar ularda qatnashuvchi shaxslar hoxish-irodasi bilan vujudga keladi.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning asosiy xususiyati uning ishtirokchilarining yuridik tengligidan iborat. Moboda bunday tenglik bo’lmasa-fuqarolik huquqiy munosabatning o’zi ham bo’lmaydi. Fuqarolik munosabatidan u boshqa huquqiy munosabatlarga aylanib ketadi.

Fuqarolik-huquqiy munosabat tarkibi:

huquqiy munosabat ishtirokchilari sub’ektiv huquq va majburiyatlaridan; huquqiy-munosabat ob’ektlaridan; huquqiy-munosabat sub’ektlaridan iborat.

Sub’ektiv huquqlar-bu fuqarolik-huquqiy munosabat sub’ektining izojat berilgan xatti-harakati mezoni bo’lib, fuqarolik huquqiy munosabati sub’ektlari uning doirasida o’zlariga berilgan huquqlar ko’lamidan foydalanishning potensial imkoniyatlariga ega bo’ladilar. Fuqarolik-huquqiy munosabat sub’ekti ega bo’lgan huquqlar doirasi qonuniy huquqlilik deyiladi.

Qonuniy huquqlilik uch guruhga bo’linadi:

1.Talab qilish qonuniy huquqliligi-majbur tarafdan o’ziga yuklangan majburiyatlarni bajarishni talab qilish imkoniyati.

2.O’z harakatlari uchun qonuniy huquqlilik-u yoki bu yuridik ahamiyatga molik harakatlarni mustaqil sodir etish mikoniyati.

3.O’zini himoya qilishga qonuniy huquqlilik-sud organlariga buzilgan sub’ektiv huquqini tiklash maqsadida va huquqbuzarga nisbatan davlat-majburlov chorasida qo’llashni talab qilib murojaat etish imkoniyati.

Sub’ektiv majburiyatlar-bu fuqarolik-huquqiy munosabati sub’ektining tegishli xatti-harakatlari mezonidir. Bular ikki xildir.

1.Passiv xildagi majburiyatlar-fuqarolik-huquqiy munosabatlardan vujudga keladi va qonuniy qonuniy huquqli taraf yoki davlat manfaatlariga zarar keltiruvchi harakatlarni sodir etishning yuridik mumkin emasligini bildiradi.

2.Faol xildagi majburiyatlar-ijtimoiy foydali xatti-harakatlarni sodir etishga undashdan iborat.

Fuqarolik-huquqiy munosabat mazmuni deb-sub’ektlar tomonidan kirishilayotgan munosabat natijasida kelib chiqadigan huquq va burchlarning yig’indisiga aytiladi. U ikki qismga bo’linadi, ya’ni umumiy mazmun va sub’ektiv huquq va burchga.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlar ob’ektlari-bular mazkur huquqiy munosabatlar vujudga kelishiga sabab bo’ladi, ushbu huquqiy munosabat sub’ektlarining huquq va majburiyatlari yo’naltirilgan narsalardir yoki harakat nimaga qaratilgan bo’lsa, hamda nimalar asosida vujudga kelgan bo’lsa, bu munosabat ob’ekt deb ataladi. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida fuqarolik-huquqiy munosabat ob’ektlari jumlasiga pul va qimmatli qog’ozlar, boshqa buyumlar, mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar, ishlar va xizmatlar, ixtirolar, sanoat namunalari, fan, madaniyat, san’at asarlari va intellektual faoliyatning boshqa natijalari, shuningdek shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa moddiy boyliklar hisoblanishi qayd etilgan.

Fuqarolik huquqida fuqarolik- huquqiy munosabatlarning ob’ektlari o’z navbatida nomulkiy ob’ektlar va mulkiy ob’ektlarga bo’linadi.

Nomulkiy ob’ektlar-bo’lar ijodiy faoliyat natijalari, axborotlar, shuningdek, shaxsiy nomulkiy ne’matlar. Intellektual mehnat natijalari, dasturiy ta’minlash, ixtiro va sana’at asarlariga maulliflik huquqi va boshqa ijodiy faoliyat natijalari kiradi. SHaxsiy ne’matlarga esa, qadr-qimmat, obro’, etkazilgan ma’naviy zararni qoplash va boshqalar kiradi.

Mulkiy ob’ektlar-bo’lar aniq ashyolar, pullar, qimmatli qog’ozlar, ishlar, xizmatlar, shuningdek mulkiy huquq va majburiyatlardir.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlari sub’ektlari-huquqiy munosabatda qatnashuvchi shaxslar hisoblanadi. Jumladan:

*jismoniy shaxslar;

*yuridik shaxslar;

*o’z organlari va mahalliy o’zini-o’zi boshqarish organlari timsolida davlat.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 16-moddasiga ko’ra jismoniy shaxslar-bular O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, boshqa davlat fuqarolari, shuningdek fuqaroligi bo’lmagan shaxslar hisoblanadi.

O’z mulkida, xo’jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo’lgan hamda o’z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o’z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo’la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar bo’la oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi.

YUridik shaxslar tijorat va notijorat turlarga bo’linadi.

Tijorat yuridik shaxslar jumlasiga xo’jalik shirkatlari va jamiyatlarini, ishlab chiqarish kooperativlari, unitar korxonalarni keltirish mumkin.

Notijorat yuridik shaxslarga esa, jamoat birlashmalari, ijtimoiy fondlar, muassasalar, uyushmalar, ittifoqlarni ko’rsatish mumkin.

YUridik shaxslar ham, jismoniy shaxslar ham qonunda belgilangan huquqlarni amalga oshirishlari hamda qonun talab qiladigan burchlarni bajarishlari shart. YUqorida aytilganidek, mulkiy huquqiy munosabatlarda fuqarolik huquqlari buzilsa, albatta, sudga, tegishli davlat organlariga murojaat etiladi.

Mulkiy munosabatlarda huquqlari buzilgan jismoniy va yuridik shaxslar faqat qonunda belgilangan ma’lum muddat davomida o’z buzulgan huquqlarining himoya qilinishini tegishli davlat organlaridan talab qilishga haqlidir. Bu muddat da’vo muddati deb ataladi. O’zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksiga ko’ra-da’vo muddati umumiy (bir yildan uch yilgacha) va qisqartirilgan (olti oygacha) muddatlarga bo’linadi.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlar bitimlar, shartnomalar asosida vujudga keladi.

Bitimlarda fuqarolar va tashkilotlarning fuqarolik huquqlari va vazifalari belgilanadi. Bitimlar bir tomonlama, ikki tomonlama yoki ko’p tomonlama bo’lishi mumkin. Bitimlar tuzilishiga ko’ra:

oddiy va murakkab shaklda bo’ladi. Bundan tashqari bitimlar og’zaki yoki yozma shaklda tuzilishi mumkin.

Taraflarning kelishuvida yozma shakl belgilab qo’yilmagan bo’lsa, u tuzilayotgan vaqtda bajariladigan bitim og’zaki tuzilishi mumkin

Bitimning yozma shakli oddiy yozma va notarial tasdiqlanadigan yozma bitim turlariga bo’linadi. Fuqarolar o’rtasidagi belgilangan eng kam oylik ish haqining o’n baravaridan ortiq bo’lmagan summadagi bitimlar, qonunda belgilangan hollarda bitim summasidan qa’tiy nazar oddiy yozma shaklda tuzilishi mumkin.

Boshqa hollarda esa, O’zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 110-moddasiga muvofiq notarial tasdiqlanishi talab etiladi.

Fuqarolik- huquqiy munosabatlar ishonchnoma ya’ni bir shaxs tomonidan ikkinchi shaxsga uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat orqali ham amalga oshrilishi mumkin. Ishonchnoma oddiy yozma shaklda va notarial shaklda rasmiylashtiriladi.

YUridik shaxs tomonidan berilgan ishonchnoma rahbar tomonidan imzolanib, unga ushbu yuridik shaxsning muhri bosilishi kerak. Ishonchnoma Fuqarolik Kodeksining 139-moddasiga ko’ra ko’pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar unda muddat ko’rsatilmagan bo’lsa, berilgan kundan bir yil muddatgacha o’z kuchini saqlaydi. Muddati ko’rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy sanalmaydi.

Ishonchnoma quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:

ishonchnoma muddatining tamom bo’lishi; ishonchnoma bergan shaxsning uni bekor qilishi;ishonchnoma berilgan shaxsning bosh tortishi; nomidan ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to’xtatilishi; nomiga ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to’xtatilishi; ishonchnoma bergan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo’qolgan deb hisoblanishi, yohud uning vafot etishi; -ishonchnoma olgan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo’qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi;

Ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtida ishonchnomani bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxs esa-undan voz kechishi mumkin. Bu huquqdan voz kechish huquqgi bitim haqiqiy emas. Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo’lishi bilan uni boshqa shaxsga o’tkazilsa ham o’z kuchini yo’qotadi. Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo’lganidan keyin ishonchnoma olgan shaxs yoki uning merosxo’rlari darhol ishonchnomani qaytarib berishlari shart.



2.Fuqarolik huquq va burchlarning vujudga kelishi, ularni amalga oshirish va himoya qilish, fuqarolarning huquq layoqati va muomala layoqati.

Fuqarolik huquqida fuqarolarning fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelish jarayonlari qayd etilgan bo’lib, ular quyidagi holatlarda vujudga keladi:

* Qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlardan, shuningdek garchi qonunda nazarda tutilgan bo’lmasada, lekin unga zid bo’lmagan shartnomalar va boshqa bitimlardan;

* Qonunda fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi sifatida nazarda tutilgan davlat organlarining yoki fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organlari hujjatlaridan;

* Sudning fuqarolik huquq va burchlarini belgilagan qaroridan;

* Qonun yo’l qo’yadigan asoslarda mol-mulk olish natijasida;

*Fan, adabiyot, san’at asarlarini yaratish, ixtirolar va boshqa intellektual faoliyat natijasida;

*Boshqa shaxsga zarar etkazish natijasida;

* Asossiz boyib ketish natijasida;

* Fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa harakatlari natijasida;

* Qonun hujjatlari fuqarolik-huquqiy oqibatlarning kelib chiqishi bilan bog’laydigan hodisalar natijasida.

O’zbekiston Respublikasining fuqarolik qonun hujjatlariga ko’ra fuqarolik huquqlari quyidagi yo’llar bilan himoya qilinadi: huquqni tan olish; huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi havfini tug’diradigan harakatlarning oldini olish; bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo’llash; davlat organining yoki fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish; shaxsning o’z huquqini o’zi himoya qilishi; burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish; zararni to’lash; neustoyka undirish; ma’naviy ziyonni qoplash; huquqiy munosabatni bekor qilish yoki o’zgartirish; davlat organining yoki fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organining qonunga zid hujjatini sudning qo’llamasligi. Fuqarolik huquqlari qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ham himoya qilinishi mumkin.

Ma’lumki, har bir fuqaroning huquq layoqati-fuqarolik-huquqiy munosabatlarda qatnashuvchi shaxslarning huquq va burchlarga ega bo’lish layoqatini belgilaydi.

U barcha shaxslar uchun teng darajada belgilanadi. Huquq layoqati inson tug’ilishi bilan vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi. YAngi tug’ilgan chaqaloq ham har xil huquqlarga, masalan, o’z nasl-nasabiga ega bo’lish, tibbiy yordam olish, ota-onasidan tarbiya va ta’minot olish, turar joyga ega bo’lish kabi huquqlarga ega bo’ladi. Aqli zaif va ruhiy kasallar ham huquqiy layoqatga ega. Ular ham davolanish, nafaqa olish, mulkdor bo’lish va boshqa fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan turli iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarga egadirlar.

Huquq layoqatiga ega bo’lgan barcha shaxslar o’z mulkiy huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshiravermaydi. Mulkdan to’g’ri foydalanish, o’ziga majburiyat olish kabi layoqat muayyan yoshdan boshlanadi. SHuning uchun fuqarolik-huquqiy munosabatlarda qatnashuvchi shaxslar uchun muomala layoqati belgilangan. «SHaxsning o’z xatti-harakati bilan aniq fuqarolik huquqini olish va o’zi uchun fuqarolik burchlarini tug’dirish layoqati – muomala layoqati» - deb ataladi. Muomala layoqatiga ega bo’lgan fuqarolar aqli rasolik bilan o’z harakatlarining oqibatlarini tushunadilar. Masalan, yangi tug’ilgan bola huquq layoqatidan to’liq foydalansa ham, lekin muomala layoqatiga ega bo’lmaydi. YA’ni biror bir mulkiy majburiyatni olmaydi. Qonunda to’liq muomala layoqatiga ega bo’lish o’n sakkiz yoshdan belgilangan. O’n sakkiz yoshga to’lgan shaxslar mulkiy munosabatda to’la qatnashib, fuqarolik huquq va majburiyatlarni oladilar. Ular mustaqil ravishda bitimlar va shartnomalar tuzishlari mumkin. Bundan tashqari O’zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 22-moddasiga ko’ra, nikoh tuzish natijasida ega bo’lingan muomala layoqati o’n sakkiz yoshga to’lmasdan turib nikoh bekor qilingan taqdirda ham saqlab qoladi.

Qonunda to’liq muomala layoqatidan tashqari, to’liq bo’lmagan muomala layoqati ham ko’rsatilgan.

To’liq bo’lmagan muomala layoqati o’n to’rt yoshdan o’n sakkiz yoshgacha bo’lgan voyaga etmaganlar bitimlarni o’z ota-onalari, farzandlikka oluvchilar yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuziladi. Bunday voyaga etmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitim keyinchalik shaxsning ota-onasi, farzandlikka oluvchilar yoki homiysi tmonidan yozma ravishda ma’qullaganidan so’ng, u haqiqiy hisoblanadi.

YUqorida qayd etilgan yoshdagi shaxslar quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli:

*o’z ish haqi, stependiyasi va boshqa daromadlarni tasarruf etish;

*fan, adabiyot yoki san’at asarining, ixtironing yoxud o’z intellektual faoliyatining qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa natijasi muallifi huquqini amalga oshirish;

*qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qo’yish va ularni tasarruf etish;

*O’zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksi 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan ya’ni mayda maishiy bitimlar; tekin manfaat ko’rishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat ro’yhatidan o’tishni talab qilmaydigan bitimlar; qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish borasidagi bitimlarni tuzish. SHuningdek, o’n olti yoshga to’lgan voyaga etmagan shaxs mehnat shartnomasi bo’yicha ishlayotgan bo’lsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud uning homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanayotgan bo’lsa, u to’la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin. Bu holat emansipasiya ya’ni ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq, bunday rozilik bo’lmaganda sudning qarori bilan amalga oshiriladi. Emansipasiya e’lon qilingan shaxslar tomonidan etkazilgan zarar oqibatidan kelib chiqadigan majburiyatlar bo’yicha o’zlari javobgar bo’ladilar.

Ayrim toifadagi ya’ni ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida o’z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki uni boshqara olmaydigan fuqaroni sud qonun hujjatlarida belgilab qo’yilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi. Bundan tashqari fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiste’mol qilish natijasida o’z oilasini og’ir moddiy ahvolga solib qo’yayotgan fuqaroning muomala layoqati tegishli sud tomonidan fuqarolik prosessual qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklab qo’yilishi mumkin. Unga homiylik belgilanadi. Bunday fuqaro faqat mayda maishiy bitimlargina tuzishga haqli hisoblanadi, boshqa turdagi bitimlarni homiy roziligi bilan tuzishi lozim bo’ladi.

Ma’lumki, vasiylik va homiylik muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga to’liq layoqatli bo’lmagan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi. Voyaga etmaganlarga vasiylik va homiylik ularni tarbiyalash maqsadida ham belgilanishi mumkin. Vasiylar va homiylar o’z himoyasidagi shaxslarning huquq va manfaatlarini har qanday shaxslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudlarda ham maxsus vakolatsiz himoya qiladilar.

Ota-onalari bo’lmagan taqdirda yoki ular biror-bir sabab bilan, masalan, ozodlikdan mahrum etilish joylarida yoki kasalxonada bo’lishi tufayli ota-onalik vazifasini bajara olmasalar yoki ota-onalik huquqidan mahrum etilgan bo’lsalar – vasiylik va homiylik organlari iloji boricha, vasiy va homiyni vasiylikka olinuvchiga yaqin bo’lgan shaxslardan tayinlaydilar.

Vasiylik va homiylik davlatning mahalliy hokimiyat organlari tomonidan belgilanadi. Vasiylar va homiylar o’z qaramog’iga olgan shaxslarga g’amxo’rlik qilish, ularni tarbiyalash, sog’liqlarini saqlashga doir tadbirlarni bajarish vazifalarini oladilar.

Fuqarolik qonun hujjatlarida fuqaroni bedarak yo’qolgan ya’ni uning qaerdaligi huquq yashash joyida bir yil davomida ma’lumotlar bo’lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq tegishli sud uni bedarak yo’qolgan deb topishi mumkinligi, uning mol-mulkini doimiy ravishda boshqarib turish lozim bo’lsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadigan va ushbu organ bilan tuzilgan ishonchli boshqaruv to’g’risidagi shartnoma asosida ish olib boradigan shaxsga topshirilishi, agar bedarak yo’qolgan shaxs qaytib kelsa yoki uning turar joyi aniqlansa, sud uni bedarak yo’qoldi deb e’lon qilgan qarorini bekor qilishi va mol-mulkiga nisbatan ham vasiylikni bekor qilinishi to’g’risidagi qoidalar belgilangan.

Bundan tashqari, agar fuqaroning qaerda turganligi huquq uning yashash joyida uch yil mobaynida ma’lumot bo’lmasa, basharti u o’lim havf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo’lgan deb taxmin qilish uchun asos bo’ladigan vaziyatlarda bedarak yo’qolgan bo’lib, uning qaerdaligi huquq olti oy mobaynida ma’lumotlar bo’lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq tegishli sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.

Moboda vafot etgan deb e’lon qilingan shaxs qaytib kelsa yoki uning qaerdaligi ma’lum bo’lsa sud tomonidan unga tegishli qaror bekor qilinadi va uning barcha qonuniy huquqlari qayta tiklanadi.

Fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi fuqarolik holati hujjatlari davlat tomonidan ya’ni fuqarolik holati hujjatlarini yozish (FHDYO) organlari tomonidan qayd etilishi lozim:

tug’ilish; nikohdan o’tish; nikohni bekor qilish; farzandlikka olish; otalikni belgilash; ismni o’zgartirish; fuqaroning vafot etishi. Bularni amalga oshirilishi maxsus huquqiy me’yoriy hujjatlarda qayd etilgan tartibda bajariladi. Ularga nisbatan xilof harakat javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Foydalanilgan adabiyotlar.

1. O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi.-T.:O’zbekiston (yangi kiritilgan o’zgartirish va qo’shimchalar bilan) 2009.

2. Karimov I.A. “Barkamol avlod yili ” Davlat Dasturi to’g’risidagi PQarori “Xalq so’zi” 2010 yil 28 yanvar soni



3.Karimov I.A.“Eng asosiy mezon-hayot haqiqatini aks ettirish” T., “O’zbekiston” 2009-24-bet

4..Karimov I.A. “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O’zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo’llari va choralari”– T: O’zbekiston, 2009. – 56 b.

5.O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo’shma majlisidagi ma’ruzasi «Mamlakatimizni modernizasiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish-ustuvor maqsadimizdir». 2010yil 28 yanvar «Xalq so’zi”



6. J.YOqubov, E. Haytboev ”Huquqshunoslik” darslik “YAngi asr avlodi” 2006.

7.SHoraxmetov SH «O’zbekiston Respublikasining fuqarolik prosessual huquqi» .darslik. (fuqarolik ishlarini sudda ko’rish).T.:2001. 208-229b.

8.Abdusalamov M. «O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik huquqi». Darslik. 2-qism. T..1999y.

9.Zakirov I. «O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik huquqi». 1-kismi,1996; 2-qismi 1999.

10.A.I.SHumilov «Pravovedenie» M: Prospekt -2008

11.A.I.Balashov, G.P.Rudakov «Pravovedenie» 3-izd. Piter-Press-2008

12.S.Qosimbekova «Huquqshunoslik, O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi» fani bo’yicha o’quv-uslubiy majmua. T. TDIU. 2009.65-90-b.
Download 50.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling