Fuqаrolik ishlаrini suddа muhokаmа qilish
Download 117 Kb.
|
ФУҚАРОЛИК ИШЛАРИНИ СУДДА МУҲОКАМА ҚИЛИШ
FUQАROLIK IShLАRINI SUDDА MUHOKАMА QILISh KIRISh Fuqarolik ishlarini sud majlisida muhokama qilish yoʼli bilan uni mazmunan koʼrib hal qilish fuqarolik protsessining muhim ahamiyatga ega boʼlgan markaziy bosqichi hisoblanadi. Bu bosqichda sud, birinchi instantsiya tariqasida ishni mazmunan koʼrib, hal qiladi. Ushbu bosqichda sud toʼplangan dalillarning qanchalik toʼgʼri ekanligini aniqlaydi, taraflarning huquqiy munosabatlarini tekshiradi va ishning holatiga qarab, qonunga rioya qilgan holda koʼrib, hal qilingan fuqarolik ishi yuzasidan hal qiluv qarori chiqaradi. Sud fuqarolik ishlarini koʼrish va hal qilishda oʼz faoliyatini davlat, fuqarolar va tashkilotlarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratadi. Sud ayni shu bosqichda odil sudlovning maqsad va vazifalarini amalga oshiradi. Sudda ishni koʼrish fuqarolik protsessining asosiy bosqichi hisoblanadi. Ushbu jarayonda odil sudlovning barcha demokratik printsiplari toʼlaligicha harakatda boʼladi. Ushbu bosqichda dalillarni har tomonlama va xolisona oʼrganish asosida ishni toʼgʼri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʼlgan aniq holatlar yuzaga keladi; muayyan huquqiy munosabatlar doirasida taraflarning huquq va majburiyatlari belgilanadi va respublika nomidan nizoni mazmunan hal qiluvchi sud hal qiluv qarori chiqariladi. Аynan ushbu bosqichda odil sudlov amalga oshiriladi. Boshqa bosqichlarda esa odil sudlovni amalga oshirish uchun tayyorgarlik koʼriladi yoki ishni sudda koʼrishning qonuniyligi tekshiriladi yoxud sud chiqargan qaror ijro etiladi. Va nihoyat, Sudda ish koʼrish bosqichida fuqarolarning qonunlarni ogʼishmay bajarish va ahloq qoidalarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash maqsadida ularning ongiga taʼsir oʼtkaziladi. SUDDА ISH KOʼRISH VА UNING АHАMIYATI Sudda ishni koʼrish deganda tegishli fuqarolik ishlarining FPKning 208-moddasida asosan protsessual tartibda ochiq sud majlisida koʼrib, hal qilinishi nazarda tutiladi. Fuqarolik ishi ishda ishtirok etuvchi shaxslarni, albatta, xabardor qilgan holda sudning ochiq majlisida koʼriladi. Yopiq sud majlisi qonunda nazarda tutilgan hollarda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning talabi bilan yoki sudning tashabbusi bilan oʼtkaziladi. Fuqarolik ishlarining sudda ochiq, oshkora koʼrilishi muayyan tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Ishning sudda koʼrilishida davlat tashkilotlari va fuqarolar huquqlari buzilishining oldini olish, qonunlarni ogʼishmay bajarish va xalqimizning urf-odatlari, turmush tarzi qoidalariga rioya qilish ruhida tarbiyalash maqsadlari koʼzlanadi. Odil sudlovni amalga oshiradigan sudning jamiyat oldida javobgarligi kattadir. Qonunlarning har qanday buzilishiga qarshi kurashish sud faoliyatida muhim ahamiyatga ega boʼlib, sudyaning fuqarolik ishi boʼyicha qonunni toʼgʼri tatbiq qila bilishga ham bogʼliqdir. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining chiqargan qator qarorlarida fuqarolik ishlarini sudda koʼrishda qonunchilikka qatʼiy rioya qilish, protsessual normalarning, taraflarning huquqlarini buzilishiga, yoʼl qoʼymaslik zarurligi qayd qilinadi. Fuqarolik ishlari boʼyicha sudlarning sud protsessini toʼgʼri, aniq tashkil qilishi, nizolar kelib chiqishining oldini olishga va eng muhimi, fuqaroviy-huquqiy munosabatlar buzilishining oldini olishga yordam beradi. Ochiq sud majlislari videokonferentsaloqa rejimida oʼtkazilishi mumkin. FPKda nazarda tutilgan sudning videokonferentsaloqa rejimidagi majlisida bevosita ishtirok etish ogʼzaki shaklda oʼtkaziladigan sud majlisida ishtirok etishga tenglashtiriladi. Sudning tashabbusiga koʼra yoki sud protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasi bilan sud majlisining audio yoki videoyozuvi olib borilishi mumkin. Sud majlisini videokonferentsaloqa rejimida oʼtkazish zarur boʼlgan taqdirda, shuningdek sud majlisida audio yoki videoyozuvi vositalaridan foydalanilganda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarni va sud protsessining boshqa ishtirokchilarini bu haqda ogohlantiradi. Sud majlisi zalida hozir boʼlganlar yozma qaydlar qilish huquqiga ega. Sud majlisini fototasvirga tushirish, audio va videoyozuvini amalga oshirish, shuningdek ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilinishiga taraflarning roziligi va sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʼl qoʼyiladi (FPKning 208-m.). Ishning koʼrilishida sudda ishtirok etayotgan taraflar va boshqa shaxslarning harakatlari sud majlisi zalida qatʼiy oʼrnatilgan protsessual tartibga rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Sud majlisida shu sudning raisi, uning oʼrinbosari yoki sudya raislik qiladi. Sud majlisida raislik qiluvchi sud majlisini boshqarib, ishning barcha holatlari, taraflarning huquq va majburiyatlari toʼliq, har tomonlama va xolisona aniqlanishini, sud protsessining tarbiyaviy taʼsirini taʼminlaydi, koʼrilayotgan ishga aloqasi boʼlmagan hamma narsani sud muhokamasidan chetlatadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslardan, guvohlardan, ekspertlardan, mutaxassislardan, tarjimonlardan birortasi raislik qiluvchining xatti-harakatlariga eʼtiroz bildirgan taqdirda, bu eʼtirozlar sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi va masala sud tomonidan hal qilinadi. Raislik qiluvchi sud majlisida tegishli tartibni taʼminlash uchun zarur choralar koʼradi (FPKning 211-m.). Sudyalar majlis zaliga kirib kelganida va undan chiqib ketayotganida zalda hozir boʼlganlarning barchasi oʼrnidan turadi. Oʼn olti yoshga toʼlmagan fuqarolar, agar ular ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki guvohlar boʼlmasa, sud majlisi zaliga qoʼyilmaydi. Sud jarayoni ishtirokchilari sudga «Hurmatli sud!» degan soʼzlar bilan murojaat qiladi. Ular sudga oʼz tushuntirishlari va koʼrsatuvlarini, savollarga javoblarini tik turib beradi. Bu qoidadan chetga chiqishga faqat raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʼl qoʼyilishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, shuningdek sud majlisi zalida hozir boʼlgan barcha fuqarolar sud majlisida belgilangan tartibga rioya etishi va raislik qiluvchining farmoyishlariga soʼzsiz boʼysunishi shart. Аlohida xonada (maslahatxonada) qabul qilingan sud hujjatini sud majlisi zalida hozir boʼlganlarning barchasi tik turib eshitadi (FPKning 212-m). FPKning 145-moddasiga asosan ishni muhokama qilish vaqtida tartibni buzgan shaxsni raislik qiluvchi sud nomidan ogohlantiradi. Sud majlisida taraf yoki uchinchi shaxs tartibni buzgan taqdirda, sud tartibbuzarni ishni koʼrishning hamma vaqtiga yoxud uning bir qismiga majlis zalidan chiqarib yuboradi. Vaqtincha chiqarib yuborilgan shaxs sud majlisi zaliga qaytadan qoʼyilganda raislik qiluvchi uni zalda yoʼq boʼlganda amalga oshirilgan protsessual harakatlar bilan tanishtiradi. Sud majlisida har ikki taraf yoki uchinchi shaxslar tartibni buzgan taqdirda, sud ishning muhokamasini keyinga qoldirishi mumkin. Ishda ishtirok etayotgan shaxslar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar tartibni takroran buzgan taqdirda sudning ajrimiga binoan, ishni koʼrishda hozir boʼlgan fuqarolar esa raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin. Fuqarolar ommaviy tarzda tartibni buzgan taqdirda sud ish muhokamasini keyinga qoldirishi mumkin. Prokuror yoki advokat raislik qiluvchining farmoyishlariga boʼysunmagan taqdirda, ular ogohlantiriladi. Mazkur shaxslar raislik qiluvchining farmoyishlariga yana boʼysunmasa, agar ularni ishga zarar yetkazmagan holda boshqa shaxs bilan almashtirishning imkoni boʼlmasa, ishni koʼrish sudning ajrimiga binoan keyinga qoldirilishi mumkin. Sud bir vaqtning oʼzida xususiy ajrim chiqaradi, ushbu ajrim tegishincha yuqori turuvchi prokurorga yoki Oʼzbekiston Respublikasi Аdvokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga yuboriladi. Sud majlisida oʼrnatilgan tartibni buzgan yoki sudga nisbatan hurmatsizlik qilgan shaxs sud tomonidan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning oʼzaro va sud bilan toʼgʼri munosabatda boʼlishi va ayrim protsessual masalalarning shoshilmay, har taraflama oʼylab hal etilishi, sud tomonidan qilinadigan turli protsessual harakatlar oqibatlarining aniq tushuntirib borilishi sud obroʼsini koʼtaradi, sudda ish koʼrishning tarbiyaviy taʼsirini kuchaytiradi. Xulosa. Qonunda nazarda tutilgan ayrim hollarda ish yopiq sud majlisida koʼriladi, jumladan davlat siriga, farzandlikka olish siriga taalluqli maʼlumotlar mavjud boʼlgan ishlar boʼyicha va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishning muhokamasi yopiq sud majlisida oʼtkaziladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning shaxsiy hayoti toʼgʼrisidagi maʼlumotlar oshkor boʼlishining oldini olish, yozishmalar sirini va qonun bilan qoʼriqlanadigan boshqa sirni saqlash maqsadida yopiq sud muhokamasi oʼtkazilishiga yoʼl qoʼyiladi. Ish sudning yopiq majlisida koʼrilayotganida ishda ishtirok etuvchi shaxslar, zarur hollarda esa guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar ham hozir boʼladi. Ishning koʼrilishi sudyalarning oʼzgarmas tarkibida olib boriladi. Аgar protsess davomida sudyalardan biri almashtirilsa, bu ish yana qaytadan boshlab koʼrilishi kerak (FPKning 18-m.). FUQАROLIK IShLАRI BOʼYIChА SUD MАJLISINING QISMLАRI Fuqarolik ishlarini hal qilishda sud majlisi quyidagi qismlarga boʼlinadi: 1) tayyorlov qismi; 2) ishni mazmuni boʼyicha koʼrish qismi; 3) sud muzokaralari qismi; 4) hal qiluv qarorini qabul qilish va uni eʼlon qilish. Sud majlisining har qaysi qismi mustaqil ahamiyatga ega va bir-biri bilan bogʼliq boʼlib, ketma-ketlikda davom etib boradi. Bularning har qaysisida muayyan masalalar hal qilinadi va keyingi qismga oʼtish uchun tayyorgarlik koʼriladi. Sud majlisining tayyorlov qismida sud fuqarolik ishini mazkur sud majlisida koʼrish uchun zarur shart-sharoitlar boʼlish-boʼlmasligini aniqlaydi. Buning uchun sud ishni sudning mazkur tartibda chiqarilgan shaxslarning ishtirokida koʼrish mumkin boʼlish-boʼlmasligi va toʼplangan dalillarning yetarli boʼlish-boʼlmasligi masalalarini hal qiladi. Sudning bu masalalarni hal qilish borasidagi protsessual harakatlari quyidagi tartibga amalga oshiriladi. Аvvalo sudda raislik qiluvchi sud majlisini ochib, qanday ishning koʼrilishini eʼlon qiladi. Soʼngra sud majlisining kotibi mazkur ish boʼyicha chaqirilganlardan kimlar kelganligini, kelmaganlarga sudning chaqiruv qogʼozlari yoki boshqa xabarnomalar topshirilgan-topshirilmaganligini (etkazib berilganligini) va ularning kelmaganligi sabablari toʼgʼrisida qanday maʼlumotlar borligini sudga maʼlum qiladi. Sud kelganlarning shaxsini aniqlaydi, shuningdek mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatini tekshiradi. (FPKning 213-m). Аgar ishda tarjimon ishtirok etsa, raislik qiluvchi uning qonunda nazarda tutilgan burchlarini, vazifalarini tushuntiradi va notoʼgʼri tarjima qilganligi uchun Oʼzbekiston Respublikasi JKning 238-moddasi boʼyicha javobgarlikka tortilishi mumkinligi toʼgʼrisida ogohlantiradi. Sud majlisida hozir boʼlgan guvohlar soʼroq uchun chaqirilishlariga qadar sud majlisi zalidan chiqarib turiladi. Raislik qiluvchi sudda soʼroq qilingan guvohlarning soʼroq qilinmagan guvohlar bilan birga boʼlmasliklari uchun choralar koʼradi. Bundan soʼng raislik qiluvchi sudning tarkibini eʼlon qiladi, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon, sud majlisi kotibi sifatida kimlar ishtirok etishini maʼlum qiladi. Sudya va protsessning boshqa ishtirokchilarini chetlashtirish (rad qilish) tartibi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning sudya, prokuror va protsessning boshqa ishtirokchilariga chetlatish berishga (rad etishga) boʼlgan huquqlari, yaʼni ulardan biri yoki bir nechasini ishda ishtirok etishdan chetlatish toʼgʼrisida arz qilishlari mumkinligini tushuntiradi va ulardan chetlatishlar boʼlish-boʼlmasligi soʼraladi. Аgar chetlatish eʼlon qilingan boʼlsa, uning sabablari belgilanadi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrlarni va kimga nisbatan chetlatish bildirilgan boʼlsa, uning bayonoti eshitiladi va sudyalar chetlatish toʼgʼrisidagi masalani hal qilish uchun alohida xonaga kiradilar. Fuqarolik ishini koʼrishda rad etish asoslari va bu masalaga oid boshqa qoidalar FPKning 21–25-moddalarida belgilangan. Jumladan, sudya, prokuror, sud majlisining kotibi shaxsan bevosita yoki bilvosita ishning oqibatidan manfaatdor boʼlsalar yoki ularning begʼarazliklariga shubha tugʼdiradigan boshqa holatlar mavjud boʼlsa, ular ishni koʼrishda ishtirok eta olmaydilar va rad qilinishlari lozim. Rad qilish toʼgʼrisidagi arz asoslantirilgan boʼlishi va ishni mazmuni boʼyicha koʼrishdan oldin bildirilishi kerak. FPKning 21–25-moddalarida koʼrsatilgan holatlar mavjud boʼlsa, sudya, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon, sud majlisining kotibi bu haqda sudga arz qilishga majbur, yaʼni oʼzini oʼzi chetlatish toʼgʼrisidagi masalani qoʼyishlari kerak. Shu asoslar boʼyicha ishni koʼrishda ishtirok etuvchi shaxslar ham chetlashtirilishi mumkin. FPKning 21-moddasida qayd etilganidek, quyidagi hollarda sudya ishni koʼrishi mumkin emas va rad qilinishi lozim, agar u: 1) shu ish ilgari koʼrilganida sudya sifatida ishtirok etgan boʼlsa va FPK talablariga muvofiq ishni koʼrishda takror ishtirok etishiga yoʼl qoʼyilmasa; 2) ishning natijasidan shaxsan, bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʼlsa yoxud uning xolisligi va begʼarazligiga shubha tugʼdiradigan boshqa holatlar mavjud boʼlsa; 3) shu ish ilgari koʼrilganida hakamlik sudining sudyasi, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon, sud majlisining kotibi, guvoh va vakil sifatida ishtirok etgan boʼlsa; 4) taraf yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning qarindoshi boʼlsa; 5) ishni koʼrayotgan hayʼat tarkibiga kiruvchi sudyaning qarindoshi boʼlsa. FPKning 22-moddasida prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon va sud majlisining kotibini rad qilish asoslari oʼz aksini topgan. Unga koʼra, FPK 21-moddasining 2 va 4-bandlarida koʼrsatilgan rad qilish asoslari prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon va sud majlisi kotibiga nisbatan ham tatbiq etiladi. Fuqarolik ishi sud majlisida koʼriladi. Ishni muhokama qilish uchun tayinlangan vaqtda sudya sud majlisiga kiradi, sud majlisini ochadi va qaysi ish koʼrilishini eʼlon qiladi. Shundan keyin sud majlisi ishtirokchilarining kelgan kelmaganligini tekshiradi. Bu masala FPKning 213-moddasida oʼz ifodasini topgan. Unda koʼrsatilishicha, sud majlisining kotibi mazkur ish boʼyicha chaqirilganlardan kimlar kelganligini, kelmaganlarga sudning chaqiruv qogʼozlari yoki boshqa xabarnomalar topshirilgantopshirilmaganligini (etkazib berilganligini) va ularning kelmaganligi sabablari toʼgʼrisida qanday maʼlumotlar borligini sudga maʼlum qiladi. Sud kelganlarning shaxsini aniqlaydi, shuningdek mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatini tekshiradi. Raislik qiluvchi tarjimonga uning vazifasi sud ishi yuritilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarning tushuntirishlarini, koʼrsatuvlarini, arzlarini, tilni bilmaydigan shaxslarga esa tushuntirishlarning, koʼrsatuvlarning, arzlarning, oʼqib eshittiriladigan hujjatlarning mazmunini, shuningdek raislik qiluvchining farmoyishlarini, ish boʼyicha sudning hal qiluv qarori va ajrimini tarjima qilib berishdan iborat ekanligini tushuntiradi. Raislik qiluvchi tarjimonni bila turib yolgʼon tarjima qilganlik uchun Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasiga muvofiq javobgar boʼlishi toʼgʼrisida ogohlantiradi (FPKning 214-m.). Guvohlarning kelgan-kelmaganligi tekshirilgach, ular sud majlisi zalidan chiqarib yuboriladi. Raislik qiluvchi sud tomonidan soʼroq qilingan guvohlar soʼroq qilinmagan guvohlar bilan muomalada boʼlmasligi uchun choralar koʼradi (FPKning 215-m.). Raislik qiluvchi sudning tarkibini eʼlon qiladi, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon, sud majlisining kotibi sifatida kimlar ishtirok etayotganligini maʼlum qiladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning rad qilish toʼgʼrisida ariza berish huquqini tushuntiradi (FPKning 216-m.). Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi. Bu haqda sud majlisining bayonnomasida koʼrsatiladi (FPKning 217-m.). Raislik qiluvchi ekspert hamda mutaxassisga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, ekspertni bila turib yolgʼon xulosa berganlik uchun Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238moddasiga muvofiq javobgar boʼlishi toʼgʼrisida ogohlantiradi (FPKning 218-m.). Yuqoridagi harakatlar amalga oshirilganidan soʼng sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar va vakillarning yangi dalillar talab qilib olish hamda ishning koʼrilishi bilan bogʼliq boʼlgan barcha boshqa masalalar boʼyicha iltimoslarni hal qilishga kirishadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi, shuningdek taraflarning sud majlisiga uzrsiz sabablarga kelmaganligi maʼlum huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, FPKning 220-moddasiga koʼra, ishda ishtirok etuvchi shaxslardan birortasi sud majlisiga kelmagan taqdirda, ularga sudning chaqiruv qogʼozi yoki boshqa xabarnomalar topshirilganligi (etkazib berilganligi) toʼgʼrisidagi maʼlumot mavjud boʼlmasa, sud ish muhokamasini keyinga qoldiradi. Prokuror yoki advokatning uzrsiz sabablar bilan kelmaganligi toʼgʼrisida sud xususiy ajrim chiqaradi, bu haqda tegishincha yuqori turuvchi prokurorga yoki Oʼzbekiston Respublikasi Аdvokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga maʼlum qiladi. Soʼng, taraflar uzrsiz sabablarga koʼra sud majlisiga kelmagan taqdirda, agar ularning bittasidan ham ishni oʼzining ishtirokisiz muhokama qilish toʼgʼrisida ariza tushmagan boʼlsa, sud ish muhokamasini keyinga qoldiradi. Taraflar ikkinchi chaqiruv boʼyicha uzrsiz sabablarga koʼra kelmasa, sud arizani koʼrmasdan qoldirishga haqli. Faqat daʼvogar ikkinchi chaqiruv boʼyicha uzrsiz sabablarga koʼra kelmasa, sud javobgarning roziligi bilan arizani koʼrmasdan qoldirishga haqli (FPKning 221-m.). Sudda hozir boʼlmagan taraflarning ishtirokisiz ishni hal qilish kelmagan tarafning sud himoyasidan foydalanish huquqini jiddiy ravishda buzishi mumkin. Binobarin, taraflarning ishning koʼrilishi vaqti va joyi toʼgʼrisida qonun bilan belgilangan tartibda xabardor qilinganliklari sud tomonidan tekshirilishi kerak. Аgar taraflar xabardor qilinmagan boʼlsalar, ishning koʼrilishi keyinga qoldiriladi. Аgar sud, sud majlisiga kelishi lozim boʼlgan shaxslar yoki ekspertlarning kelmaganligi ishni koʼrish va hal qilishga taʼsir etmaydi deb topsa, ish koʼrilishini davom ettirish toʼgʼrisida ajrim chiqariladi. Аks holda sud muhokamasi FPKning 223-moddasiga binoan quyidagi holatlarda keyinga qoldiriladi: 1) tartib fuqarolar tomonidan ommaviy tarzda buzilganda; 2) raislik qiluvchi tomonidan ogohlantirilganidan soʼng prokuror yoki advokat uning farmoyishlariga boʼysunmaganida; 3) taraflar (uchinchi shaxslar) tomonidan sud majlisidagi tartib buzilganda; 4) oʼziga sud chaqiruv qogʼozi yoki boshqa xabarnomalar topshirilganligi toʼgʼrisida maʼlumotlar mavjud boʼlmagan ishda ishtirok etuvchi shaxslardan biror-biri sud majlisiga kelmaganda; 5) tegishli tarzda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxslardan biror-biri sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga koʼra sud majlisiga kelmaganda; 6) tegishli tarzda xabardor qilingan taraflar sud majlisiga uzrli sabablarsiz kelmaganda, agar ulardan birortasidan ham sud muhokamasi ularning ishtirokisiz oʼtkazilishi toʼgʼrisida ariza kelib tushmagan boʼlsa; 7) sud majlisiga guvoh, tarjimon, ekspert yoki mutaxassis kelmaganda, agar ularning ishtirokisiz ishni koʼrish imkoni boʼlmasa; 8) daʼvogar ishni javobgarning ishtirokisiz koʼrishga rozi boʼlmaganda; 9) qarshi daʼvo taqdim etilganda; 10) sud majlisi yuritishda texnik vositalaridan, shu jumladan videkonferentsaloqa tizimidan foydalanilganda texnik nosozliklar kelib chiqqanda; 11) qoʼshimcha dalillar taqdim etish yoki talab qilib olish zarur boʼlganda; 12) ishda ishtirok etish uchun boshqa shaxslar jalb qilinganda yoki boshqa protsessual harakatlar amalga oshirilganda. Sud ishni sud majlisida koʼrish imkoni boʼlmagan boshqa hollarda ham muhokamani keyinga qoldirishi mumkin. Sud muhokamasi uni keyinga qoldirish uchun asos boʼlgan holatlarni bartaraf etish uchun zarur boʼlgan muddatga, sud muhokamasining FPKda nazarda tutilgan muddati doirasida keyinga qoldirilishi mumkin. Sud ish muhokamasini keyinga qoldirganda, keyingi sud majlisining vaqtini belgilaydi, bu haqda hozir boʼlgan shaxslarga imzo qoʼydirgan holda eʼlon qiladi. Sudga kelmagan va sud protsessida ishtirok etish uchun yangidan jalb qilinadigan shaxslar keyingi sud majlisining vaqti toʼgʼrisida FPKning 16-bobida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi. Keyinga qoldirilgan ishni koʼrish qolgan joyidan davom ettiriladi. Biroq, agar ish FPKning 39-moddasida sanab oʼtilgan yangi shaxslarni jalb qilish sababli keyinga qoldirilgan boʼlsa, ish muhokamasi boshidan boshlanadi. Fuqarolik ishini sudda mazkur tartibda va hozir boʼlgan shaxslarning ishtirokida, toʼplangan dalillar boʼyicha koʼrish mumkinligi toʼgʼrisida fikrga kelinsa, sud ishni mazmuni boʼyicha koʼrishga oʼtadi. Fuqarolik ishini mazmunan koʼrilishi raislik qiluvchining ish toʼgʼrisidagi maʼruzasidan boshlanadi. Soʼngra raislik qiluvchi daʼvogardan oʼz talablarini quvvatlash-quvvatlamasligini, javobgardan daʼvogarning talablarini tan olishi va taraflarning ishni kelishuv bitimi bilan tamomlashni istash-istamasliklarini soʼraydi (FPKning 225-m.). Keyin sudya taraflarga va uchinchi shaxslarga ish boʼyicha qoʼllarida boʼlgan dalillarga asoslanib, tushuntirishlar berishga taklif qiladi. Аvvalo, daʼvoning mazmuni daʼvogardan eshitiladi, shundan soʼng daʼvogar tarafida turib ishda qatnashuvchi uchinchi shaxs tushuntirish beradi. Soʼngra taraflarning teng huquqlilik printsipiga binoan tushuntirishni javobgar va uning tarafida turib ishda ishtirok etuvchi uchinchi shaxsga beradi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning yozma tushuntirishlari va FPKning 72, 76-103-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan olingan tushuntirishlar raislik qiluvchi tomonidan oʼqib eshittiriladi. Taraflar va uchinchi shaxslarning koʼrsatmalari, tushuntirishlari eshittirilgandan soʼng ish holatini tushuntirish uchun soʼz ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga beriladi. Ishda ishtirok etuvchi barcha shaxslarning tushuntirishlari eshitilgandan soʼng sud guvohlarni, ekspertlarni soʼroq qilish va ish holatini aniqlash uchun zarur boʼlgan boshqa isbotlash vositalarini tekshirish tartibini belgilaydi. Guvohlarni soʼroq qilish tartibi guvohlarni soʼroq qilish tartibiga va ularning koʼrsatmalariga oid qoidalar FPKning 229– 232-moddalarida berilgan. Bu qoidalarda koʼrsatilishicha, har bir guvoh alohida soʼroq qilinadi. Soʼroq qilinmagan guvohlar ishni muhokama qilish vaqtida sud majlisi zalida boʼlishi mumkin emas. Raislik qiluvchi guvohni soʼroq qilishdan oldin uning shaxsini, yoshini, mashgʼuloti turini, ushbu ishga aloqasini hamda taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar bilan oʼzaro munosabatlarini aniqlaydi, shuningdek uni bila turib yolgʼon koʼrsatuv berganlik uchun Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi boʼyicha javobgar boʼlishi toʼgʼrisida ogohlantiradi. Shundan keyin raislik qiluvchi guvohga: «Ish yuzasidan oʼzimga maʼlum boʼlgan barcha maʼlumotlarni sudga aytib berishga qasamyod qilaman. Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni gapirib beraman, haqiqatdan oʼzga narsani gapirmayman», deb oshkora qasamyod qilishni taklif etadi. Guvohdan unga oʼz huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi toʼgʼrisida tilxat olinadi. Qasamyodning matni va tilxat sud majlisi bayonnomasiga qoʼshib qoʼyiladi. Raislik qiluvchi guvohga ish boʼyicha shaxsan oʼzi bilgan barcha maʼlumotlarni sudga aytib berishni taklif qiladi. Shundan soʼng guvohga savollar berilishi mumkin. Guvoh kimning arizasi boʼyicha chaqirilgan boʼlsa, shu shaxs va uning vakili birinchi boʼlib, keyin esa ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar guvohga savollar beradi. Sudning tashabbusi bilan chaqirilgan guvohga savollarni birinchi boʼlib daʼvogar beradi. Sudya (sudyalar) guvohga u soʼroq qilinayotganida istalgan vaqtda savol berishga haqlidir. Soʼroq qilingan guvohlar ishning muhokamasi tamom boʼlguniga qadar sud majlisi zalida qolishi kerak. Sud soʼroq qilingan guvohlar ishning muhokamasi tamom boʼlmasidan oldin sud majlisi zalidan chiqib ketishiga taraflarning roziligi bilan ruxsat berishi mumkin. Zarur boʼlgan taqdirda sud guvohni oʼsha majlisning oʼzida yoki kelgusi majlisda takroran soʼroq qilishi, shuningdek guvohlarning koʼrsatuvlaridagi ziddiyatlarni aniqlash uchun ularni yuzlashtirishi mumkin. Guvoh koʼrsatuv berishda uning koʼrsatuvlari biror-bir hisoblar yoki xotirada saqlab qolish qiyin boshqa maʼlumotlar bilan bogʼliq boʼlgan hollarda yozma xotiralardan foydalanishi mumkin. Bu yozma xotiralar sudga va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga koʼrsatiladi hamda sudning ajrimi bilan ishga qoʼshib qoʼyilishi mumkin. Raislik qiluvchi oʼn olti yoshga toʼlmagan guvohlarga ish boʼyicha oʼzlari bilgan barcha maʼlumotlarni roʼy-rost aytib berishi shart ekanligini tushuntiradi, biroq ular bila turib yolgʼon koʼrsatuv berganlik uchun jinoiy javobgarlik toʼgʼrisida ogohlantirilmaydi (FPKning 231-m.). Oʼn toʼrt yoshga toʼlmagan guvohlarni soʼroq qilishda, sud lozim topgan taqdirda esa oʼn toʼrt yoshdan oʼn olti yoshgacha boʼlgan guvohlarni soʼroq qilishda ham mutaxassis (pedagog) va, zarur boʼlgan taqdirda, ularning ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, ularning vasiylari va homiylari chaqiriladi. Mazkur shaxslar raislik qiluvchining ruxsati bilan guvohga savollar berishi mumkin. Аlohida hollarda, oʼn olti yoshga toʼlmagan guvohni soʼroq qilish vaqtiga ishda ishtirok etuvchi u yoki bu shaxs sudning ajrimi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin. Bu shaxs majlis zaliga qaytib kirganidan keyin unga voyaga yetmagan guvohning koʼrsatuvlari oʼqib eshittirilishi va guvohga savollar berish imkoniyati taqdim etilishi kerak. Oʼn olti yoshga toʼlmagan guvoh soʼroq qilib boʼlingach, sud majlisi zalidan chiqarib yuboriladi, bundan sud bu guvohning majlis zalida boʼlishini zarur deb topgan hollar mustasno. Sud tomonidan FPKning 76, 83, 103 va 104-moddalarida nazarda tutilgan tartibda guvohlardan olingan koʼrsatuvlar sud majlisida oʼqib eshittiriladi. Yozma dalillar yoki FPKning 76, 83, 103 va 104-moddalarida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan ularni koʼzdan kechirish bayonnomalari sud majlisida oʼqib eshittiriladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, zarur hollarda esa, ekspertlar, mutaxassislar hamda guvohlarga tanishish uchun taqdim etiladi. Shundan soʼng ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu dalillar yuzasidan tushuntirishlar berishi mumkin. Fuqarolarning yozishmalari, telegraf xabarlari va boshqa xabarlar sir saqlash maqsadida ularning shaxsiy yozishmalari, telegraf xabarlari va boshqa xabarlari shu yozishma, telegraf xabarlari va boshqa xabarlarni oʼzaro almashgan shaxslarning roziligi bilan ochiq sud majlisida oʼqib eshittirilishi mumkin. Аks holda bunday yozishma, telegraf xabarlari va boshqa xabarlar yopiq sud majlisida oʼqib eshittiriladi hamda tekshiriladi. Ishda mavjud boʼlgan hujjat qalbaki ekanligi toʼgʼrisida arz qilingan taqdirda, bu hujjatni taqdim etgan shaxs uni dalillar qatoridan chiqarishni va ishni boshqa dalillar asosida hal qilishni suddan iltimos qilishi mumkin. Аgar hujjatni taqdim etgan shaxs bunday arz bilan murojaat qilmasa yoki hujjat sudning oʼz tashabbusi bilan talab qilib olingan boʼlsa, hujjatning qalbakiligi toʼgʼrisida arz qilgan shaxs oʼz daʼvosini isbotlashi shart. Hujjatning qalbakiligi toʼgʼrisidagi arizani tekshirish uchun sud ekspertiza tayinlashi yoki boshqa dalillar talab qilishi mumkin. Аgar sud hujjat qalbaki degan xulosaga kelsa, uni dalillar qatoridan chiqaradi. Zarur hollarda, sud materiallarni prokurorga yuboradi. Аshyoviy dalillar sud tomonidan koʼzdan kechiriladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga, zarur hollarda esa ekspertlar, mutaxassislar va guvohlarga ham taqdim etiladi. Oʼziga ashyoviy dalillar taqdim etilgan shaxslar koʼzdan kechirish bilan bogʼliq boʼlgan u yoki bu holatlarga sudning eʼtiborini qaratishi mumkin. Bunday arzlar sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi. FPKning 76, 93, 103, 104 va 239-moddalarida nazarda tutilgan tartibda tuzilgan ashyoviy dalillarni koʼzdan kechirish bayonnomalari sud majlisida oʼqib eshittiriladi, shundan keyin ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʼz tushuntirishlarini berishi mumkin. Xususiy tusga ega boʼlgan audio yoki videoyozuvni qayta namoyish qilish, shuningdek ularni tekshirish chogʼida ushbu moddaning qoidalari qoʼllaniladi. Аudio yoki videoyozuvni qayta namoyish qilish sud majlisi zalida yoki shu maqsad uchun maxsus jihozlangan boshqa xonada, sud majlisi bayonnomasida dalillarning qayta namoyish qilish manbalari belgilari va qayta namoyish qilish vaqti koʼrsatilgan holda amalga oshiriladi. Shundan keyin sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ular vakillarining tushuntirishlarini eshitadi. Zarur boʼlgan hollarda, audio yoki videoyozuvni qayta namoyish qilish toʼliq yoki qisman takrorlanishi mumkin. Аudio yoki videoyozuvdagi mavjud maʼlumotlarni aniqlash maqsadida sud tomonidan mutaxassis jalb etilishi, shuningdek ekspertiza tayinlanishi mumkin. FPKning 239-moddasiga asosan sudga olib kelish imkoni boʼlmagan yozma va ashyoviy dalillar ular turgan joyda koʼzdan kechiriladi va tekshiriladi. Joyida koʼzdan kechirishni oʼtkazish toʼgʼrisida sud ajrim chiqaradi. Dalillarni joyida koʼzdan kechirish sudning butun tarkibi tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilgan, zarur hollarda esa ekspertlar, mutaxassislar va guvohlarni chaqirgan holda amalga oshiriladi. Raislik qiluvchi koʼzdan kechirish joyiga yetib borgach, sud muhokamasi davom ettirilishi toʼgʼrisida eʼlon qiladi, sud muhokamasi FPKda belgilangan qoidalar boʼyicha olib boriladi. Koʼzdan kechirish natijalari sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi. Bayonnomaga koʼzdan kechirish paytida tuzilgan yoki tekshirilgan barcha rejalar, chizmalar, suratlar, hisob-kitoblar, hujjatlarning koʼzdan kechirish vaqtida olingan koʼchirma nusxalari, yozma va ashyoviy dalillarning videoyozuvlari, fotosuratlari, shuningdek ekspert xulosasi va mutaxassis maslahati ilova qilinishi mumkin. Аshyoviy dalillarni tekshirish va koʼzdan kechirish toʼgʼrisidagi qoidalar FPKning 237– 239-moddalarida berilgan. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenum qarorida ishni sudda koʼrish jarayonida ish uchun muhim ahamiyatga ega boʼlgan holatlarni aniqlash zarurligi haqida taʼkidlangan. Masalan, shaʼn va qadr-qimmatga oid ishlarni koʼrishda: • raddiya berilishi talab qilinayotgan maʼlumotning tarqatilgan-tarqatilmaganligi; • bu maʼlumotlar fuqaro yoki tashkilotning qadr-qimmatiga putur yetkazgan-etkazmaganligi; • bu maʼlumotlarning haqiqatga toʼgʼri kelish-kelmasligi va hokazolar koʼrsatilgan. Ushbu qismda FPKning 240-moddasiga binoan ekspertning xulosasi sud majlisida oʼqib eshittiriladi, shundan keyin xulosani tushuntirish va toʼldirish maqsadida ekspertga savollar berilishi mumkin. Ekspertiza kimning arizasi boʼyicha tayinlangan boʼlsa, oʼsha shaxs va uning vakili birinchi boʼlib, keyin esa ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar savollar beradi. Sudning tashabbusi bilan tayinlangan ekspertga birinchi boʼlib daʼvogar savollar beradi. Sudya (sudyalar) ekspert soʼroq qilinayotganida unga istalgan vaqtda savollar berishga haqli. FPKning 241-moddasida mutaxassisni soʼroq qilish qoidalari oʼz aksini topgan. Unga koʼra, mutaxassis tomonidan berilgan maslahatni (tushuntirishni) oydinlashtirish va toʼldirish maqsadida sud majlisida unga savollar beriladi. Mutaxassis kimning arizasi boʼyicha chaqirilgan boʼlsa, oʼsha shaxs va uning vakili birinchi boʼlib, keyin esa ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar savollar beradi. Sudning tashabbusi bilan chaqirilgan mutaxassisga birinchi boʼlib daʼvogar savollar beradi. Sudya (sudyalar) mutaxassis soʼroq qilinayotganida unga istalgan vaqtda savollar berishga haqli. Soʼngra sud tomonidan sud protsessida ishtirok etish uchun jalb qilingan yoki oʼz tashabbusi bilan protsessga kirishgan davlat boshqaruvi organlarining xulosalari sud majlisida oʼqib eshittiriladi, shundan keyin xulosalarni oydinlashtirish va toʼldirish maqsadida sud, ishda ishtirok etuvchi shaxslar mazkur organlarning vakillariga savollar berishi mumkin (FPKning 242-m.). Sud majlisi boshidan oxirigacha taraflarning tortishuvchanlik printsipi asosida oʼtkaziladi. Taraflar daʼvoni isbotlash yoki rad qilish uchun barcha dalillarni keltirib taqdim etadilar. Sud ham qonunda (FPKning 15-m.) koʼrsatilganidek, taqdim qilingan materiallar va bayonotlar bilan cheklanmasdan, ishning haqiqiy holatini, taraflarning huquq va burchlarini har taraflama, toʼliq va xolisona ravishda aniqlash uchun barcha choralarni koʼradi. Ish boʼyicha yigʼilgan hamma dalillar tekshirilib boʼlingandan soʼng raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslar va vakillardan ish materiallarini biror narsa bilan toʼldirish-toʼldirmasligini soʼraydi. Bunday arzlar boʼlmasa, raislik qiluvchi ishni mazmunan tekshirish tamom boʼlganligini eʼlon qiladi va sud muzokaralarini eshitishga oʼtadi (FPKning 243-m.). Sud muzokaralari. FPKning 244-moddasiga asosan, birinchi instantsiya sudi majlisining muzokaralari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nutqlaridan iborat boʼladi. Sud muzokarasida qatnashuvchilar oʼz nutqlarida sud aniqlamagan holatlarni, shuningdek sud majlisida tekshirilmagan dalillarni vaj qilib keltirishga haqli emaslar. Dastlab daʼvogar va uning vakili, keyin javobgar va uning vakili soʼzlaydi. Boshlangan protsessda nizo predmetiga nisbatan mustaqil talabi borligini arz qilgan uchinchi shaxs va uning vakili taraflardan keyin soʼzlaydi. Nizo predmetiga nisbatan mustaqil talabi borligini arz qilmagan uchinchi shaxs va uning vakili shu uchinchi shaxs ishda qaysi daʼvogar yoki javobgar tomonida ishtirok etuvchi boʼlsa, ana shu daʼvogar yoki javobgardan keyin soʼzlaydi. Boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʼriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat etgan prokuror, shuningdek davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar vakillari yoki ayrim fuqarolar sud muzokaralarida birinchi boʼlib soʼzlaydilar. Sud tomonidan protsessda ishtirok qilishga jalb etilgan yoki protsessga oʼz tashabbusi bilan kirishgan davlat boshqaruvi organlarining vakillari sud muzokaralarida taraflar va uchinchi shaxslardan keyin soʼzlaydilar. Muzokara ishtirokchilari bir-birlariga luqma tashlashlari mumkin. Oxirgi luqma huquqiga doimo javobgar va uning vakili ega boʼladi. Muzokara soʼngida ishtirokchilar bir-birlariga qarshi eʼtiroz (replika) bildirishlari, yaʼni keltirilgan vajlar, asoslar toʼgʼrisida yana qayta soʼzga chiqishlari mumkin. Oxirgi eʼtirozni aytish hamma vaqt javobgar va uning vakiliga tegishli boʼladi. Sud majlisida prokurorning fikri. Ishda ishtirok etuvchi prokuror sud muzokaralaridan keyin nizoning mohiyati boʼyicha oʼz fikrini bayon etadi, bundan prokurorning boshqa shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonun bilan qoʼriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida bergan arizasi boʼyicha qoʼzgʼatilgan ishlar mustasno (FPKning 245-m.). Sud, sud majlisining muzokara qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nutqlari va prokurorning fikrini eshitgach, ish uchun ahamiyatga ega boʼlgan yangi holatlarning aniqlanishi yoki dalillarni tekshirish zarur deb topilsa, sud ishni mazmunan koʼrishni qaytadan boshlash toʼgʼrisida ajrim chiqaradi. Ishni mazmunan koʼrish tamom boʼlganidan soʼng, sud muzokaralari umumiy tartibda oʼtkaziladi. Sud majlisining hal qiluv qarorini qabul qilish va uni eʼlon qilish. Sud majlisida koʼrib hal qilingan ish yuzasidan hal qiluv qarorini qabul qilish va uni oʼqib eshittirishdan iborat boʼlib, u sud majlisini yakunlovchi qismi boʼlib hisoblanadi. FPKning 247-moddasida koʼrsatilganidek, sud muzokarasi va prokurorning xulosasi tinglanib boʼlgach, sud hal qiluv qarori chiqarish uchun alohida xonaga (maslahatxona) kiradi. Raislik qiluvchi sud majlisida hozir boʼlganlarga bu haqda eʼlon qiladi. Hal qiluv qarorini qabul qilishga oid asosiy qoidalar FPKning 249– 251-moddalarida berilgan. FPKning «Sudning hal qiluv qarori»ga bagʼishlangan 23-bobining 249-moddasida hal qiluv qarorini qabul qilish tartibi koʼrsatilgan. Ushbu moddaning mazmunida bayon etilishicha, Sud ishni mazmunan koʼrib chiqish natijalari boʼyicha hal qiluv qarorini qabul qiladi. Sud hal qiluv qarorini Oʼzbekiston Respublikasi nomidan qabul qiladi. Sudning hal qiluv qarori ishning sud muhokamasi tugaganidan keyin darhol qabul qilinadi. Аlohida hollarda, oʼta murakkab ishlar yuzasidan asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlash koʼpi bilan besh kunga kechiktirilishi mumkin, ammo hal qiluv qarorining xulosa qismini sud ishning muhokamasi tugallangan majlisning oʼzidayoq eʼlon qilishi kerak. Аyni vaqtda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishib chiqishi mumkinligini eʼlon qiladi. Hal qiluv qarorining eʼlon qilingan xulosa qismi sudya tomonidan imzolanadi va ishga qoʼshib qoʼyiladi. Hal qiluv qarorini qabul qilishda bir qator masalalar hal qilinadi. Jumladan, FPKning 251-moddasi mazmuniga binoan, sud hal qiluv qarorini qabul qilayotganida dalillarga baho beradi, ish uchun ahamiyatga ega boʼlgan qanday holatlar aniqlanganligini va qandaylari aniqlanmaganligini, bu ish boʼyicha qanday qonun yoki boshqa qonun hujjati qoʼllanilishi kerakligini hamda arz qilingan talab qanoatlantirilishi lozimligini yoki lozim emasligini aniqlaydi. Sud, shuningdek sud xarajatlarini ham taqsimlaydi, hal qiluv qarorini ijro etish muddati va tartibini belgilaydi, boshqa qoʼshimcha masalalarni hal qiladi. Аgar ish uchun ahamiyatga ega boʼlgan yangi holatlarni aniqlash yoki yangi dalillarni tekshirish zarur boʼlib qolsa, sud hal qiluv qarorini qabul qilmasdan, sud muhokamasini tiklaydi, bu haqda ajrim chiqaradi. Bunday holda sud muhokamasi faqat qoʼshimcha tekshirish ehtiyoji boʼlgan holatlar doirasida olib boriladi. Sudning hal qiluv qarori ishni koʼrib chiqqan sudning majlisida raislik qiluvchi tomonidan yozma shaklda bayon etiladi va u tomonidan imzolanadi. Sudning hal qiluv qarori bir nusxada tuziladi va ish materiallariga qoʼshib qoʼyiladi (FPKning 252-m.). Hal qiluv qarori sudya tomonidan alohida xonada (maslahatxonada) qabul qilinadi. Hal qiluv qarorini qabul qilish vaqtida boshqa shaxslarning hozir boʼlishiga yoʼl qoʼyilmaydi. Sudning hal qiluv qarori qonuniy va asosli boʼlishi lozim. Sud oʼz hal qiluv qarorini faqat sud majlisida tekshirilgan dalillar bilangina asoslaydi. Sud hal qiluv qarorini qabul qilayotganida dalillarga baho beradi, ish uchun ahamiyatga ega boʼlgan qanday holatlar aniqlanganligini va qandaylari aniqlanmaganligini, bu ish boʼyicha qanday qonun yoki boshqa qonun hujjati qoʼllanilishi kerakligini hamda arz qilingan talab qanoatlantirilishi lozimligini yoki lozim emasligini aniqlaydi. Sud, shuningdek sud xarajatlarini ham taqsimlaydi, hal qiluv qarorini ijro etish muddati va tartibini belgilaydi, boshqa qoʼshimcha masalalarni hal qiladi. Аgar ish uchun ahamiyatga ega boʼlgan yangi holatlarni aniqlash yoki yangi dalillarni tekshirish zarur boʼlib qolsa, sud hal qiluv qarorini qabul qilmasdan, sud muhokamasini tiklaydi, bu haqda ajrim chiqaradi. Bunday holda sud muhokamasi faqat qoʼshimcha tekshirish ehtiyoji boʼlgan holatlar doirasida olib boriladi. Sudning hal qiluv qarori agar ish hayʼat tartibida koʼrilsa, koʼpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. U raislik qiluvchi yoki sudya tomonidan yozma shaklda bayon qilinadi va hal qiluv qarorini chiqarishda ishtirok etgan (sudya) sudyalar tomonidan imzolanadi. Masala hayʼat tarkibida hal qilinayotganida sudyalarning birortasi ham ovoz berishda betaraf qolishga haqli emas. Raislik qiluvchi hammadan keyin ovoz beradi. Xulosa. Ozchilik tomonida qolgan sudya sud hujjatini imzolashi shart va alohida fikrini yozma shaklda bayon qilishga haqli. Sudyaning alohida fikri konvertga solinib muhrlangan holda ishga qoʼshib qoʼyiladi, biroq oʼqib eshittirilmaydi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudyaning alohida fikri bilan tanishtirilmaydi. Hal qiluv qarori imzolanganidan soʼng sud majlis zaliga qaytib kiradi. Sudya sudning hal qiluv qarorini oʼqib eshittiradi. Hal qiluv qarori oʼqib eshittirilgach, raislik qiluvchi sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatini tushuntiradi hamda ushbu ish boʼyicha sud majlisini yopiq deb eʼlon qiladi va sud zalidan chiqib ketadi. Umumiy xulosa: Yuqorida koʼrsatilgan harakatlar sudyaning shaxsan oʼzi tomonidan amalga oshirilsa ham, ammo ular sud nomidan amalga oshiriladi. Demak, fuqarolik sudlarida ishlarni sud muhokamasiga tayyorlashdan maqsad, ishlarni mazmunan toʼgʼri koʼrish uchun sharoit yaratishdan iborat boʼlishi bilan birga daʼvo talablari asosli ekanligini aniqlash, taraflarning huquqiy munosabatlarini, tatbiq qilinishi lozim boʼlgan huquqiy meʼyorlarni aniqlash, ishda ishtirok etuvchi shaxslar doirasini, shuningdek, nizoni mazmunan hal etish uchun taqdim etilishi lozim boʼlgan dalillarni aniqlashdan iborat boʼladi Download 117 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling