G’afur G’ulom lirikasining o’ziga xos xususiyatlari
Download 74.52 Kb.
|
G\'afur G\'ulom
Bizning oʻlkamizda yoʻqolur ofat,
Oʻlimni yengishga sizlar kandidat… Ertaning, ey adib va shoirlari, Kishilik ruhining injenerlari… Siz osmon ilmini suvday ichasiz, Yulduzdan yulduzga zumda koʻchasiz… Aʼlochi oʻgʻlonlar, aʼlochi qizlar, Vatan istagi ham xuddi ana shu. Shoirning bu davrda yozgan noyob va goʻzal asarlaridan biri “Sen yetim emassan” sheʼridir. Unda odamlarning ikkinchi jahon urushi yillarida yetim qolgan bolalarga boʻlgan vatanparvarlik, qardoshlik, insonparvarlik his-tuygʻulari yuksak mahorat bilan tarannum etiladi: Sen yetim emassan, Tinchlan, jigarim, Quyoshday mehribon, Vataning – onang, Zaminday vazmin-u, Mehnatkash mushfiq, Istagan narsangni tayyorlaguvchi Xalq bor – otang bor. Choʻchima, jigarim, Oʻz uyingdasan. Bu parchada Vatanning muazzamligini, uning mehri daryo kishilari quyma obrazlarda, loʻnda, taʼsirli ifodalanganligi har bir misrada koʻrinib turibdi. Shoir bolalarga yetimlik nima ekanligini tushuntirarkan, oʻzining achchiq yetimlik qismatini eslash orqali asarning taʼsir kuchini yanada oshirishga erishgan: …Men yetim oʻsganman, Oh, u yetimlik… Voy, bechora jonim, Desam arziydi, Boshimni silashga, Bir mehribon qoʻl, Bir ogʻiz shirin soʻz Nondek arzanda, Men odam edim-ku, Inson farzandi… Shoir sheʼrida gʻalabaning muqarrarligini zoʻr hayajon va koʻtarinki ruhda, obrazli misralarda ifoda etadi: Tong yaqin, Tong yaqin, Oppoq tong yaqin… Ulugʻ oilaning Goʻdak farzandi, Bilib qoʻy endi: Sen tezda ulgʻayib, Olam kezasan Haqorat yemirilur, Zulm yanchilur, Jahonda boʻlurmiz, Ozod, muzaffar, Sen yetim emassan, Mening jigarim! Gʻafur Gʻulomning bu sheʼri yoshlarda Vatanga sadoqat, vatanparvarlik va baynalmilallik hamda bosqinchilarga nafrat tuygʻularini tarbiyalashda katta ahamiyatga ega boʻlgan barkamol asardir. Urushdan keyin Gʻafur Gʻulom bolalar uchun “Sheʼrlar” (1946), “Tongotar qoʻshigʻi” (1949), “Bari seniki” (1953), “Bir gʻuncha ochilguncha” (1955), “Siz mening yoshligimsiz” (1958) sheʼrlar toʻplami va “Mening oʻgʻrigina bolam” (1965) voqeiy hikoyasini yaratdi. Gʻafur Gʻulomning bu davr ijodida bolalarning oʻziga xos orzu-umidlari, yuksak maʼnaviy olamlari, odob va axloqlari, oʻqish va intilishlari asosiy mavzuga aylandi. Jumladan, shoir “Oltin medal” sheʼrida oʻrta maktabni bitirayotgan oʻgʻil va qizlarga ishonch va umid koʻzi bilan qaraydi. Ularni kelajagimizning ishongan kishilari – “zamonlar tongining chiroqlari” deb tasvirlaydi: Sizsiz kelajak yoʻq, siz axir xalqning Ming yilni koʻrajak qarogʻlarisiz. Sizsiz yorimaydi osmonda Zuhra, Zamonlar tongining charogʻlarisiz. Shoir oʻlkamizning kelgusida yanada gullab-yashnashini, jahonda tengi yoʻq diyorga aylanishini orzu qiladi va yoshlarni ana shunday Vatanga munosib farzand boʻlishga, ilm-fanni egallashga undaydi. U yoshlarning ilm-fanda kamol topishiga zoʻr ishonch bilan qaraydi. Gʻafur Gʻulom bolalar va yoshlarni kattalarga, ayniqsa, otaonaga mehr-muhabbatli qilib tarbiyalash mavzusida koʻplab sheʼrlar yaratdi. Shulardan biri “Ona” sheʼridir. Shoir bu sheʼrida bagʻri ufqlardan ham keng onaning lirik obrazini yaratib, bolaning unga boʻlgan mehr-muhabbatini ifoda etadi. Shoir bolani chaqaloqligidanoq mehr-muhabbat bilan asrab, avaylab tarbiyalab kelgan onani taʼriflab, bu moʻtabar zotni eʼzozlaydi.9 Shoir sheʼrda onaga murojaat etib, uni qoya, yuksak togʻ, chaman bogʻ hamda quyoshga qiyoslaydi va onani ulardan yuqori qoʻyadi. Darhaqiqat dunyoda onadan ulugʻ zot yoʻq! U borliqqa jon baxsh etuvchi, olamni nurga burkovchi oftob misol qadrli, hatto undan ham azizdir. Sheʼr bolalarda onalarga chuqur muhabbat hissini uygʻotishda katta xizmat qiladi. Xulosa qilib aytganda, akademik shoir Gʻafur Gʻulom oʻzbek bolalar adabiyotini yuksaltirishga barakali hissa qoʻshdi. U yoshlar uchun yozgan asarlarida bolalarning quvnoq hayotini yurakdan berilib kuyladi. Uning asarlari bolalarni yaxshi inson boʻlib kamol topishga, aʼlo oʻqishga daʼvat etadi. II.3. G’afur G’ulomning urush davri lirikasi va uning xususiyatlari Shoir hayot haqiqatini falsafiy teranlik, publitsistik ko‘tarinkilik va jo‘shqinlik bilan kuyladi. Ana shuning uchun ham mashhur adib A. Fadeev: «G‘afur G'ulom o‘zbek she’riyatining eng o‘ziga xos va mislsiz hodisalaridan biridir... Eng latif lirikadan oratoriyagacha — uning diapozoni ana shunday. G‘afur G‘ulom she’rlari hamisha zo‘r fikr va teran tuyg‘ular bilan sug'orilgan. U tom ma’nosi bilan chinakam va katta shoirdir», — deb yozgan edi. G‘afur G‘ulom she’riyati lirik tuyg‘ularga, chuqur hissiyot tasviriga, yangi va ko'lamdor fikrlarga, falsafiy-badiiy umumlashmalarga boy. G‘afur G‘ulom o‘z uslubiga, o‘z ovozi va o‘z soziga ega bo‘lgan, she’riyatda ajoyib maktab yaratgan ulkan san’atkordir. G‘afurona she’r yozish zamonni mag‘rur kuylash, ona Vatanni va xalqimizni faxrlanib ulug‘lash, do‘stlik va tinchlik ishiga sadoqatni falsafiy misralarda tarannum etish demakdir. Shoir Maqsud Shayxzoda o‘z hamkasb do'sti G‘afur G‘ulom uslubi haqida fikr yuritib quyidagilarni qayd etgan edi: «Hamid Olimjon uslubida notiqlik priyomlari, Oybek uslubida og'ir (teran) falsafiy tafakkur, G‘ayratiy uslubidashioriy publitsistik motivlar yetakchilik qiladi. Bu xususiyatlar G‘afur G‘ulom ijodida ham mavjud. Lekin tobora o‘sish jarayonida uning o‘z yorqin uslubi shakllanib boradiki, bu holat uning she’rlarini, hatto uning imzosini ko'rmasangiz ham darhol tanib olishga lmkoniyat tug'diradi. Uning lirikasida chinakam hayajon bilan mutafakkirona mulohazalarning, jo'shqinlik bilan mayin ruhiy kechinmalarning, g‘azab va shafqatning, yumor va alamning, notiqlik bilan rassomlikning sintezini payqash qiyin emas».10 G‘afur G‘ulom ijodining bunday o‘ziga xos nodir xususiyatlari shoir yaratgan obrazlar olamida, g‘afurona mavzularda va poetik mazmunda, rang-barang shakllarda, badiiy til va uslubda yorqin namoyon bo‘ladi. Zotan, G‘afur G'ulom poetik uslubini belgilovchi asosiy xususiyatlar — falsafiylik va novatorlik, tezkorlik va hozirjavoblik, tarixiy aniqlik, milliylik bilan baynalmilallikning uyg‘unligi, xalqchillik va badiiy mukammallikdan iboratdir. G‘afur G‘ulom she’riyatida davr ruhi, zamon g‘oyasi boshdan-oyoq doimo bo‘rtib turadi. G‘afur G‘ulom 20-yillar boshida adabiyot maydoniga kirib keldi va o‘z she’rlari, hikoya, ocherk va felyetonlari bilan gazeta-jurnallarda ko‘rina boshladi. G‘afur G'ulom 1923- yildan to 1930-yilgacha besh yuzga yaqin she’r, hikoya, ocherk, doston, felyeton yozgan. Demak, u dastlabki davrdayoq sermahsul va ko‘pqirrali ijod sohibi bo‘lgan. To‘g‘ri, yosh ijodkorning bu davrda yaratgan ko‘p asarlarida hayot haqiqati chuqur badiiy umumlashma darajasida berilmas, ularning aksariyati badiiy jihatdan ancha bo'sh edi. Binobarin, shoir bu yillarda o‘qish, o‘rganish va izlanish — badiiy asar yaratish «siri»ni egallash davrini boshidan kechirdi. Demak, shoirning ijodiy kamolotga erishishi o‘z-o‘zidan va osonlikcha bo‘lmagan. Bunda uning xalq hayotini, so‘z san’ati «sir»larini sinchiklab o‘rganishi, o‘z badiiy mahoratini oshirish ustida tinmay ishlashi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Vaqt o'tishi bilan G‘afur G‘ulom haqiqiy, ulkan shoir bo‘lib yetishdi. U akademik shoir darajasiga ko'tarildi va jahon miqyosida shuhrat qozondi. G‘afur G‘ulomning ijodiy o‘sishida matbuotning roli katta bo‘ldi. Shoir turli yillarda «Sharq haqiqati», «Kambag‘al dehqon», «Qizil 0‘zbekiston» gazetalarida, «Yer yuzi», «Mushtum» jurnallarida ishlagan, o‘z asarlari bilan ularda faol qatnashgan. G‘afur G‘ulom o‘z ijodining rivojlanishida matbuotning roli haqida fikr yuritib: «Gazetaning mening gardanimda bo‘lgan haqi ustozning shogirdda bo'lgan haqidan ortiqdir. Gazeta men o'qigan oliy maktablardan biri va birinchisi bo‘ldi. O'zimda bor fazilatlardan ko‘p qismi uchun gazetadan va uning atrofida uyushgan, mendan ko‘ra peshqadamroq sog‘lom jamoadan juda ham minnatdorman», — degan edi. G‘afur G‘ulomning zabardast yozuvchi sifatida o‘sib, dunyoga tanilishida uning xalq og‘zaki ijodidan va o‘zbek mumtoz adabiyotidan olgan saboqlarining ahamiyati nihoyatda kattadir. G‘afur G‘ulomning, ayniqsa, Alisher Navoiyga ixlosi va e’tiqodi baland bo'lgan. G‘afur G‘ulom 30-yillarda turli mavzularda ballada va dostonlar ham yaratdi. Shoirning «I k k i vasiqa», «To‘u» balladalarida kishilar ongi va ruhiyatida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar liro-epik yo‘sinda aks etgan. G‘afur G'ulomning «Ko‘kan» dostoni badiiy jihatdan pishiq, uning uslubi ravon, tili sodda va obrazli. Shoir turli tasviriy vositalardan unumli foydalangan, chiroyli o‘xshatishlar, yangi sifatlashlar yaratgan. Shu bilan birga, mavzuni yoritishda tabiat manzaralaridan g‘oyat o‘rinli foydalangan. Shoir paxtazor peyzajini chizar ekan, manzaraning mayda, lekin xarakterli bo‘laklarini birinchi o'ringa chiqaradi va ularni ko‘zga tez ilinadigan, xotirada uzoq saqlanadigan darajada yorqin va jozibador qilib aks ettiradi. Natijada, asarda tasvirlanayotgan manzara yilning qaysi fasliga tegishli ekani aytilmasa-da, undagi peyzaj tasviridan shoirning maqsadi aniq ma’lum bo‘ladi. G‘afur G‘ulomning juda ko‘p she’rlari hayotimiz, odamlarimizning ulug‘vorligini ta'kidlaydi, asarning qimmatini shu ulug‘vorlikni qay darajada ifodalagani bilan o‘lchash kerakligini aytadi. U fashist bosqinchilariga qarshi kurashga ikki yil to‘lar - to‘lmas kunlarda yozgan "Birinchi she’r" asarida yuqoridagi fikrni kishilarimizning harb maydonidagi mislsiz fidokorligidan tug‘ilgan tashbehda chiroyli ifodalagan: Halok bo‘lgan bir soldatning Ko‘ylagidek lola rang Bitta polkning bayroqi Ming "Shohnoma" dostonin Qonlar bilan bitgulik. G‘afur G‘ulom poeziyasining eng muhim fazilatlaridan biri -uning hayotiyligidir. Hayotiylik muammosi poeziyada realizmning shakllanishida eng muhim, markaziy masalalardan biridir. 30-yillar shoirning adabiy hayotida katta hodisa bo‘lgan "Dinamo" va "Tirik qo‘shiqlar" to‘plamlari ham, shu davrda yaratilgan boshqa poetik asarlari ham erkin mehnat nash'asini, turmush go‘zalligini aks ettirishga bag‘ishlangan. Shoirning dil-diliga ta'sir etgan, ongida chuqur iz qoldirgan, his-tuyg‘ularini junbushga keltirgan jonajon ishi uning "Turksib yo‘llarida", "Yalovbardorlikka", "Olqish", "Tagdo‘zi", "Ko‘kan" va "Misr ehromi" kabi asarlari, "To‘y", "Ikki vasiqa" singari manzumalarda aks etgan. G‘afur G‘ulom urushning birinchi kunlaridanoq o‘zini safarbar his etdi. To‘rt yillik urush davri shoir uchun shiddatli ijod yo‘llari bo‘ldi. G‘afur G‘ulomning urush yillarida yaratgan she’rlari chuqur vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan asarlar edi. Bu asarlar g‘oyat samimiyligi, insoniyligi tufayli urushning eng og‘ir damlarida xalqimizga madad berdi, ruhini bardam qildi. Shoirning bunday she’rlari qatorida "Kuzatish", "Qish", "Sog‘inish", "Xotin", "Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak", "Suv va nur" kabilarni tilga olish mumkin. Uning she’rlarida davrning ilg‘or, progressiv g‘oyalari juda katta poetik kuch bilan tarannum etildi. Masalan, "Sen yetim emassan" she’rida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, chuqur internatsionalizm tuyg‘usi, kishilarimizga xos bo‘lgan ezgulik yorqin ifodalangan. U urush tufayli yetim qolgan bolalar fojiasini o‘z shaxsiy fojiasiday qabul qiladi.Urushdan keyingi yillarda ham G‘afur G‘ulom she’rlari bilan zamon talabiga hamisha "labbay" deb javob berib keldi. Uning "Yashasin tinchlik!", "Pol Robsonga", "Biz tinchlik istaymiz", "Bu sening imzong", "Tinchlik minbaridan" kabi publitsistik ruh bilan sug‘orilgan she’rlarida millionlab odamlar qalbida jo‘sh urgan tinchlik istagi yorqin ifodalangan. G‘afur G‘ulomning bu davr she’riyatida internatsionalizm ruhi yanada chuqurlashadi. U "Qozoq elining Ulug‘ to‘yi", "Qardosh tojik xalqiga o‘zbek xalqidan salom", "Samad Vurg‘unga" kabi poetik asarlarida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni ulug‘ladi. G‘afur G‘ulom she’riyatining qamrovi keng, poetik fikrlari teran, uslubi ravon. Biroq shoir ijodida shaxsga siqinish va turg‘unlik davri tazyiqi bilan sodir bo‘lgan jiddiy nuqsonlar, madhiyabozlik, hayotni bo‘yab, bezab, ortiqcha maqtab aks ettirish, qo‘shib yozish -yo‘q narsani bor deb talqin etish hollari ham uchraydi. G‘afur G‘ulom zukko shoirgina emas, mohir prozaik hamdir. Uning prozaik asarlari ham o‘zbek nasrida realistik metodning takomil topishida, qolaversa, yangi madaniyat rivojida salmoqli o‘rin tutadi. G‘afur G‘ulom ijodining ilk davrida ham, undan keyingi bosqichlarda ham ko‘pgina nasriy asarlar yaratgan. 20-yillarda uning she’riy kitoblari bilan birga bir necha nasriy kitoblari ham chop etilgan. U umrining so‘ngida ham "Gilos danagidan tasbeh" degan hikoyalar to‘plamini nashr etdiki, bu kitob qisqa muddat ichida adabiyot muxlislarining chinakam muhabbatiga sazovor bo‘ldi. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, 20-yillarning o‘zida G‘afur G‘ulom respublika matbuotida 500 dan ortiq feleton e’lon qilgan. Ular orasida "Muloqot", "Darg‘a", "Katta kuch" kabi ocherk va feletonlari ahamiyatga molikdir. G‘afur G‘ulom "Asarlari"ning 7-tomi ocherk va publitsistikadan iborat bo‘lib, unga yozuvchining o‘ttiz sakkizta ocherki kirgan. Ular, albatta, G‘afur G‘ulom yaratgan ocherklarning bir qismi, xolos. Lekin ularga qarab ham, atoqli adibning ocherkchilik sohasidagi faoliyati nechog‘li samarador bo‘lganini ham, mahorati qanchalik yuksak ekanini ham bilib olsa bo‘ladi. Uning 35 yildan ortiqroq muddat davomida yaratgan ocherklari o‘zida zamon nafasini mujassamlashtirgan, davr ruhini bugungi kun kitobxoni uchun avaylab saqlab kelgan asarlar sifatidagina emas, mazmunan teran saviyada yozilgan asarlar tarzida ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Bir vaqt shoir G‘afur G‘ulom Moskvadagi yuksak minbardan turib: "Men o‘zbek xalqi nomidan gapiraman", - degan edi. Ha, bunday qilishga u to‘la haqli edi, chunki "Oltin medal" she’rida xuddi shunday misralarni uchratish mumkin: Sizsiz kelajak yo‘q, siz axir xalqning Ming yilni ko‘rajak qaroqlarisiz. Sizsiz yorimaydi osmonda zuhro, Zamonlar tongining charoqlarisiz. Aslida G‘afur G‘ulom ijodi 20-yillarda xuddi shu xildagi "Go‘zallik nimada?", "Feliks bolalari" singari yoshlarbop she’rlar bilan boshlangan bo‘lib, ulardan urush davrida o‘zbek xalqining ruhini, insonparvarligini kurrai zaminga so‘z orqali namoyish qiluvchi "Sen yetim emassan" kabi o‘lmas badiiy kashfiyotlar o‘sib chiqqan edi. Bu she’rida G‘afur G‘ulom urush tufayli yetim qolgan bolalarga munosabat muammosini faqat o‘ziga xos yo‘sinda, yangicha talqin etib, "tong yaqin"ligi timsolini qo‘llash vositasida insoniyatning fashizmdek vabodan xalos bo‘lishi muqarrarligi to‘g‘risidagi haqiqatni kishilar ongiga, qalbiga yetib boradigan darajada yuzaga chiqargan edi. Bolalar, yoshlar va umuman, insoniyat borlig‘i, kelajagi, baxt-saodati haqidagi falsafiy mushohadalar va ularning takrorlanmas badiiy ifodasi G‘afur G‘ulomning ko‘p asarlariga, xususan, "Vaqt" singari she’rlariga umrboqiylik baxsh etgan omillardan bo‘lsa ajab emas. 11 G‘afur G‘ulom insonning xuddi shu yigitlik pallasini Ulug‘lash uchun ham g‘oyatda go‘zal tashbehlar, jonlantirish, sifatlash, o‘xshatish, istioralar topa olgan: Yigit omon bo‘l sa, xavfu xatar yo‘q, Qalqon bor, qal'asi but, qo‘rg‘on salomat. Qizlar kulgusida avju daromad, Chollar uyqusida jannat, farog‘at. Yigitlar bor joyda qizlar kulgusi jaranglashi haqida ko‘p shoirlar yozishgan, lekin yigitlar tufayli qo‘rg‘on salomat" ekanligi to‘g‘risidagi jonlantirishni boshqa bironta ham adib ijodida topib bo‘lmasa kerak. Hatto dunyoga tanilgan rus shoiri Yevgeniy Yevtushenkoning xuddi shu mavzudagi "Agar yer yuzi yigitlari" deb atalgan va mashhur qo‘shiqqa aylanib ketgan she’rida ham bunga o‘xshash noyob jonlantirish uchramaydi. Shunday tasviriy vositalar va yuqoridagi kabi "Kuzatish", "Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak", "Siyohdon", "Qani mening yulduzim" she’rlari, "Hasan kayfiy", "Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi" singari hikoyalar G‘afur G‘ulom o‘zbek xalqining haqiqiy milliy adibi ekanligidan dalolat beradi. Shu bilan birga G‘afur G‘ulom tor milliy qobiqqa o‘ralib qolmasdan, eng oliy umumbashariy muammolar ustida erkin qalam tebratadigan, tom ma'nodagi baynalminal shoir edi. Bunga uning birgina "Men yahudiy" she’ri misolida to‘la iqror bo‘lish mumkin. Fashistlar Kiyev shahri yaqinidagi Babiy yar degan joyda to‘qson ming yahudiyni tiriklayin yerga ko‘mgan bir paytda, million-million yahudiyni gaz kameralariga tashlagan choqida G‘afur G‘ulom baralla: "Men yahudiy", - deya bong urgan va hech bir xalqni kamsitish mumkin emasligini otashin so‘z vositasida jahonga eslatib qo‘ygan edi. Mazkur she’r hozir ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q, chunki deyarli har kuni qandaydir terrorist dunyoning turli burchaklarida yahudiylarni o‘ldirganligi, ta'qib etganligi to‘g‘risidagi xabarlar tez-tez eshitilib turadi. So‘nggi paytlarda ahyon-ahyonda G‘afur G‘ulom zamonasozlik qilganligi, o‘tkinchi voqealarni yoki shaxslarni madh etib she’rlar yozganligi haqidagi gaplar takrorlanadigan bo‘lib qoldi. Balki G‘afur G‘ulom chindan ham hukmron mafkura va siyosat tazyiqiga berilib, shunday she’rlar yozgandi, ammo shoir asarlarining barchasini o‘tkinchi yoki endilikda yaroqsiz deb hisoblash insofdan bo‘lmaydi. Balki shoirning tinchlik uchun kurash mavzuidagi ko‘plab she’rlarini o‘tkinchi deb hisoblaydiganlar bordir. Axir, endi fashizmga qarshi jang sadolari tingan. Xerosima va Nagasakiga atom bombasi tashlangan. Koreya va Vetnamda yangi urushlar boshlangan bir paytda shoirning uyg‘oq vijdoni tinchlik uchun kurashga chorlovchi bong urmay tura olarmidi? So‘nggi yigirma yil davomida Afg‘onistondagi urushlar to‘xtamayotganligi, Chechenistondagi qirg’in-barot janglari o‘sha she’rlarning hozirgi kunlarimiz uchun ham qadr-qiymati pasaymaganligini ko‘rsatmasmikin? Xuddi shuningdek, G‘afur G‘ulomning yuqori paxta hosili uchun kurash to‘g‘risidagi she’rlarini ham o‘tkinchi deb bo‘lmasa kerak. Agar ularni, aniqroqi, bittagina "O‘zbek elining g‘ururi" she’rini sinchiklab o‘qisak, unda G‘afur G‘ulomning mo‘l hosil uchun kurashga chaqirish bilan bir qatorda paxta yakkahokimligi, uning mehnati nihoyatda og‘irligi haqidagi fikrni ham san’atkorona ifodalaganligining guvohi bo‘lamiz. Mana o‘sha misralar: Bir kilo xolis paxta chit bo‘lib to‘qilguncha, Minglab moki otilur, minglab urchuq aylanur. Shu paxta o‘sib-unib, pishib terilgunicha Kiprigimiz ming karra tolalarga boylanur. G‘afur G‘ulom bu misralarda paxta mehnati tufayli odamning boshdan-oyoq chang-to‘zonga ko‘milib ketishi haqidagi fikrni "kiprigimiz ming karra tolalarga boylanur", -degan kutilmagan mubolag‘a yordamida ustalik bilan ifodalagan. She’r yozilgan vaqtlarda bu haqiqatni shundan boshqacha ifodalash qiyin edi. Xuddi shunday san’atkorona topilgan tashbehlar, yuksak mahorat va iste’dod namunasi bo‘lgan o‘lmas she’rlar G‘afur G‘ulom ijodida juda ko‘pdir. Ulardan biri "Sog‘inish" she’ri bo‘lib, G‘afur G‘ulom mazkur asarida chinakam badiiy kashfiyotlarga qodirligini isbotlagan edi. Uning dastlabki misralarini eslaylik: Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh, Eng kichik zarradan Yupitergacha O‘zing murabbiysan, xabar ber, quyosh. She’rda muallif yig‘layotgan otani yetim bo‘taga o‘xshatyapti. Bunday noyob o‘xshatish ko‘p asrlik jahon poeziyasida uchramasa kerak. Mana bunday badiiy kashfiyotlar, chinakam san’at durdonalari, umrboqiy asarlar yaratganligi sababli G‘afur G‘ulom, uning o‘z so‘zlari bilan aytganda, "o‘zbek elining g‘ururi"ga aylangan edi. XULOSA G‘afur G‘ulom so‘nggi nafasigacha ijod etdi, mehnat qildi. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishladi. Badiiy asarlar bilan bir qatorda ko‘plab ilmiy maqolalar yozdi, tarjimalar qildi. O‘zining asarlari ham o‘nlab tillarga o‘girildi. Mehnatlari evaziga u O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy a‘zo etib saylandi. Respublika Oily kengashiga deputat bo‘ldi. Unga «Ozbekiston xalq shoiri» yuksak unvoni berildi. Badiiy asarlari sovetlar mamlakatining eng yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Uning o‘n ikki jilddan iborat mukammal asarlar to‘plami bosilib chiqdi. Adib deyarli butun ongli umri davomida o‘zining bor iste’dodini, mahoratini, kuch-quvvatini o‘zbek xalqining ruhini, mohiyatini, tafakkurini, o‘y-tuyg‘ularini, orzu-umidlarini, borlig‘ini go‘zallik va badiiyat qonuniyatlari vositasida ochib berishga baxsh etgan edi. G‘afur G‘ulomning o‘zbek xalqi orasida topgan hurmat-u ehtiromi ham shoirga uning nomidan so‘zlashga to‘la huquq berar edi. Shoirning o‘zbek eli orasida qanday e’zoz-e’tibor qozonganligini tasavvur qilmoq uchun quyidagi parchani eslashgina kifoya qilsa kerak: Sen bu kun sinfda shod yurak bilan Sinov navbatini kutib turasan. A'lo mamlakatning a'lo farzandi, Bilib qo‘yki, seni vatan kutadi. Bu misralar hammamizga yoshligimizdan, birinchi sinfdan yod bo‘lib ketgan. Balki XX asrning o‘rtalarida dunyoga kelgan butun o‘zbek xalqini G‘afur G‘ulomning mana shunday she’rlari tarbiyalab voyaga yetkazgan bo‘lsa ajab emas. Zeroki, G‘afur G‘ulom "A'lo Mamlakat" va "vatan" deganida, birinchi navbatda, jonajon O‘zbekistonimizni ko‘zda tutgan hamda uning tuprog‘ida yashovchi xalqning baxtini, kamolotini orzu qilgan. G‘afur G‘ulom yoshlar tarbiyasi haqida juda ko‘p qayg‘urgan va o‘zining bu masalaga oid o‘y-fikrlarini ta'sirchan hamda zargarona so‘z vositasida ifodalar edi. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Mirziyoyev Sh.M. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va farovonligining garovi // Xalq so‘zi, – 2016 yil 8 dekabr 2. Mirziyoyev Sh.M: Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi. // Xalq so‘zi, – 2017 yil 16 iyun 3.Mamajonov S. Uslub jilolari. – T: Adabiyot va san’at, 1972 4. Matyoqubova T. G‘afur G‘ulom badiiyati. – T: Fan va texnologiya, 2006 5. Nazarov B. G‘afur G‘ulom olami. – T: Fan, 2004. 6. G‘afur G‘ulom. Mukammal asarlar to‘plami. 5 t. – T : Fan, 1986 7. G‘afur G‘ulom. Mukammal asarlar to‘plami. 6 t. – T: Fan, 1986 8. G‘afur G‘ulom. Mukammal asarlar to‘plami. 12 tomlik. 12 tom. – T : Fan, 1989 9. Jumaboyev M. O’zbek bolalar adabiyoti. –T.: O’qituvchi, 2002, -290 bet. 10. Jumaboyev M Bolalar adabiyoti. –T.: O’qituvchi, 2011, 260 bet. 1 Мирзиёев Ш.М. Қонун устуворлиги ва инсон манфаатларини таъминлаш – юрт тараққиёти ва фаровонлигининг гарови // Халқ сўзи, – 2016 йил 8 декабр 2 Мрзиёев Ш.М. 2017 йилнинг 15 июнь куни Тошкент шаҳрида бўлиб ўтган: “Ижтимоий барқарорликни таъминлаш, муқаддас динимизнинг софлигини асраш – давр талаби” мавзусидаги анжуманда сўзланган нутқ. // Халқ сўзи, – 2017 йил 16 июн, № 119 (6813). 3 Мамажонов С. Шоир ва замонавийлик. – Т: Фан, 1963 4 Мамажонов С. Ғафур Ғулом прозаси. – Т: Фан, 1966 5 Мамажонов С. Услуб жилолари. – Т: Адабиёт ва санъат, 1972 6 Ғафур Ғулом. Мукаммал асарлар тўплами. 5 т. – Т : Фан, 1986 7 Ғафур Ғулом. Мукаммал асарлар тўплами. 5 т. – Т : Фан, 1986 8 Mamasoli Jumaboyev.“Bolalar adabiyoti” Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013. 9 Mamasoli Jumaboyev.“Bolalar adabiyoti” Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013. 10 Матёқубова Т. Ғафур Ғулом бадиияти. – Т: Фан ва технология, 2006 11 Назаров Б. Ғафур Ғулом олами. – Т: Фан, 2004. Download 74.52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling