G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar


Download 0.55 Mb.
bet14/18
Sana24.12.2022
Hajmi0.55 Mb.
#1057136
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18
Bog'liq
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar-fayllar.org

Jan Shaplen

Yigirma to'rt soat qoidasining asoslanishi va e'tirozlarning ziddiga



<...> Shunday qilib, men quyidagi fikrni asos sifatida olaman: barcha dramatik asarlarda taqlid shu darajada mukammal bo'lmog'i lozimki, toki taqlid predmeti bilan taqlid qilayotgan narsa orasidagi farq sezilmasin, chunki taqlid qilayotganning vazifasi tomoshabin dilidagi betizgin hislarni jilovlash maqsadida narsalarni haqiqiy va realdek taqdim etishdan iboratdir; fahmimcha, poeziyaning barcha turlari uchun asosiy bo'lgani holda, bu qoida hammasidan ko'ra ko'proq tomoshabin tasavvurini lol qoldirish va taqdim etilayotgan narsalarning haqiqatligiga beshak ishonchini mustahkamlash uchungina muallif shaxsi yashiringan dramatik poeziyaga taalluqlidir. Shu maqsadni ko'zlaganlari holda, qadimgi shoirlar aktyorlar tilidan ayttirilgan so'zlar va ular ijro etgan rollarga mos liboslar bilangina qanoatlanib qolmay, tomoshaning dinamikligini kuchaytirganlar, sahnada yurish va talaffuz ohangdorligini mukammallashtirganlar - bularning bari taqlidni ayni haqiqatning o'ziga o'xshatish va u tomoshabinlar ongiga haqiqatda sodir bo'lgan voqyealar bevosita shohid bo'lganlarga ta'sir qilishi mumkin bo'lgandek taassurot qoldirishi uchun qilingan. Mazkur shart-sharoitlarga qaramay, qadimgilar tomoshabinlar diqqatiga ishonmaganlari va o'z holicha sahnada tasvirlanayotgan go'yo haqqoniy hislarni ko'ngildan kechira ololmasligi xavfidan cho'chiganlari bois, mazmunni tushuntirish uchun ko'p spektakllarga pesa voqyealarini o'z raqslari va jonli harakatlari bilan imitatsiya qiluvchi raqqoslarni kiritganlar; ayni vaqtda, pardalar orasidagi tanaffus paytida tasvirlanayotgan hislarga mos musiqa ijro etib turilgan; bularning bari barcha vositalar orqali tomoshabinni o'zini haqiqatda yuz berayotgan voqyeaga shohid bo'layotgandek his qilishga majbur etish, real sharoitda tabiiy tarzda yuzaga keluvchi qalb harakatini sun'iy yo'l bilan qo'zg'atish maqsadida qilingan. Qadimgilar qoldirgan yo'riqlar - personajlarning yoshi, odatlari, voqyea joyi, fabulaning birligi va uning davomiyligi, qisqa qilib aytganda, haqiqatga monandlikka erishishni ta'min etishga qaratilgan, amal qilish qat'iy tavsiya etilgan va har qanday poema uchun zarur qoidalar ham xuddi shu maqsadga xizmat qiladi; bularning bari bitta niyat bilan - tomoshabinda ko'rganlarining haqiqatga monandlik darajasini muhokama qilish va ularning haqiqat ekanligiga shubha qilish imkonini qoldirmaslik uchun qo'llanadi.
Hammasi shundayligi va tomoshabin spektakldan foyda olishga (ya'ni, teatr tomoshasini haqiqatda yuz berayotgan voqyeadek kuzatish) qobilligini nazarga olgan holda, qadimgilar, o'ylashimcha, voqyeaning bir kun doirasidan chiqib ketishi tomoshabin uchun asarni haqiqatga monand emas qilib qo'yadi deb hisoblagan holda o'zlarini yigirma to'rt soat qoidasi bilan cheklaganlar; tomoshabinlar esa, ularni shoir istagan vaqt davomiyligiga ishonishga moyil etuvchi tasavvur qobiliyati borligiga qaramay, o'sha tasavvurni inkor qiluvchi ikkita aniq kuzatuvchi va guvohga - ko'zlar va muhokama qobiliyatiga ham egalar: shu bois pesa qanchalik haqiqatga monand bo'lmasin, ular undagi sun'iylikni payqamay qolmas va unga ishonolmas edilar, ishonchsiz esa poeziyaning ta'sir qilishi mumkin emas. Bu jo'yali fikrning asosi, agar yanglishmayotgan bo'lsam, shuki, rivoyaviy asarlarda tasavvur shoir chizgan yo'ldan itoatkorona boradi, chunki unda vaqtni siqish va shartli o'tgan muayyan kun va oylarni real o'tgan vaqt sifatida qabul qila olishdek favqulodda qobiliyat bor, bu unga ishonish va taassurotlarini o'zining cheksiz imkoniyatlari bilan muvofiqlashtirishga yo'l ochadi; dramatik poemalarning hakami esa ko'z bo'lib, uning imkoniyati cheklangan va uni o'zi ko'rayotgandan ko'proq ko'rishga majburlab bo'lmaydi, shunga ko'ra, insonning ayrim narsalar haqidagi fikri ko'z tomonidan, uning o'sha narsalarni qanday ilg'ay olganiga muvofiq tarzda belgilanadi.

Agar o'zingiz keltirgan o'xshatishdan foydalansak, unda aytish mumkinki, bu o'rindagi holat xuddi qoidaga muvofiq chizilgan suratga monand: yaxshi musavvir har vaqt bitta asosiy voqyeani tasvirlaydi, mabodo boshqalarini ham tasvirlashga to'g'ri kelsa, ular yo bir yonda va yo orqaroqda joylashadi va albatta asosiy voqyeaga tobelanadi; boz ustiga, ular bir kun doirasidagi voealar bo'ladi, yolg'iz shu uchunki, ko'z bir paytning o'zida bittagina narsani qamray oladi, uning ko'rish qobiliyati ma'lum makon bilan cheklangan. Demak, agar surat o'ziga hakam qilib belgilangan ko'z imkoniyatlariga muvofiqlashtirilmasa, narsalarning yorqin tasviri bilan ishontirish va hayajonlantirish, hayratlangan ko'zni esa o'z foydasiga aldanishga majbur qilish o'rniga tasavvurga tasvirdagi narsaning yolg'onligini fosh etishga imkon yaratilgan va san'atning o'z vazifasini bajarishiga, - tomoshabin hislarini haqiqatni tasdiqlash orqali qo'zg'atishiga to'sqinlik qilingan bo'lur edi. Yagona vaqtdagi bitta voqyeaning tasvirlanishi musavvir uchun ahamiyati jihatidan boshqa barcha unsurlarning, qaysiki, johillar da'vosicha go'yo yolg'iz shulargina suratning tomoshabinga ta'sirini ta'minlovchi unsurlarning mavjudligidan aslo kam emas; demak, agar suratda ikkita turli vaqt va joy aks etsa, u haqiqatga monand bo'lmay qoladi va shu tarzda xuddi ko'zning tasvirdagi soxtalikni tanib olishiga imkon yaratiladiki, bu xuddi suratda agar jismning qismlari o'zaro nomutanosib birikkan, nur va soya betartib sochib yuborilgan, predmetlarning uzoqligi va yaqinligi hisobga olinmagan hol kabi bo'lar, qisqasi, har bir predmet ostiga �bu odam�, �bunisi ot� deya yozib qo'yishga to'g'ri kelur edi. O'ylaymanki, yuqorida aytilgan xulosalar tabiatning o'zidan keltirib chiqarilgan bo'lib, garchi uning asosli ekanligi tasdig'i uchun yana ko'p dalillar keltirish mumkin bo'lsa-da, men masalaning negizini bayon qildim deb o'ylayman, shu bois, mening fikrimcha, hal qilib bo'lingan masalada diqqatingizni ortiqcha tutib turmay, mushohada qilish imkonini Sizga qoldiraman.



<...> Men avvalo shundan kelib chiqamanki, yigirma to'rt soat qoidasining tan olinishi yoki inkor qilinishini hozirgi mualliflarga nisbat berib bo'lmaydi va bizga qadar qadimiyatdan bu qoidaga amal qilinmagan birorta bo'lsin dramatik asar yetib kelgan emas; shuning uchun Sizning go'yo bu yangi davrning kashfiyoti va unga qadimgilar rioya qilgan emas degan qat'iy da'voingiz meni hayron qoldirdi. Toki siz hyech qursa bitta misol bilan qadimgilar ushbu qoidaga amal qilmaganini isbotlamas ekansiz, men Siz o'z foydangizga ishlatgan dalillar men uchun ham mutlaq yaroqli degan da'voda turaman. Innaykeyin, modomiki biz teatr tomoshasining asosiy maqsadi sahnada tasvirlangan hislarning kuchi va ko'rgazmaliligi bilan tomoshabinni to'lqinlantirish va shu orqali dilini uni xuddi shunday baxtsizliklarga olib kelishi mumkin bo'lgan yomon odatlardan tozalash degan masalada Siz bilan hamfikr ekanmiz, men haqiqatga monandlikka asoslanmagan teatrda bunday samaraga ega ta'sir bo'lishi mumkinligini, dramatik shoir tomoshabin aqlini noxush lol etadigan va pesada nomuvofiqliklar bor deya zarracha bo'lsin ishtiboh tug'diradigan narsalarni chiqarib tashlamasdan turib o'z maqsadiga erisha olishi mumkinligini tasavvurimga sig'dira olmayman.
Shoir tomonidan ikki yoki uch soat doirasiga zichlangan o'n yillik voqyeadan ko'ra ham haqiqatga monand emasroq boshqa yana biron narsa mavjud bo'lishi mumkin deb o'ylamay olmayman, chunki tasvir o'zining barcha qismlarida imkon boricha tasvirlanayotgan narsaga ko'proq muvofiq bo'lishi lozim, shunday muhim tarkibiy qismlardan biri esa vaqtdir; shu bois taqlid qilishga mo'ljallangan teatrda vaqt maqbul nisbatlarda, ya'ni, tasvirlanayotgan voqyeaning haqiqiy davomiyligiga muvofiq bo'lmog'i; aks holda, taassurotlarga to'lib ketgan tomoshabin ko'zi uch soat davom etgan spektakl asnosi oylar va yillar o'tib ketganiga o'zini ishontirishi mahol, har neni muhokama etuvchi ong esa haqiqatda bunday bo'lishi mumkin emas, demak, g'irt yolg'on narsaga diqqatini jalb qilganini e'tirof etadi, natijada o'ziga foydali bo'lgan boshqa narsalarni ham endi oldingidek teran idrok etmaydi, bas, o'zida hyech bir ta'sir sezmaydiki, busiz shoir mehnati zoedir.
Shunday qilib, asarni qabul qilish chog'ida tomoshabin zarracha bo'lsin yolg'on degan ishtibohga bormasligi haqida qayg'urish sharti shunchalik muhimki, bu qoida haqida fikr bildirgan ko'plab nazariyotchilar asar yaratish uchun birgina haqiqatga monandlikning (garchi u dramatik asarning poetik mohiyatini tashkil qilsa ham) o'zi kamlik qiladi, agar syujet asosiga haqiqatda yuz bergan voqyea olinmasa, tragediya yaxshi sanalishi mumkin emas deb hisoblaganlar; ularning aytishiga ko'ra, bu narsa davlat yo qirollar hayoti bilan bog'liq yirik voqyealar odatda hammaga ma'lum ekanligi, bas, agar tasvirlangan narsaning to'qima ekanligi haqida shubha tug'ilsa, unga nisbatan ishonch va faqat shu ishonchga asoslangan ta'sir kuchi yo'qoladi. Bu o'rinda tomoshabin e'tiborini bironta xato tafsilot bilan chalg'itmaslik va spektakldan kutilgan foydani olishi uchun zarur ishonchiga rahna solib qo'ymaslik o'ta muhimdir.
Sizning ikkinchi e'tirozingizga kelsak, eng yaxshi dramatik poema deb eng ko'p voqyealarni qamrab olganini hisoblamoq kerak degan fikrni inkor qilaman va buning aytamanki, aksincha, poemada bitta, shunda ham uncha uzun bo'lmagan voqyea bo'lmog'i kerak, aks holda, u tasavvurni qiyinlashtiradi va xotiraga og'irlik qiladi. Xuddi shuning uchun ham qadimgi shoirlarning bari sahnada voqyealar haqida hikoya qilish usulidan foydalanganlar, shuningdek, tomoshabin boshqa joyda sodir bo'lgan voqyealarni bilib turishi uchun asarga jarchilarni kiritganlar, bu bilan ular sahna voqyeasini yengillashtirganlar. yechim poemadagi aqlni lol qilib uni dramaturg istagan holatga keltiruvchi yagona,- zero, bungacha kelgan voqyealar o'z-o'zicha natijaga ega emas va ularning mazmuni yechim bilangina to'liq ro'yobga chiqadi,- qism bo'lgani bois, qadimgilar maqbqul taassurot qoldirish niyatida voqyea mazmunini tugal ochib berishni oqilona tarzda yechimga surib kelganlar, chunki bunda avval sodir bo'lgan voqyealarning bari umumlashtiriladi. Bu bilan, sahna haqiqatga monandligi haqida qayg'urgan va bitta uzluksiz butun tarzida faqat haqiqatda bir kun davomida kechgan voqyealarni taqdim etgan holda, ular teatrni voqyealarning uzun silsilasida bo'lishi muqarrar chalkashliklardan forig' etganlar. Mening o'zimga kelsak, yuz bergan voqyealar haqida sahnada hikoya qilish,- ayniqsa, agar u syujet uchun zarur, buning ustiga, muallif topib aytgan gaplar va go'zal nutq figuralari u bilan yonma-yon borsa, yana xuddi barcha salaflarimizda bo'lgani kabi muallif uni ritorik so'roqlari bilan bo'lib va ajoyib tavsiflar bilan boyitib tursa,- nega odatdagi suhbat asnosi hikoya qilishdan ko'ra zerikarli bo'lishi kerakligini tushuna olmayman.
Uchinchi e'tirozingizga javob berarkan, qayd etishim kerakki, Siz teatrga kelayotgan tomoshabinda bo'ladi deb bilgan ruhiy holat ziddiyatlidir. Zero, garchi sahnada tasvirlangan narsa to'qima degan fikr to'g'ri bo'lsa-da, shunga qaramay, tomoshabin unga voqyelikka muvofiq narsaga qaraganday qarashi lozim; agar tomoshabin jillaqursa spektakl davomida uni shunday deb bilmasa va akterlar bilan birga dard chekmasa, poeziya mohiyatida mavjud ezgulikdan bahra ololmaydi, holbuki, ezgulik baxsh etish poeziyaning asosiy vazifasidir. Shunday qilib, agar kimki, Siz aytmoqchi, teatrga sahnada taqdim etilgan narsada cho'pchakni ko'rish niyati bilan kelsa va muallif yetaklagan tomon yurmasa, u poeziyaning vazifasini nazarga ilmagagan va olish mumkin bo'lgan foydadan ixtiyoriy voz kechgan bo'ladi. Meni Sizning uch soatli spektakl davomida go'yo yigirma to'rt soatlik voqyealar kechdi deb tasavvur qilish qanchalik qiyin bo'lsa, xuddi shu uch soat davomida o'n yillik voqyealar kechganini tasavvur qilish ham shunchalik qiyin, degan mulohazangiz ko'proq qiziqtirdi. Biroq bir kun bilan o'n yil orasida katta farq borligidan tashqari, gap uzoq bo'lmagan davomiylik va undan sal kattaroq davomiylik nisbati (men ikki soatning yigirma to'rt soatga nisbatini nazarda tutyapman) haqida borganida tasavvurni aldash ham qisqa vaqt davomiyligining ancha katta davomiylikka nisbati (xuddi o'sha ikki soat bilan o'n yil nisbati) haqida borgandagiga qaraganda xiyla osonroq; o'ylaymanki, sahna akterlardan holi va auditoriya intermediyalar va musiqa bilan band qilib turilgan antraktlar tomoshabin tasavvurida yigirma to'rt soatga yetishmayotgan vaqtni to'ldiradi. Agar bu muhokamam yetarli bo'lmasa, men yana quyidagilarni qo'shaman: uch soat davomida haqiqatda yigirma to'rt soat mobaynida kechgan voqyealarni tomosha qilarkan, ong, hyech bo'lmasa spektakl vaqtida, voqyealar taxminan bir sutka ichida kechganini osongina ehtimol qila oladi. Boz ustiga, agar yigirma to'rt soat deyilar ekan, bu shoirning xuddi shu muddatga rioya qilishi uchun emas, balki tasvirlanayotgan voqyeaning davriy chegarasini ko'rsatish uchungina; axir odatda voqyealar odatda kun chiqishi bilan kun botishi oralig'ida, ya'ni yarim sutka davomida sodir bo'ladi, bu esa voqyea davomiyligini ikki karra qisqartirib, har gal ongning voqyeani aslidagidan ko'proq vaqt davomida kuzatdim deya ishonishini osonlashtiradi. Sizning dramatik poeziya bilan epik poeziyani qiyoslaganingiz va shu asosda chiqargan, agar epik poeziyada ko'p yillarga cho'zilgan tarixni hikoya qilish mumkin bo'lsa, dramatik poemada ham shunday bo'lishi mumkin, degan xulosangizga kelsak, nazarimda, men bunga yigirma to'rt soat qoidasini uning mohiyatidan kelib chiquvchi dalillar yordamida asoslagan holda qoniqarli javob qildim va tomoshabinning dramani qabul qilishdagi imkoniyatlari bilan epik poemani qabul qilishdagi tasavvur erkinligini qiyoslab bo'lmasligini ko'rsatib o'tdim.
Fikrimni mustahkamlash uchun yana qo'shib qo'yaman: garchi vaqt davomiyligi masalasida ko'zning hakamlik qilishga qobilligini inkor qilishga intilish mavjud bo'lsa-da, uning moddiy tushuncha bo'lmish voqyea joyi haqida ham salohiyatli hukm qila olmasligi, turli joylarda kechayotgan voqyealarni tasvirlash uchun shoir tomonidan kiritilgan o'zgarishlarni sezmasligi haqida gapirib ham bo'lmaydi. Modomiki voqyea vaqtining uzun bo'lishi birdan ortiq joyni ko'rsatish zarurati (zero, o'n yil davomidagi tarix go'yo bitta joyda kechayotgandek tasavvur hosil qilishning imkoni yo'q) bilan muqarrar ravishda bog'liq ekan, ko'z o'zi qadalib turgan ro'baro'sidagi sahna shoir ilk bor taqdim etganidan boshqa bo'lib qolganiga ishonishga qodir bo'la olmaydi; buning natijasida teatr tomoshasi yolg'on va g'ayritabiiy deb topiladi.
Faqat taqlidgina poeziyani yaratadi, poeziya mukammalashish uchun o'zga qoidalarga muhtoj emas deyilgan oltinchi paragrafga javob qilarkan, men ta'kidlaymanki, haqiqatga monandlik - poeziyaning ajralmas xususiyati, har qanday sharoitda poeziyaga hamroh bo'lish uning zimmasidagi vazifa va agar haqiqatga monandlik yordam qo'lini cho'zmasa, poeziya o'z holicha ojizdir.
Sizning hozirgi zamon teatri faqat huzur bag'ishlash uchungina yashaydi va agar yigirma to'rt soat qoidasiga (Sizning so'zlaringizga ko'ra, turli xor, jarchilar va musiqachilar uchun o'ylab topilgan) amal qilinmasa, tomoshadan olingan huzur har gal kattaroq bo'ladi, demak, huzurni o'ylab bu qoidadan kechmoq kerak, tarzidagi da'voingizga kelsak, o'ylashimcha, ularning ikkisini ham bir yon uloqtirishning o'zi kifoya, chunki, menimcha, ularni isbotlash juda qiyin bo'ladi. Shunday bo'lsa ham, birinchisi masalasida quyidagilarni aytaman: agar zamonamizga xos did teatrning vazifasini huzur bag'ishlashdangina iborat bilib, uni qachonlardir yaratilishidan ko'zda tutilgan asosiy maqsad bo'lmish foyda keltirish imkonidan mahrum qilgan bo'lsa, bu go'yo xato isloh qilingan didni har jihatdan ma'qullash kerak degan ma'noni anglatmaydi, aksincha, teatrni o'zining dastlabki holatiga qaytarishdan muhimroq vazifa bo'lmasligi kerak, zero, tabiat ham bizga o'git beradiki: faqat yaxshidan eng yaxshiga yo'naltirilgan o'zgarishlargina maqtovga sazovor, aslo yaxshidan yomonga yo'naltirilganlari emas. Demak, teatrga xos foydalilikdan voz kechish o'rniga men unga xorlar, jarchilar va musiqachilarni qaytarishnigina emas, agar buning iloji bo'lsa, unga qadimgilarning haqli niyatlarini ro'yobga chiqarishga aytilganlardan ko'proq yordam beradigan yana qandaydir boshqa qismni ham qo'shishni talab qilgan bo'lardim.
Mabodo, Siz aytganday, foydalilikka bu xil e'tiborsiz qarash haqiqatan ham mavjud bo'lganida edi, u kamchiliklarni qonun sifatida taqdim etayotgan va o'ta jiddiy deya ezgulikdan voz kechayotgan zamonamizning yana bir adolatsizligi bo'lur edi. Tabiatda o'zining asosiga ega bo'lganki narsalarning buzilishi har vaqt halokatlidirki, bunga ishonish bani basharga nisbatan gunoh qilish demakdir. Biz ko'rib turibmizki, tamizli kishilar saodati uchun ilmlar va san'atlar qaytadan o'zlarining ilgarigi jilolariga ega bo'lib, uzoq mudroqdan so'ng endi jonlanmoqda, ularning bari shu xayrli intilishda uyg'onmoqda; biz esa qadimiyat merosini munosib e'zozlab1, endiyoq undan voz kechayotirmiz. Nahotki har neda qadimning ezguliklariga taqlid qilganimiz holda, biz qadimda muhim rol o'ynagan teatr sohasidagi namunadan voz kechishni istasak-da, ayni shu sohada varvarligimizcha qolsak? Xullas, men bu xil qarashni, garchi unga moyillik mavjudligi haq gap bo'lsa-da, qoralayman va ikkinchi da'voingizga o'tarkan, yanada oshiribroq aytamanki: hatto mazkur da'vo qonuniy bo'lib, teatrning huzur baxsh etishdan o'zga maqsadi bo'lmaganida ham, o'sha tuzatishlar kutilganiga tamom zid oqibatlarga olib keishi muqarrar edi; kutilgan huzur o'rniga - men uni ko'paytirish haqida gapirayotganim ham yo'q - ular haqiqiy huzur bilan soxta huzurni farqlaydigan kishilarda nafrat uyg'otgan bo'lur edi. Zero, adolatli hukm shuki, huzur tartib va haqiqatga monandlikdan kelib chiqadi, donishmand salaflarimiz ham ayni shu, hozirda yo'qolish xavfi ostida qolgan asoslarga tayanib huzur baxsh etganlar. Mabodo betartiblik va teatr ta'sir kuchining susayishidan huzur olib bo'lsa ham, u o'ta beparda, ahli odob va ahli fazllardan bo'lish uchun tug'ilgan aqllarni befarq qoldiradigan huzur bo'ladi. Men voqyealar uyumini emas, spektakl tomosha qilishni istayman; men shoir tomoshabinlarning qusurlariga emas, qiziqishlariga moslashishini istayman va hyech qachon o'z do'stimga Rosius2 bo'lgandan ko'ra ahmoqlar va faqat zohiran haqiqiy xalq bo'lib tuyuluvchi, aslida esa ablahlar va jamiyatning chiqitlaridan iborat qora xalqqa ma'qul kelishnigina o'ylaydigan Tabaren bo'lish ma'qul deya maslahat bermayman. Mening masalani tushunishim shunday, uni tugal hukm deya da'vo qilmaganim holda, to'lasicha Sizning muhokamangizga havola qilaman.
Siz ayrim shoirlarning tomoshabin fabuladan bilib olishi kerak bo'lgan narsalarni aktyorlar tilidan monolog sifatida ayttira boshlaganini bema'nilik deb bilasiz. Men buni sizdan-da ko'proq qoralayman va mabodo pesa sahnalariga tartib berishimga to'g'ri kelsa edi, unda har gal qandaydir bir personajni kiritgan bo'lardimki, uning voqyealar haqidagi hikoyasi voqyealar rivojining ayni paytida mantiqli bo'lsin; agar faqat bitta hikoyachini kiritsam, uning xabari jonli ijro bilan baqamti borar va hislarni yaxshiroq ifodalashga xizmat qilgan bo'lur edi. Zero monolog - faqat uning sof rivoya shakli emas,- u sahnaga g'irt ahmoqlardan tashqari barchaga xos bo'lgan ichki nutqni ifodalash uchun kiritiladi; bu masala chuqur o'rganilgan va Jiraldi3 tomonidan qoniqarli darajada hal qilingan. Nihoyat, oxirgisi: Siz teatrda she'r bilan, hatto qofiyali she'r bilan gapirishlarini yoqlamaysiz; men Sizga to'la qo'shilaman va buni shu darajada sezilarli bema'nilik deb hisoblaymanki, faqat shu tufayligina men, nechog'lik yengib bo'lmas intilishim bo'lgan chog'ida ham, dramatik poeziya bilan shug'ullanish istagini tamom yo'qotgan bo'lur edim. Aytish mumkinki, bu jihatdan bizning tilimiz har qanday boshqa tilga nisbatan badbaxtroq, negaki, u faqat she'riy misralarga rioya qilishgagina majbur emas, balki spektalda har qanday haqiqatga monandlikni, zarracha bo'lsin sog'lom fikrga ega tomoshabinda esa ishonchni o'ldiruvchi qofiya mustabidligiga ham chidashga mahkum.
Paolo Beni4 maxsus risolasida teatr she'rning har qanday turidan voz kechishi lozimligini ta'kidlagan edi. Qadimgi shoirlar foydalangan she'rlarda uyg'unlik mutlaqo yo'q bo'lib, ular ko'proq nasrga o'xshar edi. Italyanlarning ko'p sonli komediya va tragediyalaridan faqat Karretoning �Sofonisba�sigina qofiyali, qolgan barchasi yo nasrda, yo ritmi deyarli sezilmaydigan erkin she'r bilan yozilgan; she'riy yo'lda yozgan Lope de Vegani istisno qilinsa, ispanlarning hammasi ham, garchi boshqa qoidalarga amal qilmasalar-da, haqiqatga monandlikka putur yetkazmaslik uchun bu odatni saqlab qoldilar va o'z komediyalarida, xuddi italyanlar singari, nasr yoki qofiyasiz she'rdan foydalandilar. Faqatgina biz, so'nggi varvarlar, hamon adashib yuribmiz va eng yomoni, biz bundan qanday qilib voz kechishimiz mumkinligini men tasavvur ham qilolmayman5. <...>
Izohlar:

1. Oje singari Shaplen ham o'rta asrlarni va o'rta asrlar san'atini qoralaydi. U antik an'analarning qayta jonlanishini ma'qullaydi. Biroq, Ojedan farqli o'laroq, Shaplen antik teatrning to'laroq restavratsiya qilish tarafdori: u sahnaga xorlarni, xabarchilarni, musiqiy jo'rlikni qaytarishni taklif qiladi. Bularning bari u oldinga surgan bosh talab - foydalilik talabi bilan bog'liq.


2. �Rosius bo'lgandan Tabaren bo'lish ma'qul deya maslahat bermayman� - Shaplen o'ziga xos xalq maydon tomoshalariga nafrati bilan italyan komik maskasini (Tabaren) fozil gumanizmga (Rossi) qarama qarshi qo'yadi. Tabaren (haqiqiy ismi Antuan Jirar, 1584-1633) - yarmarka sayllari va xalq tomoshalari o'tazilgan Yangi Ko'prik degan joyning mashhur qiziqlaridan. Jan Viktor Rossi(1577-1647) - italyan olimi, qadimgi tillar bilimdoni; satira, dialog va epistolalar muallifi.
3. Jiraldi - Jiraldi Chinsio nazarda tutiladi.
4. Paolo Beni (1552-1625) - filolog olim, tanqidchi, ko'plab munozarali tadqiqotlar va sharhlar, jumladan, Aristotel �Poetika�siga sharhlar muallifi.
5. Jodelning �Asira Kleopatra�sidan (1552) boshlab qofiyali she'r bilan yozilgan fransuz �to'g'ri� tragediyasi shakllandi. Bu klassitsizm metodiga muvofiq shakl sifatida keyin ham saqlanib qoldi. Bualo �Poetik san'at�ida tragediya muallifi tomoshabinlar olqishiga she'rining go'zalligi bilan sazovor bo'lganini yozadi.
Literaturn�e manifest� zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.265-272


Download 0.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling