G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar


Download 0.55 Mb.
bet18/18
Sana24.12.2022
Hajmi0.55 Mb.
#1057136
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18
Bog'liq
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar-fayllar.org

Nikola Bualo

She'riy san'at


Birinchi qo'shiq
Qalamkash degani bizda oz emas,
Barisi Parnasga tirmashurlar, bas.
Va lekin kimgakim tabiat ato
Aylamish, o'shanga qo'nadi Humo. <...>
Ey siz, omad kutib qalam olganlar,
Tumtaroq nom uchun ichi yonganlar,
Ko'nglingiz behuda g'amga to'libdi,
Qachon qofiyaboz shoir bo'libdi. <...>


<...> Shoirki haddini bilmasa yomon,
Yo'lidan adashib qolar begumon:
Farening1 do'sti bor shunday g'alati,
May haqida yozib she'riy vaysaqi,
Mayxona devorin chaplardi nuqul,
Bugun jur'at bilan kuylamoqchi ul -
Bani Isroilning ilhomlarini <...>
Fojea, eklogmi, balladami u,
Ma'no qofiyadan tushmasin ayru. <...>
Qofiya sabot�la izlansa agar,
"Labbay" deb xizmatga bosh egib kelar.
Band etar o'zini ma'no toriga,
Baxsh etar borini hukmdoriga.
Zarra erk topsa�chi, ko'tarar isyon,
Aql orqasidan quvib sargardon.
Bas, she'rga chiroyu ko'rk bo'lsin ma'no,
She'rning boshiga bo'rk bo'lsin ma'no!
Ba'zilar yozarlar go'yo alahlab,
Na ma'no, na mezon bo'lmaydi payqab,
Yozgan har satrida bitta ta'kid bor:
U - tanho, o'zgaga o'xshamas zinhor!
Ergashmang ularga. Quruq dahmaza,
Italyan shuaro2 topgan nasiba.
Hammadan muhimi ma'nodir, ma'no,
Yo'lida necha bor dovon bor ammo.
Ortiga qaytmagay daryoning yo'li,
Fard bo'lur odatda ma'noning yo'li.
Ba'zida boshlarkan shoir bir gapni,
Ko'rsatmoq bo'ladi hamma tarafni.
Qasrni ko'z�ko'zlab avval oh urar,
Keyin bir�bir kezib bog' aylantirar.
Mana bu minora, mana bu peshtoq,
Ko'shklar, ayvonlar muzayyan, porloq
Shipda shamsiyalar yonadi yorqin,
"Gullar, chechaklardan har yonda yolqin!"
Shunday tasvir ketar yigirma varoq,
Men deyman: bu bog'ni tark etay tezroq.
Qoching sanoq sanab, kechinishlardan,
Uzun va tumtaroq chekinishlardan,
Ortiqcha tafsilot she'rga zeb emas,
Me'daga tekkan u, endi yetar, bas.
O'zni jilovlashi kerakdir shoir.


<...> Istaysizmi, sizni sevsinlar jondan,
Qoching bir xillikdan, qochingiz undan!
Ming'illab oquvchi, yakrang satrlar
Uyqu daryosiga bizni g'arq etar. <...>


<...>Baxtlidir ul shoir, ko'z yosh, tabassum
She'rida bir yo'la topsa tajassum. <...>


<...>Nafis, sodda bo'lsin sizning hikoya,
Faqat u maroqli bo'lsa kifoya.
Buzmang, oz emasdir vaznning kuchi,
Toki manzur ko'rsin sizni o'quvchi.
Teng ikkiga bo'ling har bir misrani,
Yarqirab ochilsin ma'no chamani.
Diqqat nazaringiz charchab tolmagay,
Unlilar orasi ochiq qolmagay.
Ohangdosh so'zlardan oqizing to'lqin,
Undoshlar behuda solmasin shovqin.
She'rda ma'no bo'lib, bo'lmasa jarang,
She'r - nochor, shoirning esa holi tang. <...>


<...> Goho mavhumlikka yo'qdir nihoya,
Tumanga burkanib yotadi g'oya.
Aql nuri yorib o'tolmas zinhor,
Avval o'ylab, keyin yozmoqlik darkor!
Aytmoqchi fikringiz ravshanmas, xira,
Siz uni yozmoqqa shoshilmang sira.
Fikr ravshan tortib, yonarkan lov�lov,
Kerak so'zlar o'zi quyilar darrov.
Tilning qonunlari - daxlsiz qonun,
Qutlug' va qat'iydir ular siz uchun.
Ohangi yot bo'lsa, tartibi buzuq
Bunday she'r o'ziga tortolmas tuzuk.
Xorijiy so'zlarga yo'l bermang sira,
Aniq, yorqin bo'lsin jumla, ibora.
Unday qofiyaboz3 kulguli g'oyat -
Ki, ko'kdan so'z ilg'ab, qoralasa bayt.
Ba'zan tezlatishga farmon bo'lsa ham
Oshiqmay�toshiqmay tebrating qalam4.
Xovliqma jumlalar she'rga zeb emas,
Shoirki oshiqsa, uning aqli past. <...>
She'rga sayqal bering, jilolar bering,
Bir misra qo'shsangiz, uchni o'chiring.
She'rkim, sahvi ko'p, xatosi bisyor,
Uni o'qimoqqa kimda toqat bor?
Shoir joylashtirsin barin jo�bajo,
Kirishu xotima topsin bir ado.
Hukmini yuritib, na baland, na past -
Bo'laklarni etsin bir�biriga payvast.
Oqsin voqyealar bir oqim bilan,
Oniymas, muntazam bir yolqin bilan.
Jamoatning fikri qo'rqinchmi sizga?
Bas, qattiqqo'l bo'ling asaringizga.
Nodonlar yoqtirar hamdu sanoni,
Siz esa do'stlardan so'rang bahoni.
Tanqid, e'tirozlar, hujumlarki bor,
Sizga haqiqatni ko'rsatar oshkor.
Kibru havolardan bo'lishingiz yiroq,
Xushomadgo'ylarga solmangiz quloq.
U maqtab, orqadan toshlar otadir,
Sizga tahsin emas, maslahat zarur!
Goho yaxshi do'st ham aylab mahobat,
Sizni osmonlarga ko'tarar faqat. <...>
Do'sti sodiq ulkim, uchmay havoga,
Fikringiz jalb etar sahvu xatoga.
Biror nogiron bayt, zaif bir misra
Uning nazaridan qutulmas sira.
Mana bu o'rinda undov bema'ni,
O'chirar unda so'z, bunda jumlani.
Bu yerda mazmun bo'sh, xira, notamom,
O'quvchi fikrini chalg'itar tamom.
She'riyat muhibi so'zlaydi shundoq,
Ammo kamgap, o'jar shoir�chi, qandoq
Asarin himoya aylar betinim,
Go'yo qarshisida do'st emas, g'anim:
"Menimcha, mana bu ifoda dag'al",
Shoirimiz bu on: "Rahm eting sal��-pal,
O'sha tura tursin...� - �Mana bu misra
Cho'ziq va beta'sir". - "Mukammal, sara!"
"Mana bu jumlaga aniqlik zarur".
"Afv eting, shu jumla hammaga manzur!"
Xullaski, ne demang, rad etadi u,
Asari boyagi�boyagi - "suluv",
Ammo ko'kragiga urar har zamon:
Qani, hukmingizni ayting beomon...
Bular bari hiyla, odatiy ilmoq,
Sizga she'r o'qishga qo'yilgan tuzoq.
Mana, u shod, mag'rur jo'naydi olg'a,
Avrab she'r o'qish�chun boshqa kimsaga.
Uni ham qarmoqqa olar, hoynahoy,
Darvoqye asrimiz avomlarga boy!
Ular yuqorida, ular quyida,
Knyaz davrasida, gersog uyida.
Noshud qofiyaboz tinmay urib bong,
E'tibor qozonsa ularda, ne tong.
Qo'shiqni tugatdik, yasaymiz yakun:
Johillar bo'lishar johilga maftun.
IKKINChI QO'ShIQ

<...>Idilliya bilmas: manmanlik nadir,
Yuvosh bir nafosat unga onadir.
Unga soddaligu kamtarlik - qanot,
Yarqiroq, dabdaba baytlar unga yot.
Bizning yuraklarga quyilgan roz u,
Balandparvoz emas, mayinparvoz u.
Ba'zan qofiyaboz tutaqib yomon,
Nay bilan surnayni otar bir tomon.
Eklog o'rtasida shart turib nogoh,
Taratar karnaydan jangovar sado.
Pan chopar pildirab qamishzor sari,
Daryoga qochishar suv parilari.
Boshqasi dog' solar eklog yuziga,
Ortiqcha hirs qo'yib avom so'ziga5. <...>
Topmishlar mo'tadil nuqtai oliy
Yunon Feokrit6, rimlik Vergiliy.
Ularni kunu tun aylang tatabbu,
Ularda she'r bo'lib quyilar tuyg'u.
yengil qanot berar o'shalar sizga,
Surur, sabot berar o'shalar sizga. <...>
Ba'zilar jonimga tegmish, rosti gap,
Ishq haqida ishqsiz yozishar, ajab.
Oh urib, to'karlar yolg'on ko'z yoshi,
Safsata sotarlar ko'pirib�toshib.
Aslida sovuq va beparvo ular,
Nuqul yozganlari: zanjir, kishanlar7.
Azob�iztirobga etarlar sajda,
Soxta so'zlaridan yuraklar zada.
Amur amri bilan yozganda Tabull8,
She'rida tabiiy sayramish bulbul.
She'rni Ovidiyga o'rgatgan o'sha9,
Rubobiy pardani o'rnatgan o'sha,
Elegiya so'rar samimiy tuyg'u. <...>
Ha, aytganday, o'sha tangriyi�makkor
Shuaro ahliga qahr etgan kuni
Kashf etmish Sonetning qonunlarini.
Shart qo'ymish avvalo qo'sh katren10, deya,
Ularni ulasin ikki qofiya.
Ikki terset bilan tugasin Sonet,
Xulosa fikrni tashisin terset.
Apollon Sonetga tayinlab nizom,
Ko'rsatmish vazniyu hijosini ham.
Shoir unda so'zni takror etmagay,
Jo'n gapni sonet deb ash'or etmagay.
Ishidan mamnundir tangrimiz, illo,
Chiroyli bir sonet dostondan a'lo.
Shoirlar yillarkim o'shanga asir,
Sonetlar ko'p bizda, biroq beta'sir.
Gombo, Menar, Malvil11 mashqlari faqat
Bir hovuch she'rxonga baxsh etmish hayrat.
Pellete12 soneti go'sht o'rashga bop,
Sersi13 qassoblarga sotar kilolab.
Xullaski, shoirlar Sonetga hayron:
Ba'zida tor kelar, ba'zan bepoyon.
Uncha ham injiqmas Epigramma,
Uning qo'sh satrida uchqur zamzama.<...>
Har bir yetuk doston, poemaga xos -
Chiroy bor, o'shaning chamaniga mos.
Ballada - qofiya to'la roz bilan,
Rondo - sodda, ma'sum ohang�soz bilan,
Ishqiy Madrigal ham samimiy surur,
Nur bilan dillarga g'oyat xush kelur.
Satira haqiqat bo'lib barq urar,
Olamga qahrmas, mehr yog'dirar.
Mag'rur Rimga uni ilk bor boshlagan,
Bor gapni hayiqmay aytib tashlagan -
Lutsiliy14 kibordan etmay andisha,
Fuqaro qasosin olgan ham o'sha.
Goratsiy kulgusi qanot yozgan chog',
Puchak, oliftaga tushardi titroq.
Abadiy shon taqdi ular nomiga,
Ham rioya etdi she'r nizomiga. <...>
Mabodo durustroq she'r yozib bir kun
Boshingiz aylanib, bo'lmangiz majnun.
Ba'zan beiste'dod, g'o'r qofiyaboz
Mana, men - shoir, deb o'zni tutar g'oz
O'xshatib yozgani birgina kuplet,
Uxlamas, har kecha yozmasa sonet.
Uyg'onib, yopishar yana qalamga,
Yozganim yoyilsin, deydi, olamga.
Jildimni bezasin Nanteyl15 zar bilan,
Suratim lirayu gulchambar bilan!
UChINChI QO'ShIQ

<...> Shoirlar, teatr zalida so'ngsiz�
Hukmdor bo'lishni istaysizmi siz?
Istaysizmi xush ko'rsin Parij,
O'lmas asaringiz yashnab erta�kech,
Yuksak sahnalarda bo'lsin namoyon,
Odamlar oqimi tinmasin bir on?
Bas, sizning qalamda hislar-otashlar
Qo'zg'atsin sevinchlar ila ko'z yoshlar!
Yuksak bir ehtiros, savdoyi baland
Titratib, dillarga solmasa kamand,
Yoqmasa yurakda og'riq iztirob,
Mehnatingiz zoe, holingiz harob!
Sovuq satrlarga maqtov yog'magay,
Sizga deb bir kimsa chapak chalmagay.
Safsata sahnaga yarashmas mutloq,
Tomoshabin boqar beparvo, mudroq.
Dillarga yo'l toping: zafarga garov -
Sheringizda yongan hayajon�olov.
Chiroyli bir tugun, harakat, a'mol
Bizni olib kirsin qissaga darhol. <...>
Qadimda sho'x�shodon, dag'al saviya
Xalq bayrami edi Tragediya. <...>
Esxil xorga ikki qahramon qo'shdi
Aktyor yuzini niqob-la to'sdi,
Yaxshiroq namoyon bo'lsin�chun sahna
U yog'och oyoq ham buyurdi yana.
Esxil hayot edi, Sofokl daho
Sahnani yanada ayladi zebo.
Xorni voqyeaga yo'lladi o'sha,
So'zni sayqalladi shunga yarasha.
Xullas, teatrni ayladi osmon,
Rim qoldi yetolmay, poyida hayron.
Teatrni sanab bekorchi yumush,
Fransuzlar avval ko'rishmadi xush16.
Parijda ilk bora shunday bir hunar -
Ko'rsatganmish go'yo bir to'p qalandar.
Tasvir ayladilar ular osmonni,
Tangrini, rasulni, gala shaytonni.
Va lekin pardani chok etdi aql,
Sahnani ulardan pok etdi aql. <...>
Ishq�hayot chashmasi, manbai amal
Sahna va romanni ayladi qamal.
Ishqiy mojaroni tasvirlab yakka,
Siz kira olursiz har bir yurakka. <...>
Mayda qahramonlar romanlarga ep,
Jasur bahodirlar bo'lsin sizga zeb. <...>
Nomutanosiblik romanlarga xos,
Ularni o'qiymiz, zerikmasak bas!
Keskin muhokama bu yerda bekor,
Biroq teatrning o'zga hukmi bor.
Hukmrondir bunda mantiq va qonun,
Birovni sahnaga boshlashdan oldin
Lozimdir hozirlash zarshunos kabi,
Toki tirik bo'lsin, toki tabiiy! <...>
Teatrga yozish � sharafsiz mehnat,
Unda bilag'onlar bisyordir behad.
Ma'qul qilish qiyin, ular beomon,
Hay�haylab, hyech kimga berishmas omon. <...>
Shoir ko'rsatolsin dil parvozini,
Alamni, umidni, ishqning rozini. <...>
Shunday sayqal bersin, shunday bir qanot,
She'ri yuraklarda qolsin umrbod.
Tragediyamiz, mana, ne demak.
Biroq Epopeya undan ham yuksak,
Sokin, tantanavor oqar to'lqini,
Afsona va xayol oqizar uni.
Xayollar olami unda bepoyon,
Unda hamma narsa kasb etadi jon:
Venerada�chiroy, mangu malohat,
Minervada� aql, so'nmas zakovat.
Yomg'irni, chaqinni aylagan bino
Qora bulut emas, Yupiter xudo.
Hayqirib, samoga irg'itgan to'lqin�
Shamolmas, dengizlar tangrisi-Neptun.
Aks sado emas uchgan jaranglab,
Parilar yig'lashar Narsisni chorlab.
Go'zal xayollarni tizib birma�bir,
Sehr va joziba bag'ishlar shoir. <...>
Go'zal xayollarsiz she'riyat - o'lik,
Baytlar so'lg'in boqar, satrlar so'nik.
Sovuq bir voizga aylanar shoir,
U quruq safsata sotishga qodir.
Antik siymolarni she'rdan bir yo'la
Haydamoq bo'lganlar haq emas sira17.
O'xshatmoq bo'lishar, ajabo, kimni,
Antik xudolarga olloh karimni.
Nuqul yozganlarni do'zax, bilsangiz
Va yana Lyusifer, bir gala iblis...
Ular bilishmaski, a'lodan a'lo -
Iso mo'jizasi xayolmas aslo.
Yozganlari solar dillarga dahshat,
Aybingga tavba qil, deyishar faqat.
Ular qalamida, xullasi kalom,
Injil rivoyatga aylanar tamom!
Ruhlar bilan mudom jang qilgan mal'un -
Iblisni hijjalab tasvirlash nechun?
Axir, u tangriga qasdlar aylagan,
Yaratgani bilan bahslar aylagan...
Bilaman, Tassoni etarlar ibrat,
Uni tanqidlashni etmasdim niyat.
Lekin men bir yo'la aytayin shu on:
U Italiyaga keltirmasdi shon�
Shunday qahramonni yaratmasaydi,
Iblisga rohi rost ko'rsatmasaydi,
Rinoldo, Tankred bizlarni ba'zan
Sevinch, qayg'u bilan etmasaydi band...
Xristianlarni kuylagan shoir
Sayramas majusiy qavmiga doir.
Bu to'g'ri, ammoki, juda bema'ni -
Raddi badal etmoq mif�afsonani.
Shohu gadolarni, tosharkan ummon,
Xeronga tashimoq bo'lsa qatag'on;
Pan sirli nayidan ayrilib qolsa,
Bog'lardan bayramu bahra yo'qolsa -
Yo'q, aslo bo'lmagay, yolg'on samar bu, -
She'riyat mulkiga koni zarar bu! <...>
Qadim rivoyatlar latofatga boy,
Hatto nomlarda ham jimirlar chiroy.
O'qing: Eney, Gektor, yelena, Paris,
Axill, Atrey, Nester, Orest va Uliess.
Shoir qahramonga nafosatni ep -
Ko'rarkan, atamas Xildebrant18 deb.
Bunday nom g'ijirlab, tegadi tishga,
Yuraging bezillar takror etishga.
Shuhrat istasangiz, sizning qahramon
Hayajon baxsh etsin bir olam�jahon.
Bo'lsin u xashaki hislardan xoli,
Ya'ni, sadoqatu vafo timsoli.
Ulug'vor ishlarga qo'l ursin dadil,
Sezar, Lyudovikka monand bo'lsin ul.
Polinik va uning ukasinamo19
Manfur, xiyonatkor bo'lmasin aslo.
Voqyea yotmasin tog'dek qalashib,
Gomer kuylar ekan daryodek toshib,
Axill g'azabini etgandi doston,
Voqyeaparastlik asarga ziyon.
Quyma, ixcham bo'lsin sizning hikoya,
Boy va ko'rkam bo'lsin sizning hikoya.
Joziba quyilsin tamom asardan,
Puchak mayda�chuyda qolsin nazardan.
Maslahat shu sizga: baland bo'lsin did,
Qandaydir nodonga aylamang taqlid. <...>
Uzuq�yuluq yozmang, cho'ziq�behudhud.
Sipo va kamtarin boshlangiz doston, <...>
Oppoq sahifaga qalam to'kkan nur
Baxsh etsin jonlarga halovat, huzur.
Buyuklik va jilo payvasta bo'lsin,
Jimjimador emas, orasta bo'lsin. <...>
Venera nafosat belbog'i bilan20
Gomerning belini bog'lamish chindan.
U buyuk xazina yashirgan tog'dir,
Barcha asrlarga sharbat bulog'dir.
Ajab sehrgar u, so'z otashida -
Mangu surur yashar, mangu nashida.
Yashar baytlarida maftunkor bir ruh,
Puchak so'zbozlikni yoqtirmaydi u...
Suyilib, me'daga tegmas hyech qachon,
Syujet rivojlanar tabiiy, ravon.
Oqar misli zilol, sokin bir daryo,
So'z, satr mo'ljalga urar bexato.
Gomerni sevingiz - u yuksak amal,
Saboqlar bergusi bebaho, go'zal. <...>
Fojea ko'plarni etarkan shaydo,
Komediya bo'ldi izidan paydo.
Afinada uni xushchaqchaq yunon
O'q qilib raqibga otdi beomon. <...>
Komediyada shon quchmoq bo'lsa kim,
Bilsinkim, tabiat unga muallim.
Insonlar qalbini tinglasa shoir,
Yuraklar zarbini anglasa shoir,
Tushunsa bashangni, hardamxayolni,
Anqovni, rashk aro o'rtangan cholni,
Ularni sahnada o'ynata olur,
Solib har maqomga, so'ylata olur.
Ko'zimiz o'ngida jonlansin tugal
Quyma qiyofalar, anvo kulgular.
Tabiat har kimga berib mohiyat,
Baxsh etmish shunga mos xulqi xosiyat.
Ular fe'l-atvorda bo'ladi zohir,
Ularni avvalo ilg'aydi shoir.
Bizni o'zgartirar har lahza zamon,
Qari chol yigitga bo'lmagay monand. <...>
TO'RTINChI QO'ShIQ
Florensiyada yashab bir banda21,
Ozroq tabib edi, ko'proq kushanda.
O'latga o'xshardi bu hoziq hakim,
Dastidan behisob bolalar yetim.
Kasridan qazoyi muallaq hazor,
Og'a�inisini ko'mib, azador...
Tumovdan zotiljam etardi hosil,
Qo'lida dorimas, zahri halohil...
Shahardan qorasi o'chdi bir kuni,
Taklif etmish edi qasriga uni.
O'lim chetlab o'tgan sobiq bir bemor -
Abbat22, me'morlikka maftun, havaskor.
Shunda bizning tabib, go'yoki Mansar
Me'morlik bobida ko'rsatdi hunar.
Imorat rejasi yomon, dedi u,
Yonida qurilsin ayvon, dedi u.
Zinani orqaroq olingiz faqat...
G'ishtchini shu zamon chaqirar abbat.
U ham bu kengashni ma'qul deb topar,
Xullas, rivoyatni etsak muxtasar,
Tabib tushib oldi to'g'ri yo'liga,
Chizg'ich, qalam oldi endi qo'liga.
Galen zahmatini tark etdi abad,
Ajoyib me'mor deb qozondi shuhrat.
Ushbu hikmat bo'lsin mulki yodingiz:
Novvoylikda bo'lsa iste'dodingiz,
Bu juda alomat, juda ham go'zal,
Qofiyabozlikdan ming marta afzal!
Pishirsang, yo tiksang, qura olsang, bas,
Peshqadam bo'lmoqlik bunda shart emas.
Lekin she'riyatda bu yo'l - bedodlik.
O'rtacha bo'lishlik - beiste'dodlik.
Sovuq qofiyaboz - bebahra shoir,
Penshenmi, Buaye - barisi bir go'r.
Kim o'qir Rampalni, Menardverni,
Man'on, Sue, Korben, Lamorl'erni.
Masxaraboz degan alhol kuldirar,
Sovuq qofiyaboz lekin o'ldirar.
Motenning muzlagan she'ridan ko'ra
Berjerak kulgusi afzal ming karra. <...>
Shoir tirik inson, kitob qurtimas.
She'rda qoyil qilib, jamoat ichra -
Bo'lmang, qup�quruq deb kulgu�masxara.
Shoirlar baxsh etsin sizga ehtiros,
Oltin, kumush emas, shuhrat va e'zoz23.
Kimki yozar ekan yonib bezavol,
Unga qalam haqi haloldan halol. <...>
She'r buyuk ishlarga shunday hissador!
Ne�ne istiqboldan so'ylamish ash'or.
Titroq olomonga kohin har yo'la
Feb hukmini aytmish yangroq she'r ila.
Gomer asrlarga kamand tashlagan,
Qalblarni jasorat sari boshlagan.
Gesiod24 o'rgatgan - asl g'allakor
Nechuk sarfi hunar etmog'i darkor.
Shoirlar so'zida yangragan hikmat
Insonlarga bo'lgan tariyqi ibrat.
Jaranglab, quloqqa xush yoqqan kalom
Qalblarga quyilib, band etgay tamom. <...>
Izohlar:
1. �Farening do'sti bor...�-"Qutqarilgan Muso" epik poemasining muallifi Sent-Aman ko'zda tutiladi.
2. �Italyan shuaro...� - XVII asr boshlaridagi italyan she'riyatida hukm surgan oqim - "marinizm" vakillari ko'zda tutiladi. Ular asosiy e'tiborni tashqi she'riy shaklga qaratishgan.
3. "Unday qofiyaboz kulguli g'oyat"-Demare de Sen-Sorlen (1595-1676) ko'zda tutiladi. U "Xloding" poemasining so'nggi qo'shig'i "qudrati oliy"dan kelganini aytib maqtangan edi.
4. "Oshiqmay-toshiqmay tebrating qalam" - Skyuderiga ishora. U "buyurtma"ga ko'ra shoshilinch yozganini aytib, asarini oqlamoqchi bo'lardi.
5. "Ortiqcha hirs qo'yib avom so'ziga" - Bualo she'riyatga oddiy xalq tiliga xos so'z-iboralarni kiritishni yoqtirmagan. Uning nazaricha, idilliyalarda kuylangan cho'pon qizlar qandaydir shartli, "yuksak" til bilan so'zlashlari lozim.
6. Feokrit (eradan avvalgi III asr) - idilliyalari bilan mashhur yunon shoiri.
7. "Nuqul yozganlari zanjir, kishanlar..." - shoir Buatyur (1598-1648)ga ishora. Bualo u va unga o'xshash shoirlar ijodidagi qaytariq, qotib qolgan jihatlar ustidan kuladi.
8. Tabull (eradan avvalgi 55-19 yillar) - yirik rim shoiri, ishqiy elegiyalari bilan mashhur.
9. �She'rni Ovidiyga o'rgatgan o'sha� - Ovidiyning "Maktublar" deb umumiy nom bilan atalgan elegiyalari nazarda tutiladi.
10. �...Qo'sh katren... Ikki terset� - Sonet qofiyalari takrorlanib keluvchi ikki to'rtlik (katren) va xulosa fikrni tashuvchi ikkita uchlik (terset)dan iborat bo'ladi.
11. Gombo, Menar, Malvil-XVII asrning birinchi yarmida yashagan sonetnavis shoirlar.
12. Sersi - parijlik kitob sotuvchi.
13. Pellete - uchinchi darajali shoir, turli kishilarga bag'ishlab sonetlar yozgan.
14. Lutsiliy (Eradan avvalgi II asr) - Rim satirik shoiri.
15. Nanteyl (1630-1678) - taniqli gravyurachi.
16. �Fransuzlar avval ko'rishmadi xush� - cherkovning teatrga dushmanlarcha munosabatiga bir ishora.
17. �Antik siymolarni she'rdan bir yo'la haydamoq bo'lganlar haq emas sira� - Demare de Sen-Sorlenga atalgan. U xristian fantastikasining "majusiy" mifologiyadan ustunligini nazariy jihatdan asoslashga uringan edi.
18. Xildebrant - ikkinchi darajali shoir.
19. �Polinik va uning ukasinamo� - Polinik va Eteokl - Edipning o'g'illari. Ularning nizo-janjali Esxilning "yettovlon Fivga qarshi" tragediyasida qalamga olingan.
20. "Venera nafosat belbog'i bilan..." - "Iliada"ning XIV qo'shig'ida aytilishicha, Vanera belbog'ini bog'lagan kishi jozibador xususiyatlarga ega bo'lar ekan.
21. �Florensiyada yashab bir banda...� - Luvr kolonnalarining ijodkori, vrach va arxitektor Klod Perro ko'zda tutiladi.
22. Abbat - katolik ruhoniy.
23. �Shoirlar, baxsh etsin sizga ehtiros,
Oltin, kumush emas, ehtirom, e'zoz� - zamondoshlarining guvohlik berishlaricha, Bualo yozgan asarlari uchun hyech qachon qalam haqi olmagan.
24. Gesiod (eradan avvalgi VIII-VII asrlar) - qadimiy yunon shoiri, "Mehnatlar va kunlar" poemasining muallifi.
Bualo. She'riy san'at.(Jamol Kamol tarj.).-
T.:Adabiyot va san'at nashriyoti, 1978
Foydalanilgan adabiyotlar.
1. Aristotel. Poetika.- T.: Adabiyot va san'at, 1980
2. Artamonov S.D. Istoriya zarubejnoy literatur� XVII-XVIII vekov.-M.,1988
3. Aflotun. Qonunlar.- T.: Yangi asr avlodi, 2002
4. Bualo.She'riy san'at (Jamol Kamol tarjimasi).- T.,1978
5. Goratsiy. Sochineniya.- M.,1970
6. Inomxo'jaev S. Notiqlik san'ati asoslari.- T.: O'qituvchi, 1988
7. Ispanskaya estetika. Renessans. Barokko. Prosve�enie.-M.,1977
8. Istoriya esteticheskoy m�sli. T.1.- M.,1985.- S.292
9. Losev A.F. Istoriya antichnoy estetiki. Sofist�. Sokrat. Platon.- M.,1969
10. Losev A.F. Estetika Vozrojdeniya.- M.,1982
11. Nefedov N.T. Istoriya zarubejnoy kritiki i literaturovedeniya.- M.: V�sshaya shkola, 1988
12. Ob oratorskom isskustve.- M.,1963
13. Oybek. Mukammal asarlar t�plami. 20 tomlik. 15-tom.- T.: Adabiyot va san'at, 1979
14. Pisateli Anglii o literature.-M.,1981
15. Pisateli Fransii o literature.-M.,1978
16. Platon. Sochineniya v 3-x tomax. T.3.-M.,1971
17. Radsig S.M. Istoriya drevnegrecheskoy literatur�.- M.: V�sshaya shkola, 1977
18. Reizov B.G. Mejdu klassitsizmom i romantizmom.-M.,1962
19. Spor o drevnix i nov�x.-M.,1985
20. Homer. Iliada.- T.: Adabiyot va san'at, 1988
21. Shteyn A. Literatura ispanskogo barokko.-M.,1983
22. Xrestomatiya po zarubejnoy literature. Epoxa Vozrojdeniya. M., 1959
Majmua

6. Gesiod. Teogoniya (Parcha)


7. Isokrat. Panegirik
8. Platon. Davlat
9. Aristotel. Poetika
10. Kvint Goratsiy Flakk. Pizonlarga bag'ishlov
11. Mixail Psell. Italning sharafiga
12. Yuliy Sezar Skaliger. Poetika
13. Antonio Minturno. Poetik san'at
14. Lodoviko Kastelvetro. Xalq tilida bayon qilingan va sharhlangan Aristotel �Poetika�si
15 Torkvatto Tasso. Qahramonlik poziyasi haqida mulohazalar
16 Fillip Sidni. Poeziya himoyasiga
17. Ben Jonson. Qaydlar yoki kuzatishlar
18. Ioaxim dyu Belle. Fransuz tili �imoyasi va mad�i
19. Fransua Oje. Jan de Shelandrning �Tir va Sidon�
tragikomediyasiga so'z boshi
20. Jan Shaplen. Yigirma to'rt soat qoidasining asoslanishi va e'tirozlarning ziddiga
21. Fransua d�Obinyak. Teatr amaliyoti
22. Per Kornel. Uch birlik - voqyea, vaqt va joy birliklari
haqida mulohazalar
23. Per Daniel Yue. Romanlarning paydo bo'lishi haqida risola

24. Nikola Bualo. She'riy san'at



http://fayllar.org
Download 0.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling