G‘olibsiz urush. Falastin—Isroil mojarosi haqida


Urush kimlar o‘rtasida bo‘ldi?


Download 315.15 Kb.
bet3/17
Sana01.10.2023
Hajmi315.15 Kb.
#1690401
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
Bog'liq
Isroil Falastinn

Urush kimlar o‘rtasida bo‘ldi?
Birinchi Intifada davrida Falastin Ozodlik tashkiloti bilan birga kurashga yangi tashkil qilingan harakat — asosiy g‘oyalaridan biri Islom davlati qurish bo‘lgan HAMAS qo‘shilgan edi. 2000—2005-yillarda bo‘lgan Ikkinchi Intifada davrida esa HAMASning yanada faol ishtiroki tufayli mavqeyi oshib ketgan edi. HAMAS va/yoki uning harbiy bo‘linmalari 1995-yilda AQSh, 2002-yilda Kanada, 2003-yilda AQSh bosimi ostida Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga qo‘shilgan. Bunday ro‘yxatlarga o‘z vaqtida Falastin Ozodlik tashkiloti ham qo‘shilgan bo‘lib, 1988-yilga kelibgina chiqarilgan.
Harakat Falastin Ozodlik tashkiloti tarkibiga qo‘shilmagan, 1996-yilda dastlabki Falastin parlamenti saylovlarini va 2004-yilda Yosir Arofat vafot etgach 2005-yildagi prezident saylovlarini ham boykot qilgan. 2006-yildagi parlament saylovida esa qatnashib, kutilmaganda ko‘pchilik ovoz oladi. Bu orada 2005-yilda Isroil birtomonlama ravishda G‘azo sektoridan qo‘shinlarini ham, aholisini ham chiqarib, HAMASga qo‘shib butun hududni blokadada qoldirdi.
Shundan keyin HAMAS Falastin Ozodlik harakatining yetakchi partiyasi — FATHning siyosiy institutlariga parallel ravishda o‘z institutlari tarmog‘ini yaratishni boshladi. Biroq Falastin muxtoriyatining yangi prezidenti, FATH yetakchisi Mahmud Abbos HAMAS tayinlagan hukumat a’zolarini tan olmay, o‘z odamlarini tayinlaydi. Shu va boshqa sabablar tufayli HAMAS va FATH o‘rtasidagi kelishmovchiliklar qurolli to‘qnashuvlarga, buning ortidan 500 dan ortiq qurbon olib keldi.
2007-yil boshida yagona hukumat tuzishga kelishilgan bo‘lsa ham, yozga kelib G‘azo sektoridagi FATH tashkilotlari, G‘arbiy sohildagi esa HAMAS tashkilotlari yopildi. Shundan buyon Falastinning ikki hududi ikki tashkilot tomonidan boshqariladi. HAMAS Isroil bilan tinch munosabatlarni tan olmasligi tufayli G‘azo sektori yahudiy davlati bilan mojarolarda asosiy obyekt bo‘lib kelmoqda. Jumladan, 2007—2008-yillardagi urush va shu paytgacha so‘nggi yirik mojaro bo‘lib kelgan 2014-yildagi urush aynan HAMAS bilan G‘azo sektorida bo‘lib o‘tgan.
2021-yilgi urushga sabablar G‘arbiy sohilda Al-Aqso masjidiga kirishga Isroil harbiylarining aralashuvi hamda Quddusning Shayx Jarroh mahallasidan 6 ta falastinlik oilani zo‘ravonlik bilan chiqarib, u yerda qurilish boshlashga urinish kabi hodisalar bo‘lsa ham, urush G‘azo sektorida HAMAS bilan bo‘ldi. Nega?
Aprel oyida kelishmovchiliklar boshlangach eskalyatsiyadan cho‘chigan amaldagi prezident Mahmud Abbos 29-aprel kuni may oyiga rejalashtirilgan prezidentlik saylovlari noma’lum muddatga qoldirilishini e’lon qildi. O‘zini Falastin xalqining yagona vakili sifatida ko‘radigan hukumatning kuchsiz pozitsiyasini ko‘rgan HAMAS buni butun Falastin hududlarida mavqeyini yaxshilab olishga imkoniyat sifatida ko‘rdi.
Dastlab Isroil harakatlarini to‘xtatmasa urush boshlash bilan tahdid qilingan bo‘lsa, keyinchalik bu haqiqatga aylanib, kuniga o‘rtacha 400 taga yaqin raketa otildi. Ekspertlarning fikricha, bu raketalarning hammasi ham chetdan olib kelinmagan, ancha qismi HAMAS laboratoriyalarida tayyorlangan. Raketalar urushiga Isroilning “mo‘jizaviy” mudofaa tizimi — “Temir gumbaz” ham doimiy hujumlarga bardosh berolmasligi ma’lum bo‘ldi.
O‘z navbatida Isroildagi ichki siyosiy kurashlar ham mojaroning bu darajada jiddiylashishiga yetarlicha “hissa qo‘shdi”. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukmron partiya ikki yil oldingi parlament saylovlarida mutlaq ko‘pchilik ovoz ololmagach, hukumat tuzish imkonsiz bo‘lib qolgan edi. Shu sababli ikki yil ichida uch marta takroran saylov (oxirgisi 2021-yil martda) o‘tkazilganiga qaramay muammo haligacha yechilmagan.
Bundan tashqari, Netanyaxuning o‘ziga korrupsiya va xizmat vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Shuningdek, martdagi saylovlardan keyin Netanyaxuga eng ko‘p ovoz olgan aprtiya — Likud yetakchisi sifatida yana hukumat tuzish vazifasi qo‘yilgan edi. 4-may kuni Netanyaxuga berilgan mandat tugab, 5-maydan hukumat tuzish vakolati saylovda ikkinchi o‘rinni olgan Yesh Atid partiyasi yetakchisi Yair Lapidga o‘tdi.
Lapid hukumat koalitsiyasini tuzish uchun parlamentga o‘tgan o‘nlab partiyalar bilan muzokaralarni boshlab, 8-maydayoq umumiy mexanizmlarni kelishishga erishgani ma’lum qilingan edi. Muxolifat tomonidan hukumat tuzilishida muhim roli bo‘lgan arab partiyalarining ma’lum shartlar evaziga roziligi olingani 10-may kuni e’lon qilinishi kutilayotgan edi. Biroq aynan shu kuni G‘azo sektoridan HAMAS va Isroil raketa otishmalari boshlanib, muzokaralar muzlab qoldi.
11 kunlik qurolli to‘qnashuvlar paytida arablar ishtirokidagi muxolifat koalitsiyasi rejasi butunlay barbod bo‘lgandek ko‘ringan edi. Biroq 23—28-may kunlari yana muxolifat partiyalari koalitsiya bo‘yicha kelishuvga erishishgani e’lon qilindi. Shunday qilib, iyunning birinchi dekadasida Isroil tarixida ilk marta arab partiyalari ishtirokida hukumat tuzilishi mumkin. Bu Falastin bilan munosabatlarga qanchalik ta’sir qilishi noma’lum, biroq Isroil arablari uchun sharoitlar yaxshilanishi ushbu partiyalarning asosiy talablaridan ekanligi aniq.
Shu bilan birga mojaro Falastindagi ichki ijtimoiy-siyosiy munosabatlarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi tayin. Birinchi o‘rinda bu G‘azo sektoriga tegishli. 16 yildan buyon qamalda yashayotgan, maydoni Toshkent shahriga qariyb teng bo‘lgan ushbu hudud urush davomida juda katta talafot ko‘rdi va G‘azodagi gumanitar inqiroz yanada chuqurlashdi. G‘arbiy sohilda esa HAMASning mavqeyi oshsa, bu hayratlanarli bo‘lmaydi.
Shunday bo‘lsa, ba’zi ekspertlar tomonidan ilgari surilayotgan versiya bo‘yicha Netanyaxu Isroilda o‘z siyosiy mavqeyini tiklash uchun eskalatsiya qilgan mojarosi uning foydasiga emas, Falastindagi dushmani — HAMAS foydasiga ishlagan bo‘ladi. Bundan tashqari, Falastinning yangi muammolar bilan ulg‘ayayotgan yana bir avlodi shakllanmoqda.
Avvalgi ikki qo‘zg‘olon — Intifadalarni aynan o‘z muammolariga yechim topishni istagan ikki avlod olib borgani eslansa, bu masalada ham Falastin, ham Isroil rahbariyati jiddiy bosh qotirishi kerakligini taqozo etadi. O‘t ochish to‘xtatilgach, ham Isroil, ham HAMAS o‘z g‘alabasini e’lon qilgan bo‘lsa-da, qaysidir tomonning rostan g‘olib bo‘lganini aytish qiyin.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.

Download 315.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling