Guliston davlat universiteti sotsial psixologiya


Katta guruh va ommaviy harakatlarning dolzarb muammolari


Download 1.08 Mb.
bet59/92
Sana13.11.2023
Hajmi1.08 Mb.
#1771025
1   ...   55   56   57   58   59   60   61   62   ...   92
Bog'liq
Guliston davlat universiteti sotsial psixologiya

Katta guruh va ommaviy harakatlarning dolzarb muammolari.
Ijtimoiy psixologiyada katta guruhlar ichida etnik guruhlar psixologiyasi, ya’ni etnopsixologiya bo‘yicha ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazildi. Ayniqsa, hozirgi davrda har bir respublikalar alohida, mustaqil davlat mavqeini olgan, lekin boshqa tomondan qaraganda, hamdo‘stlik mamlakatlari ittifoqi sharoitida millatlar o‘rtasida muttasil aloqalar mavjudligidan kelib chiqib, milliy psixologiya masalalari kun tartibida avvalgidan ham muhim masala sifatida qo‘yilmoqda. SHuning uchun ham katta guruhlar ichida milliy guruhlarga ko‘proq e’tibor berishni lozim topdik, bunday e’tiborning yana bir boisi – O‘zbekistonda bu sohada nisbatan tadqiqotlarning ko‘proq o‘tkazilganligi, lekin ular ko‘p hollarda milliy psixologiya darajasiga olib chiqilmaganligidandir.
Milliy psixologiya nima va uni qanday qilib o‘rganish mumkin? Bu hozirda, ya’ni mustaqil O‘zbekiston sharoitida, ko‘pgina tadqiqotchilarni qiziqtirayotgan masaladir. CHunki davr etnopsixologiyadan shunday empirik ma’lumotlar kutmoqdaki, u faqatgina milliy ongga taalluqli bo‘lgan hozirgi va o‘tmishdagi holatni emas, balki millatning ertangi kunini, uning ongi qaysi tomonga o‘zgarishini, millatlararo sodir bo‘ladigan jarayonlarni bashorat qilmog‘i lozim. Buning uchun esa unga kuchli etnopsixologik nazariya va ishonchli metodlar kerak. O‘zbekiston olimlari oxirgi paytlarda masalaning xuddi ana shu tomoniga katta e’tibor bermoqdalar. CHunki sobiq Ittifoq sharoitining o‘zi ana shunday kuchli nazariyaning bo‘lishi uchun anchagina to‘g‘anoq bo‘lgan, empirik tadqiqotlar esa, avval ta’kidlaganidek, tor guruhlar doirasidan, avvalo, oilalar doirasidan chiqmagan edi.
Etnopsixologiya – bu psixologiyaning shunday tarmog‘iki, u ayrim olingan millatlar psixologiyasidan tashqari, turli xalqlar psixologiyasini, kichik milliy guruhlarni ham o‘rganadi. Ma’lumki, bu boradagi birinchi ilmiy tadqiqotlarni V.Vundt boshlab bergan edi. Uning tadqiqotlaridagi “xalq” tushunchasi aslida etnik uyushma ma’nosida tushuntirilgan edi. Uning fikricha, etnik guruhlar psixologiyasini o‘rganish uchun ularning tilini, odatlarini va ana shu xalqlarda keng tarqalgan afsonalar va boshqa ong tizimlarini o‘rganish kerak. SHunisi diqqatga sazovorki, Vundtdan keyingi davrda o‘tkazilgan muhim tadqiqotlardan biri bizning o‘lkamizda o‘tkazilgan bo‘lib, uni psixolog A.R.Luriya amalga oshirgan edi. Bu eksperimental tadqiqot bo‘lib, uni o‘tkazishdan asosiy maqsad L.S.Vigotskiyning madaniy-tarixiy yondashuv g‘oyasini tekshirish edi. Luriya boshchiligidagi olimlar guruhi revolyusiya bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston sharoitida turmush tarzining o‘zgarishi bilan o‘zbek xalqi psixologiyasining ham o‘zgarganligini isbot qilmoqchi bo‘lganlar. Asosiy maqsad bilish jarayonlarining o‘zgarganligini isbot qilish bo‘lsa ham tadqiqotchilar o‘z-o‘zini anglash va o‘z xulq-atvorini analiz qilish borasida ham uyda o‘tiradigan ayollar, endigina savod olish maqsadida savodxonlik kurslarida o‘qiyotgan xotin-qizlar hamda pedagogika bilim yurtlarida ta’lim olayotgan qizlar o‘rtasida farq bor-yo‘qligini tekshirishdi. Tadqiqot asosan o‘z-o‘zini analiz qilish metodi yordamida o‘tkazilgan bo‘lib, tadqiqot mobaynida ayollarga turli savollar orqali o‘z shaxsiga xos xususiyatlarni, o‘zidagi etakchi sifatlarni aniqlash va ba’zi psixologik holatlarga baho berish topshirig‘i berildi. Lekin javoblarning sifati, to‘liqligi ayollarning bilim saviyasiga va ijtimoiy aloqalar tizimida tutgan o‘rniga bog‘liq bo‘lib chiqdi. Uyda o‘tirgan ayollar ko‘p hollarda qo‘yilgan savolni ham anglamasliklari ma’lum bo‘ldi. Luriya shu narsaga iqror bo‘ldiki, o‘zbeklardagi ong asosan boshqa odamlar fikriga bog‘liq ekanligi, tobelik psixologiyasi kuchliligini aniqladi. Masalan, ayollarga o‘zidagi yomon sifatlarni aytish topshirig‘i berilganda, ular yomon qo‘shnilarni ko‘rsatishar va umuman o‘z-o‘zini baholashdan ko‘ra boshqalarni baholash, ularga sifat xarakteristikalari berish ancha engil tuyulardi.
YUqorida ta’kidlaganimizdek, A.R.Luriyaning asosiy maqsadi milliy psixologik xususiyatlarni o‘rganishda tarixiy tamoyiliga tayanish lozimligini isbotlash hamda milliy psixologiyaning hayot tarziga, shaxsning jamiyatda kishilar munosabatlari tizimida tutgan o‘rniga bevosita bog‘liqligini isbot qilish edi. Lekin tadqiqotning ahamiyati shunda ediki, unda birinchi marta milliy psixologiyani o‘rganishga yordam beruvchi metodlar va metodologik tamoyillar sinab ko‘rildi. To‘g‘ri, bu tadqiqotda to‘plangan ma’lumotlar va ilmiy xulosalar bilan bugungi kunda kelishib bo‘lmaydi, qolaversa, bu konsepsiyaning o‘zi necha bor qayta ishlovni talab qildi, lekin milliy psixologiya bo‘yicha o‘tkazilgan kross-tadqiqot sifatida uning ahamiyati kattadir. Qo‘llangan piktogramma – “so‘z portretlari”ni, o‘z-o‘zini analiz qilish metodlarini hozirgi zamonaviy tadqiqotlarda ham faqat yangicha metodologik prinsiplarda qo‘llash mumkin.

Download 1.08 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   55   56   57   58   59   60   61   62   ...   92




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling