Qoraxoniylar davrida Movarounnahrning ijtimoiy-iqtisodiy
hayotida bir qator muhim o'zgarishlar yuz beradi. Birinchidan,
Qoraxoniylar o'lkani zabt etgach, bu yerda ko'p asrlardan buyon
hukm surib kelgan yerga egalik qilishning muhim shakli — dehqon
mulkchiligini tugatib, bu mulklarni davlat tasarrufiga oladilar. Bu
mulklar o'z navbatida qoraxoniylarga tobe bo'lgan sodiq amaldorlar,
harbiy lashkarboshilar, davlat xizmatchilari yoki ularga yon bosgan
yuqori ruhoniylar, din peshvolariga mulk qilib beriladi. “Dehqon”
tushunchasi shu vaqtdan boshlab, amalda, yerni ishlovchi, unda
mehnat qilib kun kechiruvchi ijtimoiy toifa maqomiga ko'chdi.
|