Guruh talabasi Nasirdinov Baxriddin Baxtiyor o‘g‘lining “Siyosiy rejim tushunchasi va uning turlari”


Download 103.85 Kb.
bet5/7
Sana31.01.2024
Hajmi103.85 Kb.
#1831263
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Kurs ishi

II BOB. Siyosiy rejim va turlari.
2.1. Siyosiy rejim tushunchasi.
Davlat shaklining asosiy elementlaridan biri siyosiy rejim (tartib)dir. Yurisprudensiyada siyosiy rejim iborasi “siyosiy tartib”, “davlat rejimi” yoki “davlat tartibi” kabi shaklan har xil, ammo mazmunan bir xil bo‘lgan tushunchalar bilan ifodalanadi. “Siyosiy rejim” tushunchasi yuridik adabiyotda XX asrning 60-yillarida yuzaga kelgan bo‘lib, olimlar o‘rtasidagi turli xil tortishuv, bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi. Bir guruh olimlar siyosiy rejim davlat shaklining sinonimi deb e’tirof etsalar, ikkinchi guruh olimlar esa uni davlat shakli tarkibiga kirmaydi, deb ta’kidlaganlar. “Siyosiy rejim” tushunchasi keng va tor ma’noda qo‘llaniladi. Keng ma’nodagi yondashuvda siyosiy rejim barcha siyosiy hayot, umuman jamiyat siyosiy tizimi hodisalarining namoyon bo‘lishi va tartibi tushuniladi. Tor ma’nodagi yondashuvda esa, siyosiy rejim faqat davlat hayoti, davlat hokimiyatini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq hodisalar va usullarning namoyon bo‘lishi tarzida talqin etiladi.
Siyosiy rejim – davlat hokimiyatini amalga oshirishda foydalaniladigan tartib va usullar yig‘indisi. Davlat hokimiyati har bir mamlakatda o‘ziga xos xususiyatga ega, shu bois siyosiy rejim ham turlicha qaror topadi va namoyon bo‘ladi. Muayyan davlatning siyosiy rejimi mohiyati va mazmuni o‘ziga xos mezonlar, ya’ni, davlat hokimiyatining aholi bilan munosabati qaysi yo‘llar va qanday usullar orqali amalga oshirilishi, siyosiy sohada turli kuchlarning o‘zaro munosabatlari, jamoat tashkilotlarining jamiyat siyosiy tizimidagi mavqei qay darajadaligi bilan belgilanadi. Shuningdek, davlat o‘z hokimiyatini amalga oshirish jarayonida aholining manfatlari uchun xizmat qilishiga qarab siyosiy rejim nodemokratik va demokratik turlarga bo‘linadi.
Nodemokratik rejim yuridik fanda g‘ayridemokratik, aksildemokratik va antidemokratik kabi iboralar tarzida qo‘llaniladi. Demoratik rejimdan farqli o‘laroq, nodemoratik rejim demokratiyaga xos prinsip va qoidalarni tan olmaydi, aksincha ularni inkor etadi.Davlatning siyosiy rejimi tarkibida nodemokratik rejimning o‘ziga xos turlari mavjud bo‘lib, ular totalitar, fashistik va avtokratikshakllarda namoyon
bo‘ladi.
Totalitar rejim usuliga fashistik davlatlar va “shaxsga sig‘inish” davridagi sotsialistik davlat misol bo‘ladi. Ushbu rejim ko‘ppartiyaviylik tizimini rad etgan holda, faqat bir hukmron partiyaning mavjudligiga yo‘l qo‘yadi va mazkur partiya jamiyatning yetakchi kuchi deb e’lon qilinadi, uning qoidalari muqaddas aqidalardek qabul qilinadi. Hukmron partiya davlat boshqaruvini jilovlab turadi hamda partiya va davlat organlarining o‘zaro qo‘shilib ketishi sodir bo‘ladi. Siyosiy hukmron partiya rahbari siyosiy lider bo‘lib, u davlat boshlig‘i hisoblanadi. Mamlakatda siyosiy plyuralizmga yo‘l qo‘yilmay, yagona rasmiy mafkura o‘rnatiladi. Davlatda eng dono, “xalq otasi” boshchilik qiladi va u buyuk dohiy deb e’tirof etiladi. Totalitar davlat boshqaruvida idora etish tartibi o‘ta markazlashgan bo‘ladi. Barcha fuqarolar yuqoridan keladigan buyruqlarga og‘ishmay amal qiladilar. Har qanday tashabbus taqiqlanadi. Shaxs siyosiy hayotda deyarli ishtirok etmaydi va odamlar hayoti qattiq nazoratga olingan bo‘ladi. Fashistik idora usuli totalitar rejimning avj olgan shakllaridan biri bo‘lib, u millatchilik mafkurasi bir millatning boshqalardan afzalligi to‘g‘risidagi tasavvurlarga tayanadi. Insonlarning huquq va majburiyatlari qaysi millatga mansubligiga bog‘liq bo‘ladi, shuningdek bu rejim amal qiladigan davlatlarda senzlar asosan shaxsning millati va irqiga qarab belgilanadi. Ushbu rejim odamlar qonun va sud oldida teng bo‘lishi mumkin emas degan aqidaga tayanadi, faqat bir millatni oliy irqqa mansub deb e’lon qiladi va u barcha imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin, deb hisoblanadi. Bunday hollarda inson va uning shaxsiga nisbatan agressiv kayfiyat hukmron bo‘ladi. Jamiyatda uzluksiz ravishda ijtimoiy ixtiloflar, ommaning qashshoqlashuvi yuz beradi.
Avtokratik siyosiy rejim jamoaviy avtokratiya vayakka shaxs avtokratiyasi ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Jamoaviy avtokratiya o‘z navbatida, aristokratiya va oligarxiyaga bo‘linadi.
Aristokratik rejimda hokimiyat aholining muayyan qismini tashkil etgan zadogonlar qo‘lida to‘planib, xalq davlat boshqaruviga jalb etilmaydi. Aristokratiyaning eng muhim xususiyati shundaki, insonning jamiyatdagi mavqei uning ijtimoiy kelib chiqishi bilan belgilanadi. Oligarxiya rejimida aristokratik rejimdan farqli ravishda hokimiyatga egalik qilish insonlarning mulk senziga qarab belgilanadi, hokimiyat aholining mulkdor tabaqasi tomonidan egallanadi. Bunda ham aristokratik rejimdagi singari oddiy xalq davlat boshqaruviga jalb etilmaydi. Oligarxiyaning o‘ziga xosligi shundaki, insonning jamiyatdagi mavqei uning boyligi bilan belgilanadi.
Nodemokratik siyosiy rejim jamoa avtokratiyasidan farqli ravishda yakka shaxs avtokratiyasi ko‘rinishi bo‘lib, u ham o‘z navbatida, avtoritar, tiraniya va despotiya kabi turlarga bo‘linadi. Avtoritar siyosiy rejimmamlakatda fuqarolarning huquq va erkinliklarining cheklanganligi, bekor qilinganligi yoki umuman yo‘qligi bilan ajralib turadi. Bu kabi siyosiy rejimga asoslangan davlatlarda davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati cheklangan, tugatilgan yoki umuman taqiqlangan bo‘ladi hamda davlat hokimiyati ustidan xalq nazoratining yo‘qligi, ularning yashirin usullar bilan shakllantirilishi namoyon bo‘ladi. Avtoritar siyosiy rejimning o‘ziga xos xususiyati shundaki, butun hokimiyat yagona shaxs (bir organ yoki bir necha shaxs) qo‘lida to‘planib, davlat hokimiyatini amalga oshirishda ma’muriy-buyruqbozlik, ba’zan terrorchilik (o‘zboshimchalik, zo‘ravonlik) usullari qo‘llaniladi hamda taraqqiyparvar siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari faoliyati taqiqlanadi, cheklanadi yoki tarqatib yuboriladi. Ushbu rejimda siyosiy monizm – ya’ni yakka mafkuraning ustunligi, uning davlat mafkurasi darajasiga ko‘tarilganligi, fuqarolik jamiyatining mavjud emasligi, uning institutlarining cheklanganligi, ijtimoiy manfaatlarni ifodalash imkoniyatlarining taqiqlanganligi avj oladi. Tiraniya rejimiyakka shaxs boshqaruviga asoslangan. Buning despotiyadan farqi shundaki, tiranning hokimiyati, odatda, zo‘ravonlik, bosib olish,
ba’zan qonuniy hokimiyatni ag‘darib tashlash natijasida qaror topadi. Tiran hokimiyati o‘zboshimchalik, terror va genotsid asosida amalga oshirilib, demokratik tamoyillar tan olinmaydi, mamlakatda amalda bo‘lgan qonunlarga rioya qilinmay, ularni muntazam ravishda buzish hollari yuz beradi. Tiran hokimiyati shafqatsiz bo‘ladi hamda qo‘rquvga asoslanadi. Ushbu hokimiyatning yo‘liga g‘ov bo‘lgan guruh yoki jamoa shafqatsiz ravishda bostiriladi.
Despotiya(yunoncha “despoteia” – cheklanmagan hokimiyat) rejimi hokimiyatning faqat bir kishi tomonidan boshqariladigan mutlaq monarxiyaga xosligini anglatadi. Despotiyalar qadim zamonlarda paydo bo‘lib, boshqaruvda o‘ta o‘zboshimchalik, raiyatning to‘la huquqsizligi, boshqaruvda huquqiy va axloqiy qadriyatlarning yo‘qligi bilan ajralib turadi. Despotiya sharoitida mustaqillik, norozilik mumkin bo‘lmay, bunday hodisalar xuddi tiraniyadagi singari ayovsiz bostiriladi. Bunday holatlarda ishlatiladigan chora-tadbirlar o‘ta ayovsiz va shafqatsiz bo‘lib, jazolash dahshatli tus oladi. Buning sababi xalqni qo‘rquvda saqlash hamda o‘rnatilgan hokimiyatning barqarorligini ushlab turishda namoyon bo‘ladi.
Demokratik siyosiy rejim. Demokratiya (yunoncha demokratia “demos – xalq, kratos – hokimiyat” – “xalq hokimiyati”) siyosiy rejimi barcha insonlarning tengligi va erkinligini tan olishga, aholini turli jamoat tashkilotlariga birlashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini xalq ishtirokida saylash, davlat hokimiyatining taqsimlanishi va xalqning davlatni boshqarishda ishtirok etishiga asoslanganligida aks etadi. Demokratik davlat o‘z fuqarolarining huquq va erkinliklarini rasmiy ravishda konstitutsiya va qonunlarda e’lon qiladi, ayni paytda, ularning iqtisodiy zaminini ta’minlaydi hamda kafolatlaydi. Demokratik tartib ikki shaklda amalga oshiriladi: vakillik demokratiyasi va bevosita demokratiya. Vakillik demokratiyasida xalq o‘zi saylagan deputatlari orqali davlat ahamiyatiga molik iqtisodiy, siyosiy va huquqiy masalalarni muhokama qilish, hal etish haqida qaror qabul qilish va davlatni idora etishda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bevosita demokratiyada davlatni idora etishda xalqning bevosita ishtiroki ta’minlanadi, ya’ni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan masalalarni hal etishda umumxalq ovoziga qo‘yish (referendum) ni amalga oshirish mumkin.
Demokratik siyosiy rejimning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
– fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlanganligi;
– davlat hokimiyatining birdan-bir manbayi xalq ekanligi;
– vakillik hokimiyat organlarining to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi;
– siyosiy qarorlar qabul qilinishi ustidan xalq nazoratining o‘rnatilganligi;
– hokimiyat vakolatlarining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud o‘rtasida taqsimlanganligi;
– davlatning fuqarolik jamiyati hayotiga qonunsiz aralasha olmasligi;
– huquqni muhofaza etuvchi organlar faoliyatining qonunga to‘la asoslanganligi;
– jamoat birlashmalari tizimining, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mavjudligi;
– siyosiy partiyalarning muxolifatda bo‘lish erkinligi ta’minlanganligi;
– siyosiy plyuralizmning qaror topganligi – turli ijtimoiy guruhlar o‘z manfaat (fikr) larini erkin ifodalash imkoniyatiga egaligi;
– fuqarolik jamiyatining shakllanganligi.
Demokratik siyosiy rejim doirasida liberalyoki liberal-demokratik rejim turlari farqlanadi. Liberal rejimda davlat hokimiyati saylovlar yo‘li bilan shakllantiriladi, hokimiyatning taqsimlanishi amal qiladi hamda shaxs bilan davlat o‘rtasidagi nisbatda ustuvorlik shaxs tomonida bo‘ladi. Liberal rejimning o‘ziga xos xususiyati shundaki, inson o‘z mulki, huquq va erkinliklariga ega bo‘ladi, iqtisodiy jihatdan mustaqil, siyosiy erkin harakat qiladi hamda so‘z, fikr almashish va mulk shakllari erkinligi e’lon qilinadi. Liberal-demokratik rejimda barcha odamlarning tengligi va ozodligi e’tirof etilib, davlatni boshqarishda xalqning keng ishtiroki ta’minlanadi.
Fuqarolar huquq va erkinliklarining iqtisodiy asoslari kafolatlanadi. Shuningdek, jamiyat ishlarini boshqarish va huquqiy normalarni yaratishda xalq yalpi ravishda ishtirok etadi hamda ijro organlari ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyin, davlatni boshqarishda prezidentlik instituti joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi boshqaruv shakli bo‘yicha prezidentlik respublikasi shaklidagi davlat, tuzilish shakli bo‘yicha oddiy – unitar davlatdir, siyosiy rejimiga ko‘ra, demokratik tar tibdagi davlat. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan kunidan boshlab hozirgi kunga qadar o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi. Bu O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.A. Karimovning: “O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li” risolasida ham ko‘rsatib o‘tilgan. Bu risolada yosh, suveren davlat rivojlanishining besh tamoyili belgilab berilgan: – iqtisodning siyosatdan ustunligi, davlat – bosh islohotchi ekanligi, qonun ustuvorligi, islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va kuchli ijtimoiy siyosat yuritilishi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lida umuminsoniy qadriyatlarni qayta tiklash, inson huquq va erkinliklari ustuvorligini tan olish asosida xalqaro va milliy davlatchilik tajribalariga asoslanib, kelgusida demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etadi. 1991-yilning 31-avgust kuni o‘zbek xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi amalga oshdi – O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilindi. Respublika barcha ko‘pmillatli aholisining xohish-idorasi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida” gi konstitutsiyaviy qonunda mustahkamlandi hamda umumxalq referendumida o‘zining yakdil tasdig‘ini topdi. Mustaqillik qo‘lga kiritilishi bilan mamlakatda darhol demokratik huquqiy davlat asoslari vujudga keltirila boshladi. Respublikada hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sudlov hokimiyatlariga bo‘linishi tamoyili amal qilmoqda. Ikki palatali parlamentning qaror topishi (2004-yil dekabr – 2005-yil yanvar) davlatchiligimiz taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senatining huquqiy asosini vujudga keltirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” konstitutsiyaviy qonunlar qabul qilindi. Bularning hammasi qonun chiqarish ishini yanada faol yo‘lga qo‘yishni taqozo etadi. Davlat boshqaruvining yangi tizimi shakllandi. Boshqaruvning prezidentlik respublikasi shakli bu tizimning o‘zagi bo‘ldi. Joylardagi boshqaruv tizimida viloyatlar, tumanlar va shaharlarda hokimlik lavozimlari joriy etildi. Qonun ustuvorligini, qonun oldida barcha fuqarolarning tengligini ta’minlovchi sud hokimiyatini qayta tashkil etish va vakolatlarini yanada kengaytirish ishlari faol olib borilmoqda.



Download 103.85 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling