Hamid Olimjon (Hamid Olimjonov[1])


Download 10,94 Kb.
Sana14.12.2022
Hajmi10,94 Kb.
#1006709
Bog'liq
Hamid Olimjon (-WPS Office


Hamid Olimjon (Hamid Olimjonov[1]) (1909.12.12, — Jizzax — 1944.3.7, Toshkent; „Forobiy“ qabristoniga qayta dafn etilgan) – oʻzbek shoiri, adabiyotshunosi va jamoat arbobi. Lirik sheʼrlari bilan 20 asr oʻzbek adabiyotiga munosib hissa qoʻshgan. 30-yillarda shodlik va baxt kuychisi sifatida tanilgan. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi muxbir aʼzosi (1943). Boshlangʻich taʼlimdan soʻng 20-yillarning oxirida Samarqanddagi bilim yurtida (1923–1928), Pedagogika akademiyasining ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakultetida (1928–1931) oʻqigan va ayni paytda „Zarafshon“ gazetasida boʻlim mudiri (1926–1927). „Yoshlar“ gazetasida (1931), „Qurilish“ va „Sovet adabiyoti“ jurnallarida masʼul kotib, Madaniy qurilish ilmiy tadqiqot institutida katta ilmiy xodim (1932–1934), Til va adabiyot instituti (1934–1937) va Oʻquvpedagogika nashriyotida boʻlim mudiri (1938–1939), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul kotib (1939–1944).
Hamid Olimjonning soʻz sanʼatiga qiziqishi onasi Komila ayaning ertaklari hamda bobosi Mulla Azim xonadoniga kelib turuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻlining doston va termalari asosida shakllangan. Dastlabki asarlari – „Koʻklam“ (sheʼrlar, 1929), „Tong shabadasi“ (hikoyalar, 1930). „Olov sochlar“ (1931), „Poyga“, „Oʻlim yovga“ (1932), „Daryo kechasi“ (1936), „Sheʼrlar“ (1937), „Oʻlka“, „Oygul va Baxtiyor“ (1939), „Baxt“ (1940), „Qoʻlingga qurol ol!“, „Ona va oʻgʻil“ (1942), „Ishonch“ (1943) sheʼriy toʻplamlari muallifi.
Hamid Olimjon ijodining 1-davrida hikoyalar yozgan boʻlsada, uning isteʼdodi koʻproq lirik sheʼriyat tabiati bilan uygʻun boʻlgan. Dastlabki sheʼrlarida yangi adabiyot va yangi adabiy shakllar yaratish gʻoyasi hukmronlik qilgan. 30-yillarning oʻrtalariga kelib, hayotiy va ijodiy tajribasi oshishi bilan Hamid Olimjon ona-yurt tabiatidan, jamiyat va xalq hayotidan olgan boy taassurotlarini lirik sheʼr doirasida yorqin badiiy ifodalash sanʼatini egallay boshlagan („Kuychining xayoli“, „Ofeliyaning oʻlimi“, „Holbuki, tun…“, „Ishim bordir oʻsha ohuda“ va boshqalar). Ikkinchi jahon urushigacha boʻlgan ijodida 20-asr oʻzbek lirikasining yaxshi namunalari hisoblangan „Oʻrik gullaganda“, „Sevgi desam…“, „Tinim-sizdir yolgʻiz shabboda…“, „Shodlikni kuylaganimning sababi“, „Oʻzbekiston“ singari lirik sheʼrlarini yozgan. Bu sheʼrlar gʻoyaviy mundarijasi, shakli, goʻzal tili va uslubi bilan eʼtibor qozongan.
Hamid Olimjon adabiy ijod bilan birga IT ishlari bilan ham mashgʻul boʻlgan. Ammo u shu davrda yozgan maqolalarida vulgar sotsiologizm taʼsiridan chiqib keta olmay, ayrim millatparvar yozuvchilar ijodini qoralagan. 30-yillarning 2-yarmida esa Hamid Olimjon „Alpomish“ xalq eposini nashrga tayyorlash va Navoiyning 500 yillik yubileyi munosabati bilan uning adabiy merosini oʻrganish jarayonida mumtoz oʻzbek adabiyoti va xalq ogʻzaki ijodiga katta mehr bilan yondashgan va madaniy merosimizning bu oltin sahifalarini toʻgʻri ilmiy pozitsiyadan turib talqin etgan. U Navoiy komitetining masʼul kotibi sifatida ulugʻ shoir merosini oʻrganish va asarlarini rus tiliga tarjima qilish ishiga katta hissa qoʻshgan. Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlangan „Alpomish“ dostoni (Fozil Yoʻldosh oʻgʻli) esa uzoq yillar davomida xalq ogʻzaki ijodi asarlarini oʻrganish va ilmiy nashrini tayyorlash ishida asos boʻlib xizmat qilgan.
Oʻzbek adabiyotining yorqin siymolaridan biri Hamid Olimjon joʻshqin lirik shoir, yozuvchi, mohir dramaturg, otashin publitsist, tarjimon, atoqli jamoat arbobi edi. U oʻzining nasriy, lirik, dramatik asarlari, adabiyotshunoslikka doir hamda publitsistik maqolalari va tarjimalari bilan oʻzbek adabiyoti tarixida katta oʻrin tutadi. Ayniqsa, uning bahor va baxtni kuylab yozgan asarlari “Oʻrik gullaganda”, “Baxtlar vodiysi”, “Bahorni sogʻinganda”, “Daryo kechasi”, “Ishim bordir oʻsha ohuda”, “Gʻuncha yangligʻ burkanib”, “Gʻazal” va boshqalar musiqaga boy, sehrli, ohangdor sheʼrlardir.

“Hamid Olimjon tugʻma va nodir talant edi, deb yozgan edi Mirtemir. Uning qonida, oʻzligida, koʻz qorachigʻida, toʻqson ikki tomirida tugʻma bir zukkolik, shoirona bir sajiya, bilgichlik, burrolik, nurbaxshlik, yorqin qalb, odob ayon, peshanasida va yirik koʻzlarida ulugʻlik ochiq-oydin edi. Uning bilmagani oz, oʻqimagani kam edi. Hammadan, har narsadan xabardor, qisqaroq aytganda, chin maʼnosi bilan oʻqimishli qalamkash edi”.

Hamid Olimjon 1909-yilda Jizzaxda dunyoga kelgan boʻlib, u yoshligida xalqi hayotidagi juda koʻp ayanchli kunlar, voqealarning guvohi boʻlgan. Mardikor olish, zolimlarga qarshi xalq qoʻzgʻolonlari, buning natijasida vayron boʻlgan shahar-qishloqlarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan.

Hamidning alamli, nursiz hayotini bezagan birdan bir ovunchoq onasi Komila opaning uzun tunlarda soʻzlab bergan ertaklari va bobosining rus tilini oʻrgatish boʻyicha oʻtkazadigan mashgʻulotlari edi. Onasi Komila opa oʻz davrining ilgʻor ayollaridan edi. U oʻgʻli Hamidning mard, dadil, kuchli, mehnatkash, irodali yigit boʻlib yetishishi uchun bor kuchini sarfladi. Uni ertak va dostonlardagi qahramonlar, xalq bahodirlari, ularning orzuumidlari, kurash va intilishlari bilan tanishtirdi.

Hamid yoshligida bu kabi asarlarni faqat onasining ogʻzidangina emas, balki xalq shoirlarining doston aytish kechalarida ham tinglagan. Uning bobosi Mulla Azim bilan oshnachiligi boʻlgan xalq baxshisi Fozil shoir bu haqida shunday deydi: “Gezi-gezi bilan Jizzaxga borib, ularga qoʻnardim, bir hafta, ikki hafta turib, qadrdonlarimga qoʻshiq aytib kelardim. Ular bilan dardlashib, oʻzimning ham koʻnglimni yozib qaytardim”. Mulla Azim oʻzbek klassik adabiyotini ham yaxshi bilgan, baʼzan oʻzi ham sheʼrlar yozgan. U mardikorlikka safarbar etilgan boʻlib, u yerda rus tilini puxta oʻrgangan.
Hamid Olimjon bolalik chogʻlaridanoq bobosi orqali rus tilini, rus adabiyoti namunalarini oʻrganadi. “Sakkiztoʻqqiz yoshlarimda, deb yozgan edi Hamid Olimjon tarjimayi holida, men Pushkinning koʻp sheʼrlarini yoddan bilardim va ularni oʻz oʻrtoqlarimga oʻqib berardim”. Oʻsha davrda rus tilidagi sheʼrlarni yoddan bilish hammaning ham qoʻlidan kelavermas edi.

Hamid Olimjon maktabda eng ilgʻor oʻquvchilaridan boʻlib, tinmay oʻrganar, bilimga chanqoq edi.


Bola edik,

Tanlar olov,

Qalb qaynoq,

Koʻzlar oʻtkir,

Dillar sof,

Erkin-erkin oʻynardik…

Hayot bilan

Qaynar edi

Koʻy-qishloq.

Bir yonda togʻ,

Biryonda bogʻ…

Suv oqardi

Qoʻynida.

Koʻkrak kerib,

Baliq kabi

Shoʻngʻib yotardik…

Qizlar oʻtsa

Orqasidan

Olma otardik…



“Bolalik” sheʼridan keltirilgan parchadan ham koʻrinib turibdiki, u yoshligidan shoʻx, ziyrak va nihoyatda harakatchan bola boʻlgan. Hamid darslarini puxta oʻzlashtirar, maktab hayotiga zavq bilan qatnashar edi. Ayniqsa, maktabning kichkinagina kutubxonasi uning eng sevimli joyi boʻlgan. Shu qiziqish, shu joʻshqinlik shoir hayoti davomida uni tark etmadi. U qisqa, lekin beqiyos sermazmun umr koʻrdi va butun hayotini xalq, Vatan ishiga fidoyilik namunasini koʻrsatdi.
Download 10,94 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling