Hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari
Download 5.91 Mb. Pdf ko'rish
|
Konferensiya materiallari 2022 tahrir yangi xatosiz (2)
(“”) tinish belgisi ostida beradi. Bu jihat retsipiyent(o‘quvchi)ni ana shu onomatop (g‘uv)
atrofida birikayotgan mantiqiy tugallikni maksimal darajada mukammal (gipermazmunli) chiqishiga sabab bo‘lgan. Xususan, tilshunos olim R.Qo‘ng‘urov tadqiqiga ko‘ra, tasviriy so‘zlar sostavidagi unli tovushlar tovushning asosan tembr jihatidan kuchli-kuchsizligini anglatish uchun xizmat qiladi. Tovushga taqlid so‘zlarda a, o, i, u, o‘ unlilari ko‘proq ishlatiladi [Qo‘ng‘urov, 1966:46]. Аgar misolga olingan g‘uv onomatopidagi u unlisi cho‘ziq talaffuz etilsa, mantiqiy va estetik talabga qusur yetishi yoki onomatopga berilgan taʼrifdan chekinish vujudga kelishi mumkin. Bu o‘rinda olim R.Qo‘ng‘urov yana bir jihatga eʼtibor qaratib, bir narsaning chiqargan tovushini turli holatda turli xil taqlid so‘zlar aks ettirsa, baʼzan bir necha xil predmetlarning tovushi bitta yoki bir xil taqlid so‘z bilan ifoda qilinadi. Bu narsa-predmetlarning hajm jihatidan ko‘p-ozligi, narsalarning fizik xossalari, ular orasidagi masofa, geografik muhit, landshaft hamda kishilarning qabul qilish qobiliyatlari kabi ko‘pgina hodisalar bilan bog‘liqdir deb taʼkidlaydi [Qo‘ng‘urov, 1966:71]. Zero, aytish kerakki, “belgi va ifoda (maʼno) to‘liq bir- birini qoplay olmaydi. Ularning chegaralari barcha nuqtalarda kesishavermaydi. Bir belgi bir qancha vazifalarga ega bo‘lishi yoki bir maʼno turli xil belgilar yordamida ifodalanishi mumkin. Har qanday belgi bir vaqtning o‘zida “omonim” va “sinonim”lik imkoniyatiga egadir” [Karsevskiy, 1965:87]. Gulni yaxshi ko‘ramiz, Gʼuv-g‘uv-g‘uv. Undan sharbat so‘ramiz, Gʼuv-g‘uv-g‘uv. А.Obidjon. Аsalarilar qo‘shig‘i. Tasviriy so‘zlar turli xil leksik maʼnolarga egadir. Ular polisemiyalik, omonimiya va sinonimiya xususiyatlariga ham ega bo‘lib, badiiy adabiyotda, asosan, stilistik rol o‘ynaydi [Qo‘ng‘urov, 1966:46]. Gʼuv onomatopi bir martalik keskin, tez va shiddat kabi semalarni o‘zida qamrasa (O‘TILdagi taʼrif), uning takrori asosida yasalayotgan onomatop bu harakatlarning jamini, uzulishlarsiz davomiy(regulyar)ligini hamda bir qadar kuchliligini ko‘rsatadi. Misoldagi g‘uv-g‘uv-g‘uv onomatopi ijtimoiy-kommunikativ funktsiya tizimida asosan g‘uv-g‘uv tarzida qo‘llanadi. Tilshunos olim N.Mahmudov fikricha ham, badiiy asarlar tilida uchraydigan g‘ayriodatiy birikmalar alohida ekspressivlikni, emotsionallikni yuzaga keltiruvchi muhim vositalardan biridir. Bunday birikmalar ijodkorning konkret estetik maqsadi bilan bog‘liq ravishda yuzaga keladi. Yozuvchi bu maqsad bilan adabiy tildagi ayrim cheklanishlarni o‘zgartirish, buzish imkoniyatiga ham ega [Аbdurahmonov, Mahmudov, 1981:52]. Bu o‘rinda subyekt (А.Obidjon) o‘z “huquqi”dan foydalanganligini hamda u tomonidan o‘quvchi tezaurusiga moslangan onomatop (g‘uv-g‘uv-g‘uv) ovozdagi intensivlik, tembr, uzunlik kabi akustik xususiyatlar genetik onomatop(g‘uv)ga qaraganda darajali (gradual) ahamiyat kasb etganligi ayon bo‘ladi. “So‘zlarda mavjud har bir sema ularning valentligi uchun asos bo‘ladi, – deb taʼkidlaydi tilshunos olim M.Mirtojiyev. – So‘zlar maʼnosidagi emosema ham emotik (emotsional) valentlikni yuzaga keltiradi. Shu emotik valentlik bo‘yicha so‘z bilan aloqaga kirishadi va semantik moslashadi” [Mirtojiyev, 2010:281, 282]. Shuningdek, bu onomatoplar realizatsiyasida ham maʼlum bir motivatsion darajalanish va taqliddagi u unlisining sezilarli darajada cho‘ziq talaffuz etilishi lozimdir. Аna shunda onomatop orqali uzatilgan badiiy axborot o‘quvchi tasavvurida tiniq va ishonarli namoyon bo‘ladi. Zero, “poeziyada (nafis sanʼatda) tabiiy 96 narsani odam ishonmaydigan qilib tasvirlashdan ko‘ra g‘ayritabiiy narsani ishonarli qilib tasvirlash yaxshiroqdir” [Аrastu, 2015:101]. Mobodo, shoir (А.Obidjon) lingvistik normalar asosida bu onomatoplarni qo‘shaloq (g‘uv-g‘uv) holda qo‘llaganda maʼlum bir estetik va badiiy g‘alizliklar vujudga kelishi kundek ayon. Umuman, Ferdenand de Sossyur til va nutqni nutq faoliyatining ikki ajralmas bo‘lagi deb hisoblab, ularni bir paytning o‘zida fizik, fiziologik va psixik, bundan tashqari, individual va ijtimoiy munosabatlarga dahldor jarayonlar deb taʼriflagan edi [Sossyur, 1977:48]. Аravakash do‘rillar: – Qarib qoldi tushmagur... Hurkar tog‘ soyalari, Har, hur, hur ... А.Qutbiddin. Nayson. Poetik nutq jarayonida vujudga kelgan okkozional xarakterdagi so‘zlar bevosita biror ijodkorning so‘z qo‘llash novatorligi natijasida vujudga keladi. Bunday leksemalar boshqa ijodkorlar tomonidan ham qo‘llanilib, poetik leksikani boyitib boradi, badiiy nutqning boshqa turlarida qo‘llanilmasligi yoki passivligi bilan xarakterlanadi [Umurqulov, 1990:15]. Nazarimizda, bu fikrda maʼlum bir chegaralanishlar mavjuddek. Badiiy matnda shunday onomatoplar qo‘llanadiki, bu lisoniy birliklar nafaqat milliy uzusda mavjud, balki boshqa ijodkorlar asarlarida ham uchramaydi yoki yo‘q hisob. Taqlidiy so‘zlarni individual neologizm sifatida badiiy matnga majburiy yoki noo‘rin niqtash nafaqat subyekt va o‘quvchi o‘rtasida ruhiy dissonans(qoniqmaslik)ni sodir etadi, shuningdek, onomatoplarning umumtil isteʼmolida ham turli “ishonchsizlik”larni vujudga keltiradi. Masalan, yuqorida misolga olingan parchadagi har, hur, hur... onomatopi milliy so‘z qatlamimizda uchramaydi hamda mumtoz yoki zamonaviy badiiy matnlarda ham qo‘llanmagan. “Аfsus bilan aytish lozimki, – deb taʼkidlaydi tilshunos olim M.Mirtojiyev. – Ko‘pgina shoirlarning sheʼrlarida biron-bir poetik maqsadga xizmat qilmaydigan, bevosita kuzatish emas, balki xom tasavvur mahsuli bo‘lgan palag‘da o‘xshatishlar ko‘zga tashlanadi. Аlbatta, bunday o‘xshatishlar sheʼrning badiiy qimmatini yo‘qqa chiqaradi. Sheʼrdagi har bir o‘xshatish muayyan maqsadni ko‘zlamog‘i, bu maqsad uchun to‘lig‘icha bo‘ysundirilmog‘i lozim” [Mirtojiyev, Mahmudov, 1992:102]. Аyni haqiqat, ijodkor (А.Qutbiddin) tomonidan qo‘llangan bu onomatop (har, hur, hur...) biror bir diaxron yoki neologik emosemasiga ega emasligi ko‘rinib turibdi. Lirik parcha hijjalab o‘qilganda ham yoki modern tasavvur “tarozusi” bilan o‘lchanganda (intim lirika xususida so‘z boryapti) ham yakuniy estetik maqsadga erishilmaganligi ko‘rinib qolmoqda. Uchinchi misra asosida shakllangan mantiqiy fikrli o‘quvchi onomatop(har, hur, hur...)ga kelganda “boshi berk ko‘cha”ga kirgandek bo‘ladi. Tog‘ soyasining hurkishi yoki cho‘chishi bilan bog‘liq metaforik tasvirni onomatopga yuklanishida badiiy (va lingvistik) kreotivlikka harakat qilgan ijodkor missiyasi besamar chiqqandek, nazarimizda. Umuman, biz ijodkorning “o‘z huquqlari”dan foydalanishiga qarshi yoki adabiiy tendensiyalarning rivojlanishidagi evrilishlarga qarshi emasmiz. Lekin har qanday ijodiy individuallik (yoki erkinlik) asosida yaratilayotgan lisoniy birlik, aynan onomatop til egasining umumtasavvur zahirasiga mos va lingvistik asosga ega bo‘lishi zarur. Emosema asosida shakllangan onomatoplar (g‘uv = g‘uv-g‘uv-g‘uv) lingvistik va genetik asosga ega va milliy uzusda o‘z sema statusini barcha uslublarda namoyon eta oladi. Bu jihatni yuqoridagi misolda ham bir qadar kuzatdik. Yana bir o‘rinda M.Mirtojiyev: “Emosema so‘z leksik maʼnosining mana shu denotativ semasiga yo‘ldosh holda ikkinchi so‘z bilan birikuvida ahamiyat kasb etadi, o‘z qimmatiga ega bo‘ladi. U so‘zning biror denotativ semaga asoslangan valentligiga mingashgan holda, uning voqelantirgan aktantiga sherik bo‘ladi va birgalikda klassemalar tarkib topadi,” – deb fikr bildiradi [Mirtojiyev, 2010:282]. Zero, tilshunos V.Zadornova talqiniga ko‘ra, lingvopoetik tahlilning maqsadi muayyan til birligi (so‘z, ibora, grammatik shakl, sintaktik qurilish) muallif tomonidan og‘zaki va badiiy ijod jarayonida qanday tarkib topganligini va til vositalarining u yoki bu o‘ziga xos birikmasi bu estetik effektni yaratishga olib kelishini aniqlashdan iborat [Zadornova, 1992:19]. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, yuqoridagi lirik parchada qo‘llangan onomatop (har, hur, hur...)ning estetik va badiiy qimmatini, shuningdek, lingvistik asosini ham topish biroz mushkuldek, nazarimizda. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling