87. Keng dunyoqarash, yuksak axloqiylik, bilimdonlik, zukkolik va ziyolilik bu….
Keng dunyoqarash yuksak madaniyatli pedagogga xos tushunchadir. Bu tushunchaga lug‘atlarda berilgan ta’riflarni umumlashtirgan holda aytish mumkinki, dunyoqarash kishilarning tabiat va jamiyatga, tevarak-atrofdagi voqelikka, o‘z-o‘zlariga va boshqa odamlarga munosabatiga bo‘lgan umumiy qarashlar tizimi hamda ularning shu qarashlar asosida shakllangan e’tiqodlari, bilish va faoliyat prinsiplaridir. Dunyoqarash qancha keng bo‘lsa, inson yuz berayotgan voqea va hodisalarga, kechayotgan jarayonlarga shuncha ob’ektiv baho berish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ma’naviy, ma’rifiy va axloqiy jihatdan kamol topa boradi.
Pedagogik madaniyatning muhim tarkibiy qismlaridan yana biri yuksak axloqiylik bo‘lib, uning mohiyati va asosiy mazmuni ofitserning pedagogik faoliyati uchun zarur hisoblangan axloqiy sifatlari bilan ifodalanadi. Umuminsoniy va milliy axloqiy fazilatlarning, umumharbiy nizomlar talablarining ofitser tomonidan o‘zlashtirilishi hamda ularning turmush tarziga aylantirilib, so‘zsiz bajarib borilishi, bu borada hamkasblariga va bo‘ysunuvchilariga doimo ibrat bo‘lishi harbiy pedagogga xos xususiyatdir. Professional pedagogik axloq ofitser shaxsining kasbiy takomillashuvi va axloqiy bilimlarni egallashi asosida hosil bo‘ladi.
Bilimdonlik, zukkolik va ziyolilik hozirgi zamon ofitseriga qo‘yiladigan asosiy talablardan biridir. Bilimdonlik madaniyatlilikning bosh mezonidir. O‘z mutaxassisligini chuqur bilgan, boshqa sohalardan ham etarli tushunchaga ega bo‘lgan, zamonaviy axborot oqimi ma’lumotlarini to‘g‘ri talqin qila oladigan pedagoggina o‘z hamkasblari va tarbiyalanuvchilari ko‘z o‘ngida obro‘-e’tiborga ega bo‘ladi. Ta’lim-tarbiya ishlarini amalga oshirish, turli tadbirlar o‘tkazish jarayonida materialni tinglovchi ongiga etkaza olish, tug‘iladigan savollarga hozirjavoblik bilan javob berish murakkab ishdir. Bunda pedagogdan yaxshi xotira, ma’lum tizimga solingan bilimlar zahirasi, tajriba va sharoitga qarab yo‘l tuta olish qobiliyati talab qilinadi.
Bilimdonlik, zukkolik, ziyolilik insonga o‘z-o‘zidan kelmaydi. Bularga bilim, ko‘nikma va malakalarni doimiy ravishda takomillashtirib borish, ma’lumotni oshirish yo‘lidagi tinimsiz mehnat, izlanish oqibatida erishiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |