Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida


Bo‘ysunish va harbiy sha’nga rioya etish tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar


Download 48.97 Kb.
bet4/7
Sana10.11.2023
Hajmi48.97 Kb.
#1763928
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
23 15.09.2000

Bo‘ysunish va harbiy sha’nga rioya etish tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar
3.1. O‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish deganda xizmatdoshlarini o‘ziga bo‘ysundirishni ta’minlash, xizmatni o‘tash chog‘ida o‘zi uchun imtiyozli sharoitlar yaratish maqsadida bir harbiy xizmatchining boshqasiga nisbatan turli xil zo‘rliklar ishlatishi, uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishi tushunilishi lozim.
Ushbu qoidalar xizmat mavqeyi va harbiy unvoni teng, shuningdek, katta va kichik, lekin tobelik munosabatlarida bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida buzilsa, Jinoyat kodeksining 285-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlik vujudga keladi.
Bir-biriga tobelik munosabatlarida bo‘lgan va bo‘lmagan shaxslar tomonidan zo‘rlik harakatlari birgalikda sodir etilgan hollar tavsiflash uchun birmuncha murakkabroq.
Masalan, ham aybdorga va ham jabrlanuvchiga boshliq bo‘lgan serjant soldat tomonidan sodir etilgan noustav harakatlarga qo‘shiladi yoki tobe shaxs o‘z boshlig‘ining zo‘ravonlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday hollarda boshliqning o‘ziga tobe shaxs tomonidan sodir etilgan noustav zo‘ravonlik harakatlarida ishtirok etishini harbiy mansabdorlik jinoyati sifatida Jinoyat kodeksining 301-moddasi bilan tavsiflash lozim. Ijrochining harakatlarini esa, Jinoyat kodeksining 285-moddasi 1-qismi bilan tavsiflash lozim, chunki boshliq ushbu jinoyatning subyekti emas va sherik sifatida tan olinmaydi.
Agar boshliq tomonidan xizmat mavqeyi o‘zi bilan teng shaxslarga nisbatan sodir etilgan noustav harakatlarga, jabrlanuvchiga ham, aybdorga ham tobe shaxs kelib qo‘shilsa, boshliqning harakatlari Jinoyat kodeksining 285-moddasi bilan, tobe shaxsning harakatlari esa — jinoyatga sherik sifatida Jinoyat kodeksining 28, 285-moddalari bilan tavsiflanishi lozim.
3.2. Jinoyat kodeksining 285-moddasi 1-qismida muntazam ravishda xo‘rlash, kamsitish, sog‘liqning yomonlashuviga sabab bo‘lgan yengil yoki o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish, noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish kabi o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu sababli aybdorning harakatlarini Jinoyat kodeksining shaxsga qarshi jinoyatlarga tegishli moddalari bilan qo‘shimcha tavsiflash talab qilinmaydi.
3.3. Jinoyat kodeksining 285-moddasi 2-qismi “a, b” bandlarida bir guruh shaxslar tomonidan yoki qurol ishlatish orqali sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Jinoyat kodeksining 285-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan “bir guruh shaxslar” tushunchasi Jinoyat kodeksining 29-moddasida berilgan tushuncha bilan bir xil ma’noni anglatadi. Guruh sifatidagi noustav zo‘ravonlik harakatlari qasd umumiyligi bilan birlashgan ikki yoki undan ortiq harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etiladi va ularning har biri Jinoyat kodeksining 285-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat subyekti bo‘ladi va jinoyatda sherik sifatida ishtirok etadi. Bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyat oldindan o‘zaro til biriktirib yoki biriktirmasdan sodir etilishi mumkin. So‘nggi holda harakatlarni Jinoyat kodeksining 285-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan tavsiflashning zarur sharti — har bir aybdor o‘z noustav harakatlarini guruh ichida birlashib sodir etayotganligini anglab yetganligidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Guruh va yakka tartibda sodir etilgan noustav harakatlar epizodlari jinoyatlarning real majmui sifatida qaralishi va mustaqil huquqiy baholanishi kerak.
(3.3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Qurol tan jarohatlarini yetkazish uchun qo‘llanilishi, boshqa xil zo‘rlik paytida esa, masalan, aybdor qurol ishlatish tahdidi ostida jabrlanuvchini harbiy xizmat yuzasidan o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishga, o‘zi uchun turli xizmatlar qilishga majburlash, shuningdek, inson sha’nini kamsitadigan xatti-harakatlar qilish paytida, ruhiy ta’sir o‘tkazish uchun qo‘llanilishi mumkin.
Quroldan uning konstruksiyasi va mohiyatidan kelib chiqadigan yakson qiluvchi vosita sifatida emas, balki faqat kaltaklash predmeti sifatida foydalanish qurolni qo‘llash hisoblanmaydi.
3.4. Jinoyat kodeksining 285-moddasi 4-qismi “b” bandida ko‘zda tutilgan “boshqa og‘ir oqibatlar” deganda, aybdorning noustav harakatlari bilan sababiy bog‘lanishda bo‘lgan, og‘irligining xususiyatiga qarab sud tomonidan baholanishi lozim bo‘lgan oqibatlar tushuniladi.
Agar noustav zo‘ravonlik harakatlari jabrlanuvchini qasddan o‘ldirish bilan yakunlansa, aybdorning harakatlari Jinoyat kodeksining 285-moddasi 3-qismi hamda kodeksning shaxsga qarshi jinoyatlarni ko‘zda tutuvchi moddalari majmui bilan tavsiflanadi.
Amaliyotda, ko‘pincha, jabrlanuvchining o‘limi yurakning reflektor to‘xtab qolishi yoki mexanik asfiksiya natijasida ro‘y berish hollari uchrab, bu narsa jabrlanuvchining ko‘krak qafasi qismiga aybdor, odatda, qo‘li bilan bir zarba berishi oqibatida kelib chiqadi. Bunday harakatlar, agar aybdorda jabrlanuvchini hayotdan mahrum qilishga qaratilgan qasd bo‘lganligini aniq isbotlovchi dalillar bo‘lmasa, odam o‘lishiga sabab bo‘lgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish sifatida tavsiflanishi lozim.
Harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarining buzilishi, ba’zi paytlarda, nafaqat odamlar o‘limiga, balki jangovar vazifaning bajarilmay qolishiga, harbiy texnikaning ishdan chiqishiga va boshqa oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday oqibatlar sud tomonidan og‘ir deb topilgan taqdirda aybdorning harakatlarini Jinoyat kodeksining 285-moddasi 4-qismi bilan tavsiflashga asos bo‘la oladi.
Noustav zo‘ravonlik harakatlari oqibatida bir necha jabrlanuvchiga Jinoyat kodeksi 285-moddasining turli qismlarida ko‘zda tutilgan zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu harakatlar Jinoyat kodeksining 33-moddasi qoidasiga ko‘ra tavsiflanishi lozim.
3.5. Harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish aybdorlar harbiy xizmatning maxsus turlari bo‘yicha majburiyatlarni bajarayotgan paytda sodir etilishi mumkin (qorovullik, ichki xizmat, harbiy navbatchilik va hokazolar). Agar aybdor tomonidan ayni paytda maxsus xizmat qoidalari ham buzilsa, bu harakatlar Jinoyat kodeksining 285-moddasi va u yoki bu xizmat turini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar majmui bilan tavsiflanishi lozim.
Maxsus xizmat turlarini o‘tash qoidalarini buzish, faqat, o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzish ayni paytda maxsus xizmat turlarini o‘tash qoidalarini ham buzilishiga olib kelsagina alohida huquqiy baholanishi mumkin (misol uchun, qism yoki bo‘linma ichki naryadiga kiruvchi shaxs tomonidan).
3.6. Harbiy xizmatchilar tomonidan o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini, jumladan, “o‘zga zo‘rlik” ko‘rinishida buzish jabrlanuvchilarning oziq-ovqati, harbiy kiyim-kechak ashyolari va boshqa moddiy boyliklarini olib qo‘yish yo‘li bilan sodir etilishi mumkin. Agar bunda jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy mulk ashyolari olib qo‘yilsa, aybdorning harakatlari Jinoyat kodeksining 285-moddasidan tashqari, mulkka qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi boshqa moddalari bilan qo‘shimcha tavsiflanishi zarur.
Zo‘rlik ishlatish yoki uni ishlatish tahdidi ostida harbiy xizmatchiga beriladigan oziq-ovqat payogi yoki harbiy kiyim-kechak ashyolarini olib qo‘yish Jinoyat kodeksi 285-moddasining dispozitsiyasi bilan to‘laligicha qamrab olinadi.
3.7. Qo‘mondonlarga va o‘zga boshliqlarga zarur xizmat vakolatlarini, jumladan, tobe shaxslarga nisbatan buyruq, farmoyish berish va uning so‘zsiz bajarilishini — intizomni buzganlarga nisbatan majburlash choralarini qo‘llash orqali talab qilish huquqini bera turib, davlat ularning shaxsini va xizmat sha’nini har qanday tajovuzdan himoya qiladi.
Shu maqsadda, jinoyat qonunchiligida boshliqqa tan jarohatlari yetkazish, haqorat qilish, tahdid solish, shuningdek, unga qarshilik ko‘rsatish yoki xizmat burchini buzishga majburlash uchun javobgarlik belgilangan.
Ushbu jinoyatlarning o‘ziga xosligi shundan iboratki, ular harbiy xizmat munosabatlari doirasida sodir etiladi. Agarda ko‘rsatilgan jinoyatlar shaxsiy munosabatlar doirasida sodir etilsa, bunday harakatlar harbiy jinoyat deb tan olinmaydi va shaxsga qarshi jinoyat sifatida tavsiflanishi kerak.

Download 48.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling