Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida


Harbiy mulkni saqlash yoki undan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar


Download 48.97 Kb.
bet7/7
Sana10.11.2023
Hajmi48.97 Kb.
#1763928
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
23 15.09.2000

Harbiy mulkni saqlash yoki undan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq masalalar
5.1. Atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, portlovchi, radioaktiv va boshqa moddalar va buyumlar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish — harbiy xizmatchi tomonidan maxsus ehtiyot qoidalariga rioya etmaslikdan iborat. Bu esa, odamlarning o‘limi va ularga shikast yetkazilishiga, harbiy mulkning yo‘q bo‘lishiga, harbiy tadbirlarning barbod bo‘lishi va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, moddalar va buyumlar bilan muomalada bo‘lish tartibi harbiy nizomlarda va boshqa normativ aktlar (turli xil qurollardan otish kurslari, qo‘llanmalar va nastavleniyelar)da belgilangan bo‘lib, ularda qurol-yarog‘, tegishli modda va buyumlar bilan muomalada bo‘lishda xavfsizlik shartlarini ta’minlovchi qoidalar majmui keltirilgan.
Qoida buzilishi deganda qurol-yarog‘, shuningdek moddalar va buyumlar bilan ishlash chog‘ida belgilangan usullarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik, yoxud ular bilan muomalada bo‘lishda harakat ketma-ketligiga rioya qilmaslik, shuningdek ushbu modda va buyumlarni saqlash xavfsizligini ta’minlovchi qoidalarni buzish tushuniladi.
Jinoyat kodeksining 297-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat subyekti — o‘z xizmat mohiyatiga ko‘ra atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, moddalar va buyumlardan foydalanayotgan yoki ularni saqlash, tashish va yetkazib berishni ta’minlab beruvchi yoxud ularga daxldor bo‘lgan va ular bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzgan harbiy xizmatchilar bo‘lishi mumkin.
5.1.1. Qurol — tirik kuchni yo‘q qilish uchun maxsus yaratilgan texnik vositadir. Jinoyat kodeksining 297-moddasi dispozitsiyasi faqat o‘qotar qurolni (pistolet, avtomat, granatomyot, artilleriya yoki raketa qurol-yarog‘lari) o‘z ichiga oladi, sovuq qurol bu guruhga kirmaydi. Qurol-yarog‘ zavodda tayyorlangan va harbiy qism u bilan qurollangan bo‘lishi kerak. Qo‘lda yasalgan o‘qotar qurollar Jinoyat kodeksining 297-moddasida ko‘zda tutilgan qurolga kirmaydi. Qurilish, signal, start pistoletlari va tirik kuchni yo‘q qilishga mo‘ljallanmagan boshqa otish vositalari ham bu guruhga kirmaydi.
Yordamchi o‘q-dorilar (masalan, o‘qsiz yoki o‘quv patronlari, ko‘rgazma snaryadlari yoki granatalari va hokazolar) jinoyat predmeti bo‘la olmaydi.
5.1.2. Portlovchi moddalar tashqi ta’sir (urish, yoqish, zarba, o‘z-o‘zidan yonish) oqibatida tez ximik o‘zgarishlarga kiruvchi modda va buyumlar bo‘lib, bu ximik o‘zgarishlar natijasida uloqtirish yoki vayron qilish kuchiga ega bo‘lgan ko‘p miqdorda issiqlik va qizigan gaz paydo bo‘ladi va ajralib chiqadi.
5.1.3. Radioaktiv moddalar — o‘z-o‘zidan parchalanishi va korpuskulyar yoki elektr magnit nurlanishi orqali tirik mavjudotlarga zarar keltirish xususiyatiga ega bo‘lgan moddalardir.
5.2. Jangovor, maxsus yoki transport mashinalaridan belgilangan maqsadda foydalanish Ichki xizmat Nizomi, Yo‘l harakati qoidalari va boshqa huquqiy aktlarda belgilangan tartibga qat’iy rioya qilishni nazarda tutadi.
Jangovor mashinalarga — tanklar, bronetransportyorlar, o‘ziyurar artilleriya va raketa qurilmalari, artilleriya tizimlarini tortishga mo‘ljallangan mashinalar va o‘t ochishni boshqaradigan apparatlar o‘rnatilgan tirkamalar, boshqa o‘ziyurar texnika vositalari kiradi.
Maxsus mashinalar — vazifasiga ko‘ra yoki ustida o‘rnatilgan uskunalarga muvofiq, alohida, maxsus ishlarda foydalaniladigan o‘ziyurar texnika vositalaridir. Har xil muhandislik mashinalari, sanitariya transportlari, ko‘chma ta’mirlash ustaxonalari, laboratoriyalar va hokazolar maxsus mashinalar tarkibiga kiradi.
Transport mashinalariga — shaxsiy tarkibni, qurol-yarog‘ni, o‘q-dorilarni, harbiy-texnika buyumlarini hamda harbiy qismning kundalik xo‘jalik, madaniy-maishiy, tibbiy va boshqa xizmatlarini bajarishga mo‘ljallangan mashinalar taalluqlidir.
5.2.1. Jinoyat kodeksining 298-moddasi nazarda tutgan jinoyatning muqarrar alomati — yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar natijasida odamlarning halok bo‘lishi yoki ularga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi muayyan zararning kelib chiqishidir. Hayot va sog‘liqqa zarar yetkazish ushbu jinoyat tarkibi bilan qamrab olingan va u shaxsga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi moddalar bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab qilmaydi.
“Boshqa oqibatlar”ga ancha miqdordagi moddiy yoki moddiy bo‘lmagan zarar kiradi. Moddiy zarar avtomashina, injener qurilmalari va boshqa binolarni yo‘q qilish yoki shikast yetkazishda, chorva mollarining nobud bo‘lishi va hokazolarda ifodalanishi mumkin. Moddiy bo‘lmagan og‘ir oqibatlar muhim harbiy topshiriqlar, jangovor, harbiy-o‘quv vazifalari yoki boshqa tadbirlarning barbod bo‘lishida ifodalanishi mumkin.
5.2.2. Jangovor, transport va maxsus mashinalarni boshqarish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish jinoyatini unga o‘xshash boshqa jinoyatlardan ajratish lozim.
Jinoyat kodeksining 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyatdan mazkur jinoyat obyekti, obyektiv tomonining ba’zi alomatlari va subyekti bilan ajralib turadi. Jinoyat kodeksining 298-moddasi bo‘yicha jinoyat obyekti bu Qurolli Kuchlarda o‘rnatilgan va jangovor, maxsus yoki transport mashinalaridan foydalanish yoki ularni boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan harbiy xizmatni o‘tash tartibidir. Jinoyat kodeksining 266-moddasida belgilangan jinoyat esa — transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga tajovuz qiladi. Jinoyat kodeksining 298-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat harbiy xizmatchi tomonidan jangovor, maxsus yoki transport mashinasida sodir etiladi. Agar harbiy xizmatchi jangovor, maxsus yoki transport bo‘lmagan mashinada va harbiy xizmatchi bo‘lmagan shaxs esa, jangovor, maxsus yoki transport mashinada boshqarish qoidalarini buzsa, bu harakat Jinoyat kodeksining 266-moddasi tarkibi alomatlariga to‘g‘ri keladi.
Agar transport vositalarining texnik holati yoki ulardan foydalanishga mas’ul shaxs texnik jihatdan nosoz bo‘lgan jangovor, maxsus yoki transport mashinalarni foydalanish uchun chiqarib yuborsa va bu Jinoyat kodeksining 262-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarsa, bu holat Jinoyat kodeksining 262-moddasi bilan tavsiflashni talab qilmaydi, chunki ushbu qilmish Jinoyat kodeksining 298-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olingan.
Jinoyat kodeksining 298-moddasi jangovor, maxsus yoki transport mashinalarini boshqarish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish natijasida kelib chiqqan barcha oqibatlarni, jumladan, bir necha odamlarning halok bo‘lishini ham nazarda tutadi. Shuning uchun bir necha odamlarning o‘limiga olib kelganlik alomati mavjudligining o‘zi qilmishni Jinoyat kodeksining 262-moddasi bilan tavsiflash uchun asos bo‘lmaydi.
Boshqarish qoidalarini buzgan shaxs tomonidan ayni paytda jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmaslik Jinoyat kodeksining 298-moddasi dispozitsiyasi doirasidan tashqariga chiqadi va Jinoyat kodeksining 117-moddasi bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab qiladi.
5.2.3. Jinoyatning subyekti — jangovor, maxsus yoki transport mashinasidan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan yoki uni bevosita boshqaradigan harbiy xizmatchi bo‘ladi. Qoidabuzarni boshqarish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortishda uning shtat bo‘yicha haydovchi bo‘lish-bo‘lmasligining va mashinani boshqara olish-olmasligining ahamiyati yo‘q. Instruktor nazorati ostida o‘quv mashinasida boshqarishni o‘rganayotgan harbiy xizmatchini Jinoyat kodeksining 298-moddasida nazarda tutilgan jinoyat uchun javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Bunday holda harakat xavfsizligini ta’minlash instruktorga yuklatilgan bo‘lib, aynan u boshqarish qoidalarini buzganlik uchun javobgardir.
5.3. Uchish yoki uchishga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish harbiy texnikadan foydalanish tartibiga qarshi jinoyatlar tarkibiga kiradi.
Mazkur jinoyatning obyekti — Qurolli Kuchlarda o‘rnatilgan uchish va uchishga tayyorgarlik ko‘rish tartibidir. Shuning uchun ham ushbu jinoyat uchun javobgarlik, faqat uchish apparatini havoda boshqarish vaqtida yoki ko‘tarilish-qo‘nish yo‘lagidagi harakat chog‘ida — ko‘tarilish yoki qo‘ngandan so‘ng dvigatel to‘xtashigacha bo‘lgan vaqtda — uchish apparatini boshqarish qoidalarini buzish, shuningdek, mashinani va ekipajni uchish oldidan tayyorlash qoidalarini buzgandagina yuzaga kelishi mumkin. Mashinaning havoga ko‘tarilishi yoki qo‘nishi bilan bog‘liq bo‘lmagan hodisalar ushbu modda bilan javobgarlikka tortishga asos bo‘la olmaydi va boshqa jinoyat tarkibini tashkil etishi mumkin.
Uchish apparatlariga Qurolli Kuchlarga tegishli bo‘lgan samolyotlar va vertolyotlar, shuningdek, uchuvchisiz uchadigan samolyotlar va planerlar kiradi.
5.3.1. Jinoyat kodeksining 299-moddasi halokat yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan hodisalar uchun javobgarlikni nazar tutadi.
Halokat deganda harakatlanayotgan uchish apparatining unda uchayotgan ekipaj a’zolaridan, ko‘chirilayotgan bo‘linma shaxsiy tarkibidan yoki havo kemasida bo‘lgan boshqa shaxslardan birortasining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan buzilishi yoki shikastlanishi tushuniladi.
Boshqa og‘ir oqibatlarga quyidagilar kirishi mumkin:
havo kemasida bo‘lgan shaxslarning badaniga og‘ir shikast yetkazilishi;
uchish apparatining erga qulab tushishi yoki majburan qo‘nishi natijasida erdagi odamlarning halok bo‘lishi yoki ularning badaniga og‘ir shikast yetkazilishi;
avariya, ya’ni samolyotga uning to‘la yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘lgan darajada shikast yetkazilishi;
mashinalarning ularni ta’mirlash uchun anchagina moddiy xarajatlar talab qiladigan darajada buzilishi;
havo kemasining halokati, qulashi yoki majburan qo‘nishi chog‘ida davlat, shuningdek, harbiy mulkning yoki shaxsiy mulkning nobud bo‘lishi yoki ularga katta miqdorda zarar yetkazilishi.
5.3.2. Uchish qoidalarini buzish kemani boshqarishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, belgilangan mo‘ljal yoki yo‘l boshqaruvining yo‘qotilishi, sho‘ng‘ish holatidan chiqishda kechikish, qo‘nish joyiga yetib kelmasdan yoki u erdan o‘tib ketib qo‘nish, shassini to‘liq tushirmasdan erga qo‘nish, qo‘nayotganda pasayish tezligini oshirish va hokazolar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Uchishga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish ekipaj a’zolarini uchishga tayyorlash va ruxsat berish qoidalarini bajarmaslik yoki mashinaning o‘zini uchishga tayyorlash qoidalariga rioya qilmaslik bilan bog‘liqdir (bemor uchuvchining uchishi, meditsina ko‘rigidan o‘tmaslik, mashinani texnik nosozliklar bilan uchishga chiqarish va hokazolar).
Jinoyat tarkibi uchun xos muqarrar alomat — yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlik bilan uning oqibatlari o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishning mavjudligidir.
5.3.3. Jinoyat kodeksining 299-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti — zimmasiga uchish yoki uchishga tayyorgarlik ko‘rishni ta’minlashga oid maxsus vazifa yuklatilgan harbiy xizmatchilar bo‘lishlari mumkin. Uchish rahbari, havo kemasining qo‘mondoni, uchuvchi, bort muhandisi, shturman va boshqalar ham javobgarlikka tortilishlari mumkin.
5.4. Harbiy mulkni behuda sarflash, yo‘qotish yoki ishdan chiqarish jinoyatining obyekti — harbiy nizomlar, farmoyishlar, yo‘riqnomalar va buyruqlarda qayd etilgan harbiy mulkdan foydalanish va uni asrab avaylash tartibidir. Bu tartibga rioya qilish qurol-yarog‘larning, jangovar va boshqa texnikadan, anjomlar, kiyim-kechak va boshqa mulkdan to‘g‘ri foydalanish va ularni ehtiyot qilishni ta’minlaydi.
Harbiy mulk harbiy xizmatchilarga shaxsiy ehtiyoj yoki xizmatda foydalanishi uchun beriladi. Shaxsiy ehtiyoj uchun foydalanishga faqat kiyim-kechaklar va anjomlar, xizmatda foydalanish uchun esa — qurol, o‘q-dori, harakatlanish vositalari va hokazolar beriladi.
5.4.1. Jinoyat kodeksining 295-moddasi 1-qismi muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy foydalanishga berilgan harbiy anjomlarni behuda sarflaganlik uchun javobgarlikni ko‘zda tutadi.
Kiyim-kechak va anjomlar ofitserlar tarkibida bo‘lgan shaxslarga, praporshiklarga, michmanlarga va harbiy xizmatni kontrakt (shartnoma) asosida o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy mulk sifatida beriladi. Shuning uchun ham bu shaxslar tomonidan ushbu ashyolarning kimgadir berib yuborilishi, yo‘qotilishi yoki ularga shikast yetkazilishi uchun javobgarlik ko‘zda tutilmagan.
Muddatli xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga, ofitserlarga, praporshiklarga va harbiy xizmatni kontrakt (shartnoma) asosida o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga inventar sifatida berilgan anjomlar harbiy qismning mulki hisoblanadi. Ularning birovlarga o‘tkazilishi behuda sarflash jinoyatining emas, davlat mulkini talon-toroj qilish jinoyatining tarkibini tashkil qiladi.
5.4.2. Jinoyat kodeksining 295-moddasidan farqli o‘laroq, kodeksning 296-moddasida nafaqat shaxsiy yoki xizmatda foydalanish uchun berilgan anjomlarni, balki har qanday harbiy mulkni asrash tartibi nazarda tutilgan. Qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, harakatlanish vositalari va boshqa harbiy mulklar davlat mulki bo‘lib, shuning uchun ham ularni qasddan nobud qilgan yoki ularga shikast yetkazgan aybdor bir paytning o‘zida davlat mulkiga ham tajovuz qiladi.
Behuda sarflash kiyim-kechak va anjomlarni sotish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxsga foydalanish uchun berishda ifodalanadi. Behuda sarflashning muqarrar belgisi — shaxsiy foydalanish uchun berilgan kiyim-kechak yoki anjomlarning harbiy xizmatchi egaligidan chiqib, o‘zga shaxsning noqonuniy egaligiga o‘tishidir.
Behuda sarflangan harbiy mulk doimo davlat mulki bo‘lib qolganligi uchun, har qanday vaziyatda u noqonuniy egalikdan tortib olinadi va, agar uning qaytarilishining iloji bo‘lmasa, uning qiymati bir necha karra miqdorida aybdordan undiriladi.
Subyektiv tomondan behuda sarflash aybning to‘g‘ri qasd shaklida sodir etiladi. Aybdor o‘ziga shaxsiy foydalanish uchun berilgan buyumni sotayotganini, birovga foydalanish yoki garovga berayotganini anglaydi va buni xohlaydi.
Kiyim-kechak yoki anjomlarni yo‘qotish yoki ularni ishdan chiqarish, shuningdek, aybning ehtiyotsizlik shakli — jinoiy o‘z-o‘ziga ishonish yoki jinoiy beparvolik bilan sodir etiladi.
5.4.3. Harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishning atrofdagilar uchun xavfli usulda sodir etilishi (yoqish yoki cho‘ktirib yuborish va hokazolar) Jinoyat kodeksining 296-moddasi bilan qamrab olinadi va kodeksning 173-moddasi bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab etmaydi.
Harbiy mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish ba’zida shikastlangan mulkning qandaydir qismini o‘g‘irlash bilan birga sodir etiladi. Mazkur harakatlar mulkni qasddan nobud qilish yoki unga shikast yetkazish va davlat mulkini o‘g‘irlash sifatida jinoyatlar majmui bilan tavsiflanishi lozim.
Jinoyat kodeksining 296-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd shaklida sodir etiladi. Bunday paytda aybdor shaxs mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishni maqsad qilib qo‘yadi yoki bunday oqibatlarning kelib chiqishiga, bila-turib, yo‘l qo‘yadi. Aybdor boshqa biror mulkni emas, balki aynan harbiy mulkni nobud qilayotganini yoki unga shikast yetkazayotganini anglaydi.
Agar shaxs o‘z harakati bilan harbiy mulkni yo‘q qilayapman deb o‘ylasayu, haqiqatda esa mulk harbiy bo‘lmasa, qilmish harbiy mulkni nobud qilishga suiqasd deb baholanishi lozim.
Jinoyatning haqiqiy sababini (motivini) aniqlash katta ahamiyatga ega. Agar harbiy mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazish )O‘zbekiston Respublikasiga ziyon yetkazish maqsadida sodir etilgan bo‘lsa, bunday harakatlar davlatga qarshi jinoyat — diversiya (Jinoyat kodeksining 161-moddasi)ni tashkil etadi.
6. Sudlar jazo tayinlashda alohida yondashuv to‘g‘risidagi qonun talabiga qat’iy rioya qilishlari, uni har doim sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyatidan, harbiy xizmatchining shaxsi hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlardan kelib chiqqan holda qo‘llashlari shart.
Sudlarga tushuntirilsinki, sudlanuvchiga jazo turini tayinlash paytida uni hukm chiqarilgunga qadar belgilangan tartibda harbiy xizmatdan bo‘shatilganligini va shaxsini hisobga olib, unga nisbatan JKning 46-moddasida ko‘rsatilgan axloq tuzatish ishlari jazosini qo‘llash huquqiga ega.
Uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni tayinlash paytida, sud ishning holatlari va sudlanganning shaxsini inobatga olib, muddatli xizmat harbiy xizmatchilariga intizomiy qismga yuborish, JK ning 47-moddasida ko‘rsatilgan harbiy xizmatchilarga esa, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat yoki og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmagan ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat uchun xizmat bo‘yicha cheklash jazolarini qo‘llash huquqiga ega.
Harbiy yoki maxsus unvonga ega bo‘lgan shaxslarni og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat uchun sudlash chog‘ida, sud har doim Jinoyat kodeksining 52-moddasiga asosan ularni bunday unvondan mahrum qilish masalasini muhokama qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarning sudlar tomonidan to‘g‘ri va aniq qo‘llanilishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar, ushbu masala yuzasidan sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borsinlar va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish chorasini ko‘rsinlar.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
2000-yil 15-sentabr,
23-son
Download 48.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling