Hayotga qarshi jinoyatlar


Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o`ldirish


Download 154,5 Kb.
bet23/26
Sana18.02.2023
Hajmi154,5 Kb.
#1210448
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   26
Bog'liq
Hayotga qarshi jinoyatlar

Zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o`ldirish
(O`zR JK 100-moddasi)

Mazkur jinoyat obyektiv tomondan zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, qasddan odam o`ldirishdan iboratdir.


«O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 37-moddasida ifoda qilingan zaruriy mudofaa huquqi fuqarolarning shaxsi, uy-joy va mulki, daxilsizligi haqidagi konstitutsiyaviy qoidalarni amalga oshirishning kafolatidir, fuqarolarning davlat mulkini, davlat va jamoat manfaatlarini qo`riqlash borasidagi Konstitutsiyada belgilangan burchlarni amalga oshirishni ta'minlaydi».27[28]
Aybdorni O`zR JK 100-moddasi bo`yicha jinoiy javobgarlikka tortish uchun aybdorning zaruriy mudofaa holatida bo`lganligini va uning chegarasidan chiqqanligini aniqlash zarur.
Zaruriy mudofaa tushunchasi O`zR JK 37-moddasida bayon qilingan.
Jinoyat kodeksi Maxsus qismida nazarda tutilgan qilmishlar uni sodir etgan shaxsning javobgarlikka tortilganligi yoki ruhiy kasallik tufayli, jinoiy javobgarlik yoshiga to`lmaganligi sababli va boshqa asoslarga ko`ra javobgarlikdan ozod qilinganligidan qat'i nazar Jinoyat kodeksining 37-moddasi doirasida himoyalanishiga asos beruvchi ijtimoiy xavfli tajovuz deb hisoblanadi.
Agar himoyalanuvchi ish holatlariga ko`ra tajovuz tugagan vaqtni aniq anglay olmagan bo`lsa, zaruriy mudofaa holati tajovuz tugagandan so`ng ham bo`lishi mumkin hujum vaqtida ishlatilgan qurol va boshqa ashyolarning tajovuzchidan himoyalanuvchining qo`liga o`tib qolishining o`zi tajovuz tugaganligidan dalolat bermaydi.
Tajovuzning oldi olingan yoki tugagandan so`ng va himoya vositalarini qo`llash zaruriyati aniq yo`qolganda himoyalanuvchining tajovuz qiluvchiga zarar yetkazishi zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan deb hisoblanmaydi. Bunday holatlarda aybdor umumiy asoslarga ko`ra javobgarlikka tortiladi.
Sudlanuvchining bunday harakatlariga to`g`ri huquqiy baho berish maqsadida sudlar yuz bergan voqeaning barcha holatlarini hisobga olib, bu harakatlar ular tomonidan ijtimoiy xavfli tajovuz sababli kuchli ruhiy hayajonlanish holatida sodir etilgan yoki bunday holatda sodir etilmaganligini aniqlashlari zarur.
Agar shaxs ziyon yetkazish (urishish, azob berish, o`ch olish va boshqalar) niyatida hujumning kelib chiqishiga sababchi bo`lgan bo`lsa, bunday harakatlarni zaruriy mudofaa yo`sinda qilingan, deb topish mumkin emas. Bu holatlarda sodir etilgan xatti-harakatlar umumiy asoslarda tavsiflanishi lozim».28[29]
O`zbekkiston Respublikasi fuqarolari ijtimoiy xavfli tajovuzlardan himoya­lanishda, ulardan qochib qutulish yoki tajovuzdan saqlanishning boshqa usullaridan foydalanish imkoniyati mavjud bo`lishidan qat'i nazar, tajovuzchini o`ldirishga qadar unga har qanday shikast yetkazish yo`li bilan faol choralarni ko`rish huquqiga egadirlar.
Jinoyatni O`zR JK 100-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish uchun aybdorning zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqqan yoki chiqmaganligi aniqlanishi zarur.
«Tajovuzning xarakteri va xavflilik darajasiga butunlay muvofiq bo`lmagan mudofaani va buning oqibatida tajovuzchiga hech qanday zaruriyatsiz Jinoyat kodeksining 100, 107-moddalarida nazarda tutilgan qasddan zarar yetkazilsagina zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish deb topiladi».29[30] Biroq, dalillarni baholashda mudofaa vositalarining tajovuz vositalariga mutanosibligiga yuzaki qarab bo`lmaydi, masalan, agar tajovuz so`yil to`qmoqdan foydalanib amalga oshirilayotgan bo`lsa, himoyalanuvchi ham so`yil to`qmoqdan foydalanishi mumkin.
Jinoyatni O`zR JK 100-moddasi bo`yicha kvalifikatsiya qilishda himoya va tajovuz vositalarining muvofiqligi yoki muvofiq emasligini, hujum qiluvchi va tajovuzdan himoyalanuvchining kuchlari nisbatini, har ikkalasining yoshini, jismoniy quvvatini, quroli bor-yo`qligini, tajovuz joyini, tajovuz sodir etilayotgan vaziyatni, tajovuzning xususiyatini hisobga olish zarur.
«Agar tajovuz bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo`lsa, mudofaalanuvchi hujum qiluvchilarning har biriga nisbatan guruhdagi barcha tajovuzchilar harakatining harakatining xarakteri va xavflilik darajasiga qarab tegishli himoya choralarini ko`rishga haqli.»30[31]
Biroq, bunda tajovuzning, hujumning kutilmaganligi tufayli vujudga kelgan ruhiy hayajonlanish holatida himoyalanuvchi hamma vaqt ham hujumning xavflilik darajasini anglab olmasligi va himoyaning tajovuzga teng bo`lgan usullarini tanlay olmasligiga e'tibor berish kerak. Bu jihatlarni har bir holda alohida ko`rib chiqish zarur.
Adabiyotlarda bu haqda turlicha nuqtai nazarlar mavjud. Ulardan ayrimlarida aytilishicha, faqat tajovuz amalga oshirilayotgan vaqtdagina, ya'ni o`ldirishga harakat qilinayotganda, sog`liqqa shikast yetkazilayotganda, nomusga tegilayotganda va boshqa shu singari hollardagina himoyalanish mumkin. Bu nuqtai nazar noto`g`ridir.
Agar tajovuzga uchrash xavfi haqiqatda mavjud bo`lsa, shaxs o`z manfaatlariga qarshi qaratilgan xavfga qarshi zarur bo`lgan himoya choralarini ko`rmasa, keyin kech bo`lishi, himoyalana olmay qolishi mumkin deb hisoblash uchun barcha asoslarga egadir. Ya'ni tajovuzga uchragan shaxs hujum qiluvchining birinchi zarbasini kutmasdanoq faol himoyalanishga haqlidir.
Zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib sodir etilgan odam o`ldirishni kuchli ruhiy hayajonlanish holatidagi odam o`ldirishdan farqlash zarur. Bunda shuni nazarda tutish kerakki, kuchli ruhiy hayajonlanish holatida odam o`ldirish, himoyalanish maqsadida sodir etilmaydi, demak odam o`ldirish zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqish natijasida sodir etilmaydi.
Kuchli ruhiy hayajonlanish holatida odam o`ldirish sodir etilganda, aynan kuchli ruhiy hayajonlanish holati odam o`ldirishning zaruriy belgisi hisoblanadi, zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqishda kuchli ruhiy hayajonlanish holatining mavjud bo`lishi shart emas.
Kuchli ruhiy hayajonlanish holati mavjud bo`lgan holda zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqib, tajovuz qiluvchi o`ldirilganida aybdorning qilmishi mazkur Kodeksning 100- moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib odam o`ldirishda O`zR JK 97-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo`lgan hollarda ham qilmish O`zR JK 100-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Tajovuz qilinishi mumkin, degan taxminga ko`ra, ya'ni haqiqatdan ham ijtimoiy xavfli tajovuz mavjud bo`lmagani holda shaxs yanglishib, shunday tajovuz qilinishi mumkin, deb odam o`ldirgan taqdirda, himoya tajovuzning xavflilik darajasiga butunlay nomuvofiqligi sababli, aybdorning qilmishi JK 100-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Kuchli ruhiy hayajonlanish yoki zaruriy mudofaa holati o`tib ketganidan so`ng jazoni og`irlashtiruvchi holatlarsiz odam o`ldirilganida, qilmish JK 98-moddasi bilan emas, balki JK 97-moddasining 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Agar ish holatlariga ko`ra, mudofaa choralarini qo`llagan shaxs o`zining yanglishganini bilmagan va bilishi ham mumkin bo`lmagan bo`lsa, uning harakatlari zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan deb hisoblanishi kerak.
«Agar shaxs tajovuzning aslida yo`q va xayoliyligini bila turib, ish holatlariga ko`ra ham uni albatta bilishi mumkin bo`lgani holda zarar yetkazsa, uning harakatlari Jinoyat kodeksining ehtiyotsizlikdan zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi bilan tavsiflanishi lozim».31[32]
Bunday odam o`ldirishda aybdor tajovuzni daf qilish emas, balki o`ch olish niyatida harakat qiladi.
Zaruriy mudofaa holati o`tib ketganidan so`ng va jazoni og`irlashtiruvchi holatlarda odam o`ldirilganida, qilmish O`zR JK 97-moddasining 2-qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi zarur.



Download 154,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   26




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling