Hayotga qarshi jinoyatlar
Download 154.5 Kb.
|
Hayotga qarshi jinoyatlar
Odam o`ldirish qasddan, huquqqa xilof ravishda yoki ehtiyotsizdan boshqa kishini hayotdan mahrum qilishdir.
Odam o`ldirishning obyekti boshqa kishining hayoti hisoblanadi. Yoshi, sog`lig`i, yashash qobiliyatidan qat'i nazar har qanday kishining hayoti jinoyat qonuni bilan qo`riqlanadi. Shu sababli chaqaloq, keksa, sog`lom yoki kasal odamni hayotdan mahrum qilishga qaratilgan har qanday harakat odam o`ldirish, deb belgilanadi. Jinoyat huquqi nazariyasida evtanaziya, ya'ni shaxsni o`zining roziligi bilan hayotidan mahrum etganlik uchun javobgarlik masalasi bo`yicha munozaralar avj olmoqda. Evtanaziyani ma'qullovchi va uni qoralovchilar bo`lishiga qaramasdan, uni qonuniylashtirishdan qochmoq zarur, chunki insonga hayot xudo tomonidan ato etiladi, uni qaytib olishga faqatgina uning o`zi haqlidir, degan fikrlar ham mavjud. Bundan tashqari, dorishunoslik yutuqlaridan foydalanib, asta-sekin inson hayotiga chek qo`yadigan vositalar yaratilishidan ham umid qilinmoqda. Ammo, insonning tabiati, uning a'zolari faoliyati hali shifokorlar tomonidan to`liq o`rganilmaganligini ham e'tirof etish lozim. Ba'zan tuzalishiga hech qanday umid bo`lmagan kasal sog`ayadi va o`zining hayotiy faoliyatni to`liq davom ettiradi. Sun'iy homila tushirish bilan bog`liq jinoyatni to`g`ri kvalifikatsiya qilish uchun inson hayotining boshlanishini chuqur o`rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Haqiqatan ham bu savolga javob topish murakkab vazifadir. Ona tanasidan chaqaloqning biror a'zosi chiqayotgan vaqtida uning sog`ligiga shifokor, akusherning ehtiyotsizligi natijasida shikast yetkazilsa, u Jinoyat kodeksining 102-moddasiga binoan ehtiyotsizlikdan odam o`ldirganlik uchun javobgar bo`ladi. Homilador ayolning roziligi bilan homila to`la shakllanmay turib, uning sun'iy ravishda tushirilishi odam o`ldirish, deb hisoblanmaydi. Bunday qilmish Jinoyat kodeksining 114-moddasi alomatlarida sodir etilganda homiladorlik muddatidan qat'i nazar, jinoiy ravishda homilani tushirish, deb kvalifikatsiya qilinishi lozim. Tibbiyot miya faoliyati butunlay to`xtashini biologik o`lim deb belgilaydi. Jinoyat huquqi nazariyasi tibbiyot xulosalariga asoslanadi. Klinik o`limning yuzaga kelishi (yurakning to`xtashi) bu hali, insonning o`limi degani emas, chunki tibbiyot xodimlari zamonaviy sharoitlarda yurakning ishlash faoliyatini qayta tiklash imkoniyatiga ega. O`lgan odamni tirik deb, uning hayotiga tajovuz qilish, o`ldirishga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak. Ushbu jinoyatning obyekti boshqa kishining hayoti hisoblanadi. O`z joniga qasd qilish jinoyat qonuni bilan jazolanmaydigan qilmishdir. O`zga shaxsning hayotiga boshqa shaxs kim bo`lishidan qat'iy nazar, uning xatto ota-onasi bo`lsa ham, mahrum qilishga haqqi yo`q. Inson hayoti eng muqaddas va hech qanday boshqa narsa bilan almashtirib bo`lmas shaxsning boyligidir. Download 154.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling