Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo`rlik ishlatib g`ayritabiiy usulda qondirish bilan bog`liq holda qasddan odam o`ldirish
(O`zR JK 97-moddasi 2-qismi «z» bandi)
Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo`rlik ishlatib g`ayritabiiy usulda qondirish bilan bog`liq holda qasddan odam o`ldirish deganda, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo`rlik ishlatib g`ayritabiiy usulda qondirish jarayonidagi o`ldirish, shuningdek, jabrlanuvchini, nomusga tegish paytida qarshilik ko`rsatganligi uchun o`ch olish maqsadida o`ldirish tushuniladi. Bunda ikkita mustaqil jinoyat sodir etilganligini hisobga olib, qilmishni O`zR JK 97-moddasi 2-qismi «z» bandi va JK 118 yoki 119-moddalari bo`yicha kvalifikatsiya qilish kerak.
Aybdor qasddan odam o`ldirish bilan bir qatorda nomusga tegishni sodir etgan (118-modda) yoki jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirgan (119-modda) hollarda jinoyat JK 97-modda 2-qismining «z» bandi bo`yicha kvalifikatsiya qilinishi zarur. Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish bilan bog`liq holda qasddan odam o`ldirish – nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish jarayonida yosh bolalarning a'zolari va to`qimalari ezilib-uzilib ketishi sababli asfiksiya natijasida o`lishi yoki shu jinoyatlarni yashirish maqsadida azoblash (zaharlash) va boshqa shu kabilar natijasida sodir etiladigan o`ldirish yoxud ayolning jinsiy erkinligi yoki jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish paytida qarshilik ko`rsatganlik uchun o`ch olish vajidan o`ldirishdir.
Agar o`ldirish nomusga tegishdan keyin uzoq vaqt o`tgach sodir etilsa, u JK 97-modda 2-qismining «z» bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas. Bir guruh shaxslar tomonidan nomusiga tegilgan jabrlanuvchi jinoyat ishtirokchilaridan biri tomonidan, biroq qolgan ishtirokchilarning roziligi bilan o`ldirilgan bo`lsa, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni g`ayritabiiy usulda qondirish bilan bog`liq holda odam o`ldirganlik uchun barcha ishtirokchilar javobgar bo`lishlari kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |