Hech qachon Ona tilim oʻlmaydi!


Download 81.62 Kb.
Sana07.12.2020
Hajmi81.62 Kb.
#161571
Bog'liq
Tursunov Javoxir - Ona tilim jon-u dilim


Ona tilim jon-u dilim

…Bu sado yangrar hamon, Sira ado boʻlmaydi.

Olam aytar: “Hech qachon Ona tilim oʻlmaydi!”
Erkim Vohidov
Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi deyishadi. Ha albatta til millat qiyofasini, uning buguni va o’tmishini, o’sha tilda gaplashuvchi butun bir millatning aksini ko’rsatuvchi yagona vositadir. Shuning uchun ham buyuk ijodkor, bobokalonimiz Alisher Navoiy til haqida so’z yuritib “Odam — tili bilan boshqa hayvonlardan imtiyozlidir. Uning tili orqali boshqa odamlardan afzalligi bilinadi. Til — shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq nomaʼqul boʻlib chiqsa — tilning ofatidir” degan fikrlarni keltiradi.

Prezidentimizning ta’bri bilan aytganda “O’zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o’rtasidagi ruhiy-milliy bog’liqlik til orqali vujudga keladi”. Bu fikrlarni doimo yodimizda tutishimiz kerak. Darhaqiqat, tilsiz millat rivojlanmaydi, taraqqiy etmaydi.

Tarixdan ma’lumki tilini yo’qotgan xalq ko’p o’tmay tanazzulga yo’l tutadi. Ana shuning uchun tilning jamiyatdagi o’rni va mohiyati beqiyosdir. Inson uchun ona qanchalik aziz bo’lsa, xalq uchun ham o’z tili muqaddas va mukarramdir. Shuning uchun ham o’z tiliga ega xalq tilini “ona” so’zi bilan yonma-yon ishlatadi. Vatan – sajdagoh, vatan – onadek aziz demak uning tili ham biz uchun mudom qadrli bo’lmog’i darkor.

Oʻzbek tili turkiy tillar oilasiga mansub eng yirik tillardan biridir. Dunyo miqyosida bu tilda 50 millionga yaqin odam soʻzlashadi. Biz uchun, butun o’zbek xalqi uchun o’zbek tili ona tilimizdir. U ne ne tarix zarbalaridan omon qolib bizgacha eson omon yetib keldi. Bu qancha qancha fidokor bobokalonlarimiz Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ogahiy, Lutfiy, Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi yurt farzandlarining xizmati, mehnati, o’z tiliga bo’lgan sadoqati natijasi desak mubolag’a bo’lmaydi. Buni tarix zarvaraqlariga bir nazar solibgina anglash qiyin. Bu tinimsiz mehnat, til va adabiyotga bo’lgan muhabbat tufaylidir. “Til bo’lmasa xalq ham yo’q”. Birgina shu so’zning o’zi qalbida millat g’ururi bor insonni qancha qancha jasoratlarga chorlashi ayon. O’tgan asr boshidagi jaddidlar1 harakatini ham bunga misol qilsak bo’ladi.

_______________________


  1. Jadidchilar avvaliga madaniyat sohasidagi harakat sifatida faoliyat yuritgan. Bu oqim vakillari taraqqiyot uchun kurashish, turkiy tillarni rivojlantirish, shu tillardagi adabiyotni boyitish, dunyoviy ilmlarni oʻrganish, fan yutuqlaridan foydalanish hamda ayollar va erkaklar tengligi uchun kurashishga chaqirishgan. Keyinchalik jadidchilar panturkizm gʻoyalarini targʻib qilishgan

Ular o’z tilini rivojlantirish, xalqni savodli va saviali qilish uchun mustamlaka davrida jon berib mehnat qilishgan. Balki aynan o’sha millat fidoiylari sabab bugun o’zbek tili shunday sharaflarga loyiq bo’layotgandir.

Olimlar insoniyat tarixida 9000 mingdan ortiq til yo‘q bo‘lib ketganini aytishadi. Til yashab qolishi uchun undan kamida bir millon kishi so‘zlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir. O‘zbek tili ham mana shu 250 tilning ichida ekani quvonarli, albatta. O’zbek tilining rivoji va yanada keng tarqalishi uchun mustaqillikdan keyin ham salmoqli ishlar qilindi. 1989-yil 21-oktabrda o’zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi bu yutuqlarga debocha bo’lib xizmat qildi desak adashmaymiz. Avvalo davlat tili qabul qilindi va shu asosda mustaqil O’zbekiston davlati qurildi. Lotin alifbosiga asoslangan yangi o’zbek alifbosi yaratildi. Hamda ta’lim muassalarida o’zbek tilining o’qitilishiga juda katta e’tibor qaratildi. Mana shular natijasida bugungi kunda o’zbek tilida gaplashuvchilar soni jahonda 50 mln kishiga yaqinlashgan.

Hozirda ham bu ishlar samarali davom etmoqda. Toshkent shahrida o’zbek tili va adabiyotini yanada yuqori pog’onalarga olib chiqish uchun “O’zbekiston davlat O’zbek tili va Adabiyoti uyniversiteti tashkil etildi, davlat tili qabul qilingan kun har yili davlat muassasalarida rasman nishonlanadigan va shu kun atrofida turli tadbirlar va tanlovlarni nishonlash an’anaviy tusga kirdi. Prizedentimiz tomonidan ham tilni rivojlantirish bo’yicha turli qonun va qarorlar qabul qilindi. Xususan joriy yilda O’zbekiston Respublikasi Prizedenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatdan maqsad o‘zbek tilining xalq ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash hisoblanadi.

Farmon bilan Oliy Majlisi palatalari, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va keng jamoatchilikning o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun  21-oktabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etish va uning tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlanadigan bo‘ldi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. «Hozirgi vaqtda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga ayla-nib borayotganidan dalolat beradi. O‘zbek tili Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozo-g‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilmoqda. O‘zbek tili va adabi-yoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘paymoqda» dedi prezident o’z nutqida.

Darhaqiqat bugungi kunda o’zbek tili ko’plab jahon tillari qatori dunyoda o’z o’rni va ahamiyatiga ega. U millat g’ururi, yurt ko’rkini ochib beradigan vositadir. “Umumiy milliy tilni saqlamak ila barobar xususiy ogʻiz orasidagi tilni ham saqlamak lozimdur. Chunki soʻz insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini oʻlchab koʻrsatadurgan tarozusidur. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini soʻzlagan soʻzidan bilurlar. “Quruq soʻz quloqgʻa yoqmas” – demishlar” – deydi Abdulla Avloniy “Xifzi lison” asarida.

Albatta tilni saqlamoq, rivojlantirmoq ham, barbot qilmoq ham xalqning qo’lida. Buning uchun har birimiz mas’ulmiz. Ismoilbek Gaspirali aytganidek :  “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sug‘urib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”

Mana ko’rinib turganidek tilning hayoti millat hayotiga bog’liq. Tilni xalq yaratadi, yozuvchi shoirlar uni sayqallaydi, tilshunos olimlar uni to’ldiradi va barqarorlashtiradi. Biz esa undan tilimizda tayyor holda foydalamiz. Lekin ko’p hollarda bunday baxtli kunlar ortida qanchadan qancha mashaqqatlar yotganligini unutib qo’yamiz. Mi ng afsuski hozirgi kunda o’z tilini buzib, qisqartirivb gapiruvchilar ko’payib bormoqda. To’g’ri buning natijasi bugun yoki erta bilinmasligi mumkin. Ammo yillar, asrlar o’tib bu hatto tilning yo’q bolib ketishigacha olib kelishi mumkin. Bu tarixdan isbotlangan haqiqatdir. Shuning uchun o’z tilimiz rivojiga va barhayotligiga birgina tilshunos olimlar hamda yozuvchi shoirlar mas’ul emas. Bunga har birimiz mas’ul va majburmiz.

O’zbek tilining naqadar buyukligi, ko’plab haroratli jumlalarga boyligi, ko’ngil tuyg’ularini nozik jumlalar bilan tasvirlay olish qobiliyati tufayli aynan o’zbek tilida yaratilgan asarlar jahonda ham sevib o’qiladi. Ayniqsa XX ars yozuvchiyu shoirlarining yaratgan asarlariga bir nazar tashlaydigan bo’lsak bunga to’liq amin bo’lishimiz mumkin. Ular Navoiy boshlab bergan an’anani davom ettirgan holda o’zbek adabiyotiga hiossa qo’shish orqali o’zbek tilini saqlanib kelishida yuksak va sharafli ishlarni amalga oshirishgan. Ularning nomi ming yillar tarix zarvaraqlaridan o’chmasligi aniq. Shu o’rinda buyuk yozuvchi ustoz Abdulla Qahhorning “Adabiyot – atomdan kuchli. Faqat uni o’tin yorishga sarflamaslik kerak” degan so’zlari yodimizga tushadi. Biz o’zbekmiz. Bugun mana shu so’zni dunyoning qay chetiga borib aytmang barchaga tushunarliu bo’lib ulgurdi. Mana shunday paytda tog’ning choqqisiga chiqib “ Ona tilim – jon-u dilim” deya hayqirib aytging keladi. Garchi sening ovozingni ming asrlik tog’u toshlar yutib ketsa ham, hech kim sening ovozingni eshitmasa ham bu qandaydir yoqimli tuyuladi. Faxr-u g’urur butun tanangga yoyiladi. Ana o’sha tuyg’u sening qon-qoningga singib ketgan o’zbeklik g’ururidir. Ana shunda inson va jamiyat hayotida “ona tili”ning o’rnini anglay boshlaysan. So’zimni ustoz shoir Abdulla Oripovning quyidagi misralari bilan yakunlashni lozim topdim
Mayli, kim qay tildan zavq-u shavq olsa,

Mening o‘z tilimga ming jonim fido.

Erta ona tilim agar yo‘qolsa,

Men bugun o‘lishga bo‘lurman rizo.


Ona tilim, sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman...

Tursunov Javoxir Asliddin o’g’li

O’zbekiston Davlat Jahon tillari Universiteti

Roman-German filologiyasi fakulteti

II bosqich 209-guruh talabasi


Download 81.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling