Hikoya va novella masalasi


Download 58.29 Kb.
bet10/11
Sana21.02.2023
Hajmi58.29 Kb.
#1219447
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
Chizma

Tragediya janri tarixi
Tragediya “tragos” –“echki” va “ode” – “qo‘shiq” so‘zlaridan olingan. Tragediyada keskin, murosasiz ziddiyatlarni ko‘rsatish, qahramonlar taqdiridagi fojialarni aks ettirish, hayotning muhim ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy muammolarini falsafiy tahlil qilish asosiy o‘rin tutadi. Qadimgi Yunonistonda hosildorlik va may xudosi Dionis sharafiga echki qurbonlik qilinib, bayramlar o‘tkazilgan. Bu bayramlarda ko‘rsatilgan xalq tomoshasi “tragediya”, ya’ni “echki qo‘shig‘i” deyilgan. Keyinchalik boshqa sayil, bayramlarda ham tomoshalarda dastlab Dionis sharafiga echki qurbonlik qilish sahnasi o‘ynalgan. Qadimgi Yunonistonda Esxil, Sofokl, Evripid tragediyaning yuksak namunalarini yaratishgan. Ularning asarlarida inson qismati chigalliklari, kishilarning fe’l-atvori tez o‘zgarishi butun ziddiyatlari bilan ta’sirchan gavdalantirilgan. Sofokl, Shekspir tragediyalari qisman nasriy parcha aralashgan holda, she’riy yo‘lda yozilgan. Tragediyalarda asosan hukmdorlar hayoti gavdalantirilib, yuqori tabaqa namoyandalarining shuhratparastligi, mol-dunyoga o‘chligi, adolatsizligi millat, mamlakat uchun fojia keltirishi ta’kidlangan.
Tragediyalar mana shu jihatiga ko‘ra ham hamisha hammaning e’tiborini tortgan. Tragediya XIX asrgacha, ya’ni roman janri yuksak mavqega erishguniga qadar Yevropada adabiyot mavqeyini belgilashning o‘ziga xos mezoni bo‘lib kelgan.
Ilk tragediyalarda xudolar, ilohiy kuchlar, mifologik qahramonlar o‘rtasidagi murosasiz kurash ko‘rsatilgan. Keyinchalik P.Kornel (1606–1684), V.Shekspir (1564–1616), J.Rasin (1639–1699), Volter (1694–1778) asarlarida yuqori doira kishilari hayotidagi fojeliklar gavdalantirilgan. A.Pushkin (1799–1837)ning “Boris Godunov” asari rus adabiyotidagi, Abdurauf Fitratning “Abulfayzxon” (1924) asari esa o‘zbek adabiyotidagi dastlabki tragediyadir. Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” asari o‘zbek adabiyotidagi eng barkamol tragediya bo‘lib, unda temuriy hukmdorlar o‘rtasidagi murakkab munosabatlar orqali ijtimoiy ziddiyatlar ochib berilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush”, Hamzaning “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” dramalarida ham, Fitratning “Abulfayzxon”, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyalarida ham qahramonlarning o‘limi sahnasi mavjud.
Qahramonlar o‘limi bilan bog‘liq fojeiylik darajasi turlicha bo‘lgani bois ushbu asarlar “drama” va “tragediya” deb janrlarga ajratiladi. Dramada ham, tragediyada ham muayyan muhitda yashayotgan kishilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik ko‘rsatiladi. “Muqanna” (Hamid Olimjon), “Alisher Navoiy” (Uyg‘un va Izzat Sulton), “Imon” (Izzat Sulton) dramalaridagi qahramonlar o‘limi ham, Vilyam Shekspirning “Otello”, “Hamlet” kabi tragediyalaridagi qahramonlarning halokati ham fojiadir. Ammo qahramonlar o‘limining ko‘rsatilishi asarlar janrini belgilash
uchun asos, mezon bo‘lolmaydi. Abdurauf Fitrat “Asar qahramonining tilak yo‘lidagi kurashlari dramadagidan kuchli bo‘lsa, halokatlarga, qonli fojialarga borib to‘xtasa, tragediya (fojia) bo‘ladir” deydi (Fitrat A. Tanlangan asarlar: J. IV. – Toshkent: “Ma’naviyat”, 2006. – 81-bet.). U “Behbudiyning “Padarkush”ini ham “Abulfayzxon”, “Abu Muslim” kabi tomosha asarlarini ham tragediya (fojia)lardir deb qayd etadi. Lekin ushbu asarlar e’tibor qaratilgan voqealari ko‘lami, qahramonlar o‘rtasidagi ziddiyatning qamrovi va miqyosiga ko‘ra birbiridan ancha farq qiladi. Shuning uchun Behbudiyning asari “drama”, “Abulfayzxon” esa “tragediya”dir. Tragediyada ko‘pincha jamiyatning yuqori tabaqasi vakillari – hukmdorlar, amaldorlarning shaxsiy hayoti, ijtimoiy faoliyati bilan bog‘liq voqealar diqqat markaziga qo‘yilib, ularning oila a’zolari, atrofidagi kishilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar orqali inson qismati chigalliklari ochib beriladi. Cheksiz hokimiyatga ega hukmdorlar, behisob mol-dunyosi bor boy, amaldorlar ham qiynalishi, azoblanishi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam ichki dunyosi – o‘y-kechinmalari, hissiyoti atrofidagilarga mos kelmaganida, uni o‘zgalar tushunmaganida, unga qarshi chiqishganida iztirobga tushib qiynalishi ko‘rsatiladi.
Sofoklning “Shoh Edip” asari tragediya janridagi eng barkamol asardir. Vilyam Shekspirning “Otello”, “Hamlet” tragediyalari jahon adabiyoti durdonalari qatorida e’tirof etiladi. Fitratning “Abulfayzxon”, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyalari o‘zbek adabiyotidagi eng ajoyib namunalaridir.
“Tragediya” sifatida e’tirof etilgan asarlarda drama janridagi asarlardan farqli o‘laroq, jamiyatning yuqori tabaqasi sanaladigan hukmdorlar asosiy qahramonlar qilib olinadi va ular hayotidagi ziddiyatli voqealar ko‘rsatiladi. Tragediya janriga mansub asarlarda asosiy konflikt yuqori tabaqa vakillari orasida kechadi. Muallif asosiy qahramon obrazida o‘zining ezgu g‘oyalarini ifodalaydi. Asosiy qahramon atrofdagilardan har jihatdan ustun turadi. Shoh Edip, Otello, Hamletning atrofida kechayotgan voqealar xususida chuqur mushohada yuritib, iztirobga tushishi kishilarni hayajonga soladi. Maqsud Shayxzoda yaratgan Mirzo Ulug‘bek obrazida inson fojiasi yorqin gavdalantiriladi. Bu qahramon ma’nan, ruhan ustunligi, inson qismati murakkabliklari to‘g‘risida teran fikr yuritishi bilan boshqa personajlardan alohida ajralib turadi. Tragediyada ijodkorning ezgu g‘oyalarini gavdalantiradigan qahramon ko‘pincha “aybsiz aybdor” sifatida ko‘rinadi. U hayot murakkabliklari to‘g‘risida keskin fikr bildirib, o‘zini ham, boshqalarni ham ayamaydi, ayb, gunohlari, kamchiliklarini mardona tan oladi. Tragediyadagi qahramonning mushohada, mulohazalari muayyan zamon va makon bilan cheklanmaydi. Ular barcha davrdagi kishilarga birday daxldor bo‘ladi.
Umuman, tragediyada shaxsning hayotga munosabatidan tug‘ilgan fojelikni ko‘rsatish asosiy o‘rin tutadi. Lekin komediyaga xos kulgili sahnalar ham bo‘lishi mumkin. Sharof Boshbekovning “Temir xotin” asarida qishloq ayolining kundalik hayoti kulgili voqealar orqali gavdalantiriladi. Butun turish-turmushi dala mehnati bilan bog‘liq xotin-qizlarning zahmat-mashaqqatiga temir robot ham bardosh berolmasligi qiziqarli vaziyatlarda namoyon etiladi. Shu boisdan “Temir xotin” tragikomediya deyiladi. Fojelikni kulgili, qiziqarli akslantirish ustuvorligi nazarda tutilsa, uni shunday deyish mumkin bo‘ladi. Tragikomediya mustaqil adabiy janr emas. U tragediyaning o‘ziga xos ko‘rinishi, xolos.
Tragikomediyada ijtimoiy hayotning juda jiddiy ma’naviyaxloqiy, siyosiy muammolari kulgili voqealar orqali ko‘rsatiladi. Dramada tragediyaga xos fojelikning bo‘lishi, tragediyada komediyadagiday kulgili voqealarning mavjudligi barcha adabiy janrlar mushtarak hodisa ekanidan dalolat beradi.



Download 58.29 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling