Hikoya va novella masalasi
Download 58.29 Kb.
|
Chizma
Badiiy asarda konflikt
Badiiy asarning qiziqarli chiqishi, xarakter qirralarini ochilishida konfliktning o‘rni katta. Yozuvchi so‘zlar vositasida manzara va inson portretini chizar ekan, ularni harakatsiz qilib emas, balki ularni muttasil harakatda ifodalaydi. Asar qahramonlari muttasil harakatda bo‘lar ekan, o‘zaro to‘qnashuvlardan iborat bo‘lgan harakatda bo‘ladilar. Bu to‘qnashuvlar shaxslar o‘rtasida, shaxs bilan jamiyat o‘rtasida, yoki shaxsning ichki, ya`ni ruhiyatidagi ziddiyatlar asosida namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, badiiy asar syujeti konfliktsiz yashay olmaydi. Shunday ekan, konfliktning o‘zi nima? - degan savolga javob izlab ko‘rsak. Nazariy adabiyotlarda konflikt haqidagi fikrlarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Akademik I. Sulton konfliktga quydagicha tarif beradi: “Konflikt badiiy asarda tasvirlangan xarakterlar, ifoda etilgan g’oyalar, kayfiyatlar kurashidir. Syujetida konflikt bo‘lmagan asar ta`sirchan bo‘lmaydi, chunki unda hayotiy haqiqat yorqin va izchil ifodalanmaydi. Faqat xarakterlar to‘qnashuvi natijasidagina odamlarning ichki dunyosi ochiladi. Konflikt butun asar syujeti va mazmunining yo‘nalishini ta`min etadi. Konfliktsiz syujet “yasash” mumkin emas. Chunki syujet o‘zining chuqur mohiyati jihatidan harakat qilayotgan konfliktdir”. I. Sultonning bu fikrlari qanchalar to‘g’ri ekanligini Sobir O‘narning “Bibisora” qissasi syujeti asosida ham bilib olishimiz mumkin. Qissaning asosiy g’oyasini qishloq odamlarini o‘qituvchi Faxriddinga nisbatan ziddiyatlarini anglamay turib, to‘laligicha anglab bo‘lmaydi. Faxriddindan butun qishloq odamlari qo‘rqishganidan uning qilayotgan ishlariga hech kimda unga nisbatan e’tiroz bo‘lmaydi. Xatto, Lolaning Faxriddin tomonidan nomusini toptalganligini ham ota-onasi qo‘rquv ostida ichiga yutadilar. Maktab o‘quvchisi Jonibekov arizasiga binoan, Faxriddinni qishloqdan ichki ishlar xodimlari olib ketayotganidagina qishloq aholisi va maktab jamoasini unga nisbatan ziddiyatini ko‘ramiz. Shu ziddiyatlar natijasida qishloq odamlari va Fahridinning ichki xarakterlari ochiladi va asarning ta`sirchanligi oshadi. T. Boboev konfliktga quyidagicha ta’rif beradi: “Konflikt – badiiy asarda ishtirok etuvchi shaxslar o‘rtasidagi yuzma-yuz kurash yoki qahramonlarning o‘z atrofini qurshab olgan muhiti, o‘z-o‘zi bilan ruhiy to‘qnashuvi, olishuvi.” Konflikt – syujetni harakatga keltiruvchi asosiy kuch. Agar syujetni avtomobil deb faraz qilsak, konflikt uning dvigatelidir; syujet – tashqi ko‘rinish bo‘lsa, konflikt uning ichki oqimidir. Yozuvchi badiiy syujet orqali muayyan davrning ijtimoiy konfliktlarini ifodalaydi, ularga o‘z munosabatini bildiradi, qahramonlar xarakterini ochadi, estetik idealini olg’a suradi”. Demak, konflikt asar syujetini harakatga keltiradigan asosiy kuch ekan, usiz badiiy asarning estetik qiymati ham pastlab boradi, bu esa adabiyot uchun katta yo‘qotishga sabab bo‘ladi. Olimning fikrlari yana shuni ko‘rsatadiki, konflikt badiiy asar qahramonlarining xarakterini ochishda muhim ahamiyatga ega. Masalan, Abduqayum Yo‘ldoshevning “Yurakdagi iz” qissasida ruhiy konflikt ustunlik qiladi. Qahramon o‘zi bilmagan holda bir oilani baxtsiz qilib qo‘ygani, uni vijdon azobiga soladi. Qahramon ruhiyatida kechayotgan ziddiyatlar uning xarakterini ochishga va asarning emotsional ruhini ko‘tarishga xizmat qiladi. Adabiyotshunos olimlar badiiy asarda konfliktning ko‘rinishlari turlichaligi haqida aytib o‘tishadi. Masalan, I. Sulton konfiliktning uch xil ko‘rininishi badiiy asarda o‘z aksini topadi deb hisoblaydi. “Ularning birinchisi, asar qahramonlari bilan ular yashayotgan hayotiy sharoit orasidagi konflikt, ikkinchisi, bir-biriga qarama-qarshi xarakterlar o‘rtasidagi konflikt, uchinchisi, asar qahramonlarining ichki dunyosidagi qarama-qarshilikning in`ikosi sifatida, ular xarakteridagi ojiz jihatlar bilan kuchli tomonlarning kurashi tarzida namoyon bo‘ladi”. D. Quronov ham konfliktni uch turini ko‘rsatadi: 1) xarakterlararo; 2) qahramon va muhit; 3) ichki (psihologik) konflikt. Bundan tashqari boshqa olimlarimiz ham (H. Umurov, T. Boboev va h.k) badiiy asarda konfliktning uch turi mavjudligi haqida aytib o‘tishadi. Konfliktning bu uch turi badiiy asarda bir-birini taqozo qilib boraveradi, ular badiiy asarda aralash holda namoyon bo‘ladi. Xulosa qilib shuni ayta olamizki, badiiy asarda konflikt o‘tkirlashib borgan sari uning estetik saviyasi ham ortib boradi. Ijodkorlar hayotdagi zidiyatlarini o‘z asariga olib kirar ekanlar, uni bo‘rttiribroq, yorqinroq tasvirlashga intiladilar, bu esa asarni emotsional ruhini ko‘taradi. Inson paydo bo‘libdiki, u ziddiyatlar qurshovida yashaydi, ana shu ziddiyatlar uning ongini o‘stirib boradi, mana shu ijtimoiy ziddiyatlarni badiiy yo‘sinda adabiyotga olib kirilishi va uning badiiy asarda aks etishi, o‘tkir syujetli asarlarning dunyoga kelishiga omil bo‘ladi, bunday o‘tkir ziddiyatlarga ega bo‘lga syujet, albatta, o‘quvchini badiiy asarga qiziqishini ortiribgina qo‘ymay, uni ongiga chuqur ta`sir ko‘rsatadi. Mana shu o‘rinda Akademik M. Qo‘shjonovning quyidagi fikrlariga e’tibor qaratsak: “Adabiyotning bosh prinsiplaridan biri kishilar ongiga ta`sir qilish. Bu ta`sirni adabiyot ikki yo‘l bilan o‘tkazadi. Hayotning ijobiy tomonlarini ulug’laydi, salbiy tomonlarini qoralaydi. Hayotning salbiy va ijobiy tomonlari esa istalgan jamiyatda bo‘lishi mumkin. Eski tuzum zaminida adabiyot hayotning salbiy tomonlariga qarshi ayovsiz kurashgan bo‘lsa, yangi tuzum zaminida xalqning olg’a siljishiga to‘siq bo‘ladigan kamchilik va nuqsonlarga qarshi ayovsiz kurashadi, o‘zining jangovarlik prinsipini sira ham kamaytirmaydi, kamaytirgan taqdirda qaysi bir janrda bo‘lishidan qat’i nazar konfliktsizlik botqog’iga botib qolishi hech gap emas.” Demak, adabiyot inson ongiga ta`sir o‘tkazish uchun hayotning salbiy va ijobiy tomonlarini yoritadi, bu narsa, albatta, konflikt bilan amalga oshiriladi, shundan kelib aytish mumkinki, badiiy asarni badiiy jihatdan yuqori darajaga ko‘taruvchi, uni insoniyat ruhiy olamiga ta`sir o‘tkazishiga ko‘maklashuvchi unsurlardan biri bu – konfliktdir. Zero, konfliktdan chekingan asarlar badiiylikdan yiroqlashish bilan bir qatorda adabiyotda ham muhim o‘rin egallamaydi. Konfliktning yana bir xususiyati uning xarakterlarni ochib berishidir. Download 58.29 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling