Hikoya va novella masalasi
Download 58.29 Kb.
|
Chizma
Dramatik tur tabiati
Drama turiga mansub barcha asarlar qahramonlar harakati va ruhiy holatini ko‘rsatishga asoslanadi. D.Quronov, Z.Mamajonov, M.Sheraliyevaning “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da: “Drama (yun. drama – harakat) – 1) badiiy adabiyotning uchta asosiy turidan biri. Dramaning tasvir predmeti – harakat, u, Arastu ta’rificha, “barcha tasvirlanayotgan shaxslarni harakat qilayotgan, faoliyatdagi kishilar sifatida taqdim etadi”. Drama obyektning plastik obrazini yaratadi, unda subyekt – ijodkor shaxsi ham obyektga singdirib yuboriladi. Drama adabiyotga ham, teatr san’atiga ham birdek taalluqli: uni o‘qib ham qabul qilish mumkin, ayni chog‘da, u teatr asari – spektaklning asosi. Boshdanoq sahnaga mo‘ljallab yozilishi dramatik asarning qurilishi, poetik o‘ziga xosligini belgilovchi eng muhim omildir. Chunki u sahna ijrosini ham ko‘zda tutishi zarur. Bu narsa dramaning tashqi qurilishidayoq ko‘rinadi (parda va ko‘rinishlarga bo‘linganlik, remarkalarning ijroni ko‘zda tutgan holda berilishi). Ijroga mo‘ljallanganlik dramaning ichki strukturasini ham belgilaydi. Jumladan, dramadagi harakat – syujet voqealari makon va zamonda cheklangan, ijro vaqtiga sig‘ish uchun syujetning keskin konflikt asosida shiddat bilan rivojlanishi taqozo etiladi. Dramada konsentrik syujet tipi yetakchilik qiladi, syujet voqealari sabab-natija munosabatlari asosida bir markazga uyushtiriladi. Sabab-natija munosabati voqealarning yuz berish joyi va vaqti jihatidan yaqin bo‘lishini talab qiladi. Ya’ni dramaturg asarni yaratayotganidayoq syujet voqealarining ijro vaqtiga sig‘ishi haqida qayg‘urishi, syujet voqealarini keskin konfliktlar asosida shiddat bilan rivojlantirishi zaruratga aylanadi. Dramada syujet voqealari yuz beradigan makon ham cheklangan: birinchidan, voqealar kechadigan joyni sahnada shartli qayta yaratish (joy illyuziyasini hosil qila oladigan dekoratsiyalar yordamida) mumkin bo‘lishi lozim; ikkinchidan, voqealar makoniy o‘zgarishlar jihatidan ham cheklangan, ya’ni ular ko‘pi bilan to‘rt-besh joydagina kechishi mumkin. Bir parda davomida sodir bo‘luvchi voqealarning bitta joyda kechishi, syujet voqealari shu joy bilan bog‘liq rivojlanishi e’tiborga olinsa, dramaning syujet qurilishiga ijro imkoniyatlari kuchli ta’sir qilishi ayon bo‘ladi. Dramaturg asarda jonlantirmoqchi bo‘lgan hayot materialining ayrim unsurlarini sahnada qayta yaratish imkoni yo‘qligidan dramaning “shartlilik” darajasi juda yuqoribo‘ladi. Chunki muallif ishoralar yordamida ularni hamtomoshabin (o‘quvchi) tasavvurida uyg‘otishi, sahnada bevosita jonlantirilishi mumkin bo‘lgan voqealarni to‘ldirishi zarur bo‘ladi. Masalan, muallif remarkalarida “sahna ortida otlar dupuri, qilichlar jarangi”, “sahna ortidan keskin to‘xtagan mashina ovozi eshitiladi” qabilidagi ishoralar beriladi, ularning yordamida sahnada jonlanmagan narsa shartli (ya’ni o‘quvchi tasavvuridagina) jonlantiriladi. Dramada syujetga kiritish imkoni bo‘lmagan voqea yoki tafsilotlarning personajlar tilidan muxtasar berilishi ham shartlilikning bir ko‘rinishi bo‘lib, u personaj nutqiga ta’sir qiladi. Chunki bu voqea va tafsilotlar personajlarga ma’lum (jonli muloqotda ularni eslatish shart emas), biroq ular o‘quvchi (tomoshabin)da tasavvur hosil qilish uchun zarur va shu zaruriyat tufayli suhbat tabiiylikdan chiqib, shartlilik kasb etadi. Ya’ni tafsilotlarni shu yo‘sin (personajlar tilidan) berish majburiyati dramatik asar personajlari nutqining biroz “sun’iy” , “sahnaviy” bo‘lishiga olib keladi. Dramaning asosiy nutq shakli– dialog. Unda qo‘llanuvchi monologik nutq ham shartlilik ko‘rinishidir. Monologik nutq shaklida personajlarning mushohadalari beriladiki, ovoz chiqarib o‘ylash ham shartlilikning bir ko‘rinishidir. Ayni paytda, dramadagi monologik nutq qurilishi o‘ziga xos: u ko‘proq presonajning o‘zi bilan o‘zi yoki xayolidagi kim bilandir suhbati, bahsi, kimgadir murojaati tarzida quriladi. Ya’ni bitta personaj tilidan aytilgani holda ham dramadagi monologik nutq dialogik asosga egadir. Dramatik asarning o‘qilishi va sahna talqinida bir qator o‘ziga xosliklar mavjud. Dramani o‘qiyotgan o‘quvchining ijodiy faolligi bilan shu asar asosidagi spektaklni tomosha qilayotgan tomoshabinning ijodiy faolligi bir xil emas. O‘quvchi o‘qish jarayonida “rejissyor” vazifasini zimmasiga oladi, dramani tasavvuridagi sahnada jonlantiradi; ayni paytda, u “aktyor” sifatida har bir personaj rolini o‘ynashi ham kerak. Dramada obyektiv ibtidoning ustuvorligi uning turli o‘quvchilar tasavvurida turlicha “sahnalashtirilishi”ga asos bo‘ladi. Sahnalashtirilgan dramatik asarda badiiy muloqot zanjiri uzayadi: tomoshabin va dramaturg orasida rejissyor (aktyorlar, rassom, bastakor va h.k.) o‘rin oladi. Boshqacha aytsak, sahnalashtirilgan dramatik asar so‘z san’ati doirasidan chiqib sintetiklik kasb etadi, sababki, endi unda teatr, rassomlik, musiqa san’atlari uyg‘unlashib ketadi. Ayon bo‘ladiki, drama boshqa san’at turlari bilan o‘zaro aloqada yashaydi va rivojlanadi. Zero, dramaning tabiati, ya’ni ijro uchun mo‘ljallangani, uning shu san’at turlari bilan uzviy aloqada bo‘lishini taqozo etadi. Dramaning asosiy janrlari sifatida tragediya, komediya va drama (janr ma’nosida) ko‘rsatiladi. Dramatik asarlarni janrlarga ajratishda ularning asosiy estetik belgilariga tayaniladi. Tragediyaning asosiy estetik belgisi – tragiklik, komediyaning asosiy estetik belgisi – komiklik, dramaning asosiy estetik belgisi esa dramatiklik sanaladi. Bulardan tashqari, kichik dramaturgik janrlar, shuningdek, turli janr modifikatsiyalari ham mavjud. Jumladan, janr modifikatsiyasi sifatida musiqali drama, musiqali komediyalar ko‘rsatilishi mumkin. Musiqa jo‘rligida ijro etishga mo‘ljallangani, dialog va monologlar o‘rnini qisman vokal (ariya va duetlar) egallashi ularning o‘ziga xosligini, sintetik san’at namunasi ekanligini ko‘rsatadi. Ayrim san’at turlarining, ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi natijasida dramaturgiyaning yangi janrlari paydo bo‘ldi, borlari faollashdi. Masalan, estrada san’atining rivoji natijasida monolog (bir aktyor teatri) janri dunyoga keldi, qo‘g‘irchoq teatrlari rivoji va modernizatsiyasi uning uchun yoziladigan pyesalarni faollashtirdi, televideniyening rivoji miniatyuralarni, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarning ommalashuvi esa intermediya janrini faollashtirdi; Dramatik turning uchta asosiy janridan biri, tarixiy taraqqiyot jarayonida dramatik turning qadimda paydo bo‘lgan tragediya va komediya janrlariga bir-birining ziddi deb qaralgan bo‘lsa, drama ularning sintezi sifatida XVIII asrga kelib maydonga chiqqan. Sintezlashuv, ayniqsa, dramaning mustaqil janr sifatidagi ilk shakllanish davrida yaqqol ko‘rinadi. Jumladan, komediya singari drama ham odamlarning shaxsiy hayotini tasvirlaydi, biroq undan farqli ravishda kamchilig-u nuqsonlardan kulishni emas, balki jamiyat bilan murakkab munosabatlardagi shaxsni tasvirlashni maqsad qiladi. Download 58.29 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling