Hind xalq eposi "Kalila va Dimna"


Download 81 Kb.
bet1/3
Sana28.03.2023
Hajmi81 Kb.
#1303953
  1   2   3
Bog'liq
Hind xalq eposi – “Kalila va Dimna”


Hind xalq eposi – “Kalila va Dimna”
Jahon adabiyoti xazinasining noyob durdonasi sanalmish “Kalila va Dimna” qadim Hindistonda yaratilgan. Asarning aslini sanskrit (qadimgi zamon hind adabiy tili)da yozilgan deb hisoblaydilar.
Asos e’tibori bilan qadimgi hind folklori zaminida vujudga kelgan “Kalila va Dimna”ning mashhur “Panchatantra”, “Xitopadesha” kabi asarlar bilan ildizi birdir.
Ali ibn ash-Shoh al-Forisiyning naql qilishicha, “Kalila va Dimna”ni hind podshohi Dobshalim uchun faylasuf Beydabo (Bedpoy) yozgan. Asarda hukmdorlik siyosatida shohlar nimalarga asoslanishlari, ularning a’yonlar va raiyat bilan qanday munosabatda bo’lishlari, shaxsiy fazilatlardan qaysilari shohlar uchun farz sanalishi kabi masalalarni “badiiyatning go’zal libosi”da hikmat va donishmandlik bezaklari bilan “orasta” holda berilganligi haqidagi xabar Eron shohi Anushiravon binni Qubod Sosoniy (531 — 579) ga yetib keladi. Anushiravon esa ilmni va ibratli kitoblarni juda sevar edi. Uning amri bilan saroy fozillaridan biri Barzuya hakim Hindistondan “Kalila va Dimna”ni keltirishga muvaffaq bo’ldi hamda uni o’sha davrdagi fors tili — pahlaviy tiliga tarjima qiladi. Bu tarjima yo’qolib ketgan bo’lib, undan taxminan 570-yillarda bir ruhoniy tomonidan Suriya tiliga (suryoniy, sir’yoniy) tarjima qilingan nusxasi (tarjimoni Bud ismli shaxs) saqlanib qoladi.
Kalila va Dimna” abbosiylar xalifaligi davrida zamonning mashhur olimlaridan Abdulloh ibn al-Muqaffa (721 — 757) tomonidan pahlaviy tilidagi nusxa asosida arabchaga tarjima qilinadi.
Ibn al-Muqaffa asar muqaddimasida: “Men bu kitobning hind tilidan pahlaviyga qilingan tarjimasini ko’rdim va Iroq, Shom, Hijoz ahli ham undan bahramand bo’lsinlar, deb arabchaga tarjima qilishni xohladim.
...Bu kitobni o’qigan odamlar har narsadan oldin uning mag’zini chaqib, unga oroyish bergan istioralarni, ramzli va muammoli so’zlarni tushunib olishlari kerak...» deb yozgan edi.
Ibn al-Muqaffa o’z tarjimasini Abuja’far Man­sur zamonida tugallaganini e’tirof etadi. Ibn al- Muqaffa tarjima sohasida mavjud bo’lgan an’anaga ko’ra faqat muqaddima yozibgina qolmay, balki asar matniga talay o’zgarishlar ham kiritadi va “Dimna ishining tekshirilishi” degan faslni qo’shadi, bazi o’rinlarni o’z zamonasining mafkurasi taqozosi bilan qisqartirib yoxud yangicha talqin etib ketadi.
X — XI asrlarda “Kalila va Dimna” Ibn al-Muqaffa tarjimasidan yana suryoniy tiliga va yunon tiliga tarjima qilinadi. XII asrda yunonchadan slavyan tiliga, XIII asr o’rtalarida yahudiy tiliga (tarjimoni Raben Juel), bir necha o’n yillar o’tgach, ana shu yahudiy tilidagi tarjimadan lotin tiliga (tarjimon Ravmon de Bazi), lotinchadan esa fransuz, italyan, nemis va boshqa qator g’arb tillariga tarjima qili­nadi.
1889-yilda mashhur arabshunoslar M. Attaye va M. Ryabinlar ilk daf’a “Kalila va Dimna”ni rus tiliga tarjima qiladilar.
Mashhur arabshunos olim I. Yu. Krachkovskiy 1920-yillarda o’zining iste’dodli shogirdi I. P. Kuzminga “Kalila va Dimna”ni tarjima qilish ishini topshiradi. Bu tarjima uchun 1905-yilda olim Bayrutda nashrdan chiqqan hamda 1923-yilda esa qaytadan tahrir qilinib, tuzatilgan Ibn al-Muqaffa matnini tavsiya etadi. I. P. Kuzminning bevaqt vafoti sababli tarjima tugallanmay qoladi. I. Yu. Krachkovskiy tarjimaning tayyor qismlarini qayta ko’rib chiqadi, bajarilmagan boblarni o’zi tarjima qilib, shogirdi xotirasi uchun nashrga tayyorlaydi. Bu tarjima 1957-yilda Ye. E. Bertels so’zboshisi bilan Moskvada ikkinchi marta chop etiladi.
Kalila va Dimna”ni Nasr binni Ahmad Somoniy (914 — 943) davrida Ibn al-Muqaffa nusxasidan mashhur shoir Rudakiy (vafoti 940 — 941) she’riy tar­jima qiladi.
Firdavsiyning “Shohnoma”sida keltirilishicha, Nasr Ibn Ahmad farmoyishiga ko’ra uning vaziri, tarixchi va tarjimon Abdulfazl Muhammad Bas’amiy (vafoti 974 y.) Rudakiyga “Kalila va Dimna”ni forschalashtirib o’qib berib turadi, u esa eshitganlarini “nazm ipiga tizib” chiqadi. Kezi kelganda aytib o’tish joizki, olimlar shoir Rudakiyning tug’ma ko’r bo’lganligini dalillashda Firdavsiy “Shohnoma”sida keltirilgan ana shu ma’lumotga alohida e’tibor bilan qaraydilar.
Rudakiy tarjimasidagi “Kalila va Dimna”, shuningdek, undan keyin bir necha marta fors tilida amalga oshirilgan tarjimalar qadim zamonlar taloto’plarida yo’q bo’lib ketgan. Rudakiy tarjimasidan esa ba’zi tazkiralar, lug’at va adabiyotga oid asarlarda, ayrim parchalargina bizgacha yetib kelgan.
XV asrga kelib, bu asarni Husayn Boyqaro farmoni bilan hirotlik shoir, Alisher Navoiyning yaqin suhbatdoshlaridan Husayn Voiz Koshifiy qaytadan tarjima qiladi va uni Husayn Boyqaro hamda davrning nufuzli siymosi, mashhur shoir Shayxim Suhayliyga bag’ishlaydi. Shu tufayli yangi tarjimani “Anvori Suhayliy” deb ataydi. Husayn Voiz Koshifiy tarjimasi dabdabali uslubda yozilgan bo’lib, jimjimador iboralar-u uzundan uzun mavhum jumlalar, juda ko’p she’rlar bilan to’lib-toshgandir.
Boburiylardan buyuk Akbarshoh (1556 — 1605) davrida “Kalila va Dimna”, agar ta’bir joiz bo’lsa, yana Hindistonga qaytadi. Uni Akbarshohning vaziri Abdulfazl bin Muborakshoh Husayn Voiz Koshifiy tarjimasidan birmuncha soddalashtirib, qo’shilgan madhli tafsilotlar hamda ko’plab she’rlarni qisqartirgan holda yangidan forschaga tarjima qiladi va unga “Iyori Donish” deb nom qo’yadi.
Kalila va Dimna” turkiy tillarga ham faol tar­jima qilingan.
Bu noyob yodgorlikning forchadan turkiyga birinchi tarjimasi Abul Maoliy nusxasidan Mas’ud nomli shaxs (qadimgi usmonli turkiy tilda) amalga oshirgan bo’­lib, undan keyingisi Umarbek Shahzodayi Oydin qalamiga mansubdir. Ana shu ikkinchi turkiy tarjimani noma’lum shoir she’rga solgan va uni Sulton Murod I ga taqdim qilgan edi.
XVI asrda Ali Chalabiy degan donishmand mudarris Husayn Voiz Koshifiyning “Anvori Suhayliy”sini usmonli turkchaga tarjima qiladi va uni Sulton Sulaymonga bag’ishlaydi. Shunga ko’ra, asarni “Xumoyunnoma” deb ataydi. Bu so’zma-so’z tarjima bo’lib, ko’p hollarda iboralar aynan keltiriladi, jimjimador uslub deyarli saqlab qolinadi.
Harqalay arab va forschani puxta bilmagan turkiyzabon odam bu tarjimani erkin tushunishi amrimahol. Shunga qaramay, bu tarjima bir necha marta nashr etilgan.
Xumoyunnoma” 1726 - 1727-yilda Mufti Yahyo afandi va Usmonzod tomonidan soddalashtirilib, balandparvoz lafziy takalluflardan xoli qilib, qayta ishlanadi.
“Kalila va Dimna”ning o’zbek tiliga kilingan bi­rinchi tarjimasi taxminan XIII asrga mansub bo’lib, uning yagona nusxasi Londondagi “Indiya offis” kitobxonasida saqlanadi. Ingliz sharqshunosi Ete katalogida tarjimon Iftixoriddin Muhammad Bahriy deb ko’rsatiladi.
1718 – 1719-yillarda “Kalila va Dimna”ni Qashqarda Mulla Temur “Anvori Suhayliy” asosida tar­jima qiladi va unga “Osori Imomiya” deb nom beradi.
1837 – 1838- yillarda esa Xivada Mulla Muham­mad Niyoz degan tarjimon “Kalila va Dimna”ni o’zbek tiliga tarjima qilib, unga o’zidan ancha mufassal so’zboshi yozib, unda asarning O’rta Osiyoda keng tarqalganligi, bir necha bor qilingan tarjimalari kitobxonlar tomonidan sevilib o’qilganligini bayon etadi.
“Kalila va Dimna” XIX asrda Abdula’lam Fayzxon o’g’li tomonidan arabchadan tatar tiliga o’giriladi va bu tarjima toshbosma usulida chop etiladi.
“Kalila va Dimna”ning o’zbek tilidagi tarjima­lari orasida xalq ichida eng mashhuri Qori Fazlulloh bin Iso Toshkandiy (taxallusi Almaiy) tomonidan Muhammad Musobek tavsiyasi bilan “Anvori Suxay­liy” va “Xumoyunnoma” asosida 1901- 1913-yillar ichida uch marta toshbosmada qay­ta chop etiladi.
“Kalila va Dimna” hind brahmanlari va olimlari tomonidan ta’lim-tarbiya berishga mo’ljallangan bo’lib, pand-nasihat ruhida yozilgan. Unda ijtimoiy, siyosiy, axloqiy va maishiy masalalar majoziy yo’l bilan ikki shag’ol (chiyabo’ri) – Kalila va Dimna munozarasi shaklida bayon etiladi. Asrlar davomida asarning hajmi va shakli o’zgarib borsa ham, uning asosiy g’oyasi saqlanib kelgan. U adolat va ezgulikni targ’ib qiladi. Yovuzlik, yomonlikdan saqlanishga da’vat etadi. Yaxshilik va insoniy fazilatlarga, ulug’vor intilishlarga chorlaydi.
Har bir xalqning olim va faylasuflari qanday vositalar bilan bo’lmasin, o’z orzu va istaklarini amalga oshirmoq, mavjud tartibni intizomga solmoq uchun hamisha fikr yuritganlar, har xil tadbirlar ila ish ko’rmoqchi bo’lganlar, bu haqda har xil asarlar yozmoqqa intilganlar. Shulardan biri qushlarning va yovvoyi, yirtqich hayvonlarning tilidan yozlgan, g’oyat chuqur ma'noli, nafis ramz va muammolarga to’la ushbu kitobdir. Olimlar bu yo’lni tanlab zo’r imtiyozga ega bo’lganlar: avvalo, bu bilan ular xohlagan so’zlarini aytib, har bir bobni orzu qilganlari darajada bezash imkoniyatiga ega bo’ldilar.
Buning ustiga, ular shu yo’l bilan nasihat, hikmat, latifa va hazil-mutoyiba javohirlarini bir-biriga qo’shganlar, toki dono odamlar bu kitobni mutolaa qilib, foydalansinlar, nodon odamlar esa, uni afsona deb o’qisinlar.
Yosh shogirdlar esa savodli bo’lmoq, ilm orttirmoq, naql aytmoq maqsadida bu kitobda yozilganlarni osonlik bilan yodlarida saqlab qolgusidurlar. Katta bo’lib, aql va tajriba egasi bo’lganlarida, yodlab olgan va esda saqlab qolgan naqllar ustida fikr yuritib, ularni tushunganlarida dillari naqadar foydali hikmatlar bilan to’lganligini ko’radilar va o’zlari kutmagan ulkan boylikka bitmas-tuganmas xazinaga ega bo’lganlarini biladilar. Yoshlarning xursandligi katta bo’lganda otasidan meros bo’lib qolgan xazinani topgan va shu tufayli umrining oxiriga qadar qiyinchilik ko’rmasdan yashay olishni bilgan odamning sevinchiga o’xshaydi.
Bu kitobni o’qiganda uning nima uchun yozilganligi va qanday maqsadlarni ko’zda tutganligini tushunish kerak. Aks holda odam bu kitobdan foyda ololmaydi, uning boyliklaridan bebahra qoladi. Bu kitobni tushunishning birinchi sharti shuki, uni to’g’ri va diqqat bilan o’qiy bilishdir. Zotan, bir narsani diqqat bilan o’qimasdan turib uning ma'nosini tushunmoq mumkin bo’ladimi axir? O’qishni yaxshi biladigan odam bu kitobni o’ylab o’qishi va uning ma'nosiga yetishga shoshilmasligi lozim, chunki uning ma'nosiga odam chuqur o’ylab qiyinchilik bilan erishadi.
Naql qilibdurlarkim, bir kishi sahroda xazina topib olibdi va o’z-o’ziga: "Agar bu xazinani bir o’zim tashisam, ko’p vaqtim bekor ketadi, o’zim qiynalib, qaytaga xafa bo’laman. Yaxshisi, bir necha xizmatkor topib, bir necha ulovni kira qilib, biroz muddat ichida xazinaning hammasini uyga tashib olay", debdi.
U xuddi shunday qiladi. O’zi xazinaning tepasida qolib la'l va javohirlar yuklangan ulovlarni uyiga yuboradi. Lekin yukni olib ketayotgan hiylakor odamlar boyliklarni u kishining uyiga emas, o’z uylariga olib borishni maqsadga muvofiqroq deb biladilar.
U nodon kishi esa o’z manziliga kelganda pushaymonlikdan boshqa hech narsa topmaydi.
Yana shunday haqiqatni bilish lozimki, foyda kitobni yodlashda emas, uni tushuna bilishdadir. Kimki bilmagan ishga yopishsa, uning ahvoli so’zni yodlab olgan, lekin ma'nosini tushunmagan odamning ahvoliga o’xshaydi.
“Kalila va Dimna”ning eng katta fazilati shundan iboratki, u yaratilganidan beri o’tgan barcha zamonlarda, xuddi kechagina yozilgan asardek, o’z ta’sir kuchini yo’qotmay keldi. Undagi hikmatlar, o’git va pandlar, ajoyib hikoyatlar, masal, maqol va matallar avlod lardan avlodlarga otib, yana-da keng shuhrat tutdi. “Ka­lila va Dimnaning o’zbek xalq ogzaki ijodi va yozma adabiyotiga tasiri ham alohida etiborga molikdir. Asarning yolgiz XIX asrning ozida uch marta nashr etilishi, keyingi yigirma yil davomida esa uch marta bosmadan chiqarilishi adabiy-manaviy hayotimizda muhim hodisa ekanligi shubhasizdir.


Shunday qilib, bu noyob, shoh asar o’zbek xalqining ham mulkiga aylanib ketdi.

Download 81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling