Hozirgi davrda diniy ma’rifatni takomillashishning yo‘nalishlari Reja
Download 63.75 Kb.
|
Hozirgi davrda diniy ma’rifatni takomillashishning yo‘nalishlari
Hozirgi davrda diniy ma’rifatni takomillashishning yo‘nalishlari Reja: Dinlarning o‘zaro munosabati hamkorlik, hamdo‘stlik va teng huquqlilik asosida amalga oshirilishi. Islom olamida eng yirik va nufuzli, rasmiy, davlatlar a’zo bo‘lgan xalqaro islom tashkiloti Islom hamkorlik tashkilotlari Hozirgi davrda diniy ma’rifatni takomillashishning yo‘nalishlari O‘zbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular o‘rtasidagi qadimiy mushtarak an’analarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 1. Dinlarning o‘zaro munosabati hamkorlik, hamdo‘stlik va teng huquqlilik asosida amalga oshiriladi. Bunday munosabatlarning sabablaridan biri hozirgi vaqtda dunyoda umuminsoniy manfaatlar va qadriyatlarning mamlakat, xalq va ijtimoiy guruhlar manfaati hamda qadriyatlaridan ustun turishidadir. Bugungi kunda dunyodagi rivojlangan davlatlar demokratiya, insonparvarlik va dunyoviylik tamoyillariga amal qilgan holda taraqqiy etmoqda. Ularda vijdon erkinligi huquqi kafolatlanib, tolerantlik hal qiluvchi tamoyil sifatida e’tirof etilmoqda. 2. Globallashuv, axborot oqimining kuchayishi, integratsiyalashuv sharoitida vijdon erkinligi va bag‘rikenglik tamoyillari asosida dinlararo sog‘lom muloqotning intensivlashuvi, diniy ong va madaniyatning rivojlanishi jarayoni sodir bo‘lmoqda. Diniy jarayonlarning globallashuvi tezkor internet tizimi, yuksak texnologiyalar orqali jahon dinlari o‘rtasida o‘zaro ta’sirning kuchayishi, diniy tashkilotlar sonining ortib borishi sharoitida amalga oshmoqda. Keyingi yillarda diniy ta’lim jahon miqyosida yuqori sur’atlar bilan o‘smoqda. Bu jahonning bir qator hududlarida dinga qo‘yilgan to‘siqlarning bekor qilinishi, diniy e’tiqodning qayta faollashuvi, diniy qadriyatlarning qayta tiklanishi, diniy ma’rifatga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi, bir qator diniy o‘quv yurtlarining barpo etilishi bilan bog‘liq holatda amalga oshirilmoqda. Axborot texnologiyalarining keskin yuksalishi diniy mazmundagi ma’lumotlarni, xabarlarni global miqyosda keng yoyilishini ta’minlamoqda. Diniy axborot inson va jamiyat hayotining muhim resursi bo‘lib qolmoqda. 3. Din istiqboliga doir futurologik masalalar dunyoviy jamiyat to‘g‘risidagi g‘oyalarning rivojlanib borishi bilan shakllangan sekulyarlashuv konsepsiyalarida o‘z aksini topib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi barcha konsepsiyalarda taraqqiy etgan mamlakatlarda dinning jamiyat hayoti sohalariga ta’sirining tobora pasayib, dunyoviylikka asoslangan hayot tarzining mustahkamlanib borishi haqidagi qarashlar qabul qilingan. Sekulyarlashuvga bag‘ishlangan nazariyalarda dinlarning taqdiri bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tahliliy mulohazalarga e’tibor beriladigan bo‘lsa, tabiiy ravishda insoniyat istiqbolida diniylikdan dunyoviylikka o‘tib, rivojlanib boruvchi jamiyat qurilishi modeli ustuvor bo‘lishi to‘g‘risidagi xulosa ilgari suriladi. O‘zbekiston dunyoviy davlat sifatida rivojlanar ekan, din bilan davlat munosabati dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish, diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish, diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash asosida amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda dunyoviy turmush tarziga dinning moslashish jarayonini ifodalash va din bilan siyosatning o‘zaro nisbatini tavsiflash uchun ilmiy adabiyotlarda “sekulyarizatsiya” atamasi ham keng qo‘llanilmoqda. Jamiyat hayotida din o‘zida faqatgina diniy aqida va ibodatlarni kamrab olish bilan kifoyalanmay, avvalo o‘ziga umuminsoniy axloq me’yorlarini singdirgan va ularni umummajburiy hulq–atvor qoidalariga aylantira olgan. Jamiyatda turli millat va din vakillarining bahamjihat yashashida, jamiyat a’zolarida ertangi kunga ishonch hissini mustahkamlashda, turli hayot sinovlari, muammo va qiyinchiliklarni yengib o‘tishlarida, eng muhimi umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni saqlab qolish hamda avloddan–avlodga yetkazishda dinning alohida o‘rni bor. O‘zbekistonda din davlatdan ajratilgan bo‘lsada, mamlakatdagi madaniy-ma’naviy an’nalarning ajralmas qismi va aholi ma’naviy kamolotining asosi sifatida qaraladi. Din kishilar mentaliteti, axloqi va madaniyati bilan dialektik aloqadordir. Shu sababli ham, har qanday dunyoviy davlatda jamiyatning birdamligi, o‘zaro ahilligi, jipsligi, tinchligi va barqarorligini saqlashda din o‘zining alohida o‘rniga ega. 4. Islom ta’limotiga ko‘ra, insonlarning dini, joni, nasabi, aqli va moliga foyda keltiradigan har qanday amal diniy jihatdan ham ma’qullanib, savobli ish hisoblangan. Islomda dunyoviylikka dinga yot tushuncha sifatida qaralmay, balki, dinning muqaddas manbalari-Qur’oni Karim va Hadislarda ham inson bu dunyosi uchun ham harakat qilishi kerakligi uqtiriladi. Jumladan, “Baqara” surasi 201-oyatda: Yana shundaylari borki, ular:”Ey, Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin”,-deydilar. Qur’oni Karimda diniy hayot tarzini majburlab singdirish mumkin emasligi ta’kidlanadi. Hadisi sharifdagi “Sizlarning yaxshilaringiz dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni unutmaganlaringiz” degan hikmatning mazmun-mohiyati ham dunyo va oxirat ishini uyg‘unlashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tadi. Dunyoviy ishlar shaxs va jamiyat manfaatlarini ko‘zlar ekan, ular din ta’limotlarida doimo qo‘llab-quvvatlangan. Din jamiyat hayotida dunyoviy ishlarning ma’naviy jihatlarini savob yoki gunoh tushunchalari orqali tartibga solib turgan. Diniylik va dunyoviylik masalasi davlatchilik mavzusiga ham taalluqli masala bo‘lib, islom dini ta’limotida davlat siyosiy tuzilmasining umumiy tamoyillari - tenglik, erkinlik, adolat va mashvaratdan iborat ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. 5. Bugun O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurish jarayonida dunyoviylik tamoyili va diniy qadriyatlar uyg‘unligi masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Dunyoviylik tamoyili O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuni bilan huquqiy jihatdan kafolatlangan bo‘lib, xalqimiz diniy e’tiqodni chuqur hurmat qilgan holda dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Dunyoviylik diniy qadriyatlarni hurmat qilgan holda aql-zakovat, bilim va tajribani ishga solish, el-yurtni obod qilishga hissa qo‘shish, xalqning hurmatini qozonishni o‘zida ifodalamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, - Dinu diyonatimiz, va zamon ruhini qalbimizga chuqur singdirib, bugungi hayotning o‘tkir talabi bo‘lgan ilm-fan, innovatsiya va taraqqiyot yutuqlari bilan qurollanib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil xizmat qilsak, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga albatta yetamiz. Hozirgi davrda taraqqiy etgan mamlakatlarda diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan bo‘lib, ularning davlat va nodavlat idoralar bilan aloqasi qonunlar asosiga qurilgan. Davlat diniy tashkilotlarning ichki ishiga aralashmasdan, ularning faoliyatini qonunchilik orqali tartibga soladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ham turli ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko‘ra dinga qiziqish kuchayib, xalqimiz tarixi va madaniyatini chuqurroq bilish, o‘zligimizni qaytadan kashf etish, qadriyatlarni qaytadan baholash zaruriyati tufayli dinga munosabat o‘zgarmoqda. Bugungi kunda dinni o‘rganish jarayonida uning axloqiy ta’limoti va tarbiyasiga, falsafasiga, ijtimoiy-amaliy me’yorlariga, qadriyatlar majmuasiga e’tibor kuchaytirilmoqda. Madaniy merosga ilmiy yondashishning mezonlari insonparvarlik, vatanparvarlik, xalqchillik va taraqqiyparvarlikdan iborat bo‘lib, O‘zbekistonda islom madaniy merosiga umuminsoniy madaniyat, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni o‘zlashtirish, madaniyat va axloqiy bilimlarning asosi sifatida munosabatda bo‘linmoqda. Muqaddas kitoblarimiz va qadriyatlarimiz, buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosida doimo halol mehnat bilan yashash, vatanparvarlik, mardlik, saxovat va kamtarlik ulug‘lanib kelgan. Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Xoja Bahovuddin Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy va boshqa ko‘plab allomalarimiz targ‘ib qilgan islomiy qadriyatlar ma’naviy hayotimiz va din-diyonatimizning ko‘zgusi bo‘lib hisoblanadi. Ulug‘ allomalarning ma’naviy merosi yoshlarni ezgu ishlar bilan shug‘ullanishga, vatanparvar bo‘lishga, halol mehnat qilishga undaydi. Vatanimiz hududida yashab faoliyat ko‘rsatgan ajdodlarimiz Islom dinini yuksak madaniyat va sivilizatsiya darajasiga ko‘tarishganini butun musulmon olami e’tirof etadi. Imom Buxoriy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Iso va Hakim Termiziylar, Mahmud Zamaxshariy, Muhammad Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Axror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqa ko‘plab daholar nomi nafaqat islom, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida haqli ravishda oltin harflar bilan bitilgan, - deydi Prezident Shavkat Mirziyoev, - ...Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilish taklifini bildirib, bu rezolyusiyaning qabul qilinishi dunyo mamlakatlarida tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Tarixiy ma’naviy merosimizda Buxoro hanafiya mazhabi ilmiy markazining vujudga kelishi musulmon olamida ulug‘ alloma sanalgan Muhammad ibn Hasan Shayboniyning shogirdi, buyuk faqih Abu Hafs Kabir va u tarbiyalab yetishtirgan olimlar bilan bog‘liq bo‘lsa, Samarqand ilmiy markazining asos solinishida Imom al-Buxoriy, Imom ad-Dorimiy, Abu Mansur Moturidiy kabilarning xizmatlari katta bo‘lgan. Bu ikkita ilmiy markazdan islom olamida mashhur bo‘lgan bir necha minglab allomalar yetishib chiqqanlar. Ular orasida Abu Hafs Kabir Markaziy Osiyoda fiqh ilmiga asos soldi, Imom Buxoriy hadis ilmining sultoni darajasiga yetishdi. Abu Mansur Moturidiy sunniylikda kalom maktabini yaratdi. Burhoniddin Marg‘inoniy fiqh ilmining qonunlarini hujjatlashtirib berdi. Abu Bakr Kolobodiy tasavvufning ilmiy asoslarini ishlab chiqdi. Bularning bari islom ilmining taraqqiy etishiga xizmat qildi. Shu davrda har ikki ilmiy markazning eng yaxshi an’analarini davom ettirgan ulug‘ allomalardan biri, buyuk faqih Abu Zayd Dabusiy bo‘ldi. Barcha islomiy ilmlar asosan sakkiz qismga ajratilib, ularga ilmi tafsir, ilmi usul ul-xadis, ilmi hadis, ilmi usul ul-kalom, ilmi kalom, ilmi usuli fiqh, ilmi fiqh, ilmi tasavvuf kabi ilmlar kiritilgan. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 15 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi anjumanda bildirgan takliflariga ko‘ra viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida va tasavvuf ilmlarini o‘rganishga ixtisoslashtirilgan 5 ta ilmiy maktab ochildi. Ushbu ma’rifat markazlari endilikda boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda. Shu yo‘l orqali aholining diniy radikallashuvining oldi olinib, o‘zaro hamjihatlik muhitini qaror toptirish ko‘zda tutilgan. Xususan, 2017 yil 8 noyabrda Samarqand viloyatida Kalom ilmi maktabi, 10 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida Aqida ilmi maktabi va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband Tasavvuf ilmi maktabi hamda 13 noyabr kuni Farg‘ona viloyatida Islom huquqi maktabi, 2018 yil 16 aprelda Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi kabi maktablar ish boshladi. Bu ilmiy maktablarning faoliyatidan ko‘zlangan asosiy maqsad islom dinini chuqur o‘rganish va uning ma’rifatparvar g‘oyalarini keng jamoatchilikka, shu jumladan, oddiy fuqarolarga yetkazishdan iboratdir. Bugungi kunda islom dini xalqaro maydonda ham muhim ahamiyat kasb etib, bir qator islom tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. 1. Islom olamida eng yirik va nufuzli, rasmiy, 57 ta davlat a’zo bo‘lgan xalqaro islom tashkiloti Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)dir. IHT 1969 yilning 25 sentabrida Marokashning poytaxti Robotda o‘tkazilgan islom davlatlari birinchi yig‘ilishida ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy sohalarda islom hamkorligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Bu tashkilotning asosiy maqsadi musulmon birdamligini mustahkamlashga ko‘maklashish, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ilmiy sohalarda hamkorlik qilish, barcha musulmonlarni o‘z qadriyatlari, mustaqilligi va milliy huquqlarini ta’minlash uchun qo‘llab-quvvatlash, muqaddas joylarni muxofaza qilish, adolatlik asosida xalqaro tinchlik va barqarorlikka ko‘maklashish, tashkilotga a’zo mamlakatlar va o‘zga mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro anglashuvni rag‘batlantirishdan iboratdir. 2. Xalqaro islom tashkilotlaridan biri Islom olami uyushmasidir. Islom olami uyushmasi – dunyoning turli mamlakatlarining yirik musulmon arboblarini birlashtirgan halqaro islom tashkilotidir. U 1962 yilda tashkil etilgan, qarorgohi Makkada bo‘lib, Riyoz, Jidda va Madina shaharlarida ham bo‘limlari mavjud. Tashkilotning maqsadi Islom ta’limotini butun dunyoga tarqatishdir. Tashkilot keng miqyosdagi xayriya, insonparvarlik faoliyatini olib boradi. Saudiya Arabistoni hukumati IOUdan islom dinining muqaddasligi va sofligini dunyoga tanitish hamda obro‘sini oshirishda foydalanishga harakat qiladi. 3. Diniy ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan ilm-fan muassasalaridan biri “al-Azhar” majmuasi bo‘lib, Misrning poytaxti Qohirada joylashgan “al-Azhar” majmuasi dunyodagi eng qadimiy ta’lim va ilm-fan muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda “al-Azhar” majmuasi islom qonunchiligi va arab tili bo‘yicha turli arab va islom mamlakatlari uchun mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. “Al-Azhar” ko‘proq universitet sifatida butun jahonga tanilgan bo‘lsada, uning tarkibiga universitetdan tashqari, o‘rta va maxsus maktablar, ilmiy markazlar, masjidlar ham kiradi. Bugungi kunda “al-Azhar” majmuasi islom dini masalalari bo‘yicha dunyodagi yetakchi markaz hisoblanadi. Hozirda “al-Azhar” majmuasining faoliyati nafaqat arab dunyosi, balki butun musulmon olamida madaniy, ilmiy va ma’naviy uyg‘onish manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.“Al-Azhar” majmuasi tinchlik va sahovat dini bo‘lgan islomni mustahkamlash, uning insoniylik g‘oyalarini targ‘ib qilishda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 4. Bugungi kunda faoliyat olib borayotgan diniy tashkilotlardan biri Xalqaro islom fiqhi akademiyasidir. Xalqaro islom fiqhi akademiyasi Islom hamkorlik tashkiloti qoshidagi muassasa bo‘lib, ushbu akademiya 1981 yilda Makka shahrida bo‘lib o‘tgan musulmon mamlakatlari rahbarlari oliy kengashida tuzilgan. Ushbu akademiyaning tashkil etilishidan maqsad zamonaviy hayot muammolarini o‘rganish, ular haqida faol va asl ijtihod qilib islomiy ilmiy merosga asoslangan va islomiy fikr taraqqiyotidan kelib chiqqan yechimlarni taqdim qilishdir. 1. Bir maqsad yo‘lida birgalikda harakat qilish uchun birlashgan dindorlar yoki diniy tashkilotlar birlashmasi diniy uyushmani tashkil qiladi. Diniy ehtiyojlarni birgalikda qondirish yoki qondirishga ko‘maklashish maqsadida tuziladigan va diniy marosimlarni ado etish asosida ish ko‘radigan ixtiyoriy, teng huquqli va o‘z-o‘zini boshqaruvchi uyushmaga diniy tashkilot deyiladi. O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi (1998) qonunida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga e’tiqod qilish, ibodat, rasm-rusum va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzilgan ko‘ngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, diniy o‘quv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar) diniy tashkilotlar deb e’tirof etiladi. Tegishli ustav (nizom) asosida faoliyat yurituvchi respublika diniy uyushmalari O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi O‘zbekiston musulmonlariga rahbarlik qiluvchi diniy tashkilot bo‘lib, musulmonlarni birlashtirish, ularning ibodati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, islom asoslarini targ‘ib qilish, malakali din xodimlarini tayyorlash, diniy adabiyotlar nashr etish kabilarni amalga oshiradi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi davlatdan ajralgan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Idora o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunga rioya qiladi. Oliy organi – Oliy hay’at va Allomalar kengashi bo‘lib, raisi muftiy hisoblanadi. Hozir O‘zbekiston musulmonlari idorasining muftiysi Usmonxon Alimovdir. O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘pgina xorijiy diniy tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatgan. 2. Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2276 ta diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Bu diniy tashkilotlardan 2093 tasi islomiy, 183 tasi noislomiy diniy tashkilotlar bo‘lib, ularning ichida 166 ta xristian cherkovi, 8 ta yahudiy ibodatxonasi, 6 ta bahoiy jamoalari, 1 ta krishnani anglash jamiyati mavjuddir. O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida boy tarixiy ma’naviy meros va milliy qadriyatlarni tiklash masalasiga katta e’tibor qaratilib, tarixiy ma’naviy merosimizda esa din omili muhim ahamiyatga egadir. O‘zbekistonda tarixiy, ma’naviy merosni tiklashda Qur’onu karim, Hadisu sharif, Sharq mutafakkirlarining adolatli jamiyat qurish, komil insonni tarbiyalash masalasiga taalluqli bo‘lgan ma’naviy merosiga katta e’tibor qaratilmoqda. Milliy urf-odat, an’ana, udumlar va marosimlarga diniy omil bevosita ta’sir ko‘rsatgan bo‘lib, davlatchilikning tashkil topishi, huquqiy tizimning takomillashishi milliy g‘oya, ma’naviyat tarbiyasi, odat huquqidagi diniy qadriyatlar ga bevosita bog‘liq dir. 3. O‘zbekistonda dunyoviy davlat barpo etilmoqda. Lekin davlat dindorlarning haq-huquqlarini kafolatlash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan holatda o‘z siyosatini olib bormoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra barcha fuqarolar uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Mazkur konstitutsiyaviy norma negizida O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilingan. O‘zbekiston Konstitutsiyasi va milliy qonunchilikda kafolatlangan vijdon va e’tiqod erkinligi barcha fuqarolarning diniy ehtiyojlarini qondirish uchun zarur sharoitlarni yaratmoqda. O‘zbekistonda davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri – bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqaroviy o‘zaro ahillikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘lib, ushbu jarayonda din omiliga ham katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri bo‘lib, xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish masalasi davlatimiz siyosatida muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekistonda din va e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda. 4. Hozirgi davrda inson, jamiyat haqidagi masalada diniy va dunyoviy dunyoqarashlar o‘rtasida dialog olib borilmoqda. Din sivilizatsiyalar ma’naviy birligini kuchaytirishning, sotsiomadaniy sohadagi hissiy va ilohiy elementlarning garmonik birligini tiklashning omiliga aylanib bormoqda. Sharq dunyoqarashida diniylik va dunyoviylik keskin ajralib turmaydi. Unda diniy, falsafiy qarashlar o‘zaro chirmashib ketgan. Sharq falsafasida ishlab chiqilayotgan g‘oyalar diniy mohiyatga ega bo‘lsada, insonning falsafiy dunyoqarashini kengaytiradi. O‘zbekistonning milliy mafkurasi o‘zining dunyoviy va diniy ildizlariga ega bo‘lib, bu dunyoviy va diniy ildizlar O‘zbekistonda adolatli, insonparvar jamiyat qurishga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda barpo etilayotgan demokratik huquqiy davlat dunyoviylik asosida rivojlanib, fuqarolarda ilmiy bilimlar asosida dunyoviy dunyoqarash shakllantirilmoqda. Diniy bilimlar, diniy dunyoqarashga ma’naviy meros, qadriyat sifatida munosabat shakllantirilib, inson kamoloti, jamiyat taraqqiyotiga yordam beruvchi dinning axloqiy, tarbiyaviy jihatlaridan ijobiy tarzda foydalanilmoqda. Globallashuv sharoitida diniy va dunyoviy dunyoqarashlar, mafkuralar o‘rtasida o‘zaro muloqot jarayonlari kuchayib bormoqda. Demokratiya tamoyillari jamiyat hayotida kuchayib borgan sari diniy va dunyoviy mafkuralar o‘rtasidagi munosabatlarda hamkorlik, hamjihatlak aloqalari mustahkamlanmoqda. Fuqarolar ma’naviyatini yuksaltirish, ular ongida bag‘rikenglik, hamkorlik munosabatlari ruhini shakllantirishda ham diniy va dunyoviy dunyoqarashlar uyg‘unligining ahamiyati katta bo‘lmoqda. Milliy mafkurada diniy va dunyoviy qadriyatlar hamohonglikda, yagona maqsadning qirralari sifatida namoyon bo‘lib, fuqarolar dunyoqarashining shakllanishida muhim o‘rin tutmoqda. 5.Fanda din va diniy dunyoqarashning paydo bo‘lib shakllanishiga oid ikki xil yondashuv mavjud bo‘lib, birinchi yondashuvga ko‘ra dinning paydo bo‘lishi bevosita inson va jamiyatning yaratilishiga bog‘liq deb hisoblanadi. Xudo ilk insonlarni yaratishi bilan ularga O‘zini tanitdi, natijada inson ilk dinga e’tiqod qila boshladi. Bunday qarash fanda “teologik yondashuv” deb nomlanadi. Bugungi kunda mavjud bo‘lgan har qanday diniy ta’limot o‘zining paydo bo‘lishini inson va jamiyatning yaratilishi – ilk inson bilan bog‘lashini ko‘rish mumkin. Mazkur ta’limotlar dinlarning muqaddas manbalarida bayon qilingan bo‘lib, Islom dinida butun yer yuzidagi insoniyat Odam Ato va Momo Havoning avlodlari bo‘lib hisoblanadi. Teologik yondashuvga ko‘ra, turli buyumlarga sig‘inish va ko‘pxudolik, jumladan animizm, totemizm, fetishizm va shomonlik yakkaxudolilikdan keyin yuzaga kelgan. Dinning kelib chiqishi haqidagi ikkinchi yondashuv uni fan taraqqiyoti bilan bog‘liq holda tushuntirib berishga harakat qiladi. Mazkur qarashlarning paydo bo‘lishi antik davrga borib taqalib, ilk bor qadimgi yunon faylasuflari tomonidan ilgari surilgan edi. Inson va jamiyatning paydo bo‘lishi tadrijiy taraqqiyotning natijasi ekanligi, insonda ong tafakkurning paydo bo‘lishi ilk diniy tasavvurlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lganligi fandagi yutuqlarga tayangan holatda asoslanadi. Ratsionalizm inson dunyoni aql yordamida bilishi, tushunishi mumkinligini e’tirof etadi. Hurfikrlilik diniy aqidalarga tanqidiy yondashib, dunyoni, insonni, jamiyatni o‘z davridagi fan yutuqlariga tayangan holda tushuntirishga harakat qildi. Charlz Darvin, Avgust Komt, Lyudvig Buxner va boshqalarning qarashlariga tayanilgan holda din bu ijtimoiy hodisa, inson tafakkuri, hissiyotining mahsuli. Dinlar soddadan – murakkabga, umumiylikdan – xususiylikka, ko‘pxudolikdan – yakkaxudolikka tomon uzoq tarixiy tadrijiy taraqqiyot jarayonini bosib o‘tgan, degan yondashuv ilgari surildi. Bugungi kunda dunyoda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi kishilar mavjud bo‘lib, shu bilan birgalikda tarixning ma’lum paytlarida paydo bo‘lib, o‘z sivilizatsiyalarining yo‘q bo‘lishi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotgan qadimgi Misr, Yunoniston, Qadimgi Rim, Mesopotamiya, Urartu, Xett, Qadimgi german va slavyanlar, Amerika hindularining dini kabi dinlar mavjud bo‘lgan. Qadimgi Markaziy Osiyoda tangrichilik, zardushtiylik, moniylik kabi dinlarga e’tiqod qilingan. Shu bilan birgalikda yahudiylik dini iudaizm, Hindiston dinlari veydizm, vishnuizm, shivaizm, braxmanlik, hinduizm, jaynizm, sikxizm, Xitoy dinlari konfutsiychilik va daosizm, Yapon dini sintoizm, jahon dinlari bo‘lib hisoblangan buddaviylik, xristianlik, islom dinlari paydo bo‘lib, ulardan ayrimlari o‘z mavqelarini yo‘qotgan bo‘lsalar, ayrimlariga jahondagi ko‘pchilik odamlar e’tiqod qilib kelmoqdalar. Bugungi kunda globallashuv, axborotlashuv sharoitida dunyoning diniy manzarasida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Geopolitik maqsadlar, mehnat migratsiyasining kuchayishi, yaxshi hayotni orzu qilib boshqa hududlarga ko‘chish natijasida avvallari asosan xristianlar yashab kelgan Yevropada musulmonlar soni ko‘payib bormoqda. Hozirgi paytda islom dini e’tiqod qiluvchilari soni eng tez ko‘payib borayotgan din hisoblanadi. Shuningdek, aholisi an’anaviy ravishda buddaviylik va islomga e’tiqod qilib kelgan o‘lkalarda xristianlikni yoyishga intilish kuzatilib, mazkur jarayon ayrim xristian tashkilotlari va yo‘nalishlarining faol missionerlik harakati natijasida sodir bo‘lmoqda. Xozirgi davrda diniy va dunyoviy dunyoqarashlar uyg‘unligi fuqarolar axloqiy va estetik tarbiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Inson va jamiyatning ma’naviy kamolotida ilmiy bilimlar bilan birgalikda diniy e’tiqod alohida o‘rin tutib, u islom qadriyatlari va ruhiy bilimlar mag‘zini, ezgulik va poklikka da’vat etuvchi o‘gitlarni odamlar qalbiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Islom dini asrlar davomida xalqimizning muqaddas e’tiqodi, ma’naviy hayotining dasturilamali bo‘lib kelib, milliy ma’naviyatimiz va qadriyatlarimiz bo‘lgan islomiy axloq-odobdan yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalashda foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqda. Islom jamiyat a’zolarini eng yuksak bashariy fazilatlar egasi qilib tarbiyalab, ularga insonparvarlik, xalqparvarlik, adolat, halollik, boshqa dinlarga ehtirom ko‘rsatish, olijanoblik va axloq kabi tushunchalarni singdiradi. Islom dini o‘zining ma’naviy pokligi tufayli yangi demokratik davr talablariga javob bera oladi. Islomning kundalik hayot bilan chambarchas aloqasi shundaki, u har bir odamning o‘zligini anglashiga imkon beradi, shuningdek ularda odamlarning o‘zaro qon-qardosh va birodar ekanliklarini tan olish hissini tarbiyalaydi. Islom dini insonlarning tengligi, savob ishlarning muhimligi haqida ta’lim berib keldi. Islom dini negizida vujudga kelgan tasavvuf tariqati ilm-fan, madaniyat va adabiyot rivojiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Tasavvuf ta’limotiga ko‘ra bilimning boshi yuksak axloq-odobdan boshlanib, axloqiy me’yorlar, qoidalarning muayyan tizimi tasavvufning amaliy qismi, ya’ni mohiyatini ifodalaydi. Markaziy Osiyo xalqlari Uyg‘onish davri ma’naviy madaniyatining shakllanishi va taraqqiyoti, uning falsafiy-ilmiy va badiiy-estetik yo‘nalishlari mohiyatini tushunishda tasavvufning o‘rni va ahamiyati muhimdir. Tasavvuf ta’limotida komil inson masalasi Allohga yaqin bir vujud sifatida qaraladi. Dunyoviy bilimlarni o‘rganish, shariat ilmini, ilohiy bilimlarni egallash va unga amal qilish - hammasi inson kamolotining muhim jihatlari sifatida e’tirof etiladi. Komil insonning sifatlari tasavvufda, dinda, ilm ahllari orasida o‘ziga xos tarzda talqin etiladi. Shariat ahli nazarida komil inson - farz-sunnatning amallarini ado etuvchi mo‘min-musulmon hisoblansa, dunyoviy ilm namoyondalari unga aklli zot, deb ta’rif beradilar. Tasavvufda esa komil inson bo‘lish uchun inson fozillik, aqllilik, odillik, mo‘min-musulmonlikni bekamu ko‘st bajarishi zarur deb hisoblanadi. Komil insonda yaxshi so‘z, yaxshi fe’l, yaxshi axloq va ma’rifat namoyon bo‘ladi. Tasavvufning ma’naviy barkamol inson tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan insonparvarlik, soflik, haqiqat, go‘zallik, kamolot goyalari bugungi kunda barkamol insonni tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Diniy ilmlar insonni ruhiy va ma’naviy yuksaklikka yetaklasa, dunyoviy ilmlar dunyoning mohiyatini anglash va insonning tafakkurini shakllantirish uchun xizmat kiladi. Islom dini avval boshidanoq insonni o‘qib-o‘rganishga va ilm vositasi bilan dunyoni anglab yetishga targ‘ib qilib kelgan. Jamiyat hayotida axloqiy va estetik tarbiya diniy va dunyoviy bilimlar hamda odamlar mehnati va maishiy hayoti bilan bog‘liq holda rivojlantirilgan. Islom madaniyati bugungi kunda ilm-fan, bilimlar, odob-axloq, huquqiy me’yorlar hamda go‘zalliklar vositasida anglanib, tarbiya jarayonida qo‘llanilib kelinmoqda. Diniy urf-odatlar tarixiy ma’naviy meros va milliy qadriyatlarning tiklanishida, shaxs dunyoqarashi va tafakkurining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Diniy urf-odat va marosimlar fuqarolarning diniy ta’limotlardan, ularning qonun qoidalari va aqidalaridan kelib chiqadigan diniy faoliyat va xatti-harakatlaridan iboratdir. Diniy urf-odat va marosimlar diniy e’tiqod va ibodatning amaldagi ko‘rinishi bo‘lib hisoblanadi. Islom dinida aqiqa, amri-ma’ruf, xatna, ro‘za tutish va ramazon hayiti, qurbonlik qilish va qurbon hayiti, namoz, haj, janoza, sunnat, nikoh va boshqa urf-odat va marosimlar mavjud bo‘lib, bu urf-odat va marosimlar milliy qadriyatlar bilan uyg‘unlashib ketgandir. O‘zbekistonda diniy urf-odat va marosimlarning erkin o‘tkazilishi ta’minlanadi, ammo bunda qonunlar va jamoat tartibi buzilmasligiga, shahsga hamda fuqarolarning huquqiga dahl qilinmasligiga e’tibor qaratiladi. Diniy urf-odat va marosimlar ibodatxona, diniy tashkilot muassasalari, ziyoratgohlar, fuqarolarning xonadonlarida o‘tkazilib, xalqimizning milliy o‘zligini anglashida, tarixiy xotirasining tiklanishida, milliy qadriyatlarning yanada takomillashib borishida muhim ahamiyat kasb etadi. Diniy marosimlar dindorlarda Allohga itoatkorlik hissini uyg‘otishga qaratilgan odatlarni o‘zida ifodalaydi. Diniy tolerantlik va plyuralizm jamiyatda tinchlik va barqarorlikning muhim omilidir. Tolerantlik lotin tilidagi tolerantia – so‘zidan olingan bo‘lib, sabr – toqat degan ma’noni bildiradi. Tolerantlik bag‘rikenglikni – o‘zgalarning turmush tarzi, xulq-atvori, odatlari, his-tuyg‘ulari, fikr-mulohazalari, g‘oyalari va e’tiqodlariga nisbatan toqatli bo‘lishni o‘zida ifodalasa, plyuralizm lotin tilida pluralis – ko‘plik degan ma’noni bildiradi. Plyuralizm jamiyat hayotida manfaatlar, g‘oyalar, qarashlarning ko‘pligini bildirib, ko‘plab konfessiya va diniy tashkilotlar bo‘lgan O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari tolerantlik va plyuralizmga tayanilgan holda olib borilmoqda. Diniy tolerantlik xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zamin, bir Vatanda, olijanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashini anglatadi. Dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g‘oyalariga asoslanadi va yaxshilik, tinchlik, do‘stlik kabi hususiyatlarga tayanadi. Odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Barcha dinlarda inson hayotining mohiyati, mazmuni, kishilar o‘rtasidagi siyosiy-huquqiy, axloqiy munosabatlarni tenglik va adolat mezonlari asosida o‘rnatish masalasi o‘z ifodasini topgandir. O‘zbekiston hududida islom dini qaror topganiga qadar zardushtiylik, buddaviylik, moniylik, xristianlik, mazdakiylik, shomoniylik kabi dinlar mavjud bo‘lib, ular negizida o‘sha davrda barchasining sintezi natijasida betakror madaniyat vujudga kelgan. Hozirgi paytda dinlararo tolerantlik g‘oyasi nafaqat dindorlar, balki butun jamiyat a’zolarining ezgulik yo‘lidagi hamkorligini nazarda tutadi hamda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning muhim sharti hisoblanadi. Azal-azaldan Vatanimiz hududida islom, xristianlik, iudaizm kabi dinlar yonma-yon yashab kelgan. Asrlar davomida yirik shaharlarda masjid, cherkov va sinagogalar mavjud bo‘lib, turli millat va dinga mansub bo‘lgan qavmlar o‘z diniy amallarini erkin ado etib kelganlar. O‘zbekiston xalqi dinlararo bag‘rikenglik borasida katta tajriba to‘plagan. O‘zbekistonda davlat qonuniy asosda barcha dinlarga, barcha e’tiqod egalariga teng imkoniyatlar yaratib bergan. Vatanimizda turli dinlar va din vakillari o‘rtasida umumbashariy qadriyatlar asosida birodarlikni mustahkamlashga muhim e’tibor berilmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda turli konfessiyalarga mansub bo‘lgan diniy tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning o‘z faoliyatini amalga oshirishi va mamlakat hayotida faol ishtirok etishi uchun hamma shart-sharoitlar yaratilgan. Bu boradagi huquqiy asoslar O‘zbekiston Konstitutsiyasida, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda o‘z ifodasini topgan. Tolerantlik bizda umumiy ma’noda bag‘rikenglik deb qabul qilingan. Download 63.75 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling