Hozirgi hikoyachilik: janriy izlanishlar


Shukur Xolmirayev hikoyalari


Download 20.98 Kb.
bet2/2
Sana17.10.2023
Hajmi20.98 Kb.
#1705698
1   2
Bog'liq
Hozirgi hikoyachilik janriy izlanishlar-fayllar.org

Shukur Xolmirayev hikoyalari
Sh. Xolmirzayev adabiy jarayonga 60–yillarda kirib keldi. Ilk asarlari bilan A. Qahhor nazariga tushdi. “Shukur kulsa, tishini oqini ko‘rsatmay kuladi, yig‘lasa ko‘z yosh to‘kmay yig‘laydi. Prozachi uchun bu noyob fazilat”, – deb yozgan edi adib u haqda.
Yozuvchi ijod yo‘li davomida prozaning turli janrlarida o‘nlab namunalar yaratgan bo‘lsa–da, hikoyachilikda erishgan yutuqlari alohida tadqiqotlar talab etadi.
Jahon adabiyotidan yaxshigina xabardor bo‘lgan yozuvchi A. Qahhordan so‘ng bu janrning imkoniyatlarini yanadi kengaytirdi. Uni jahon hikoyachiligi bilan bo‘ylashadigan darajaga olib chiqdi. Adib hikoyalarini o‘qir ekanmiz unda siz va biz bilan yelkama–yelka yashayotgan zamondoshlarni ko‘ramiz. Bizda ularning qalbida yashiringan dardlar, siru sinoatlarni bilib-bilmasdan, bee’tibor o‘tib ketamiz. Yozuvchi sinchkovlik bilan ana shu odamlar qalbidagi buyuk dardni topa olgan.
Sh. Xolmirzayev “Bodom qishda gulladi” kitobida qahramonlarni to‘rt qismga ajratadi. 1. Shahar, 2. Qishloq, 3. Tog‘, 4. Dasht odamlari.
“Nimadir yo‘q bo‘ldi” hikoyasidagi Qismatulla va Hikmatoy, “Olam tortilish qonuni” dagi Husan aka, “Kimsasiz hovli” dagi Umar aka obrazlarida shahar odamlarining o‘ziga xos xususiyatlari o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, “Ustoz” hikoyasi kitobxonni befarq qoldirmaydi. Hikoya qahramoni “zamonabop adabiy mahsulot yetishtirib beradigan, shu bois hamisha pichog‘i moy ustida o‘ynaydigan adabiy kosib. ” (Q. Yo‘ldoshev. Yoniq so‘z. T. Yangi asr avlodi. 2006. 351–bet.) Yozuvchining mahorati shundaki, ustoz xarakterini uning xatti – harakatlari, nutqi orqali ochadi. Ustozda odam uchun kerakli hamma narsalar bor: mashina, dacha, kitoblari chiqib turibdi. Hamma unvonlarni olib bo‘lgan. Biroq undagi har bir narsaga shubha bilan qarash tuyg‘usi, hadiksirash, mutelik psixologiyasi – talantli shogirdni bu olamdan erta ketishiga sabab bo‘ladi. Shogirdiga yordam bergan kishi bo‘lib, aslida uning ildiziga bolta uradi. Shogirdning o‘limidan so‘ng qayg‘urgan kishi bo‘lib aybni odamlarga to‘nkaydi. Bu bilan tanqidchi o‘rinli pisanda qilganiday aslida yo‘q vijdoniga taskin bermoqchi bo‘ladi. Afsuski, hozirgi hayotimizda ham bu toifadagi ustozlarni uchratish mumkin. Qachonki ustoz xarakteridagi ojizliklarni yenga olmas ekan, u tom ma’noda shogirdiga yordam qilolmaydi.
Sh. Xolmirzayev qishloq odamlari hayotini yaxshi bilar edi. “Hayot abadiy”dagi Nodir Ro‘ziqulov, “Og‘ir tosh ko‘chsa” dagi Esonboy, “Ot egasi”dagi Inod, “Qadimda bo‘lgan ekan”dagi O‘sar obrazlarida qishloq odamlari xarakteridagi mardlik, tantilik, oriyatlilik kabi fazilatlar ulug‘lanadi. “Xumor” hikoyasining qahramoni “... dori mening tarjimai holimga singib ketgan axir! Tushunasizmi? Mening butun quvonchlarim, zavqlarim, hayotimning ma’nosi, Vatan oldidagi burch, ilk muhabbatim ham... o‘sha bilan bog‘liq. Usiz o‘tmishim yo‘q....”. O‘smirligidan butifos hidiga xumor bo‘lgan yigit butun umr tuzalmaydigan dardga yo‘liqadi. Eng muhimi, u o‘z fojiasini anglamaydi. O‘zi badbashara qiyofaga ega bo‘lsa–da, bepushtlik xastaligiga duchor bo‘ladi. Yozuvchi qahramonini muqarrar o‘limga borayotganini biladi. Ammo bu hayot absurddan iborat ekanligini anglash darajasida bo‘lmagan hikoya qahramoni o‘zini fojiaga olib borayotgan yo‘lni to‘g‘ri yo‘l deb tushunadi. Hikoya 1987 yilda yozilgan. Davr nuqtai nazaridan tahlil qilinadigan bo‘lsa yozuvchi nihoyatda katta jasorat bilan totalitar tuzum vujudga keltirgan nosog‘lom muhitni tanqid ostiga olgan.
Hikoyada kuz tasviriga alohida urg‘u berilgan. Qahramon ham kuzni yaxshi ko‘radi, kuzda paxta terimi boshlanadi, dorilar serob. Xohlagancha xumordan chiqish mumkin. Bundan tashqari adib kuz tasvirida insonni muqarrar halokatga olib boradigan illatlarga ishora qilgan.
Hikoyani o‘qib bo‘lgach A. Oripovning quyidagi satrlari yodimga tushdi.
Rangpar singilginam o‘ylayman seni
Kuzgi xazondayin ma’yus o‘sding sen
Tabiat bermadi bilagingga kuch
Na hayot, na yordan yolchimading hech.
“Qadimda bo‘lgan ekan”, – hikoyasida yozuvchi qadimgi rivoyatdan foydalangan. Xotiniga achchiq qilib bir umr xizmatida bo‘lgan momosini qarigandan so‘ng adashtirib kelmoqchi bo‘lgan O‘sar momosi aytgan qadimgi rivoyatni eslaydi. O‘z ishidan qattiq pushaymon bo‘ladi. Hikoyada kitobxonni hayotiy haqiqatlar bilan tanishtiradigan juda ko‘p tasvirlar bor, ziyrak o‘quvchi buni darhol anglaydi. Momoning iztirobli hayot yo‘li, O‘sarning hayot qiyinchiliklariga dosh berolmasdan alamini xotinidan olishi, Hojarning er kaltagidan kasalmand bo‘lib qolganligi kitobxonda millat tarixining ma’lum bir sahifalarini anglatadi. Umuman olganda, hikoyada inson qadr–qimmati, o‘zbekona g‘urur, andisha tuyg‘ulari yuksak maqomga ega ekanligi tasvirlab berilgan.
Shukur Xolmirzayev Surxon farzandi edi. Munaqqid U. Normatov e’tirof etganidek u “... tug‘ilib o‘sgan ona yurtini nihoyatda yaxshi ko‘rar, u bilan faxrlanar, nuqul o‘sha tomonga talpinar, bugina emas ustozlariga, qalamkash do‘stlariga uni ko‘rsatgisi, ko‘z–ko‘z qilgisi kelar edi”. Adibning tog‘liklar hayotidan olib yozilgan “Olis yulduzlar ostida”, “Boychechak ochildi”, “Jarga uchgan odam”, “Zov ostida adashuv”, “Omon ovchining o‘limi”, “Bandi burgut” hikoyalarida jo‘mard tog‘liklar hayoti ifoda etilgan.
“Boychechak ochildi” hikoyasida Qo‘ng‘irot domla shahar hayotidan ko‘ngli siqilib tog‘ qishlog‘iga boradi. Qishning nafasi qaytib, bahor nishonalari–boychechaklar ochilayotgan payt. Qo‘ng‘irot domla tabiatdan bahra olib, kuch olib yana sevimli mashg‘uloti–ijodiga qaytadi. Sh. Xolmirzayev butun ijod yo‘li davomida inson va tabiat orasidan uyg‘unlik izladi. Tabiatga xiyonat qilib bo‘lmasligini, tabiat xiyonatni kechirmasligini “Jarga uchgan odam”, “Omon ovchining o‘limi” hikoyalarida ifodalab bergan.
“Jarga uchgan odam” hikoyasida ona ayiqni otgan rejissyorni o‘zi bilmagan holda jardan qulatib yuborgan Islomga kitobxon qanday hukm chiqaradi. Rejissyorga–chi?
“Omon ovchining o‘limi” hiqoyasida bundan–da fojiali manzara tasvirlangan. Yozuvchi hikoya boshida Omon ovchiga munosabatini bildiradi. U o‘zi ham o‘lishi mumkinligini o‘ylamasdi. “U o‘ldirishni ... hayvonlarni, parrandalarni, xullas, Olatovda ov qilishga arzirli o‘lja borki, u qo‘liga miltiqni olishi bilan o‘zi anglamagan holda ulardan nimanidir otish–o‘ldirishni o‘ylardi...”.
Yozuvchi qahramon hayotini shunchaki hikoya qilmaydi, balki uni ulg‘aytirgan ijtimoiy muhitni, sharoitni ham mahorat bilan tasvirlaydi. Yoshligidanoq tabiat jonivorlariga shafqatsizlik ruhida tarbiya topgan Omon qilmishiga yarasha jazo topdi. Ha, tabiatga nisbatan qilingan har bir yovuzlik jazosiz qolmasligi Omon ovchi timsolida haqqoniy tasvir etilgan.
Ko‘pchilik ijodkorlarda ijod va shaxsiyat uyg‘un kelmasligi mumkin. Ammo Shukur Xolmirzayev shaxsiyati butun ijodkor edi. To‘g‘ri, uning kundalik turmushi bir maromda silliq kechmagan bo‘lishi mumkin. Ammo u turmushning mayda ikir–chikirlaridan balandda turadigan ijodkor edi. Yozuvchining “Tanholik” hikoyasi bejiz yozilmagan. U Lev Tolstoyni yaxshi ko‘rardi. O‘zi ham Tolstoyga o‘xshab ko‘proq yolg‘izlikni yoqtirardi. Shu jihatdan, men uni “O‘zbekning Tolstoyi” degim keladi.
Sh. Xolmirzayev o‘zbek adabiyotida esse janrining taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shdi. Ona tariximiz haqida “Qadimgi Baqtriya tuprog‘ida” Shukur Burxonov haqida “Taqdir bashorati”, tengdosh ijodkorlari to‘g‘risida “Yillar ayro tushdi, ammo”, “Binafsha hidlang, amaki”, ustozlari haqida “Abdulla Qahhorni eslab”, “Ay, Shuhrat akam–a”, “Odil aka haqida o‘ylasam”, “Bu kishim- ustoz, men–shogird” esselarini yaratib, bu janrning imkoniyatlarini kengaytirdi. Shu bilan birga adabiy hayotimizning yarim asrlik panoramasini yoritib berdi.
Surxondaryolik yozuvchi Mengziyo Safarov yozuvchining qadrdon do‘sti edi. Mengziyo aka tariximizning yuksak bilimdoni, ona tabiatimizning jonkuyari edi. U kishining ona tabiat haqidagi asarlari o‘quvchilarimizga yaxshi tanish. Sh. Xolmirzayevning Mengziyo aka haqida “U bizlarga o‘xshamas edi” essesi bor. Bu iborani muallifning o‘ziga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Ha, u boshqalarga o‘xshamaydigan yozuvchi edi.
Shukur Xolmirzayev adabiyotimizda kam uchraydigan alohida fenomen. Uning ijodini qanchalik o‘rgansak adabiyotshunoslik shuncha katta foyda ko‘radi deb o‘ylayman.
Nazar Eshonqul hikoyalari

O‘zbek hikoyachiligida modernizm yo‘lini boshlab bergan adiblardan biri Nazar Eshonqul. U 1962 yil 15 iyunda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Tersota qishlog‘ida tug‘ilgan. 1986 yilda ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan. Dastlabki asari-“Urush odamlari”(1988). Shundan so‘ng yozuvchining “Momo qo‘shiq”(1989),”Maymun yetaklagan odam”(2001),”Shamolni tutib bo‘lmaydi”(2004), “Yalpiz hidi”(2008) kabi kitoblari nashr etilgan.


Yozuvchining “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Asarda hayotda adashgan, umrini soxta shon-shuhrat, aldovlarga ishonib o‘tkazgan, umri poyonida qarovsiz ahvolga tashlab qo‘yilgan insonning samarasiz o‘tgan hayotidan hikoya qilinadi. Adabiyotshunos U. Normatov bu haqda shunday yozadi.”80 yillar oxirlarida tengdosh, umri asrning alg‘ov-dolg‘ovlari, bema’ni maqsadlar yo‘lda o‘tgan, adashgan odamning fojeiy qismati betakror tarzda ifoda etilgan edi. Hikoya qao‘ramoni muyqalami tomonidan yaratilgan o‘z ijodiy-ijtimoiy faoliyati ibtidosi va intihosiga daxldor ikki badiiy polotno-qorong‘u to‘qayzordan “nurafshon maskan”sari maymun yetaklab chiqayotgan navqiron shijoatkor yigit va qari maymun yetagida to‘qayzor tomon qaytayotgan munkillagan chol surati, ayni o‘sha ramziy-simvolik timsollar tashiydigan ma’noning teran va ko‘lamdorligi, qahramon hayot yo‘lining chuqur tahlili-bu asarni jahon novellistikasining eng yaxshi namunalari qatoriga qo‘shish uchun izn beradi” . Hikoyada cholning san’atdan yaxshigina bilimga ega rassom ekanligi aytib o‘tiladi. Ammo cholning chizgan aksariyat suratlari hayoti manzaralari kabi rangsiz va mavhum edi.Cholning chizgan suratlariga turli sanalar qo‘yilgan.1937.1947.1957. Agar diqqat qilinsa bu sanalar tariximizning qonli sahifalari – qatag‘onlar davrini eslatadi. Rassom chol chizgan suratlari orqali o‘tgan umrini, bemaqsad va besamar o‘tgan hayotini taftish qiladi.Rassom umri poyonida bir vaqtlar o‘zi e’tiqod qilgan g‘oyalarning tagzamini puch ekanligini anglaydi. Suhbatdoshining e’tiqod haqidagi fikriga e’tiroz bildirib shunday deydi:”-E’tiqod!- dedi g‘ussali ohangda,- agar bir umr e’tiqod qo‘yib, shunga ishonib, kurashib yonib-kuyib yashasangu, bir kuni e’tiqod qo‘ygan narsangiz puch, yolg‘on va puflab shishirilgan sharday omonat, siz ezgulik deb sig‘ingan narsalar asli razolat ekanini anglab qolsangiz bunday demasdingiz...”. Cholning qismati totlitar tuzum davrida soxta shon-shuhrat, mansab-amallarga aldanib, yolg‘on g‘oyalarga aldangan minglab, millionlab odamlarning qismati edi.
Adibning “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi ma’noning ko‘lamdorligi, badiiy ruhiy tahlilning teranligi bilan “Asrga tatigulik kun”dagi Nayman ona, “Chol va dengiz”dagi qariya obrazlariga tenglashtiriladi. Yozuvchi asar qahramoni Bayna momoning uzoq davom etgan fojeiy, motamsaro, ayni paytda mardona hayot yo‘lini o‘ziga xos yo‘sinda hikoya qiladi. Hikoya qahramoni Bayna momo boshiga tushgan ko‘rguliklardan qanchalik o‘rtanmasin, undagi qosos tuyg‘usi hayot qarama-qarshiliklarini yengib o‘tishga yordam beradi. Bayna momo eri Raim polvonning quloq sifatida nohaq ta’qib etilishi, mol-mulki tortib olinib o‘g‘li bilan birga itday xor bo‘lib otilishida Zamon otboqarga izn bergan hamqishloqlarini kechirmaydi. “Bu qishloqning ayollari endi faqat hezalak tug‘adi”deya masxara qilib, ulardan yuz o‘giradi. Bayna momoning Zamon otboqardan qasos olish epizodi hikoyada ochiq berilmay, sahna ortida kechadi. Biroq o‘sha kungacha bo‘lgan davrda momoning boshidan kechirgan musibatli kunlari kitobxon qalbini larzaga soladi. Muallif momoning boshidan kechirgan mungli kunlar xotirasini shunday yodga oladi.”Bayna momo har kecha ko‘z yoshlari bilan to‘lgan qayiqda yillar qoyalari orasida qolib ketgan eri bilan o‘g‘lining ilma-teshik bo‘lgan murdasi va Zamon otboqarning muzaffar qamchisi yotgan qonli xalqob bilan to‘lgan ayvonga suzib borar, ertalablari ho‘l bo‘lib ketgan yostig‘ini xuddi qadim ajdodlarning unut yaloviday uyining oldidagi....baland tolga osib, oftobda quritardi...”. Bayna momo obrazi milliy hikoyachiligimizda keyingi yillarda yaratilgan eng xarakterli timsollardan biridir.
N. Eshonqulning “Ochilmagan eshik” hikoyasi turmush qurib hayotdan baxt topa olmagan kelinchakning erta xazon bo‘lgan umri haqida. Baxt qasrini qurmoqchi bo‘lgan kelichakka baxt eshiklari ochilmadi. Kelinlikning sho‘x-shodon bahori oradan uch-to‘rt yil o‘tib o‘tmasdan kuzga aylandi. Dunyoda sig‘ingani, birdan-bir xazinasi – eri shahardan boshqa bir ayol topdi. Kelinchakni rashk azobi adoyi tamom qildi. Adoqsiz hijron tunlari alamini ko‘z yoshlaridan oldi. Kelinchak o‘zini kamsitilgandek his qildi. Bu dunyoga kelib u nimani ko‘rdi. Uy va dala orasidagi adoqsiz mehnat, erining unga nisbatan beparvoligi, qo‘ni qo‘shnilarning mish-mishlari kelinning bir dardini ming dardga aylantirdi. Shunchalik yo‘qotishlarga qaramasdan u xazonlar orasida qolib ketgan ilk muhabbatini axtaradi. Adib o‘ziga xos o‘xshatishlar, ruhiy tahlil asosida kelin va kuyov o‘rtasida bir paytlar omonatga qurilgan muhabbat rishtalarining parchalanish jarayonlari xuddi rassomdek tasvir etadi.”Kelinchak to‘rt yilning chang-g‘uborlari, yomg‘ir-qorlari ostida qolgan, bu uyga endi kelin bo‘lib tushgan paytlaridagi erining ehtirosli muhabbatini xuddi o‘t-o‘lanlar orasidan yo‘qolgan ignasini axtarayotgandek, erining kuv ko‘zlaridan ba’zan sargashta bo‘lib izlab qolardi. Lekin suvga tushgan toshdek, bu muhabbat qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan edi”. Muallif kelinchak qalbida kechayotgan ruhiy jarayonlarni mahorat bilan tasvirlay olgan.Kelinchakning orzulari bisyor edi. Afsus, uning orzulari farishta misol o‘zi bilan birga bu olamni tark etdi. Hikoya kitobxonda ma’yus taassurot qoldirsada, chuqur lirizm bilan sug‘orilgan. Ayniqsa, asar qahramonining o‘z hayotini o‘zi taftish qilib, uning ma’nisiz ekanligini anglashi absurd qahramonga xos xususiyatdir. Bunday holatlarni adibning “Bevaqt chalangan bong”, “Xayol tuzog‘i”, “Muolaja” hikoyalarida ham kuzatish mumkin.
http://fayllar.org
Download 20.98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling