Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet39/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
256
xonadonidan chiqib, umr bo‘yi shu xonadonga isnod-u ofat keltirib yashamoqdasiz. 
Ammo roja Bhagvan Das g‘ayridin bo‘lsa ham shu xonadonga sizlardan yuz barobar 
sodiqroq xizmat qilmoqda. Siz menga qarshi tajovuz qilganingizda roja Bhagvan Das 
bizni shu tajovuzdan himoya qila turib, suyukli o‘g‘lini qurbon berdi. o‘n yetti yoshli 
Bhupatning qoni sizning bo‘yningizdadir, janob Mirzo! Har ikki tomon ham 
qarindoshlarim bo‘lgani uchun, men adolatni himoya, qilmoqchimen. O‘tgan gal 
Muzaffarshoh bosh egib sadoqat izhor qilganda unga amniyat berib pand yedik. Bugun 
ham o‘sha Muzaffarshoh qancha odamlarimizning qonini to‘kib, yana qochib, qutulib 
ketdi. Endi bu xatoni takrorlashga haqqimiz yo‘q. Maharoja, — deb Akbar Bhagvan 
Dasga yuzlandi: — Muzaffar Husayn mirzoni sizning ixtiyoringizga topshirgaymiz. Neki 
qilsangiz biz rozimiz! 
O‘lim xavfidan qalt-qalt titrayotgan Muzaffar Husayn mirzoni Bhagvan Dasning ikkita 
yigiti qo‘lidan tutib olib ketdi. Bhagvan Das uni o‘rmon ichiga olib kirib chuqur qazdirdi-
da, o‘sha yerda boshini kestirdi. 
Otasi Bayramxonday dovyurak jangchi bo‘lib yetishgan Abdurahim bugun g‘ulda shijoat 
bilan jang qilganini Akbar ko‘rgan va shimolga qochgan Sharafiddin mirzoni tirik tutib 
kelishni unga buyurgan edi. Ikki yuz navkar bilan quvg‘inchi bo‘lib ketgan Abdurahim 
kun oqqanda qo‘li bog‘loqlik Sharafiddin mirzoni oldiga solib haydab keldi. Akbar 
Abdurahimni tarbiyalab, otasi darajasiga yetkazishni ko‘pdan beri ko‘ngliga tugib 
yurardi. Bugun uning jasoratiga tan bergandan so‘ng: 
— Vazir Jamil! — dedi, — maxsus farmon yozdiring, Abdurahimga xoni xonon unvoni 
berilsin! Rahmatli Bayramxonning qancha ulufasi, qanday imtiyozlari bo‘lsa, hammasi 
Abdurahim uchun tayin etilsin! 
Shundan so‘ng Akbar Sharafiddin mirzoni qarshisiga tikka qilib qo‘yib: 
— Bir vaqtlar sizga ham katta inoyatlar qilingan edi, — dedi. — Hammasini unutib, 
xiyonat yo‘liga o‘tganingiz uchun, mana axiyri shu ahvolga tushdingiz. Axir siz Xo‘ja 
Ahrori Vali avlodidanmen, deb maqtanar edingiz-ku! Ahroriy degan taxallusingiz bor edi. 
Nechun siz Po‘lat vasvasning ilki bilan bizga qarshi o‘q ottirdingiz! O‘zingiz podsho 
bo‘lgingiz kelganmidi, a?! 
— Hazratim, boshqa gunohlarim ko‘p. Ammo Po‘lat vasvasning suiqasdidan faqir 
mutlaqo bexabar edim. Bu vasvas termizlik Said Abulmalining odami edi! 
— Abulmali Kobulda allaqachon yasoqqa yetdi. Endi navbat sizniki. Janobi mirg‘azab, o‘z 
xiyonatlari bilan butun ajdodlariga isnod keltirgan bu kimsa quturgan filning oyog‘i 
tagiga tashlansin! 
Ilonning yog‘ini yalagan Sharafiddin mirzoning mahovatlikdan ham xabari bor edi, 
fillarga yoqadigan so‘zlarni bilar edi. U soqchilarning o‘zaro gapidan jazo uchun 
ajratilgan filning nomi Suman ekanini eshitib qoldi. Qo‘li orqasiga bog‘langan holda 
pastakkina taxta orqasida tiz cho‘kib o‘ltirganda mast fil bo‘kirib kelib uni oyog‘i bilan 
taxta ustiga bosib, yanchib tashlashi kerak edi. Lekin fil yaqinlashayotganda Sharafiddin 
mirzo ota-bobolaridan meros qolgan jozibali tovush bilan shivirlab: 
— Suman, shafqat qil! Suman! Suman! Jonim! Suman! — deb xudoga iltijo qilganday 
filga sajda qilib yalina boshladi. Ziyrak jonivor bo‘lgan fil o‘z otini shunday ta’sirli bir 
tarzda aytib, bosh eggan odamni bosib o‘ldirgisi kelmay bir na’ra tortdi-yu, orqaga 
qaytdi. Filbon uni qaytarib kelib, yana bosishni buyurdi. Lekin Sharafiddin mirzo bor 
kuchini ko‘zlariga to‘plab, chumchuqni avragan ilonday filning ko‘zlariga tikilib yana 
sajda qildi va yalina boshladi. Fil yana uni bosgisi kelmay bo‘kirib orqaga qaytdi. Bu hol 
uch marta takrorlangach, Akbar Sharafiddin mirzoning qonidan kechdi-yu, uni 
mamlakatning sharqiy chekkasidagi Bangolaga surgun qildi. Sharafiddin mirzo o‘sha 
joyda ham ko‘p buzg‘unchiliklar qildi, bachchabozlikka o‘rgandi. Oxirida Mahmud degan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
257
bachchasi ovqatiga zahar qo‘shib berib o‘ldirdi. 
Asir olingan mirzolardan biri — o‘n sakkiz yoshli ko‘hlik yigit mas’ud Husayn edi. U 
Multonda qo‘lga tushgan, qochib ketmasligi uchun jarroh uni vaqtincha ko‘r qilib, 
ko‘zining jiyaklarini maxsus ip bilan tikib qo‘ygan edi. Uni shu holda Akbarning oldiga 
haydab keldilar. 
mas’ud mirzoning shertaxlit gavdasi Akbarga Behzod chizgan suratdagi Husayn 
Boyqaroni eslatdi. Lekin u ancha vaqtdan beri ko‘zi tikilgan holda yurib, ko‘r-basirlarday 
ayanchli ahvolga tushgan. Akbarga yuzini qiya tutib, osmonga qaragan holda: 
— Hazrati oliylari,  qatl ettirsangiz ham mayli, faqat ko‘zimni ochdiring! — dedi. — 
Dunyoni so‘nggi marta ko‘rib o‘lsam armonim qolmagay! 
— mas’ud mirzo, oldin bir savolga javob bering. Siz og‘alaringiz yonida bizga adovat 
ruhida ish tutib, biron xulosaga keldingizmi? 
— Hazratim, biz yomonlik qildik. Yomonlik — bu quturgan it ekan. ma’lumki, it qutursa 
egasini qopgay. Yomonlik ham axiyri bir kun o‘z egasining boshiga yetarkan! Og‘alarim 
shu sababdan halok bo‘ldilar. Agar menga imkon bersangiz, yaxshilik o‘z egasiga sharaf 
keltirishini baholi qudrat  isbot etishga intilgan bo‘lardim. 
— Mayli, biz sizga shu imkonni berib ko‘raylik!  
Akbarning buyrug‘i bilan mas’ud Husayn mirzoning ko‘zidan tikish olib tashlandi. U 
ma’lum muddat davolanib, ko‘zini tuzatgach, Akbar uni Panjobga, Husaynqulixon 
ixtiyoriga ishga yubordi. 
 
____________ 
* T o‘ q s o n   m i l — 144 kilometr. Hind tarixchilarining yozishlaricha, Akbardan oldin o‘tgan sarkardalardan hech biri Sekri bilan Gujarat 
oralig‘idagi bu masofani shunday katta tezlikda bosib o‘tmagan ekan. 
* R o h v o r — yo‘l tanuvchi, yo‘l boshlovchi deganidir.
 
*  *  * 
 
Gujaratdagi g‘alaba sharafiga Fathobodda yetmish gaz yuksaklikdagi mashhur baland 
Darvoza qurila boshlandi. Akbarning Sarnalda va Sabarmati daryosi bo‘yida ko‘rsatgan 
shaxsiy jasorati, qirq kunlik yo‘lni to‘qqiz kunda bosib o‘tganlari og‘izdan og‘izga o‘tib, 
uni yengilmas botir deb ishonadiganlar ko‘paydi. Shoir Fayoziy Akbarning Gujarat 
jangidagi jasoratiga katta bir she’riy doston bag‘ishladi. Akbar bilan birga jangda 
qatnashgan bek-u navkarlar uning zirhli kiyimiga tegib sirpanib ketgan o‘qlarni ko‘rgan 
edilar. Ular «bosh sarkardamizga duo ketgan ekan, uni o‘q olmagay!» deyishib, Akbarni 
nazarkarda darajasiga ko‘tardilar. 
G‘alabadan so‘ng ziyofatlar, ichkilik bazmlari ko‘p bo‘ldi. Bir kun Akbar Man Sinx bilan 
may ichib o‘ltirganlarida rajputcha qilichbozlik  haqida gap ketdi. Abulfazl bilan Birbal 
ham davrada bor edi. 
Man Sinx rajputlarning yoshlikdan qilich o‘ynab o‘sishlari, hatto qilichni suyukli yorga 
qiyos qilib ashula aytishlarini so‘zlab berdi. ba’zi chapdast rajput yigitlari qilichning 
sopini devorning yorig‘iga qistirib, tig‘ini ko‘kragiga to‘g‘rilaydi-da, chopib borib o‘zini 
qilichga uradi. Lekin uzoq mashqlar davomida qilichni badaniga emas egnidagi 
kiyimining qo‘ltig‘iga shunday aniq sanchadiki, qilichning uchi biqini ortidan kiyimni 
teshib chiqadi, ammo bu uning ko‘kragini teshib chiqqanday ko‘rinadi. Akbar buning 
qanday qilinishini ko‘rgisi keldi. Man Sinx yigitlaridan birini chaqirib, shu o‘yinni 
namoyish qildirdi. Kayfi baland Akbar: 
— Buni men ham qila olgaymen! — deb belidagi oltin qilichini sug‘urdi-da, rajput yigitiga 
berdi: — Obor, devorga mahkam o‘rnat! 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
258
Man Sinx Akbarni bu niyatidan qaytarmoqchi bo‘ldi. Lekin Akbar uni urishib berdi: 
— Sen kimsen o‘zing?! Qilich o‘ynashni faqat rajputlar bilurmi?.. biz-chi? 
Akbar o‘rnidan turganda kayfning zo‘ridan gavdasi chayqalib ketdi. Sopi devorga 
mahkam qistirilgan oltin qilich Akbarning ko‘kragiga to‘g‘rilangan holda nayzaday 
tahdidli yiltirab turibdi. 
Man Sinx maydan bo‘shagan oltin ko‘zachani qo‘lida tutgan holda Akbarning oldini 
to‘sdi: 
— Hazratim, kayf borida bu o‘yin juda xatarli! 
— Nari tur! — deb Akbar uni itarib tashladi. Hozir u o‘zining qilich kesmaydigan, o‘q 
o‘tmaydigan nazarkarda botir ekaniga tamoman ishonmoqda edi. Akbar gandiraklab 
borib chap ko‘kragini qilichga to‘g‘rilaganicha unga tomon tashlandi. Qilich uning chap 
ko‘kragiga sanchiladigan paytda Man Sinx qilichni qo‘lidagi may ko‘zachasi bilan urib 
tushirdi. Sopi devordan sug‘urilib, yerga uchib tushgan qilichning bir joyi Akbarning bosh 
barmog‘ini, yana bir joyi Man Sinxning ko‘rsatkich barmog‘ini kesib ketdi. Qaynisining 
ishi mast Akbarga odobsizlik bo‘lib ko‘rindi. U g‘azab bilan Man Sinxni yerga yiqitib ura 
boshladi. Lekin Abulfazl bilan roja Birbal yugurib kelib, Man Sinxni undan ajratib oldilar, 
Akbarni ming tavallolar bilan xobgohiga olib borib yotqizdilar. 
Ertasi kuni Akbarning kayfi tarqaganda Abulfazl bilan roja Birbalni xirgohiga chaqirdi va 
bog‘lab qo‘yilgan bosh barmog‘ini ko‘rsatdi: 
— Ne hodisa bo‘ldi? 
— Nahotki yodingizda bo‘lmasa, hazratim? — dedi Abulfazl va bo‘lgan voqealarni bir-bir 
aytib berdi. 
Qilgan ishlari Akbarning esida yo‘q. Faqat qilichni qinidan sug‘urgani g‘ira-shira yodiga 
tushdi. 
— Rostdan shunday bo‘ldimi? — deb Birbaldan so‘radi. 
Birbal «Gita» degan muqaddas kitobni qo‘liga olib, qasam ichdi-da: 
— Bir o‘limdan qolganingiz chin! — dedi. 
Akbar bo‘lgan hodisadan endi dahshatda keldi. Shuncha qonli janglardan omon chiqqan 
odam arzimagan bir qilich o‘yinida o‘lib ketsa... Qanchalik sharmandali ish bo‘lar edi! 
Boshqalar uning mastlikdagi g‘azabidan qo‘rqib churq etolmaganda, sherday dadil ish 
qilgan Man Sinx haqiqiy jasorat ko‘rsatibdi. 
Yana uni bu yaxshiligi uchun yerga ag‘anatib urganidan Akbar juda o‘sal bo‘ldi. 
— Kechagi bazmda bor bek-u mulozimlarni devoniomga chorlang! — deb buyurdi amir 
Jamilga. 
Ko‘pchilik qatori devoniomga kelgan Man Sinx Akbar tomonga qaray olmay, xijolat bilan 
boshini solintirib o‘ltirar edi. Akbarning rangi o‘chgan, qovog‘i shishgan, ovozi 
shamollagan odamnikiday do‘rillab chiqdi: 
— Janobi davlatxohlar, g‘alaba sharafiga qilgan bazmimizning oxiri qanday dilsiyohlik 
bilan tugaganidan xabarlaringiz bor. Biz ham osiy banda ekanmizki, shu darajada mast 
bo‘libmiz. Meni «qilich kesmaydigan botir» deb maqtaganlari yolg‘on ekaniga, mana 
dalil! — Akbar bog‘lab qo‘yilgan bosh barmog‘ini ko‘rsatdi. — Xudo rahmati ustozim 
Salim ota: «Suv balosidan, o‘t balosidan, shuhrat balosidan asrasin!» degan edilar. 
Kechasi biz shuhrat balosining qurboni bo‘lishimizga sal qolibdir. Dehlida tashqi 
dushman bizga qanday suiqasd qilgan bo‘lsa, kecha shuhratdan hovliqib mast bo‘lishim 
o‘z ichimdan chiqib, ana shunday suiqasd qilmishdir. Xayriyatki, roja Man Sinx meni bu 
ikkinchi suiqasddan qutqarib qolibdir. Maharoja, — deb Akbar Man Sinxga yuzlandi, — 
eng sodiq do‘st qanday bo‘lishini siz kecha amalda ko‘rsatibsiz. Mendan o‘tgan bo‘lsa 
ma’zur tuting! 
Man Sinx o‘rnidan turib qo‘l qovushtirdi: 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
259
— Uzringiz menga sari toj bo‘lsin, hazratim! 
Akbar unga oltin bezakli sarupo kiydirdi, sehazoralik mansabidan panjhazoralik* 
martabasiga ko‘tardi, o‘ziga maxsus bayroq va naqora taqdim qildi. 
So‘ng u o‘zining ikki yonida qo‘r tortib o‘ltirgan ko‘kaldoshlari Aziz bilan Zayniddinga, 
musohiblari roja Birbal va Abulfazlga, qaynog‘asi Bhagvan Dasga bir-bir qarab oldi-da, 
so‘zini yakunladi: 
— Hali bizning tashqi g‘animlarimiz ham, ichki dushmanlarimiz ham ko‘p. Qiladigan 
mushkul ishlarimiz behisob. Dilim sezib turibdir: bizga qarshi har xil suiqasdlar yana ko‘p 
bo‘lg‘ay. Agar biz bir-birimizga roja Man Sinh kabi fidoyilik qilmasak, maqsadga 
yetolmagaymiz! 
Abulfazl Man Sinxning kechagi ahvolini esladi-yu, Akbarga fidoyilik qilish qanchalik qiyin 
ekanini xayolidan o‘tkazdi. «Podsho bilan sherga yaqin bo‘lish hamisha xatarlidir», 
degan hikmatli gap bejiz aytilmaganini u endi astoydil sezmoqda edi. 
 
_____________ 
* S e h a z o r a — uch mingboshi. Panjhazora — besh mingboshi, ya’ni armiya generali darajasidagi sarkarda.
 
 
F A T H P U R,  B H I R A 
MA'NAVIY ZILZILA 
 
Sekri tepaligi ustiga qizil toshdan muhtasham qilib qurilayotgan yangi poytaxt o‘n yilning 
nari-berisida uzoqlardan ko‘zga tashlanadigan ulkan qal’a tusini oldi. Qal’a atrofiga 
sipohilar, do‘kondorlar, kosib-u hunarmand va boshqa turli xil kasb egalari ming-minglab 
uy-joylar qurdilar. Bog‘lar, daraxtzorlar, hovlilar, ko‘cha va xiyobonlar ko‘paydi. 
Sekridan Agragacha bo‘lgan o‘ttiz besh millik yo‘lning ikki cheti kela-kelguncha serodam 
manzillarga, rasta va do‘konlarga to‘lib ketdi. 
Dastlabki yillarda rasmiy doiralar Sekridagi yangi poytaxtni Fathobod deb atagan 
bo‘lsalar ham, lekin uni qurgan oddiy odamlar «Fahtpur», ya’ni «G‘alaba shahri» degan 
qisqa nomga tezroq o‘rgandilar. Bora-bora ko‘pchilik aholi ham, davlat arboblari ham 
Fathpur deydigan bo‘ldilar. Yangi poytaxt butun mamlakatga shu nom bilan tanildi. 
Hamida begim uchun Fathpurning janubida katta bog‘ hovli qurildi. Bu yil ellik olti 
yoshga qadam qo‘ygan Hamida begimning hozir oltita nevarasi bor. Ularning kattasi 
Salim to‘qqizga kirdi, Murod sakkiz yashar. Bular ikkovi otalari bilan harbiy yurishlarga 
va uzoq safarlarga birga ketadigan bo‘lgan. Akbar mut’a nikohi bilan uylangan keyingi 
xotinlaridan Shamshod bibi unga yana bir o‘g‘il tug‘ib berdi. Gujarat yurishi paytida 
tug‘ilgan va hozir olti yoshga kirgan bu uchinchi o‘g‘ilga Doniyol deb ot qo‘ydilar. Otasi 
unga ham alohida ko‘shk solib bergan, bek atka va murabbiylar tayin etgan. O‘g‘il 
nevaralaridan tashqari, Hamida begimning shahzoda xonim, shukriniso begim, Orom 
bonu degan uchta jajji qiz nevarasi ham bor. Ularning har qaysisi bilan haftada bir kun 
birga bo‘lsa ham bahri dili ochilib, vaqtning qanday o‘tganini sezmaydi. 
Saroy ahli-ku, Hamida begimning nomini toq aytmaydi, afsonaviy Bibi Maryamga 
qiyoslab «Maryami Makon» deb ulug‘laydi. 
Lekin yigirma yildan beri bevalikda o‘tayotgan umr ham unga o‘z tikanlarini sanchib 
turadi. Kunduzi bilinmaydigan yolg‘izlik kechasi to‘shakda o‘zini ko‘rsatadi. Ellik yoshning 
nari-berisida ayollarda bo‘ladigan o‘zgarishlar uni ko‘p diqqinafas qiladi, goho yuragi 
tapir-tupur urib, badanini sovuq ter bosadi-yu, oyoqlari, aksincha, cho‘g‘day qizib ketadi. 
Sal narsadan xavotiri oshib, dilini vahm bosadigan paytlar ko‘p bo‘ladi. 
Uning eng ko‘p xavotirliklari — mudom o‘zini o‘tga-suvga uradigan Akbar tufayli. Begim 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
260
hatto o‘g‘lini haddan ortiq maqtab, ko‘kka ko‘tarishlaridan ham cho‘chiydi, chunki 
shuhratdan mast bo‘lgan Akbar rajputcha qilichbozlik qilmoqchi bo‘lib, o‘zini o‘zi 
o‘ldirishiga sal qolganini begim odamlardan eshitgan. 
Gujaratdan so‘ng sharqdagi Bixarga yurish qilindi. Akbar ikki yuzdan ortiq daryo kemasi 
qurdirgan edi. Asosiy qo‘shin qirg‘oq bo‘ylab ketdi-yu, Akbarning o‘zi eng yaqin 
mulozimlari, onasi va xotin-bolalari bilan bir oy kemalarda suzib bordi. 
Jamna va Ganga bo‘ylab qilingan bu daryo safarini Hamida begim umrining eng mas’ud 
xotiralari kabi qayta-qayta eslab yuradi. U kelinlari va nevaralari bilan tushgan kema 
sahnida tuproq solib o‘stirilgan jajji gulzor bor edi. Qafaslarda bolalar yaxshi ko‘radigan 
qushlar ham daryo bo‘ylab suzib borardi. Ikki yuz kema ulkan bir karvonga aylanib, 
besh-olti mil masofaga marjonday tizilgan edi. Dushman chegarasi hali uzoq, har ikki 
qirg‘oqda ham o‘z odamlari, ko‘kalamzor qir-adirlar va obihayotga to‘ygan ekinzorlar. 
«Ahli murod» deb ataladigan maxsus kemada Tansen boshliq xushovoz xonandalarning 
ovozi yangraydi. Tun qorong‘isida mash’alalar yorug‘i daryo mavjlarida behad ko‘payib 
ko‘rinadi, kuylar va qo‘shiqlar afsonaviy bir sehr bilan karvonga qo‘shilib oqib boradi. 
Ikki hafta shu tarzda yo‘l yurib, Ollohobod shahriga yetdilar. Bu yerda Jamna Gangaga 
borib quyiladigan g‘alati joy bor. Jamna suvi qoramtir, Ganga esa oqish, ikklasi 
qo‘shilgandan keyin ancha joygacha olachalpoq bo‘lib oqadi-da, keyin kulrang tusga 
kiradi. Qirg‘oqlar behad kengayib, daryo avvalgidan besh-olti barobar ulkanlashib ketadi. 
Hind rivoyatlarida bayon qilinishicha, Ollohobodda Ganga va Jamnaga yer ostidan 
uchinchi bir daryo— Sarasvati ham kelib qo‘shilarkan. 
— Sarasvati aslida pokiza bir ma’buda bo‘lgan, — deb hikoya qilgan edi Jodha Bay 
qaynonasiga. — U Himolay degan tangrining qizi ekan, taqdirida Ganga bilan qo‘shilish 
bor ekan. Sarasvati ilgari Gangaga yetguncha yer yuzidan oqib kelarkan. Lekin dunyoda 
nopoklik ko‘payib ketibdir. Sarasvati Gangaga pok yetib kelish uchun yer tagiga tushib 
oqibdir. Mana shu Ollohobodda yana yuzaga chiqib, sevgilisiga qo‘shilibdir. Shuning 
uchun bu daryolarning qo‘shilgan joyi muqaddas ziyoratgoh hisoblangay. 
Chindan ham, ikki ulug‘ daryo qo‘shilgan joyda odam benihoya ko‘p. Aytishlaricha, ular 
Hindistonning turli viloyatlaridan piyoda kelishgan, chunki shu muqaddas daryolar 
qo‘shilgan joyda bir marta cho‘milib ketsalar, butun gunohlaridan poklanishlariga 
ishonishadi. 
— Qaniydi shu rivoyat rost bo‘lsa! — deb Hamida begim ham kemaning bir chetida 
ayollar uchun qilingan parda ichiga kirib, Ganga suviga qayta-qayta sho‘ng‘ib chiqqan 
edi. Hozir buni eslasa dilida eng pok va yorug‘ tuyg‘ular uyg‘onadi. 
Lekin Ollohoboddan narida yana Hamida begimning tahlikalari boshlandi. Chunki 
Akbarga qarshi urushmoqchi bo‘lgan afg‘on sarkardasi Dovudxonning yuz ming askari, 
besh ming harbiy fili bor edi. Afg‘onlar uni «bugungi Sherxon» deb ulug‘lar edilar. Akbar 
onasi va xotin-bolalarini jang maydonidan uzoq bo‘lgan Jaunpurga yubordi. O‘zi esa 
Hojipurdagi Dovudxonga maktub yo‘lladi. «Ikkovimizning ikki yuz ming askarimiz 
urushadigan bo‘lsa behad ko‘p qon to‘kilgay, — deb yozilgan edi Akbarning Dovudxonga 
yuborgan maktubida. — Undan ko‘ra o‘zimiz yakkama-yakka olishganimiz afzal emasmi? 
Siz ham Hindistonda tug‘ilib o‘sgansiz, fil jangini yaxshi bilursiz. Men ham bitta filga 
minib maydonga chiqay, el-ulusning ko‘zi oldida ikkalamiz jang qilaylik. Kim g‘olib 
chiqsa, Bixar-u Bangola o‘shaniki bo‘lsin». 
Dovudxon yakkama-yakka jang qilishga jur’at etmaganini eshitib Hamida begim ancha 
yengil tortdi. Chunki Akbar Hind ummonida portugallarning zo‘r kemalarini ko‘rganda 
quvvai bahriyaning* ahamiyati qanchalik katta ekanini sezgan, o‘zining ikki yuz kema-
dan iborat daryo flotini shundan keyin qurdirgan. Hali bunday flot Dovudxonda yo‘q. Bir 
kun kemada turib jangni boshqargan Akbar ikkinchi kuni saman oti Rohvorga minib, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
261
quruqlikdan hujum qilayotgan jangchilari orasida paydo bo‘ldi. Jangchilar uni bir-
birlariga ko‘rsatishib, «ana, hazratim jangga kirdilar!», «oq otda o‘tdilar», deya 
boshlashdi. Uni kemada ko‘rganlar esa, «hazratim hali ham bizning oramizda» deyi-
shardi. 
Akbarning jilovida go‘yo Xo‘jai Hizr yurishini, shuning uchun u hali birorta jangda 
yengilmaganini yuzboshi va mingboshilar o‘z qo‘l ostidagi askarlar qulog‘iga ataylab 
quyar edilar. Bu gaplar safdan safga o‘tib, ko‘pchilik orasida tarqagandan keyin, 
navkarlar Akbarning o‘zini ko‘rib qolsalar: «Endi albatta yenggaymiz!» deyishib, har biri 
o‘nta yovga bas keladigan shijoat va jazava bilan jang qilar edi. Akbarning o‘zidan ham 
ko‘ra nomi katta kuchga aylanganini Dovudxon ham sezdi, u ham quruqlikdan, ham 
daryo ichidan qilingan ketma-ket hamlalarga bardosh berolmadi-yu, kechasi qal’ani 
tashlab, janubga qarab qochdi. 
Sharqdagi g‘alaba uchun Akbar Gujaratdagiga nisbatan xiyla oz vaqt va kuch 
sarflaganiga qaramay uni «nazarkarda mahdiy!» deb entikib ulug‘laydiganlar paydo 
bo‘ldi. 
Bu me’yorsiz maqtovlar hatto Maryami Makon — Hamida begimni ham hovliqtirar, begim 
yurib borayotganda goho oyog‘i yerga tegib-tegmayotganday bo‘lar, g‘ayritabiiy bir kuch 
uni osmonga uchirib chiqib ketadigandek tuyulardi. Lekin bu ulug‘lashlar Akbarning 
boshini qanchalik aylantirib qo‘yishini, Gujaratdagi mastlik yana takrorlanishi 
mumkinligini o‘ylaganda begim darhol hushyor tortar va o‘g‘lidan xavotir ola boshlardi. 
Odamlar Akbarni «dovyurak, botir» deb ta’riflaganlari sari u o‘zini yangi-yangi xatarlar 
girdobiga tashlar, ana shunisi begimni mudom xavotirga solardi. 
Ovga borganda chita bilan kiyik tutishga qanoat qilsa bo‘ladi-ku. Yo‘q, shergir filga 
minib, yo‘lbars otishga chiqardi. Maxsus odamlar yo‘lbars yashaydigan o‘rmonni o‘rab 
olib, naqoralar, nafirlar shovqini bilan yirtqichni joyidan qo‘zg‘atadi va o‘rmon chetidagi 
yalanglikka chiqishga majbur qiladi. Bu yerda fil mingan Akbar yo‘lbarsga ro‘baro‘ 
bo‘ladi. Shergir fil xartumi va tishi bilan yo‘lbarsni urib yiqitishga intiladi. Bundan g‘azabi 
kelgan yo‘lbars goho yerdan turib filning boshi ustiga sakraydi. Agar fil ustida to‘fangni 
o‘qlab tayyor turgan ovchi yo‘lbarsni sakragan paytida boshidan otib yiqitolmasa-yu, 
faqat yarador qilsa, bu qudratli yirtqich filning ko‘ziga panja urib, tirnoqlarini botiradi. 
Ko‘zdan ayrilgan fil dovdirab qoladi. Bu orada yo‘lbars yana bir sakrab fil ustidagi 
ovchiga yetib boradi va uni tilka-pora qilib tashlaydi. Bunday hodisalarni Akbarning o‘zi 
ko‘rgan. Shunga qaramay, yana besh-olti oy o‘tgach, shergir filiga minadi-yu, yo‘lbars 
oviga jo‘naydi. Xavf-xatar bilan olishishga buncha ishqiboz bo‘lmasa nima qilarkin? 
Hamida begim o‘g‘lining chapdast merganligi uchun tangriga shukrlar qiladi. Keyingi o‘n 
yilda Akbar yettita yo‘lbarsni otib yiqitganidan xabardor ona: 
— Bo‘ldi, endi bas, jonivorlarga rahmingiz kelsin!— deb o‘g‘liga yalinadi. 
Akbar «xo‘p» deb ko‘nganday bo‘ldi-yu, keyin o‘ttiz besh yoshida fil jangiga qatnashib, 
yana bir falokatdan zo‘rg‘a omon qoldi. Hamida begim o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bu hodisani 
har eslaganda eti bir junjikadi. 
Buxorodan kelgan Abdullaxon elchilari fil jangini tomosha qilishga havasmand ekan. 
Akbar Jamna bo‘yidagi o‘sha keng maydonda ikkita zo‘r filni mahavatlari bilan birga 
urishtiradi. Bir vaqtlar Bayramxonning filini yenggan mashhur Favjdorni jur’ati yo‘qroq 
mahavat mingan ekan. O‘rtadagi tuproq ko‘tarmadan nariga o‘tmay, juda lanj olishdi. 
Tomosha zerikarli bo‘layotgani uchun Akbar Buxoro elchilari oldida o‘ng‘aysizlandi. 
Otashdorni chaqirtirib, «Favjdorning mahavatiga aytinglar, dadilroq jang qilsin!» deb 
buyurdi. Ammo buyruq ham kor qilmadi — mahavatlar o‘z jonlarini xatarga qo‘ygilari 
kelmayotgani sezilib turardi. 
Shundan so‘ng Akbar elchilarning oldida roja Birbalni qoldiradi-da, o‘zi fillar jang 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling