Humoyun va akbar
Download 1.29 Mb. Pdf ko'rish
|
avlodlar dovoni ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi 269 — Eng yomon fojia keyin bo‘ldi. Brahmanning to‘rtta xotini bor ekan. Shulardan uchtasi «sati» qilib, murda bilan o‘zlarini yondiribdirlar. Buni Jodha Bay eshitib qancha yig‘ladi! Ayollarning qarindoshlari-yu brahmanning qavmlari bu adolatsizlikdan qahr-u g‘azabga to‘lib yuribdilar. Axir shayx Abdunabiday johillarga odamlarni qatl ettirsh huquqini kim bergan? — shariat bergan, — dedi Akbar. — Agar mening dahriyligimga raiyat-u bariyatni ishontirsalar, shariatga suyanib meni ham qatl ettirishlari mumkin. — Bular shariatni shunchalik suiiste’mol qiladigan bo‘lsa, o‘rinlariga shayx Muborakdek halol odamlarni qo‘ysangiz bo‘lmagaymi? Akbarning ko‘pdan beri ko‘ngliga tukkan istagi ham shu edi. Hozir bu istak yangi bir kuch bilan qaytib keldi. Uni amalga oshirish uchun yana poytaxtga qaytishi kerak. — Poytaxtda Todar Mal ham sizning yo‘lingizga muntazir, — dedi Hamida begim. — Jizyani bekor qilish uchun yetarli mablag‘ to‘plagan emish. Yerda shuncha ishlari turib, Akbar osmondan nido kutib yurgani endi uning o‘ziga g‘alati tuyuldi. Hamida begim uni tezroq avvalgi holiga qaytarishga intilib iztirob bilan so‘zlashda davom etdi: — Shoh o‘g‘lim, shayxlar sizni yerdan uzib olib osmonga chiqarib yubormoqchi bo‘lurlar! Meni ham Iso payg‘ambarning onasi Bibi Maryamga qiyoslab mubolag‘a qilurlar. Lekin men Bibi Maryam emasmen, shukrkim, sizdek ulug‘ insonga onamen! Shuning o‘zi menga yetkulikdir! Tangrining oldida guvohlik berurmenki, sizga bir emas, yetti ona oq sut bergan. Shuning uchun men sizni mahdiy emas, Odam Ato farzandi deb bilurmen! Akbar tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Xayollari osmondan yerga tushayotgani unga yengillik bermoqda edi. Quyuq bulutday og‘ir tuyg‘ular kuchli shamol ostida tarqab ketayotganga o‘xshardi. O‘g‘lini bulut orasidan chiqarib olayotganini sezgan ona ilhom va ehtiros bilan so‘zlashda davom etdi: — Siz afsonaviy Iskandar kabi ulkan nom qozondingiz, Akbarjon! Alisher Navoiyning «Xamsa»sini o‘qigansiz. Saddi Iskandariy dostoni yodingizdami? O‘sha yerda Arastu, Suqrot, Aflotun kabi olamshumul donishmandlar nelar deganini bir eslang! Akbar «Saddi Iskandariy»ni xayolidan qayta o‘tkazarkan, bir narsadan hayron bo‘ldi. Navoiyning jahon xalqlarini adolatga va ruhiy yaqinlikka undab yozgan turkiy dostoni Akbarning milliy adovatlar va diniy nizolarni yo‘qotishga qaratilgan e’tiqodiga naqadar hamohang! Dostondagi ya’juj-ma’jujlar — qonli urushlar va milliy adovatlar timsoli emasmi? Saddi Iskandariy barcha yovuzliklarning yo‘lini to‘sish uchun qurilgan ekan-ku. Uni Sharq-u G‘arbdagi barcha xalqlar din-u millat ayirmasdan birgalikda qurganlari bejiz emas. — Akbarjon, siz ham Sekrida qurgan e’tiqod uyi orqali barcha ellarni ruhan yaqinlashtirish niyatida edingiz. Sizning bu ixtirongiz ham xatarli nizo-yu adovatlarning yo‘lini to‘sadigan ma’naviyat Saddi emasmi, axir? Navoiy Iskandar siymosida o‘zi orzu qilgan rahbarni ulug‘laydir. Ajdodlaringiz orasida shu orzuning amaliga yaqin kelgan rahbar — siz emasmisiz? Axir siz uzoq Farangistondan, Aflotun-u Arastular o‘lkasidan nasora ruhoniylarini taklif qilgan edingiz. Ular Gujaratdan o‘tib, bizga yaqinlashib kelmoqda emishlar. Kim chiqib kutib olgay? Qayonga joylashtirgay? Qancha mulozimlaringiz sizning qabulingizga muntazir! Siz qiladigan qancha muhim ishlar navbat kutib qoldi! Qancha odam bir parcha nonga zor! Yordamga muhtoj bevalar qancha! — Rost! — deb Akbar birdan larzaga kelib o‘rnidan turib ketdi. Momaqaldiroq gumburlaganda «vahiy emasmikan?» deb ruhida zilzila qo‘zg‘algani kabi, hozir ham vujudi junbushga keldi. Ko‘zlari olovday yonib: — Men osmondan kutgan nidolarni sizdan eshitdim, onajon! — dedi. — Barcha Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 270 yovuzliklarga qarshi Saddi Iskandariy qurmoq!.. — Ehtimol, odamlar buni Saddi Akbariy deb atagaylar, bolam! — Ajoyib... G‘animlarim butalar orasiga yashiringan ilonlardek zahar solish uchun payt poylamoqdalar. Endi ularni hind lochini Haruda kabi yuksakka olib chiqib, tashlab yuborish mumkin! Ko‘pdan beri yo‘li to‘silib, dam bo‘lib yotgan anhorning oldi ochib yuborilsa, o‘zaniga sig‘may toshib, loyqalanib oqadi. Shunga o‘xshab, Akbarning dilida qisilib yotgan tuyg‘ulari ham endi tanasiga sig‘may yopirilib chiqa boshladi. U qarsak chalib sarmunshi Ashrafxonni chaqirdi-da, ketma-ket farmoyishlar bera boshladi: — Agraga chopar yuboring. Mirdevon Todar Malga farmonimiz shulki, Sekrida, Agrada, Dehlida va boshqa subalarda* qancha ochlar, muhtojlar, yetim-u yesirlar, keksayib qarovsiz qolgan notavonlar bo‘lsa biz borguncha hammasini ro‘yxatga olsin. Yana bir farmoyish: so‘nggi yetti yilda, aholidan olingan jizya solig‘ining umumiy miqdori qancha? Shuning aniq hisob-kitobi tuzilsin. — Fathpur kutvoli Ibrohimxonga buyrug‘imiz shulki Goa orolidan kelayotgan farangi ruhoniylarini izzat-ikrom bilan kutib olsin, saroy ichidagi xos mehmonxonaga joylashtirsin. Gujaratdan otashparastlar peshvosi Mexerji kelgan bo‘lsa, unga ham yaxshi joylardan berilsin. Hamida begim o‘g‘lidagi o‘zgarishni hayrat bilan kuzatib turar, Akbar avvalgiday serg‘ayrat, ishchan qiyofaga qaytgani sari onaning quvonchi ortib borardi. Ashrafxon esa Akbarning ketma-ket yopirilib kelayotgan istaklarini shosha-pisha qog‘ozga tushirmoqda edi: — Yozing: Qosim sarkorga farmoyish shulki, biz borguncha to‘rt qismlik ibodatxonaning barcha xonalarini turli tildagi muqaddas kitoblar bilan jihozlasin. Biz poytaxtga qaytganda saidlar, ulamolar, brahmanlar, boshqa din-u millat vakillarini shu e’tiqodxonaga taklif etgaymiz. So‘nggi farmoyish: hozir bhiradagi barcha bek-u a’yonlarni kechqurun mashvaratga chorlang. Miri manzil yo‘l tayyorligini ko‘rsin, erta o‘tib indin poytaxtga qaytib ketgaymiz! Anchadan beri jimib mudrab yotgan Bhiradagi qarorgoh bu farmonlardan go‘yo cho‘chib uyg‘ondi-yu, hammayoq birdan jonlandi. Chodirlar va ko‘shklarning ichi-tashini g‘ivir- g‘ivir harakat tutib ketdi. _________________ * M a h z a r — markaziy nuqta, sintez joyi. * S u b a — viloyat. * * * Mirdevon todar Malning hisobiga binoan, so‘nggi yetti yilda barcha viloyatlarda, shu jumladan yangidan qo‘shib olingan Gujarat, Bixar va Bangolada o‘tkazilgan moliya islohotlari natijasida davlat xazinasiga tushayotgan daromadlar avvalgidan uch barobar ortgan edi. Shu daromadlarning ellik kururdan ortig‘i g‘ayridinlardan olingan qo‘shimcha soliq — jizyadan tushgan ekan. Akbar ustozi Salim Cheshtiga bu adolatsiz soliqni bekor qilish haqida va’da bergani qachon edi? So‘nggi yillarda xayoli boshqa narsalarga alahsib, buni unutgan bo‘lsa, endi shuning hissasini chiqarishi kerak emasmi? Muhtojlarga xayr-u ehson qilish odati hamma ellarda bor-ku. Barcha imon-u e‘tiqod vakillariga barobar ulashiladigan xayr-ehsonga qaysi taqvodor shayx qarshi chiqa oladi? Akbar shu o‘ylar bilan jizyadan tushgan tangalarning katta bir qismini muhtojlarga ulashmoqchi bo‘ldi. Uning farmoni bilan devoniom oldidagi marmar hovuz suvdan Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 271 tozalandi. Xazinadan charm qoplarda olib chiqilgan tangalar qup-quruq qilib artilgan marmar hovuzga xuddi omborga to‘kilgan bug‘doyday to‘kildi. Hovuz lim-lim to‘lganda, unga o‘n yetti kurur* rupiy tanga siqqanini Akbarga ma’lum qildilar. Shuncha ko‘p pulni xayr-u ehson tarzida ulashish bek-u a’yonlar uchun aqlga sig‘maydigan bir ish edi. Akbar buni onif — to‘lov deb atadi: — Oniflar — davlatning yordamiga muhtoj keksalar, yetimlar, nogironlar, beva- bechoralardir. Biz bu pullarni fuqarodan soliq tarzida olganmiz. Endi uni barcha imon-u e’tiqod vakillariga barobar ulashsak adoaltdan bo‘lgaymi, yo‘qmi, taqsirlar? Akbarning bu savoli ruhoniylarga qaratilgan edi. Eng avval shayx Muborak: — Behad katta savob bo‘lg‘aydir! — deb xitob qildi. Hind brahmani deva Prasad ham: — Brihma, Shiva, Vishnu — uchalasi ham bunday saxovatdan shod bo‘lurlar! — dedi. Shayx Ansoriy va Abdunabilar marmar hovuz to‘la pulning machit-u mozorlarga emas, kambag‘al muhtojlarga ulashilishini uncha yoqtirmasalar ham, lekin onif — to‘lovning savob ish ekanini tan olishga majbur bo‘ldilar. Shundan keyin Akbar mirdevonga tayinladi: — Sohib Todar Mal, o‘zingiz tuzgan ro‘yxat bo‘yicha chinakam muhtoj odamlarga berilishini nazorat qiling, toki ochko‘z puldorlar janda kiyib kelib, beva-bechoraning haqini olib ketmasin! Toshhovuz to‘la tangalar o‘n minglab muhtojlarga qirq ikki kun davomida ulashildi. Shu orada jizya solig‘i ham bekor qilindi. Abulfazl dilidagi bu orzuning amalga oshganidan behad shod bo‘ldi. — Hazratim, Panjobda, Ganga bo‘yidagi Audda el-ulus sizning haqingizga hindcha qo‘shiqlar to‘qibdilar, — deb daftarga yozib olingan satrlarni Akbarga o‘qib berdi: Hind-muslim adovati yo‘qolib bitsin, Akbarni kuylaylik, maqsadga yetsin. O tangrim Krishna, Akbarga umr ber, Uning islohoti doim bo‘lsin bor*. she’rdan mamnun bo‘lgan Akbar: — Xalqda donishmandlar ko‘p! — dedi. — Dilimizda borini darrov sezibdilar. — Jizyadan tashqari hindlardan olinadigan ziyorat solig‘i ham shayx ansoriylarni boy qilmishdir, hazratim! Banorasga yoki Ganga bilan Jamna quyiladigan joyga ziyoratga boruvchi g‘ayridinlar muslim nozirlariga bir rupiydan soliq to‘laydirlar. Bir yilda o‘n kurur ziyoratchi borsa, o‘n kurur rupiy foyda qilurlar! Akbarning navbatdagi farmoni bilan ziyorat solig‘i ham bekor qilindi. Mamlakatning ko‘pchilik aholisi bu diniy soliqlardan qutulganlari uchun Akbardan qanchalik mamnun bo‘lsa, katta daromad manbaidan ayrilgan muxtasib-u qozilar, imom-u ulamolar undan shunchalik norozi edilar. «Podshomiz dinidan qaytdi!», «Musulmonchilik tamom bo‘ldi!», «Majusiylar tepamizga chiqib ketdi!» degan ig‘vo gaplar tarqala boshladi. Shuning ustiga Goa orolidan Fathpur-Sekriga Akbarning maxsus taklifi bilan kelgan farangi ruhoniylari uchun podsho saroyi ichidan joy berildi, ularning o‘z tillarida ibodat qilinishlari uchun tezlikda kichkina cherkov ham tiklandi. Saroy ichida malika Jodha Bay qurdirgan hind ibodatxonasi borligidan nolib yurgan muslim ulamolari endi cherkov tepasiga o‘rnatilgan nasoralar salibini ko‘rib, jonlari halqumlariga kelganday bezovtalandi. Shayxulislom Ansoriy Akbarning huzuriga kelib, kofirlardan ehtiyot bo‘lish haqida muqaddas kitoblarda nimalar deyilganidan gap boshladi: — Hazratim, farangilar ilonning yog‘ini yalagan, bilintirmay zahar solgay. Buni ular bilan muomalada bo‘lgan podsholar yaxshi bilurlar. Eron-u Turon tojdorlari kofirlarni hatto Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 272 mamlakat ichiga kirgani qo‘ymaydilar. Axir g‘ayridinlarning masjidga kirishga haqlari yo‘q-ku, Musulmon mamlakati ham ulkan bir masjiddek pok turmog‘i kerak emasmi? Bobolaringiz yurti Turon, Buxoroi sharif kofirlar uchun masjid kabi yopiq. U yoqlarga biron kofir borib qolsa, ko‘chadagi olomon tutib olib o‘ldirib yuborgay. Chunki shayxlar «kofirlarni o‘ldirmoq savobdir!» deb ularni ishontirib qo‘yganlar. Shuning uchun u yoqlarga kofirlar yurak yutib borolmagay. Borganlari ham tirik qaytmagay! — Taqsir, Turondagi o‘sha johil xurofotchilarni bizga ibrat qilib ko‘rsatmoqchimisiz? Ular Qur’onga mutlaqo zid ishlar qilganini nahotki fahmlamasangiz? — Nechun zid? Axir Qur’oni karimda kofirlardan ehtiyot bo‘lishni buyurganlar... — Ehtiyot boshqa! Siz... Hujurat surasini bir eslang. o‘n uchinchi oyatda nelar deyilgan? Ansoriy ko‘p urinib bu oyatni eslay olmadi. — Ma’zur tuting, keksalik, muhofazam zaiflashgan... Akbar barcha oyatlarni yod bilar edi. Hujurat surasini avval arab tilida yoddan aytdi-yu, keyin tarjima qilib berdi: — «Ey insonlar! — deydi Allohi taolo: — Biz sizlarni bir ota, bir onadan yaratdik va sizlarni turli millatlar va qabilalarga mansub qildik, toki bir-birlaringiz bilan yaqindan tanishgaysizlar». Butun bani bashar bir ota, bir onaning farzandi bo‘lsa, barcha millatlar- u qavmlar bir-birlariga birodar emasmilar? O‘shal suraning o‘n ikkinchi oyatida aytilmaganmiki, boshqa din, boshqa millat vakilini nohaq o‘ldirmoq — birodarkushlikdir. Bormi shu ma’nodagi oyatlar? — Endi esladim... Bor! — Bor bo‘lsa, ulamolaringizga ayting. Chekka-chekkada bizni dahriy deb g‘iybat qilmasinlar. Men Allohga dil-dilimdan ishonurmen. Mening maqsadim— haq yo‘liga qaytmoqdir. Seshanba kuni turli din, turfa millat vakillari bir davraga yig‘ilgaymiz. Siz ham munozarada ishtirok eting! Ansoriy noiloj qo‘l qovushtirib, taklifni qabul qildi. ______________ * Bir kurur — 10 million. * Panjob, Aud va boshqa o‘lkalarda Akbar haqidagi xalq qo‘shiqlari haligacha aytib kelinayotgani hind olimi Munilalning 1978 yilda Dehlida chiqqan kitobida keltirilgan. Yuqoridagi xalq qo‘shig‘ining satrma-satr tarjimasi ham o‘sha kitobdan olindi. * * * Sekri tepaligida turgan ulkan gumbazli e’tiqod uyi hozir hammaning diqqat markazida. Favqulodda yangiliklarni ko‘pchilik endi shu yerdan kutadi. Zarrin o‘ymakorliklar bilan ziynatlangan salobatli eshik oldiga maxsus qorovullar qo‘yilgan. Bugun seshanba, Akbar keladigan kun bo‘lgani uchun qorovullar ichkariga faqat uning o‘zi taklif qilgan ruhoniylarni kiritmoqdalar. Boshiga katta oq salla o‘ragan, malla ipak rido kiygan Abdulla Ansoriy eshikdan birga kirgan brahman Devi Prasadga bir joyi tegib ketishidan qo‘rqqanidan o‘zini nari tortdi. Ammo naryoqda otashparastlar ruhoniysi Mohiyor Meherji kelayotganini ko‘rib, o‘zini qo‘yadigan joy topolmay pitirlab qoldi. Devi Prasad keng oq dhoti* ustidan kulrang kamzul kiygan, peshonasiga qizil xol — tilak qo‘ygan. Otashparast Meherji esa beliga uch popukli kamar bog‘lagan. Akbarning taklifi bilan Goa orolidan kelgan nasora ruhoniylari Rudolf Akvaviva bilan Antoni Monserrate tovongacha tushadigan uzun qora xirqa kiyishgan. Boshlarida turklarning feskasini eslatadigan qora qalpoq. Ruhoniylarning uzun soqoliga o‘rgangan shayx Ansoriy Akvavivaning faqat mo‘ylovi borligidan hang-mang bo‘ldi-da: Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 273 — Astag‘firullo! — deb qo‘ydi. Ibodatxonadagi xonalarning birida Shiva, Vishnu haykallari, birida otashparstlarnnig mangu yoniq olovlari. Buni ko‘rgan Ansoriy «astag‘firullo!»ni yana bir necha marta takrorlashga majbur bo‘ldi. Sadrlar suduri shayx Abdunabi o‘z raqibi Ansoriyga o‘xshamaslikka tirishib, bugun boshiga musulmon bayrog‘i rangidagi yashil salla o‘ragan, bo‘yniga oq ipak fo‘ta tashlagan edi. Umr bo‘yi budparast va otashparastlarni quvg‘in qilgan sadri jahon endi ularning imon-u e’tiqodlariga muhtasham binodan shunchalik mo‘tabar o‘rin berilganini ko‘rib: — Tavba! — deb asabiy shivirladi. Yana bir xonaga o‘tganlarida, Farangiston qiroli Akbarga sovg‘a qilib yuborgan oltin muqovali «Injil» ko‘zga yalt etib tashlandi. Uning yonida Bibi Maryamning chaqaloq Isoni qo‘liga olib turgan rangdor surati turibdi. Bu ikki narsani Akbarga Rudolf Akvaviva sovg‘a qilib olib kelgan edi. Akbar oltin muqovali kitobni ham, Bibi Maryam suratini ham e’zoz bilan ko‘ziga surtib qabul qilganini Abdulla Ansoriy qabul marosimida ko‘rgan edi. Rudolf Akvaviva hamrohlariga maqtanib: «Akbar hazratlari «Injil»ni o‘pib ko‘zga surganlari — biz uchun nasora dinini qabul qilganday quvonchli hodisa bo‘ldi!» deganini Ansoriy o‘z xufiyalaridan eshitgan edi. Hozir shuning hammasini xayolidan bir-bir o‘tkazar ekan: «Bu bino — ibodatxona emas, kofirxona!» degan g‘azabli o‘y ko‘nglidan kechdi. Xuddi masjidning minbariga chiqiladigan marmar zinapoyaga o‘xshash zinalar ularni bino markazidagi muhtasham sahnga olib chiqdi. Akbar oldinroq kelib ularni shu yerda kutib turgan ekan. Uning yonida shayx Muborak bilan yana bir mo‘ysafid bor edi. Abdulla Ansoriy bu barvasta mo‘ysafidni taniganda yuragi birdan shig‘ etib seskandi. Bir vaqtlar Bianadagi xalq qo‘zg‘oloniga boshchilik qilgan Abdulla Niyoziy shu edi. Ansoriyga bitta g‘oyaviy dushman — shayx Muborakning o‘zi ham ko‘p ko‘rinardi. Endi Akbar Abdulla Niyoziyni ham Ansoriyga qarshi dahanaki jangga soladigan bo‘lsa, ularga qanday bas keladi? Sadri jahon raqib bo‘lsa ham, shayx Muborakka nisbatan bexatarroq ko‘rindi. Ansoriy beixtiyor shayx Abdunabiga yaqinroq keldi. Munozara o‘tkaziladigan sahn doirashakl qilib qurilgan edi. Sahnning to‘rida Akbar o‘tiradigan shoxnishin bor. Aylanasiga gilam va zarbof ko‘rpachalar to‘shalgan, keksalar suyanib o‘ltirishi uchun baxmal bolishlar qo‘yilgan. Akbarning ishorasi bilan Abulfazl mezbonlik vazifasini o‘tay boshladi: hind brahmanlarining ikki yoniga otashparast va nasora ruhoniylarini o‘tkazdi. Ansoriy bilan Abdunabiga Akbarning chap tomonidan, shayx Muborak bilan Abdulla Niyoziyga esa podshoning o‘ng yonidan joy berildi. Akbar hammaga bir-bir ko‘z tashlab olgach: — Faraz qilingki, — dedi, — biz yig‘ilgan bu xona— baland bir tog‘ning cho‘qqisi. Bu toqqa biringiz shimol yonbag‘irdan, biringiz janubdan, biringiz sharqdan, biringiz g‘arbdan chiqib keldingiz. Bu binoning to‘rt tomonidagi xonalar — to‘rt xil imon-u e’tiqod makonlaridir. Ulardan boshlangan to‘rt zinapoyalar esa — go‘yo tog‘ning to‘rt yonbag‘ri. Qarama-qarshi yonbag‘irda yurganda bir-birimizni ko‘rmagan, tan olmagan bo‘lsak ham, cho‘qqigacha chiqqanda hammamizga barobar bo‘lgan yuksaklikda uchrashishga muyassar bo‘ldik. Bu yuksaklik — hamamizning muqaddas tuyg‘ularimizni jam qildi. Tepamizdagi gumbaz — parvardigor ramzi — barchamizga barobardir. Hammamiz bitta bani bashar farzandlarimiz. Shunga qaramay, xurofot-u bid’at hamon bir elni boshqasiga qarshi gij-gijlab, qonli urushlar chiqarmoqda. Biz nechun bunga yo‘l qo‘ymoqdamiz? Osmon ramzi bo‘lgan bu gumbaz ostida avvalo shu savolga javob topaylik. Dilimizdagini ochiq so‘zlaylik. e’tiqodi turlicha bo‘lgan el-uluslarni ruhan yaqin qiladigan yo‘llarni Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 274 izlaylik. Akbar bir to‘xtab oldi-da: — Munozaraga barcha e’tiqodlarni qiyosiy o‘rgangan yetuk alloma shayx Muborak raislik qilsalar rozimisizlar? — deb avval Devi Prasad bilan Meherjidan so‘radi. Ular shayx Muborakni Abdulla Ansoriydan afzal ko‘rishlari ma’lum edi, shuning uchun darhol o‘z roziliklarini bildirdilar. Akvaviva ham bu fikrga qo‘shildi. Odatda, ulamolar majlisiga shayxulislom Ansoriy raislik qilar edi. Lekin sadri jahon o‘z raqibining raislik qilishidan mudom g‘ashi kelardi. Shuning uchun shayx Abdunabi ham raislik tizgini bugun boshqa odamga o‘tganidan mamnun bo‘lib rozilik ma’nosida bosh irg‘adi. Yakkalanib qolgan shayx Ansoriy e’tiroz qilishning foydasi yo‘qligini sezdi-da, boshini solintirib jim qoldi. Shayx Muborak raislikni boshlab, Akbarning fikrini davom etkizdi: — Ko‘p balolar — bizning imon-u e’tiqodimiz boshqalarnikidan yaxshiroq deb maqtanishdan kelib chiqgay. Holbuki, yaratganning oldida barcha uluslar barobar. Abdulla Ansoriyga so‘z navbati kelganda: — Faqir ham turfa ellarning ruhan yaqinlashib, inoq yashashlariga tarafdormen, — dedi. — Ammo nizo ko‘pincha besh barmoq barobar emasligidan kelib chiqgay. Dinlar ham barchaga barobar bo‘lolmagay. Chunki har bir yurtning o‘z hukmron dini bor. Farangi mehmonlardan so‘rang. Bularning mamlakatlarida nasoralardan boshqa hukmron din bormi? — Ammo biz muslimlarni hurmat qilurmiz! — dedi Akvaviva. — Qadimiy masjidlarni buzdirmay, tarixiy obida tarzida asramoqdamiz. Sadri jahon Abdunabi kutilmaganda Abdulla Ansoriyning tarafini olib, Akvavivaga e’tiroz qildi. — Mana shu Hind ummonida kema bilan suzib yurgan farangilar Makkaga hajga borgan muslimlarning yo‘lini to‘sib, necha bor pul-u buyumlarini talab ketganlar, muslimalarni asira qilib, zo‘ravonlik bilan o‘z nikohlariga o‘tkazmishlar! Shayx Muborak Rudolf Akvavivaga murojaat qildi: — Muhtaram padre*, bu gaplarda asos bormi? — Asos shuki, dengiz qaroqchilari boshqa xalqlarda ham bor, — deb o‘ng‘aysizlanib izoh berdi Akvaviva. — Nasoralarni zo‘ravonlik bilan o‘z diniga o‘tkazgan, ularning ayollarini cho‘ri qilib olgan muslimlar ham yo‘q emas. — Faqat dengiz qaroqchilari shunday qilg‘onmi?— so‘radi shayx Abdunabi. — Sizlarning qirollaringiz amiral bahr qilib tayin etgan Vasko de Gama Albukerka hind ummonida ozmuncha muslimlarni qirganmi? Goa orolida hindlar-u muslim erlarni qirib, himoyasiz qolgan ayollarni Farangiston askarlariga nikohlab bergan emasmilar?! Akvaviva yana o‘z vatandoshlarini yoqlamoqchi bo‘lib gap boshlagan edi, yoshi kattaroq Antoni Monserrate uning so‘zini bo‘ldi: — Padre, Albukerkaning shafqatsizliklari bizning yurtimizdagi vijdonli odamlar tomonidan ham nafratga uchraganini ochiq aytmoq kerak. Hatto Vasko de Gama birinchi bo‘lib Yevropa uchun Hindistonni ochgan siymo sifatida tarixga kirgan bo‘lsa ham, keyinchalik qirol farmoni bilan Hind ummoniga hokim tayinlanib, ikkinchi marta kelganda ko‘p shafqatsizliklar qilmishdir. Yo‘lovchi tashiydigan arab kemasida ayollar, bolalar, chollar kelayotganini Vasko ko‘rsa ham, lekin yog‘ sepdirib, ayamay yondirib yubormishdir. Portugaliyada Vaskoning bu qilmishlari ma’lum bo‘lgach, u xalqning nazaridan qoldi. Umrining oxirida xor bo‘lib o‘ldi. Hozir zamonlar o‘zgargan. Salib yurishlari davri endi o‘tdi. Diniy nizolardan bezor bo‘lib, murosa yo‘lini izlayotgan odamlar Portugaliyada ham ko‘payib bormoqda. Abulfazl otasidan ruxsat olib, Monserratega savol berdi: — Unday bo‘lsa, ehtimol, Farangiston qirollari ham hozir barcha dinlarni barobar deb tan olgandirlar? Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 275 Monserrate bosh chayqadi: — Afsuski, biz hali bunday fikrdan ancha uzoqmiz. Bu fikrga kelmoq uchun boshqa ellarning muqaddas kitoblarini sizlar kabi astoydil o‘rganmoq lozim. Faqat so‘zda emas, amalda turli xalqlarning ruhiy boyliklarini e’zozlab, hozir biz o‘ltirgan binodek me’morlik obidasi qurishning o‘zi — tarixda hali misli ko‘rilmagan bir yangilikdir. «Dunyodagi eng zo‘r jasorat — ruhning botirligidir», degan naql eshitganmen. Hazrati oliylari, — deb Monserrate Akbarga murojaat qildi: — Siz shu binoning me’mori ekansiz. Turli ellarni ruhan yaqinlashtirish niyati bilan yaratgan bu obidangiz menga ulug‘ bir jasoratdek tuyulmoqda. Men sizning bu kashfiyotingiz oldida bosh egib aytmoqchimenki, biz uni qadrlashimiz, e’zozlashimiz lozim! Bu taklifni ko‘pchilik qabul qilgandan so‘ng, asabiy gaplar g‘ubori xiyol tarqadi-yu, Abdulla Niyoziy so‘z oldi. — Biz bundan o‘ttiz yil avval Bianadagi xalq harakatiga ishtirok etganimizda orzu qilgan edikki, qudratli davlat tuzilsa, uning tepasida mamlakatni yaktan-u yakdil qilishga qodir rahbar tursa, odamlarga azob beruvchi adolatsizliklar yo‘qolsa... Abdulla Ansoriy janoblari o‘sha paytda Islomshoh saroyining diniy peshvosi edilar. Bizni «dahriy» deb fatvo berdilar, Islomshoh A’loyini halok qildi... Mening jonim qattiq ekan, yoshim ham yoshroq edi, mana, haligacha tirikmen. Ansoriy janoblari hamon o‘sha eski xurofot otidan tushmayotganlari meni taajjubga solmoqda. Biz bu yerga diniy nizolarni bartaraf etmoq uchun yig‘ilganmiz. Yana eski adovatlarni qo‘zg‘atgandan ko‘ra qaysi elda qanday ruhiy boylik, qanday ma’naviy fazilat bo‘lsa, shuni bir joyga yig‘aylik. Eng yaxshi udumlar-u an’analarni barchamiz qabul qilaylik. Ana unda «sulhu kull»* degan oliy maqsadga tezroq yetgaymiz. Barcha xalqlar, imon-u e’tiqodlari turlicha bo‘lsa ham, ruhan bir-birlari bilan barobar, teng deb e’lon qilinmog‘i lozim! Ansoriyning bo‘yniga go‘yo yashirin bir sirtmoq tashlanganday bo‘ldi. Shayx Muborak bilan Abdulla Niyoziy Akbarning pinjiga kirib olishibdi. Endi ular o‘z dushmanlaridan qasd olishlari aniq. Ansoriy bo‘ynidagi sirtmoqning tobora siqilib kelayotganini sezib turibdi. Jon saqlash uchun u endi Akbarni ko‘klarga ko‘tarib maqtashga tayyor edi. — Taqsir, — deb u avval Abdulla Niyoziyga yuzlandi: — Islomshoh zulmidan biz ham jabr ko‘rganmiz, uning tazyiqi ostida xato ishlar qilganmiz, buning uzrini Firdavsoshiyon Humoyun hazratlariga aytganimizda, uzrimizni qabul qilgan edilar. Endi o‘tgan ishga salavot!.. Biz bugun boshqa bir davrda yashamoqdamiz. Tarixga Jaloliddin Akbar nomi bilan kirayotgan bu davr chindan olamshumul ahamiyat kashf etmoqda. Muqaddas kitoblarda karomat qilinmishki, ming yilda bir ulug‘ siymo paydo bo‘lib, dunyoni adolatsizlikdan poklagay. Men aminmenki, ana shu ulug‘ siymo hozir bizning davramizda o‘ltiribdirlar. Axir toshhovuzni oltin tangaga to‘latib, o‘z oniflariga shohona to‘lov qilib tarqatganlari kamdan kam bo‘ladigan saxovat emasmi? Yoki mana bu ibodatxonada hazratimni boshqa din vakillari ham eng odil ma’naviy peshvo deb ulug‘layotganlari noyob hodisa emasmi? Shuning hammasini xulosa qilib faqir aytmoqchimenki, nasoralar masiho deb ataydigan, biz mahdiy deb ulug‘laydigan oliy siymo sizdirsiz, hazratim! Ansoriy o‘rnidan turib, Akbarga ikki bukilib ta’zim qildi: — Iloho mahdiylarcha ulug‘ adolat o‘rnatish sizga nasib bo‘lsin! — dedi-da, go‘yo hech kim aytolmagan eng zo‘r gapni o‘zi aytganday mamnuniyat bilan iljayib qo‘ydi. Shundan keyin shayx Abdunabi ham Akbarni eng adolatli peshvo deb maqtashga majbur bo‘ldi. Shayx Muborakka shu kerak edi. U paytdan foydalandi-yu, Akbarni eng oliy faqih va barcha diniy nizolarni hal qiluvchi mujtahid deb fatvo chiqarish haqida taklif kiritdi. Ansoriy bilan shayx Abdunabi o‘z tillaridan tutilganlarini shunda sezdilar. Agar Akbar oliy mujtahid bo‘lsa, shayxulislom ham, sardlar suduri ham kerak bo‘lmay qoladi! Shuni jon-dili bilan istab yurgan Abulfazl fatvoni oldindan yozdirib, tayyorlab qo‘ygan Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov Download 1.29 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling