Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet44/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
290
achinmoqdamisen? 
— Gangada g‘arq etilgan mo‘ysafid Yazdiyga ham... rahmim keldi. 
— Rahmdil bo‘lmoq yaxshi, ammo g‘animlarim murodlariga yetsalar, meni ne ko‘ylarga 
solishlarini o‘yladingmi? Butun mamlakatda menga qarshi isyon ko‘targan johillar g‘olib 
chiqsalar, meni kofirdan olib, dahriyga solib, o‘n jonimdan birini ham tirik qo‘ymagaylar-
ku! 
Akbar belidagi kamariga olmos sopli xanjarini qistirib olgan. Salim uni ko‘pdan beri 
bugungidek qat’iyatli va shiddatkor qiyofada ko‘rmagan edi. 
— G‘animlarim mamlakat ichidagina emas, tashqarida ham bizga qarshi qancha xurujlar 
qilayotganidan xabaring bormi? — so‘radi u Salimdan. — Mavlono Abulfazl, shahzodaga 
Adandan kelgan maktubni ko‘rsating! 
Abulfazl Adanda g‘animlar asoratiga tushib qolgan Gulbadan begimning maktubini 
Salimga berdi. Maktubni o‘qigan sari shahzodaning iztirobi osha bordi. 
«Dunyoda yagona najotkorim bo‘lgan hazrati Akbarjon! — deb yozgan edi Gulbadan 
begim. — Yoshim oltmish birga kirganda bunday qora kunlar boshimga tushar deb hech 
o‘ylamagan edim. Boburiylar xonadonining eng keksa kayvonisi men bo‘lganim uchun 
Arabistonga borib, og‘am Komron mirzoning qabrlarini ziyorat qilmoqchi edim. Hazrat 
otamning tabiatlaridagi sayyohlik ishtiyoqidan ozginasi menga ham o‘tgan ekan, 
dengizda suzish, ko‘rmagan yurtlarimni ko‘rish orzusida yo‘lga chiqdim. U paytlarda hali 
isyonlar boshlanmagan edi. Siz bizga «Tezrov» degan yaxshi dengiz kemangizni bergan 
edingiz. Arab dengizidan eson-omon suzib o‘tganimizdan so‘ng eshitdikki, Hindistonda 
sizga qarshi isyonlar boshlanibdi. Sizdan zarba yeb qochgan bir talay alamzada shayx-u 
imomlar Adanga panoh istab kelgan ekanlar. Ular johillarni bizga qarshi qo‘zg‘otdilar. 
Adan hokimi go‘yo bizni tashqi tajovuzlardan himoya qilmoqchi bo‘lgandek, ko‘rimsiz bir 
binoga kiritib, atrofimizga soqchilar qo‘ydirdi. «Tezrov» kemamizni ham allaqayoqqa olib 
ketib, ko‘rfaz burchagiga yashirib tashladilar. Kunlar, haftalar o‘tdi. Biz hibsga 
tushganimizni sezib, hokimdan darhol bo‘shatishlarini talab qildik. Shunda Adan hokimi 
bizning huzurimizga shayxulislomini yuborib, dahshatli gaplarni ayttirdi. Go‘yo siz kofir 
bo‘lgan emishsiz, biz shuning uchun sizdan voz kechmog‘imiz kerak emish. Muhammad 
Hakimni Hindiston taxtiga eng munosib tojdor deb shayxulislomga kafolat bermog‘imiz 
kerak emish! Ulug‘ Boburning farzandlari orasida tirik qolgani birgina menman! Nahotki 
oltmishdan oshganimda shunday xiyonat yo‘liga kirsam?! Xoin bo‘lib yashagandan ko‘ra, 
sizga, otamning ruhiga sodiq turib jon berishni afzal deb bilurmen. Shayxulislomga buni 
ro‘yirost aytdim. 
Men-ku, yoshimni yashaganmen. Siz yonimga qo‘shgan qo‘riqchi yigitlarga, yosh 
kanizlarimga rahmim kelur. Hazrati Akbarjon, oxirgi nafasim qolguncha men sizga 
sadoqat saqlagaymen. Ilojini topsangiz, bizni bu yovuz odamlarning asoratidan 
qutqaring! Maktubni yig‘lab yozgan ammangiz Gulbadan begim». 
Maktub Salimga qattiq ta’sir qilganini Akbar uning yaltirab ketgan ko‘zlaridan payqadi. 
— G‘animlarimizning noinsofligini ko‘rdingmi?— dedi. — Kobuldagi mayparast inimni 
menga qarshi qo‘zg‘atganlari oz ekan! Endi hajga ketgan ammamni ham dushmanimga 
aylantirmoqchi ekanlar! Ammo bizning tarafdorlarimiz ham oz emas. Adandan bu 
maktubni bizga Qilichxon Andijoniy yetkazib keldi. Qilichxonni turk kemachilari 
dengizdan o‘tkazib qo‘yibdi. Ular Seydi Ali Raisni yaxshi bilar ekanlar. Biz Dehlida Seydi 
Alining hurmatini joyiga qo‘yib jo‘natganimizdan Turk podshosi mamnun ekan... 
Yodingda bormi biz Surat bandaridan ulkan bir turk zambaragini arobalarga ortib 
Fathpur Sikriga keltirgan edik. 
— Sulaymoniy zambaragimi? 
— Ha, keyin biz bu zambarakni eng katta daryo kemasiga o‘rnatdik, Bangolada 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
291
Dovudxon bilan jang qilganimizda bu zambarak bizga zafar keltirgan eng zo‘r 
qurollardan biri bo‘ldi. Hozirgi Turkiya podshosi Sulton Murod otasi Sulaymon Qonuniy 
nomidagi bu zambarakni biz qutqarib olganimizdan xabardor ekanlar. Biz endi turk 
kemachilariga qo‘shib Qilichxon Andijoniyni katta sovg‘alar bilan elchi qilib yubor-
moqdamiz. Ammamiz Gulbadan begim asira bo‘lib turgan Adan shahri turk sultonining 
ta’sir doirasiga kirar ekan. Inshoolloh, bizning Turkiyaga boradigan elchimiz yolg‘iz 
qaytmagay. Sadoqatda tengsiz ammamiz Gulbadan begimni asoratdan qutqarmaguncha 
tinchimagaymiz! 
Otasining bugungi shiddatkorligiga bunaqa sabablar ham borligini endi bilgan Salim: 
— Hazrat ammam qaytsalar, men peshvoz chiqib kutib olgaymen! — dedi. 
— Tangrim seni shu niyatingga yetkazsin, o‘g‘lim! Dushmanlar bizga hatto uzoq Adanda 
shunchalik shafqatsiz muomala qilmoqda ekan, biz nechun ularni ayamog‘imiz kerak? 
Hayot-mamot kurashida yumshoqlik qilib bo‘lmagay!  
Akbar Abulfazlga yuzlandi: 
— Barcha ichki-tashqi g‘animlarga saboq bo‘lmog‘i uchun xoin Shomansur baland bobul 
daraxtiga osib o‘ldirilsin! Toki bizning yaxshiligimizga yomonlik bilan javob bergan 
ko‘rnamaklar buni uzoq-uzoqlardan ko‘rsin! Barcha qo‘shin Shomansur osilgan 
daraxtning oldidan olib o‘tilsin! 
Ertasi kuni ertalab damoma degan katta naqoralar tahdidli yo‘g‘on tovush bilan gum-
gum qila boshladi. Jallodlar baland bobul daraxtiga dorning sirtmog‘ini bog‘ladilar. Qo‘li 
bog‘loqlik Shomansurni sirtmoq tagiga olib kelganlarida u jon achchig‘i bilan qichqirdi: 
— Men xoin emasmen! Tuhmat qilganlarni begunoh qonim tutsin! 
U yana nimadir demoqchi edi, lekin jallodlar bo‘yniga tez sirtmoq solib, arqonning uchini 
tortdilar. Shomansurning gavdasi yerdan uzilib, o‘lim talvasasida bir-ikki marta g‘ujanak 
bo‘lib, qisqarib ko‘rindi. U jon bergandan keyin esa gavdasi cho‘zilib, avvalgidan xiyla 
uzun ko‘rina boshladi. 
Salimning ta’sirchan qalbi bu hodisadan shunday dahshatga tushdiki, u kechalari 
bosinqirab uyg‘onadigan va Abulfazldan ham, otasidan ham hayiqib o‘zini olib 
qochadigan bo‘lib qoldi. 
 
_________________ 
* Ammo A. Monserrate tirikligida esdaliklarini chop etishga muyassar bo‘lmadi. Chunki katolik cherkovi undan kitob emas, missionerlik ishini 
talab qilar edi. Uning yozuvlari portugal ma’murlari tomonidan faqat razvedka maqsadlarida foydalanildi va maxfiy tutildi. Oradan uch yuz yil 
o‘tgandan so‘ng «Izohlar»ni esdalik tarzida avval ingliz tilida to‘liq chop etdilar. Keyinchalik boshqa tillarda ham chiqdi-yu, Monserratega o‘zi 
orzu qilgan shuhrat uch asr kechikib keldi.
 
*  *  * 
 
Muhammad Hakim o‘ttiz yoshga kirib, birorta katta jangda qatnashmagan edi. Akbar 
unga qarshi ikki barobar ko‘p qo‘shin bilan Panjobga kirib kelgani, Shomansurni 
daraxtga osib o‘ldirgani, Gangada esa Yazdiyning suvga g‘arq qilingani Muhammad 
Hakimni vahimaga soldi. Kobuldan birga kelgan uning ulfat beklari ham talvasaga 
tushdilar. Mashvaratlarda: 
— Tezroq Nilobdan o‘tib, Kobulga qaytaylik! — degan takliflar tushdi. 
Muhammad Hakim Laxo‘r qamalini to‘xtatib, shimolga yo‘l oldi. Bu orada kunlar 
to‘satdan isib, tog‘larda muzlar va qorlar birvarakay erishga tushdi. Yomg‘ir fasli ham 
odatdagidan uch hafta oldin boshlandi. Tiniq paytida nil qo‘shib oqizilgandek ko‘kimtir 
ko‘rinadigan va shuning uchun bir nomi Nilob bo‘lgan Hind daryosi endi kulrang selday 
toshib, ulkan toshlarni yumalatib, vahima bilan hayqirib oqar edi. Muhammad Hakim 
uch-to‘rt kun daryo suvining pasayishini kutdi, ammo oqim pasayish o‘rniga ko‘tarilib, 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
292
kengayib bormoqda edi. Yomg‘ir fasli avjiga chiqsa, keyin bir-ikki oy Panjobda qolib 
ketishi, bu orada Akbar yetib kelib, uni tor-mor qilishi muqarrar. Muhammad Hakimga 
akasi toshqin daryodan ham qo‘rqinchliroq tuyuladi. Shuning uchun tavakkal bilan 
qo‘shinini telbalanib oqayotgan daryoga boshlab kirdi. Hind daryosining ayovsiz 
to‘lqinlari orasida uning mingdan ortiq bek-u navkarlari g‘arq bo‘lib ketdi. Zo‘r oqim 
Muhammad Hakimning o‘zini ham girdobiga tortib ketayotganda, suvchi yigitlari uni 
mesh yordamida zo‘rg‘a qutqarib qoldilar va bir amallab narigi qirg‘oqqa olib chiqdilar. 
Akbar uni ta’qib etib Nilob bo‘yiga yetib kelganda inisi allaqachon Kobulga borib 
ulgurgan edi. Ellik mingdan ortiq askarni ovora qilib Kobulga borib yurmaslik uchun 
Akbar daryo bo‘yida to‘xtadi-yu, inisiga odam yubordi, uni shu yerga chaqirtirdi. Lekin 
gunohi juda og‘ir ekanini sezgan ini o‘zi kelishdan qo‘rqdi. O‘n uch yashar o‘g‘li 
Kayqubodni javob maktubi bilan yubordi-yu: «Men shayton vasvasiga berilib xato 
qildim, agar afv etsangiz, qolgan umrimni Kobulda sizga sadoqat saqlab o‘tkazgaymen», 
degan gaplarni yozdi. Bu gaplar nosamimiy ekani sezilib turardi. Muhammad Hakim 
hozir saraton oyida yomg‘irlar avjiga chiqib, daryolar toshganini, Akbarning qo‘shini hali-
beri shimoliy qirg‘oqqa o‘tib kelolmasligini bilardi. Yomg‘ir fasli tugaguncha kuz kiradi. 
Hindikush tog‘lariga qor tushadi, Haybar devoni yopiladi. Akbarning ko‘pchilik askarlari 
sovuqqa bardosh berolmaydigan hindistonlik yigitlar, fillar ham qorli yo‘llardan 
yurolmaydi. Akbar shunga qaramay Kobulga sovuqda qo‘shin tortib keladigan bo‘lsa 
Muhammad Hakim uni yengishi oson bo‘ladi. 
Inisining bu makkor rejasini payqagan Akbar: 
— Yaxshilikcha yechib bo‘lmaydigan tugunni qilich bilan kesmoqdan o‘zga iloj yo‘q! — 
dedi. 
Daryo suvi asad oyida sal pasayishi bilan butun qo‘shinini shimoliy qirg‘oqqa olib o‘tdi. 
Shahzoda Salimni toshqin daryodan o‘tkazishda Albert Pereyro o‘zining suvda suzishga 
naqadar ustaligini hammaga ko‘rsatdi. Uning zo‘r dengizchi bo‘lganiga o‘sha kuni Akbar 
ham ishondi. 
Daryodan o‘tishda padre Monserratening yuragi yomon bo‘ldi, uni endi qorli Haybar 
dovonidan olib o‘tish xatarli edi. Shuning uchun Akbar Monserrateni Odinapur*da Bobur 
bobosi bunyod etgan Bog‘i Vafoda qoldirdi. Albert Pereyro esa Akbardan iltimos qildi: 
— Hazrati oliylari, ijozat bering, men ham Kobul yurishiga ishtirok etay. Bo‘sh vaqt 
bo‘lganda shahzodalarga xalfa sifatida til o‘rgaturmen. 
— Til bilan birga dengizchilik, kemasozlikdan ham saboq bering. 
— Bajonidil, hazratim! Agar munosib ko‘rsangiz, umrim oxirigacha sizga-yu 
shahzodalarga xizmatda bo‘lmoqchimen! 
Akbar hayron bo‘lib so‘radi: 
— Umringiz oxirigacha?  Demak, Farangistonga qaytmoqchi emasmisiz? 
— Albatta, tug‘ilgan yurtim Portugaliya menga behad aziz! Ammo biz tomonlarda jaholat 
kuchli, sal boshqacha fikr yuritsangiz, gulxanga tashlab o‘ldirgaylar. Farangi 
qulfurushlarning ishlaridan ham bezor bo‘lganmen. Sizning dargohingizda ruhim 
yayramoqda. Bu yerda barcha imon-u e’tiqodlar barobar. Turli millat vakillari yakdil. 
Sulhi kull menga behad yoqdi. Sizga sodiq fuqaro bo‘lmoqchimen! 
Akbar farangilarning xufiya ish olib borishda qanchalik ilgarilab ketganini va qanaqa 
yangi usullar kashf qilganini hali bilmas edi. Albert hatto o‘z nomini Alibek qilib 
o‘zgartirib, Akbarga astoydil ixlos qo‘yganiga uni ishontirdi. 
— Padrelar bizni o‘z dinlariga o‘tkazmoqchi edilar, aksincha bo‘ldi-ku! — deb, Akbar ich-
ichidan quvonib qo‘ydi. 
Shundan keyin Alibek Salimning xos navkarlari qatorida Kobul yurishiga birga olib 
ketildi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
293
Jang-u jadalga ko‘proq qiziqadigan Murod Man Sinx boshchiligidagi ilg‘or qismlar bilan 
oldinda borar edi. Muhammad Hakimning askarlari Kobul bo‘sag‘asida Man Sinx va 
Murodning o‘ng ming kishilik otliq qo‘shinlari bilan qattiq jang qilib ko‘rdilar. Man 
Sinxning rajput yigitlari va Murodga saralab berilgan otliq jangchilar Muhammad Hakim 
askarlarining qarshiligini yengib, Kobulga birinchi bo‘lib yorib kirdilar. Orqadan 
Akbarning o‘zi yana qirq ming askar bilan kelmoqda edi. Unga bas kelolmasligini sezgan 
Muhammad Hakim qal’aning narigi darvozasidan chiqib, shimol tomondagi tog‘larga 
qarab qochdi. Yo‘lda undan ajralib, orqaga qaytgan singlisi Baxtiniso begim eri Xo‘ja 
Hasan Badaxshiy bilan birga Akbar kelib tushgan O‘rta Boqqa bordi. 
«Akbar kofir bo‘lib, salla ham o‘ramay qo‘yganmish!» degan ovozalarni Baxtiniso begim 
ham ko‘p eshitgan edi. «Hazrat og‘am brahman kiyimida peshonasiga qizil xol qo‘ydirib 
kelgan bo‘lsalar, qandoq ko‘rishgaymiz?» degan iztirobli o‘ydan begimni g‘am bosmoqda 
edi. 
Lekin uni ko‘shk ayvonida kutib olgan Akbar avvalgiday ipak to‘n kiygan, boshiga simobi 
salla o‘ragan edi. Baxtiniso begim birdan o‘zini uning oyog‘i tagiga tashladi-yu, yig‘lab 
gapirdi: 
— Gumroh singlingizni, kechiring, hazrat og‘ajon! Sizga peshvoz chiqolmadim! Sodda 
bo‘lmasam, yomon ovozalarga ishonarmidim?! 
Akbar singlisini yelkasidan olib oyoqqa turg‘izdi, uning yoshli ko‘zlariga tikilib: 
Hayriyat, siz o‘zingiz keldingiz, — dedi. — Lekin inimiz nechun qochib yuribdir? 
Muhammad Hakimda sizdagichalik ham jur’at yo‘qmi? 
— Iningizni ulfat beklari qo‘rqitib birga olib ketdi. «Sizni hajga yuborib o‘ldirgaylar, 
Komron mirzoday ko‘r qilgaylar!» desalar Muhammad Hakim shunga ishonib qochdi! 
— Ammo o‘sha beklarni tuttirib tilka-pora qildirmog‘im kerak. Inimizning ketidan 
quvg‘inchi yuborsam, hammasini tutib kelgay! 
— Hazrat og‘ajon, iningizning niyati yomon, sizga tutqich bermay, Balxdagi 
shayboniyzodalar tomoniga o‘tib ketgay. Ulardan shunday taklif bilan elchi ham kelgan 
edi. To‘polon sal bosilguncha quvg‘inchi yubormay turing, battar malomatga qolmaylik! 
O‘ttiz to‘rt yoshga kirgan Baxtiniso Kobulning eng aqlli va mulohazali ayollaridan sanalar 
edi. Katta momolari Mohim begimni ko‘rgan keksa odamlar Baxtinisoni o‘sha dono 
ayolga o‘xshatishardi. Onalari Norchuchuk begim o‘lib ketgandan beri Kobulni idora 
etishda mayparast Muhammad Hakimga mana shu singlisi yordam berib yurganini, biroq 
keyingi paytlarda u Baxtinisoning maslahatlariga kirmay qo‘ygani uchun shuncha 
falokatlar yuz berganini Akbar xufiyalar axborotidan ham bilar edi. 
— Baxtiniso, bugundan e’tiboran mening inim ham siz o‘zingizsiz! — dedi. — Muhammad 
Hakim men uchun o‘ldi. Siz haqsiz, uning ketidan quvg‘inchi yuborishga ham arzimaydir! 
Akbar Kobulda uzoq turolmasligini bilardi. Sunbula kirib, atrofdagi tog‘larga qor tushgan, 
kechalari sovuq edi. Dovonlar bekilmasdan tezroq janubga qaytib ketishi kerak edi. 
Lekin inisining o‘rniga kimni Kobul hokimi qilib tayinlashi mumkin? Asosiy ishni olib 
boradigan amirlar topiladi. Ammo podsho oilasidan kim bu ishga munosib? Akbarning 
o‘g‘illari hali yosh... 
Kechasi xonayi xosda u Abulfazl bilan shu haqda maslahatlashar ekan, yana Baxtinisoni 
ko‘z oldiga keltirdi. Faqat uni ayol kishi deb pisand qilmasliklari mumkin. 
— Biroq jannatmakon Bobur bobongiz Hindistonga ketganlarida Kobul ixtiyorini Mohim 
begimga berib ketganlari tarixdan ma’lum, — dedi Abulfazl. — Baxtiniso begim ham 
o‘sha ulug‘ momolariga o‘xshar emishlar. Munimxon shunday dedi. 
— Baxtiniso Muhammad Hakimdan o‘n chandon aqlliroq, — dedi Akbar. — Faqat uning 
baquvvat bir amir muovini bo‘lmog‘i lozim. 
Ikkovi kengashib bu ishga Man Sinxni munosib ko‘rdi. Uni besh ming rajput yigiti bilan 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
294
Kobulda qoldirsa, shimoldagi shayboniyzodalar ham tajovuz qilolmaydi. Mutassib 
shayxlar ham Man Sinxni yo‘ldan ozdirolmaydi. Man Sinx Akbarning dushmanlariga bas 
kela oladi. Odamlar uni bekorga «Akbarning qilichi» deb atagan emaslar. 
Akbar singlisi Baxtiniso begimni Muhammad Hakimning o‘rniga Kobul hukmroni qilib 
tayinlagach, Man Sinx shahar kutvali va lashkarboshi bo‘ldi. Sal oldinroqqa ketib aytish 
mumkinki, Akbar Hindistonga qaytib ketgandan so‘ng Muhammad Hakim tog‘lar 
orasidan singlisiga odam yubordi, yalinib-yolvorib, Kobulga qaytishga ruxsat oldi. Lekin 
Man Sinx uni hokimiyat ishlariga yaqin keltirmadi. Amalidan tushib, hammaning 
nazaridan qolgan Muhammad Hakim avvalgidan battar mayxo‘rlikka berildi. Oxirgi marta 
ikki kecha-yu ikki kunduz surunkasiga chog‘ir ichib, mastlikda jon berdi. Baxtiniso begim 
borib ko‘rganda, uning jasadi ko‘mirday qorayib ketgan edi. 
 
____________ 
* O d i n a p u r — keyinchalik Jalolobod bo‘lgan.
 
*  *  * 
 
Kobulda o‘tkazilgan bir haftaning Salim uchun eng unutilmas kuni — Bobur bobolarining 
maqbarasiga borgan paytlari bo‘ldi. Panjobda Salim bilan otasining orasida paydo 
bo‘lgan chigallik o‘sha kuni bir qadar tarqadi. Salim otasiga Abulfazldan ham yaqinroq 
bo‘lishni istardi. Bugun Akbar Abulfazlni pastda qoldirib, faqat o‘g‘illari bilan 
Guzargohdagi Bog‘i Boburga chiqib kelgani, to‘ng‘ich o‘g‘ilga juda yoqib tushdi. 
— Mening bu yerlarga kelmaganimga... yigirma yetti yil bo‘libdir! — dedi Akbar va oxirgi 
marta shu maqbara oldida ko‘zi ko‘r amakisi Komron mirzo bilan qanday uchrashganini 
o‘g‘illariga aytib berdi. Undan oldin Humoyun o‘z inilari bilan yarashgan kuni ekilgan 
to‘rtta chinordan ikkitaginasi qolibdi. Bobur bobolarining o‘zi qazdirgan ariq ham bekilib, 
qurib yotibdi. Bog‘i Bobur tashlandiq ahvolda, daraxtlar sarg‘aya boshlagan. 
— Muhammad Hakimni arvoh urgani bejiz emaski, shunday aziz joyni qarovsiz 
qoldiribdir! — deb, Akbar inisidan yana bir koyindi. 
Salimning ko‘ziga maqbara ham mung‘ayib turganday ko‘rindi. Qabr ustidagi qora 
mavjlik qizil marmarga chang o‘tirgan edi. Akbar marmarning changini sekin 
barmoqlariga oldi-da, peshonasiga surdi. Shu bilan bobosining xotirasini nechog‘li 
muqaddas deb bilishini, uning ruhini qay darajada e’zozlashini o‘g‘illariga ko‘rsatgan 
bo‘ldi. Avval Salim, undan so‘ng Murod ham bobokalonlarining qabri ustidan changni 
barmoqlariga olib, peshonalariga e’zoz bilan surdilar. 
Uchovlari maqbarani ziyorat qilib chiqqanlaridan so‘ng, Akbar o‘g‘illariga shimol 
tomondagi tog‘larni ko‘rsatdi: 
— Hazrat bobomiz o‘sha tog‘lar ortidan kelganlar. Samarqand, Andijon, Toshkent. Tengi 
yo‘q joylar!.. 
— Siz Turonga qachon borgansiz, hazrat otajon?— deb so‘radi Murod. 
— Bolaligimda... tushimda ko‘rganmenmi yoki qonimda bormi... bobolar yurtini qo‘msab 
yashamoqdamen. Turon haligacha shayboniyzodalarning tasarrufida. Qani edi, Kobul-u 
Fathpurda qurgan obidalarimizni Farg‘ona-yu Buxoroda ham qursak! 
— Turonda bizga xayrixoh odamlar ko‘p emish-ku!— dedi Salim. — O‘shalar «keling» 
deb taklif qilmaslarmi? 
— Taklif qiluvchilar ko‘p. Samarqandda shoir Abdurahmon Mushfiqiy bizga atab qasida 
yozib yuborganidan xabaring bor-ku. 
Salim bu qasidani o‘qigan, uning ikki satri yodida qolgan edi. Hozir shuni esladi: 
Savodi Hindro karda az latofat gulshani hazro 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
295
Muhammad Akbar G‘oziy Jaloliddini dunyo*. 
 
— Mushfiqiyni bu qasidasi uchun shayboniyzodalar o‘ldirib yuborishlariga sal qolgan. 
Bechora janubga qochib qutulgan... 
— Shayboniyzodalarning o‘zlarini quvmoq kerak!— dedi Murod qizishib. — Shunday 
qudratli lashkarimiz bor, hazrat otajon! Turonga qo‘shin tortib borsak, tarafdorlaringiz 
quchoq ochib chiqmagaylarmi? 
Akbar og‘ir uf tortdi-yu: 
— Turonda hozir g‘animlarimiz ko‘paymishdir, vaziyat yomon, — dedi. — Biz Hindistonda 
o‘tkazgan islohotlarni shayboniyzodalar Samarqand-u Farg‘ona ahliga butunlay teskari 
qilib yetkazibdirlar. Ulug‘bekni o‘ldirtirgan johillar Turonda bizga ham qarshi qilich 
qayramoqdalar. Buning ustiga Hinditsonda g‘animlarimiz bosh ko‘tardi. Hatto Adanda 
hazrat ammamizni o‘shalar asir qilmishlar. U kishini qutqarmoq uchun ham poytaxtga 
tezroq qaytmog‘imiz kerak, o‘g‘illarim! 
Shu bilan xayollari janubga ketdi. Akbar o‘g‘illariga janub tomondagi Kobul daryosini 
ko‘rsatdi: 
— Mana shu Kobul daryosi Hind daryosiga quyiladigan joyda men bir g‘aroyib hikoyat 
eshitganmen. Bobokalonlaring haqidagi bu hikoyatni afg‘on ulusi to‘qiganmi, hind eli 
yaratganmi, aniq bilmaymen. Ammo bu hikoyat shu ikki yurtning chegarasida paydo 
bo‘lmishdir. Mazmuni shuki, jannatmakon bobom daryo bo‘yida yolg‘iz o‘ltirib, she’r 
yozayotgan ekanlar. Orqadagi o‘rmondan bobomning xundor dushmani xanjarni qo‘liga 
olib, pusib kelmoqda ekan. Bobom bilan bo‘lgan janglarda bu odamning og‘asi o‘lgani 
uchun qasd olmoqchi ekan. Daryo sohilida uch-to‘rtta bolachalar suvga yog‘och tashlab, 
oqizoq o‘ynab yurgan ekanlar. Bolalardan biri o‘yinga berilib, suvga tushib ketibdir. Ikki 
daryo qo‘shilgan joyda oqim juda zo‘r, haligi bola g‘arq bo‘lishi muqarrar. Qirg‘oqda 
qolgan bolachalar dod solib, bobomdan yordam so‘rabdir. Bobur bobomiz daryoda oqib 
ketayotgan bolachaning ketidan o‘zlarini suvga otibdilar. U kishi suvda yaxshi suzar 
ekanlar. Ganganing u qirg‘og‘idan bunisiga necha marta suzib o‘tganlarini umr 
kitoblarida yozmishlar. O‘qiganmisenlar? — deb Akbar o‘g‘illariga savol nazari bilan 
tikildi. 
Kitobni kam o‘qiydigan o‘yinqaroq Murod nima deyishini bilmay yerga qaradi. 
— Men o‘qiganmen, — dedi Salim. — Faqat Ganga emas, bobomiz yo‘llarida uchragan 
daryolarning hammasidan suzib o‘tgan ekanlar. 
— Ana, ko‘rdingmi? — deb Akbar Murodga qaradi: — Sen ham o‘qib chiq... Xullas, 
jannatmakon bobom daryoga tushib ketgan o‘sha bolani qutqarib olib chiqibdilar. 
Xanjarini yalang‘ochlab pusib kelgan xundor dushman qarasa, qutqarilgan bola — uning 
kichik o‘g‘li emish. «Hali men bolamni qutqargan odamni o‘ldirmoqchi edimmi?» — deb 
o‘zidan qattiq ranjibdir, xanjarini Bobur bobomizga tutib debdir: «Bolamni tirik olib 
chiqdingiz, endi yomon niyatim uchun shu xanjarni menga urishga haqlisiz!» Bobur 
bobomiz voqeaning tafsilotini so‘rab bilganlaridan so‘ng, xanjarni daryoning o‘rtasiga 
uloqtirib yuboribdilar. «Bu tig‘ — adovat timsoli ekan, g‘arq bo‘lsin!» debdirlar. Bolani 
otasining ilkiga tutqazib aytibdirlar: «Bola — istiqbolimizdir, buni birga asraylik*. 
Akbar o‘g‘illariga bir-bir ko‘z tashlab qo‘shib qo‘ydi: 
— Kim bilsin, o‘shanda bobomiz daryodan qutqarib chiqqan bola — balki mendirmen, 
balki Salim yoki Muroddir. Agar bobomiz Agrada mening otamni o‘lim xavfidan qutqarib 
olmaganda, men ham tug‘ulmas edim, senlar ham. 
— Rost! — deb bosh irg‘adi Murod. 
Salim o‘ychan edi. Akbar unga tikilib turib davom etdi: 
— Bobomiz qutqargan o‘sha istiqbolni men senlarga, senlar o‘z avlodlaringga xayf 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
296
qilmasdan kamol topdirib yetkazib bermog‘imiz kerak. Mana shu maqbara turgan joy — 
bizning eng ulug‘ ziyoratgohimizdir. Bu yerni qarovsiz qoldirsalaring, Muhammad 
Hakimning ahvoliga tushgaysenlar. Bunday istiqboldan tangrim sizlarni asrasin! 
Akbar ikki o‘g‘lini ergashtirib, pastda ularni kutib turgan Abulfazl va boshqa bek-u 
a’yonlarning oldiga tushib bordi. Kobul kutvali Man Sinxga buyurdi: 
— Maharoja, darhol bu toqqa yuzta korgar olib kelib, ilgarigi ariqlarni ochdiring. Uch 
kunda bu yerga suv kelsin. Bog‘ obod-u orasta qilinsin. Kobul atrofidagi sug‘oriladigan 
yerlardan besh yuz jaribi Bobur bobomiz maqbarasi ixtiyoriga berilsin, farmon yozing. 
Shu yildan e’tiboran maqbara ixtiyoridagi besh yuz jarib yerdan tushadigan daromadlar 
Bog‘i Boburni obod-u orasta saqlashga sarf qilinsin. Yana maqbara bilan boqqa qarab 
turadigan to‘rtta odamga davlat xazinasidan doimiy maosh to‘lab turilsin. 
O‘g‘illar oldida berilgan bu farmoyishlar kelajakda ularni ham o‘z bobokalonlaridan ibrat 
olishga o‘rgatishi kerak edi. 
Lekin g‘alaba tantanalari ichida qiyinchilik ko‘rmay o‘sayotgan erka o‘g‘illar 
bobokalonlarining ibrat olib bo‘lmaydigan odatlariga ergashgan paytlari ham bo‘lardi. 
Murod Kobulni olishda jasorat ko‘rsatgani uchun otasidan murassa’ xanjar mukofot oldi. 
Shu munosabat bilan Bog‘i Navro‘ziyda jangovar beklar Murodga chog‘ir taklif qildilar. 
— Bobur bobomlar chog‘ir ichmaganlar-ku! — deb Murod avval unamadi. 
— Bobongiz chog‘irni qirq besh yoshga borib tashlaganlar, — dedi Chig‘atoyxon. — 
Ammo Kobulda yashaganda bearmon ichganlar. Xotira kitoblarida o‘qimaganmisiz? 
Dalada, kemada, buloq bo‘yida, bog‘da, hatto xazon bo‘lgan daraxtlarning tagida o‘tirib 
rosa kayf qilganalarini yozganlar-ku! 
Bobokaloni haqidagi bu gaplar Murodning hozirgi ko‘tarinki kayfiyatiga to‘g‘ri kelib turar 
edi. O‘sha oqshom u birinchi g‘alabasi sharafiga mast bo‘lguncha ichdi. Ustidan afyun 
qo‘shilgan ma’jun ham yedi. 
Murodning atkasi Zayniddin ko‘ka uning Bog‘i Navro‘ziyda mast bo‘lib yurganini ko‘rib: 
— Onhazrat bilsalar ikkovimizga ham jazo berurlar! — deb po‘pisa qildi. — Amakingiz 
Muhammad Hakim yoshlikdan ichib yurib, ne ko‘yga tushganini bilurmisiz? 
— Kobulda Bobur bobom ham may bazmlari o‘tkazgan ekanlar-ku! — dedi Murod. 
— E, avval tarixni o‘rganing! Sizning yoshingizda Bobur bobongiz mayni og‘izlariga olgan 
emaslar. Siz ham u kishiday yigirma besh-o‘ttizlargacha sabr qiling. Keyin birda-yarim 
ichsangiz yarashgay. 
Murod o‘zini juda yosh deb kamsitishlarini yomon ko‘rardi. Axir u yoshi kattalar qatori 
hind daryosidan suzib o‘tmadimi? Oldingi safda qilich yalang‘ochlab, Kobulga yorib 
kirmadimi? Otasi uning ixtiyoriga butun bir Bog‘i Navro‘ziyni berib qo‘yibdi-ku. Murod 
besh ming askarga boshliq. Qo‘l ostidagi bek-u navkarlari unga ta’zim qilib turishadi. 
Shu sabablarga ko‘ra u o‘zini chog‘ir ichishga haqli deb hisoblaydi. Zafar ketidan zafar 
kelib turibdi, quvnoq bazmlar uchun sabab ko‘p. Ulfat beklar uni navbatma-navbat 
chog‘ir bazmiga taklif qilardilar, otasi va atkasidan yashiriqcha yana rosa ichirardilar... 
 
_____________ 
* Tarjimasi: Hind kengliklarini ulkan bir gulshanga aylantirdi Muhammad Akbar G‘ozi Jaloliddini dunyo. (Bu yerda Akbarning Jalol (Nur) degan 
ismi asosiga qurilgan so‘z o‘yini bor). 
* Bobur haqidagi bu hikoyat xalq orasida haligacha aytib yurilganini 1983-yilda Afg‘onistonning janubida — Jalolobodda bir yil tarjimon bo‘lib 
ishlab kelgan toshkentlik olim so‘zlab berdi.
 
*  *  * 
 
Salim ham allaqachon may ichib, ma’jun yeb ko‘rgan, u ham bazmlarga ishtiyoqmand, 
lekin Kobulning O‘rta Bog‘ida otasining ko‘zi yaqinida yashayotgan kunlari Salim o‘zini 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling