Hurriyat” gazetasining 021 yil fevral 5-sonida chop etilgan Sherzod Mahmudovning: “Otamdan qol(ma)gan dalalar!” maqolasini o'qib…


Download 15.06 Kb.
Sana27.01.2023
Hajmi15.06 Kb.
#1133853
Bog'liq
Hurriyat


Hurriyat” gazetasining 2021 yil 3 fevral 5-sonida chop etilgan Sherzod Mahmudovning: “Otamdan qol(ma)gan dalalar!” maqolasini o'qib…
Tog'ay Murod haqida gap ketganda, ko'pincha yozuvchining “Men o'zbek xalqiga haykal qo'yaman”, degan so'zlari yodga tushadi. Asarlarini o'qigan, unda adibning yurak urishini, kechinmalarini ko'ra bilganlar yozuvchining o'z va'dasini bajara olganini his qilishi tabiiy hol.
Ayrim kitobni varaqlab-varaqlamay hukm o'qiydiganlar yoki “lupa” bilan kurmak izlovchilar esa baland ovozda aytishga jur'at qila olmaydigan iddaolarini pichirlashadi. Tog'ay Murod yaratgan haykallar esa allaqachonlar pichinglardan balandda, adabiyotning abadiyat bo'stonida munosib o'rnini egallab bo'lgan. Buni anglash uchun na adabiyotshunoslik ilmi, na dorilfunun diplomi kerak, nazarimda. Adibni anglamoq uchun, shu xalqning bir vakili sifatida, hech bo'lmasa bitta asarini, misol uchun, “Otamdan qolgan dalalar”ni o'qish, kifoya.
Aslida Tog'ay Murodning o'quvchilar mehrini qozonishiga asosiy omil bu — uning o'z millatini yaxshi ko'rgani bo'lgan desak, xato bo'lmasa kerak. Adib shu elning gadosiyu amaldorini, g'aribu g'urobosini birdek ko'rib, o'ziniki, qondoshi, jigardoshi deb bildi. Barchasini ardoqlab tilga oladi. Yaxshi ko'radi. Shu mehr tafti tufayli ham yozuvchining asarlari kitobxonni sehrlaydi go'yo.
Ba'zan o'ylab qolaman: Tog'ay Murod qanday yurak bilan xalqiga haykal qo'yishdek katta va'dani berdi ekan? Bu fikr, bu qat'iy maqsad unda qachon paydo bo'lgan? Javobni esa adibning “Men” nomli o'zi yozgan tarjimai holidan topgandek bo'laman: “Ana shu vaqt qatag'on avj oldi. Ishdan hayda-hayda avj oldi. Firqadan o'chir-o'chir avj oldi. Sur-sur avj oldi. Nihoyat… qama-qama avj oldi. O'zbek ziyolilari kishanband bo'ldi. O'zbek ziyolilari mahbus bo'ldi… Ana shunda polvonlik qonim qaynadi!..
— Men o'zbek xalqiga haykal qo'yaman!
Men ana shunday shahd bilan olamjahon g'animlarim sari shaylandim. Adabiyot institutida o'qish uchun yo'l oldim. Barcha hayron bo'lib qoldi. Boisi — men endigina uylanib edim.
— Savodning mazasi yo'q, Moskvada o'qib kelmasak bo'lmadi, — dedim.
Dardim o'qish bo'lmadi. Dardim prokuraturalar bo'ldi, dardim sudlar bo'ldi”.
Qiziq, bu qanday dard ekan? Bu dardning otini yozuvchining 1988 yil 29 yanvarda “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida chop etilgan intervyusidan bilib olamiz: “Menmi? Men “Otamdan qolgan dalalar” degan bir asar dardida yuribman. Ehtimol roman bo'lar, ehtimol qissa bo'lar? Bilmadim. Ishqilib, ko'nglimda borini to'kib solaman”.
Guvohi bo'lamizki, Tog'ay Murod “Otamdan qolgan dalalar” romanining ilk urug'i ko'ngliga tushganda xalqiga haykal qo'ya olishini his qilgan. Chindan ham, bu asar Dehqonqul obrazida butun boshli xalq qiyofasi, dardu g'urbati, oriyatiyu nomusi, mute'ligiyu bukilmasligini, qo'yingki, inson xulq-atvorini bor bo'y-basti bilan ko'rsata oldi. Shu boisdir kitobxon uni qayta-qayta o'qisa-da, yana o'qigisi keladi, asarning hech ohori to'kilmaydi. Roman o'z munosib bahosini allaqachon olgan bo'lsa-da, bundan keyin ham mushtariylar e'tirofiga sazovor bo'laveradi.
Qolaversa, shu roman asosida suratga olingan film ham o'z davrida olqishlarga munosib ko'rilganini san'atshunoslar tasdiqlashadi. Film taniqli rejissyor Shuhrat Abbosov tomonidan suratga olingandi. Bu kinoasar tomoshabin mehru muhabbatiga sazovor bo'lganini rejissyorning o'zi Tog'ay Murod haqidagi xotiralarida shunday yodga oladi: “Esimda, Buxoroda o'tkazilgan kino kunlarida havo 20 daraja sovuq edi. Zalda tumonat odam. Men qalin kiyinib olgan bo'lsam-da, muzlab qolayotgandek bo'lganimdan, sovuqda o'n daqiqa ham o'tirolmadim. Hattoki, kichkina bolalargacha to'rt soatlik kinoni oxirigacha ko'rdi, hech kim zaldan chiqib ketmadi. Bunga sabab nima edi? Tomoshabinni qanday joziba to'rt soatlik kinoni ko'rishga majbur etdi? Axir “Otamdan qolgan dalalar” filmi Amerika kinolariga o'xshab detektiv bo'lmasa yoki Meksika seriallariga o'xshab bir ilmoq bilan tomoshabinni aldab o'tirmasa… Yo'q! Tomoshabinni film oxirigacha o'tirishga majbur etgan sabab — ekranda ayovsiz, haqqoniy hayot kechmoqda edi”.
Chindan ham, yaxshi asardan yaxshi kinolar yaraladi. “Otamdan qolgan dalalar” filmi aminmizki, bugun ham tomoshabinning yurak urishini maromdan chiqarib yuborishga qodir. Chunki unda badiiylik jozibasiaro tirik tarix haqiqati yashaydi. Xalq esa hamisha haqiqatga chanqoq. Ammo…
Ammo film bir namoyish etildi-yu mana bir necha o'n yildirki, qayta namoyish qilinmayapti.
Ko'plab sara filmlarimizning arralanib, qaychilanib efirga uzatilganini ko'rdik. Hatto “O'tgan kunlar”day nodir asarning ham qirqilganiga guvoh bo'ldik. Shukrki, bu ro'yxatning “oqarganiga” ham, ancha vaqt bo'ldi. Yurtimizdagi ochiqlik siyosatini jahon afkor ommasi-da e'tirof etayapti. Lekin negadir “Otamdan qolgan dalalar” ekranga qaytmayotir…
Axir, shaxsan Prezidentimizning tashabbusi va qo'llab-quvvatlashlari tufayli tarixiy kinolar yaratishga bel bog'landi. Bu yo'nalishda bir necha filmlar suratga olindi ham. “Otamdan qolgan dalalar” yaqin o'tmishimiz haqidagi bebaho asar emasmi?! Unga hanuz munosib e'tibor qaratilmayotganini qanday tushunish mumkin?
Shuhrat Abbosovning biz yuqorida tilga olgan xotira-maqolasida yana shunday jumlalar bor: “Otamdan qolgan dalalar” filmining davomiyligi to'rt soatni tashkil etadi. Shunday qilib, kino qo'yildi. Tomoshabin shunaqayam yaxshi qabul qildiki… qarsaklar, olqishlar zalni tutdi. Biz shu orada Tog'ay Murodni yo'qotib qo'ydik. Axir, odatga ko'ra, premyeradan keyin ziyofat berilishi kerak edi-da. Biz, film ijodkorlari birga o'tirishib, bir-birimizni tabriklamoqchi edik. Shu qidiramiz, Tog'ay Murod yo'q, birdan g'oyib bo'lib qolibdi.
Qiziq odam edi-da Tog'ay Murod! Unga “Otamdan qolgan dalalar” asarining film varianti yoqdimi yo'qmi, bilolmadim. Tog'ay bu dunyodan o'tib ketdi… Lekin bir narsaga xursandman: u meni so'kmadi, ha, so'kmadi. Chunki rahmatlik shunday halol, prinsipial odam ediki… Birinchidan, Tog'ay Murod o'z asarini sahnaga, ekranga qo'yishlariga hamisha ham rozi bo'lavermasdi. Ikkinchidan, uning ijozatisiz asarini sahnaga olib chiqqan bepisand san'atkorlarning tanobini tortib qo'yardi. Muqimiy teatrida shunday voqea bo'lgan, deb eshitganman”.
Bu fikrlardan anglashiladiki, asar muallifiga ham film ma'qul kelgan edi. Xalqimiz ham bu kinofilm qaytishini istaydi. Yaqin o'tmishimizdagi turli sabablar bois, ta'qiqga uchragan qancha kinolar ekranga qaytdi. Masalan, “Shaytanat” filmi ham qaytdi. Endi navbat — “Otamdan qolgan dalalar”ga bo'lsa, ajab emas!
Sitora TOJIDDINOVA,
jurnalist
Download 15.06 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling