I-bob. Atrof muhit – tabiiy hodisa. Atrof muhit manitoringi
O’zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilishga ko’rilgan chora tadbirlar
Download 52.38 Kb.
|
atrof muhit docx
O’zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilishga ko’rilgan chora tadbirlar.
O’zbekistonning geografik o’rni va tabiatining o’ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi atrof muhitni va tabiat boyliklarini muhofaza qilish hamda ularni avaylab, ehtiyotkorona munosabatda bo’lishni taqozo qiladi. Respublika hududining okeanlardan uzoqda, cho’l zonasida ekanligi yog`in miqdorining, binobarin, oqar suvlarning kam bo’lishiga olib kelgan. Sharq va janubi-sharqdan tog`lar bilan o’ralganligi suv tanqisligini biroz yumshatgani bilan, O’zbekistonning geoekologik berk o’lka bo’lishiga sabab bo’lgan. Respublikaning, ayniqsa, uning g`arbiy qismi geoekologik jihatdan noqulay hudud hisoblanadi. shuning uchun ham o’zbek xalqi tabiatga tarixan uzoq davrdan beri mehr bilan qarashga, uni asrab-avaylashga o’rganib kelgan. O’rta Osiyo xalqlarining har yili nishonlanadigan navro’z bayrami asrlar davomida ona Yerga va tabiatga mehr-muhabbat, unga ehtiyotkorona munosabatda bo’lish, uni ardoqlash tuyg`ularini tarbiyalagan; mehnat tarbiyasi va ma’naviy tarbiyada muhim ahamiyat kasb etgan. Tabiat bilan insonning o’zaro chambarchas aloqasini, ularning bir butunligini ifodalovchi bu bayram dehqonchilik bayramigina emas, balki tom ma’noda geoekologik bayram hamdir. Kishilarning tabiatga, ayniqsa, uning yorqin tashqi ifodasi bo’lmish o’simlik olamiga bo’lgan munosabati va mehrini belgilovchi bayramlardan yana «gul bayrami» va «lola bayrami»ni ko’rsatib o’tish mumkin. Xalqning sof geoekologik mazmunga ega tarixiy udumlaridan yana biri «taganak»dir. Bu udumga ko’ra, tog` va tog` etaklarida yashovchi xalq erta bahorda yig`ilib, tog`-toshdagi buloqlar ko’zini ochib, jilg`alar yo’lini shox-shabbalardan, loyqalardan tozalaydilar. Aholining geoekologik ruhda, ya’ni ona tabiatga mehr-muhabbat uyg`otish, tabiatni muhofaza qilish ruhida tarbiyalashda milliy badiiy adabiyotning ham ahamiyati benihoya katta. O’zbek xalqining mumtoz shoir va yozuvchilari, jumladan, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari geoekologik mazmunga ayniqsa boydir. Xalq og`zaki ijodida, ya’ni xalq dostonlari, ertak, maqol va masallarda ham tabiatni muhofaza qilish targ`ib etib kelingan. Ular g`oyaviy mazmunini aksariyat turli xil yovvoyi va uy hayvonlari, ayniqsa, foydali qushlarning tabiatdagi roli, insonga do’st ekanligi, ularni muhofaza qilishga da’vat qiluvchi tuyg`ular tashkil etadi. Insonlarni tabiatni muhofaza qilishga da’vat qiluvchi, sof geoekologik mazmun kasb etuvchi yana bir manba o’zbek xalqi ixlos bilan e’tiqod qiladigan din-islomda ilgari surilgan ilohiy ta’limot asoslaridir. Islom manbalarida diniy e’tiqod, ibodat, Yeru osmon, falakiyot va atrof-muhitdagi holatlar to’g`risida juda ko’p qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Qur’oni karim va hadisi shariflarda atrof-muhitni toza saqlash, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish, ularni isrof etmaslik, insonning yashash tarzi, shaxsiy gigienasiga, o’simlik va hayvonot dunyosini asrashga, umuman, ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga katta ahamiyat berilgan. Bular o’zbek xalqining tarixan shakllangan milliy tarbiya asoslaridir. Bunga mazmuni juda keng «uvol» tushunchasi yaqqol misoldir. Musulmonchilikda har qanday moddiy ne’matdan isrofgarchilik bilan foydalanish, tabiat boyliklari–foydali qazilmalar, suv, er, o’simlik va hayvonlarni nes-nobud qilish uvol va gunoh hisoblanadi. Tarixiy manbalardagi ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Turkistonda o’rta asrlardan 19-asrning o’rtalarigacha shaharlarda raislik yoki muhtasiblik lavozimi bo’lgan. U shariat qonun-qoidalariga amal qilinishi, hokimiyat farmonlarining bajarilishi, bozordagi narx-navolar ustidan nazorat etish vazifalari bilan birga, tabiatni muhofaza qilish ustidan ham qattiq nazorat ishlarini olib borgan. Muhtasib qo’l ostidagi amaldorlari bilan ko’cha va bozorlarni ko’zdan kechirgan, ariq va hovuzlar, soy va quduqlardagi suvning sifatini, miqdorini ham nazorat etgan. Tarixda obikor dehqonchilik sharoitida sug`oruv suvlaridan oqilona va adolatli foydalanishda to’g`onboshi va miroblik lavozimlarining ahamiyati katta bo’lgan. Aholi soni va zichligining, shaharlar sonining tobora ortib borishi, fan va texnikaning rivojlanishi, yirik inshootlar qurilishi kabi omillar ham ko’pincha tabiatga salbiy ta’sir etgan. Natijada O’zbekiston hududida tabiatni muhofaza qilishga bo’lgan ehtiyoj asrdan-asrga, yildan-yilga kuchaya bordi. Podsho Rossiyasining mustamlakachilik siyosati tabiat boyliklarini ayamasdan foydalanishga yo’l ochib berdi. Arzon xom ashyo bazasiga aylanib borayotgan o’lkada tabiatni muhofaza qilishdan ko’ra, undan imkoni boricha ko’proq foydalanish siyosati kuchli edi. Shu sababli, yildan-yilga tuproqlar buzilib, ishdan chiqa boshladi, yonbag`ir eroziyasi kuchaydi, o’rmonlar maydoni kamayib, ular chegarasi yuqoriga ko’tarila bordi, yovvoyi hayvonlarni ovlash kuchaydi. 20-asr boshlarida tabiatdan mustamlakachilik maqsadlarida foydalanishning kuchayishi va bu erga Rossiyadan ko’plab aholi ko’chirib keltirilishi natijasida insonning tabiatga salbiy ta’siri kuchayib, uni muhofaza qilish hayotiy zaruriyatga aylandi. Sho’rolar davrida industriyalashtirish va qishloq xo’jalikni kollektivlashtirishning boshlanishi va amalga oshirilishi ham tabiatning inson ta’siridagi salbiy jarayonlarini kuchaytirdi. 1920 yilda Muzeylar va san’at yodgorliklari, tabiatni muhofaza qilish Turkiston qo’mitasi tashkil etilib, uning tarkibida tabiatni muhofaza qilish sho’’basi vujudga keldi. 2-jahon urushi yillari va undan keyin O’zbekiston hududida tabiat imkoniyatlarini qat’iy hisobga olmay katta-katta yer maydonlari qishloq xo’jaligi uchun o’zlashtirilib, Qizilqum, Mirzacho’l, Yozyovon cho’li, Dalvarzin dashti, Sherobod va Qarshi dashtlarida vohalar maydonining orta borganligi, ko’plab zavod va fabrikalar qurilib, kanallar o’tkazilganligi, aholi zich yangi shahar va shaharchalar bunyod etilganligi, qishloq xo’jaligini ortiqcha kimyolashtirishning jadal o’sishi tabiat va atrof muhitning buzilishiga olib keldi. Sobiq sovetlar mamlakatining boshqa hududlari kabi O’rta Osiyoda, jumladan, O’zbekistonda ham tabiatga g`ayri geoekologik yondashuv, ya’ni tabiatdan foydalanishda uning bir butunligi, komponentlar muvozanati, dinamik o’zgaruvchanligi, regionallik kabi qonuniyatlariga amal qilmay, cho’l va tog`larni o’zlashtirishda tabiatga zug`um, zo’rlik qilish, ona tabiatni go’yo «engish»ga urinish kabi holatlar jiddiy salbiy oqibatlarga olib keldi. Natijada respublika tabiatining barcha komponentlari – tog` jinslari va relyef shakllari, iqlim va suvlari, tuproq, o’simlik va hayvonot dunyosidan foydalanishdagina emas, balki bir butun landshaftlar – cho’llari, vohalari, tog` va adirlaridan foydalanishda ham jiddiy geoekologik xatolarga yo’l qo’yildi. tabiatni tubdan o’zlashtirishga zo’r berib urinish, chunonchi, cho’llashuv, ya’ni cho’lga aylanish jarayonlarining kuchayishida ham ko’rindi. Ko’pgina hududlarda yuz bera boshlagan geoekologik inqirozlar ilmiy jamoatchilikni tashvishga sola boshladi va hukumatning bu muammolarga e’tibor qilishini taqozo etdi. 1959 yilda o’rmon xo’jaligi va dala ihota o’rmonlashtirish inspekstiyasi va O’zbekiston qishloq xo’jaligi vazirligining Ov ishlari boshqarmasi negizida O’rmon xo’jaligi va tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi tuzildi. Tabiatning turli boyliklari muhofazasi bilan davlatning alohida idora hizmatlari shug`ullana boshladi. Jumladan, suv resurslari muhofazasi bilan suv xo’jaligi vazirligi, yer resurslari muhofazasi bilan qishloq xo’jaligi vazirligining Yerdan foydalanish va yer tuzish boshqarmasi, atmosfera havosi muhofazasi bilan Gidrometeorologiya xizmatining tashqi muhitni muhofaza qilish bo’limi va b. shug`ullandi. 20-asrning 60-yillari boshlarida O’zbekistonda tabiatni muhofaza qilishga ehtiyoj yanada kuchaydi. 1961 yil O’zbekiston Tabiatni muhofaza qilish jamiyati tashkil etildi. 1970 yillar sanoat shaharlari va konchilik rayonlarida atrof-muhit ifloslanishining kuchayishi hamda obikor dehqonchilik sharoitida suv resurslari tanqisligining orta borishi dolzarb geoekologik muammolarni yuzaga keltirdi. 1978 yil bu muammolar va atrof muhitning ifloslanishi ustidan nazorat qilish Gidrometeorologiya boshqarmasiga yuklatildi. Tabiatni muhofaza qilish muammolari bilan O’zbekiston FAning botanika, zoologiya, tuproqshunoslik va agrokimyo, iqtisod, geologiya institutlari, Respublika sanitariya-gigiena va kasb kasalliklari instituti, universitet va boshqa institutlar shug`ullana boshladilar. 1980-yilarda atrof muhitning geoekologik holati yanada yomonlashdi, tabiiy boyliklardan nooqilona foydalanish oqibatlari yaqqol sezila boshladi. Natijada geoekologik muammolar ijtimoiy tus oldi. O’tkir geoekologik regional muammolarni dadil ko’tarib chiqib, hukumat mahalliy ma’muriyat va keng xalq ommasi e’tiborini ularga qaratishda olimlar bilan birga shoir va yozuvchilar, ayniqsa, publististlar katta faollik ko’rsatdilar. Ular tashabbusi bilan Orol fondi tashkil etildi, Orol dengizini qutqarish ijtimoiy qo’mitasi tuzildi. 1988 yilda O’zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi tashkil topdi. Biroq O’zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar tabiiy boyliklardan foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish qonunlari o’sha davr siyosiy yo’nalishi talablariga moslashtirilgan bo’lib, tabiatdan foydalanish va uni muhofaza qilishga etarlicha javob bermas edi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, tabiat muhofazasi muammolarini jadal va katta mas’uliyat bilan hal qilishda yangi bosqich boshlandi. O’zbekiston Respublikasi Konstitustiyasida «Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga majburdirlar» (50-modda), «Yer, yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir» (55-modda) deb mustahkamlab qo’yilgan. Hozirda O’zbekistonning atrof muhit va tabiat boyliklaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishga oid qonunchiligi 80 ga yaqin qonun va qarorlarni o’z ichiga oladi. Barqaror rivojlanishning milliy strategiyasi va Atrof muhitni muhofaza qilish harakatining milliy rejasi ishlab chiqildi va qabul qilindi, shuningdek, Cho’llashishga qarshi kurash harakatlari milliy rejasi ham tayyorlangan. Endilikda geoekologik muammolar hukumatning doimiy nazorati ostida: bu borada ilk muvaffaqiyatlar qo’lga kiritilmoqda, qishloq xo’jaligi yerlaridan tobora oqilona foydalanilmoqda, atrof muhit holati ko’p shahar va regionlarda yaxshilanmoqda, qazilma boyliklarni nes-nobud qilishga chek qo’yilmoqda. 1991 yilda «Ekosan» xalqaro ekologiya va salomatlik jamg`armasi tashkil etilgan. Bu jamg`arma O’zbekiston va umuman, butun Markaziy Osiyo mintaqasi geoekologik holatini yaxshilashga, atrof muhitni muhofaza qilishga, aholining salomatligini himoya qilish va sog`lom zurriyotni saqlab qolishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshiradi. Download 52.38 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling