I bob. “Avesto”da ijtimoiy-pedagogik g`oyalar


«Avesto»da mehnatsevarlik va vatanparlikning ifodalanishi


Download 210.03 Kb.
bet7/8
Sana20.01.2023
Hajmi210.03 Kb.
#1104286
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
AVESTOda IJTIMOIY-PEDAGOGIK G`OYALAR

2.3. «Avesto»da mehnatsevarlik va vatanparlikning ifodalanishi
«Avesto»da ifodalangan axloqiy qarashlar silsilasida mehnatsevarlik, el-yurt, umuman, Ona zaminni e’zozlash g’oyasi katta o’rin egal­laydi. Ezgu andesha, ezgu so’z va ezgu amal tamoyilini har bir kishi ongi­ga singdirishda bu g’oya alohida o’rin tutadi. Chunki axloq asosini tashkil etuvchi uchlik tamoyiliga rioya qilish har bir odamdan, avvalo, jamoat man­faati yo’lida halol ishlash, o’z elini yomon kuchlardan asrash va fido­korona mehnat bilan vatanga sadoqatini ifodalash talab etilgan.
Zardushtiylar jamiyatida chorvachilik va dehqonchilik ustuvor bo’lgani sababli mehnat, el-yurtga munosabat ana shu turmush tarzidan kelib chiqqan. «Avesto»dagi mehnatsevarlik va elparvarlik g’oyasi talqinlarida ikkita yo’nalish ko’zga tashlanadi.
1) Ona Vatanning har bir qarich yerini qadrlash, uni obod va farovon etish yer osti va yer usti boyliklarini asrash hamda ko’paytirish va yaratuvchilikni ulug’lash.
2) Xonadon, qishloq va butun mamlakat – el-yurtni yovuz kuchlar. dushmanlardan himoya qilish.
O’ta shartli, lekin bir-birini to’ldiradigan bu yaratish va asrash yo’­nalishlari mohiyatan yagona g’oya- ezgulikning yovuzlik, nurning zulmat, ma’rifatning jaholat ustidan g’alabasini ta’minlashga qaratilgan. Ahura Mazda boshqaradigan yaxshilik ma’budlari bilan yovuz ruh Ahriman ixtiyori­dagi yomonlik kuchlari o’rtasidagi kurash ana shu jarayonni aks ettiradi. Bu kurash mehnatsevarlik va elparvarlik kabi yuksak axloqiy tushunchalarga dualistik qarash ifodasi bo’lib, Ahura Mazda yaratgan Anahita, Osha, Mit­ra, Bahrom, Surush kabi ma’budlar moddiy farovonlik, haqiqat va adolat, bahodirlik, yaratuvchilik, g’oliblik kabi fazilatlar timsoli sifatida jamiyat olam rivojiga xizmat qiladilar.
Zero, Ahura Mazda odamlarni Zar­dusht orqali o’zi yaratgan zaminni mehnat bilan obod qilishga da’vat etsa, Ahriman o’z devlari bilan uni vayron qilishga intiladi va yakka Tangri bunyod et­gan go’zal yurtlarga o’lim urug’ini sochmoqchi bo’ladi, ya’ni savob va gunoh to’qnashadi. Boshqacha aytganda, bunyodkorlikka qaratilgan mehnat kishilarda ezgulik qanchalik muhabbat uyg’otsa, buzg’unchilikka qaratilgan g’alamislik shunchalik nafrat tug’diradi. Yomonlik va razolat homiysi Ahrimanning Apa Mana, Tuarvi, Zarik, Ayshma kabi devlari yomon fikr va amallar bilan go’­zallik va yaxshilik olamini buzishga har qancha intilsalar ham elni sevish, bunyodkorlikni e’zozlash g’oyasini so’ndira olishmaydi. Zeroki, ular har ik­ki olamning yaratuvchisi yagona Tangri – mutloq ega Ahura Mazda panohida.
Mehnatsevarlik g’oyasi «Avesto»ning har to’rt qismida ham yorqin aks etgan. Jumladan, bu g’oya Ahura Mazda bilan Zardushtning savol-javob­larida bevosita va kengroq bayon etilsa («Vendidod»), ibodat qo’shiqlari­da («Visparad») qurbonlik qilish va boshqa marosim madhiyalarida («Yasna») hamda xudolar alqovlari va mifologik talqinlarda («Yasht») muayyan voqea­lar munosabati orqali qayd etiladi.
Mehnat va zamin tushunchalarini bir butun holda tasavvur etgan zardushtiylarda ezgulik, avvalo, har bir kishining foydali faoliyati va uning jamoadagi hissasidan boshlangan. Zero, tuproqni muqaddas bilish, ekin yerlarini ko’paytirish, asrab–avvaylash, uni ozoda saqlash, yer va yaylov ma’budlariga ibodat qilish mezon daraja­siga ko’tarilgani bejiz emas.
Xususan, dehqonchilik va chorvachilik muqaddas mehnat hisoblangan. Zero, mehnat moddiy farovonlik yaratish vositasi bo’lish bi­lan birga shaxs ma’naviy kamolotining muhim sharti sifatida ham e’zozlangan. Binobarin, yakka Tangri Ahura Mazda inoyatiga sazovor bo’lishga in­tilish, avvalo, har bir kishining mehnatida ifodalanib, u chorvaning ko’pa­yishi va yaylovning kengayishi hamda dehqonchilik rivojiga yo’naltirilgan bo’lishi shart.
Ikkinchidan, bunday mehnat yovuzlik timsoli Ahriman va uning ko’p sonli yomon kuchlariga qarshi kurashda asosiy tayanch va g’alaba omillaridan biri deb qaralgan. Chunki moddiy farovonlik jamoa kuchini oshirib, g’animlarga g’ulg’ula keltirgan, ularni qo’rquvga solgan. Jumla­dan, «g’alla yerdan unib chiqqanda devlar larzaga keladi, g’alla o’rib olinayotganda ular nola–faryod chekishadi, yanchib un qilinayotganda ular qocha boshlashadi, hamir qilinayotganda esa devlar mahv bo’ladi».
Demak, dehqonchilik mehnati qadimiy e’tiqodga ko’ra yovuzlikni daf etishga qara­tilgan moddiy hissa deya yuksak qadrlangan. Shuning uchun ham har bir nekbin inson foydali mehnat qilish, biror kasb bilan shug’ullanish, «aql ishlatib», «ikki qo’llab yerga ishlov berib», «chorvani parvarishlab», «biron dastgohni yurgizib» kun kechirmog’i, beg’araz risq-u ro’zi topib yemog’i, birovlarga muhtoj bo’lib qolishdan as­ranmog’i zarur bo’lgan. Ana shu olijanob aqida taqozosi sifatida yoshlarga ta’lim berishda amaliyotga alohida e’tibor qilingan.
«Avesto»ning «Vendidod» kitobidagi dastlabki qism dehqonchilik va chorvachilikka bag’ishlangan bo’lib, unda «zaminni farovon qiluvchi» Inson mehnati ulug’lanadi. Yer bilan Inson va Ahur Mazdaning muloqotlarida oliy iloh tomonidan aytilgan quyidagi so’zlar ayniqsa ibratlidir. «Spi­tamon Zardusht o’ng qo’li va so’l qo’l bilan, so’l qo’li va o’ng qo’li bilan yerga ishlov bersa, mehnat qilsa, u zamin rahmatiga musharraf bo’lajak». Bunday kishiga zamin shunday deydi: «Ey meni chap va o’ng qo’li bilan, o’ng va chap qo’li bilan shudgor qilgan zot! Odamlar hamisha bu yerga keladilar va non ­so’raydilar. Men bu yerda hosilga kiraman, sen uchun turli xo’rak va mo’l-ko’l bug’doy yetishtiraman».
Demak, zardushtiylarda mehnatdan qochish va tekinxo’rlik insonni xor-u zor qiluvchi va axloqqa zid tubanlik sifatida qattiq qoralangan. Shuningdek, yuqoridagi parchalarda Zamin, Inson va Mehnat tushunchalari uyg’unli­gini tasdiqlovchi hayot haqiqati aks etadi. Chunki inson mehnati tufayli­gina zamin go’zallik, el esa farovonlik kasb eta oladi.
Zero, «uzoq vaqt ekilmagan yohud omochni orzu qilgan yer» mehnat tufayli jonlanib, insonga mo’l–ko’l ziroat in’om etishi «Avesto» da sohibjamol qizning o’z jufti haloliga tezda farzand hadya qilishiga qiyoslanadi.
Mehnatsevarlik g’oyasi «Avesto»dagi mifologik obrazlar talqinida­ goh ularning nutqlari, goh amaliy faoliyatlari orqali madh etiladi. Jumladan, Ardvisura Ana­hita, Mitra, Osha va boshqa ma’budlar haqidagi ta’rif-u tavsiflarda shun­day hol yorqin ifodalanadi. Anahita alqovining 5-bandida Ahura Mazda Zardushtga so’z qotib, uni «pok suvlar limmo–lim» bo’lgan Ardviga sig’inishga da’vat etadi:
Non-u rizq o’stirgichga,
Podani to’ydirgichga,
Boyliklar undirgichga
Yerlar sathini cheksiz
Ufqqa do’ndirgichga .
«Avesto»da insonga xos poklik, ezgu niyat, pokiza tuyg’u, zaminni muqaddas bilish, el-yurtni anglash singari olijanob fazilatlar yuksak axloqiy me’yorlar va tafakkur tarzi orqali ifoda qilinadi. Mehnatsevar­lik g’oyasi vatanga muhabbat, uni ardoqlash tuyg’usi bilan uyg’unlashib ke­tadi. Bu muhabbat inson yashayotgan muhit va tabiatga munosabatdan bosh­langan. Ayniqsa, zardushtiylikda o’z elini tabarruk bilib, uni e’zozlashga va asrashga intilish kuchli bo’lgan. Kishilar o’zlari yashayotgan zaminning har bir qarich yerini, tabiat boyliklari-yu dala–yaylovlarini asrashni axloqiy mezon darajasiga ko’targanlar. Yer yuzi va koinotdagi har bir narsa, hodisani inson hayotiga dahldor deb tushunganlar. Bu o’rinda ham dualistik qarash asosida zamin yaxshi va yomonga ajralgan bo’lib, uy bekasi baxtiyor, farzandlar shodmon va hamisha olov gurkirab turadigan zamin yaxshi yer bo’lsa, ayol va farzandlari sargardon yuradigan er eng yomon zamin ekani ta’kidlanadi. El–yurtga mehr–muhabbat ana shu yaxshi za­minni yanada yashnatishga, uning go’zalligini oshirishga va muqaddasligini saqlashga qaratilgan. Zaminni eng achchiq g’ussaga giriftor bo’lgan joy – Ahriman yaratgan mahluqlar ko’plab in qurgan makon bo’lib, u kishilarda yovuzlikka cheksiz nafrat uyg’otgan.
Ayniqsa, hayot manbai bo’lgan suvni e’zozlash va qadrlashga alohida e’tibor berib, unga Anahita (Amudaryo) timsolida mahsus bag’ishlov bitilgan, suv va farovonlik xudosi Anahita madh etilgan. Bu – tasodifiy emas. Suvni asrash – hayotni saqlash ekani sababli ham Anahita shaxslashtirish orqali inson qiyofasida tasavvur qilingan va Amudaryo suvlari hamma suvlardan ulug’ va muqaddas bo’lib, «suvlar ustidagi suvlar» deb ta’riflanadi. Shuning uchun daryoni asrash, tabiat ko’rkini ko’pincha suv bilan bog’lash an’anasi to’la asoslidir.
Zamin va inson hayoti «Avesto»da tasvirlanishicha, «keng yaylovlar, chuqur ko’llar, sersuv daryolar, tog’-u o’tloqlar» bilan bevosita aloqador­dir. Chunki yer insonni boqadi, unga saxovat bag’ishlaydi. Shuning uchun zar­dushtiylar «o’t-o’lanlar va mevali daraxtlar ekilgan, suvlari hamisha ravon bo’lgan zaminni eng tabarruk yer» hisoblab, uni e’zozlashgan. Aks holda yerni iflos qilgan, uni saqlash qonunlariga xilof ish tutgan shaxs­lar 400 qamchi urish bilan jazolanganlar.
Tuproqning tabiiy holatiga xilof ish qilish eng katta gunoh – elga xiyonat sifatida baholangan. «Vendidod»ning 3-fargardida tuproqni in­son va it murdasi bilan ifloslagan kishining jazosi haqida gap boradi. Unda ta’kidlanishicha, bunday gunohga hech qanday na jazo, na tovon bor. Bunday gunohkorlikka biror bir jazoning imkoni yo’q. Dunyoda hech bir ja­zo hech bir tovon bunday gunohni poklay olmaydi». Bu o’rinda inson­ning ona zaminga cheksiz mehri, uni asrashga qaratilgan qat’iy irodasi ifodalangan.
Atrof–muhit tozaligini saqlash, tabiat holati bilan bog’liq jara­yonga halal bermaslik – zardushtiylar hayotidagi muhim tamoyil – ezgu amalning bir qismi deb qaralgan. Jamoa a’zolari, shu jumladan, yoshlar ta­biatni asrash va go’zallashtirish ruhida tarbiyalanganlar. Ular yoshligidan ­ko’chat o’tqazish, uni parvarishlash, ko’kalamzorlashtirish, bog’–rog’lar barpo etish, ariq va hovuzlarni iflos qilmaslikka o’rgatilgan. Bu ishga noz–­ne’mat, rizq–ro’z ehtiyoji deb emas, balki ular elparvarlik, mehnat­sevarlik, ma’naviy barkamollik, bunyodkorlik g’oyalarini singdirish vositasi sanalgan. Shuning uchun ham suvga tupurish, ekinni payhon qilish, hayvon­lar va qushlarga ozor berish, olovni tepkilash katta gunoh hisoblangan.
Kimda–kim tiriklik chog’ida suvni bulg’asa, olovni so’ndirsa, teva­larni o’g’irlab so’yib yuborsa qattiq jazolanishi alohida ta’kidlanadi.
«Avesto»da ta’kidlanishicha, tabiat va inson hayotining o’zaro uyg’unligi kishilarning suv, tuproq, olov va havoni muqaddas bilish e’tiqodi bilan bog’liqdir. Zero, bu to’rt unsur har bir tirik mavjudotda mua­yyan mavqega ega bo’lib, inson bir umr tabiatdagi barcha yaxshi narsalarni pok va bus–butun saqlashga intilishi zarurligi ta’kidlanadi. Chunki insonning o’zi ham ana shu tabiatning bir qismidir. Binoba­rin, insonga atrof-muhitni asrash va go’zallashtirishda yovuzlikka, buzg’unchilikka qarshi tafakkur yordamida kurashish nasib etgan. Shuning uchun ham «Avesto»da tabiat muhofazasi inson salomatligi va taqdiri masala­siga borib taqaladi.
«Avesto»ning «Vendidod» qismida tabiatga shikast yetkazish, ayniqsa, uni ifloslantirish insonning yashash sharoitini zaxarlashi, turli xastaliklar keltirib chiqarishi uqdirilgan. Shuning uchun muhit oz­odaligini saqlash, ayniqsa, yer va suv, hayvonot va o’simliklar dunyosini avaylash zarurligi alohida ta’kidlangan.
Xususan, atrof–muhitni ifloslash tufayli ayrim hasharotlar, qurtlar havoni buzib kasallik tarqa­tishi, ekinlarni nobud qilishi mumkinligi ogohlantiriladi. Jumladan, ov itini o’ldirgan kishi o’n ming barsum, o’n mingta ruhiyatni tetiklashtiradigan o’simlik bargini terib berishi lozim bo’lgan. Shuning­dek, u mingta echkemar, mingta suv qo’ng’izi, kasal tarqatuvchi pashshani o’ldirib gunohini yuvishi shart edi. Ahriman yuborgan qurt, pashsha va boshqa zararli hasharotlardan muhit tozaligini saqlash tabiat va insonga muhabbat ramzi sifatida qaralgan. Shuningdek, axlatlar, turli chiqindilarni ochiq joylarga tashlamaslik, balki ularni ko’mib tashlash tavsiya etiladi.
Zardushtiylik ta’limotida el–yurtni farovon va obod qilishga qan­chalik e’tibor berilsa, uni qadrlash va qo’riqlashga ham shunchalik ahamiyat berilgan. Ahura Mazdaning yigirma nomi va olti qasami mazmunida ham bu g’oya bevosita yohud bilvosita aks etadi. Zardushtiylar tasavvurida keng ma’nodagi vatan – bu Ahura Mazda yaratgan yaxshilik olamini tashkil etuvchi o’n olti yurtdir. Vendidodning 1-fargardida bu yurtlar birma–bir sanab ko’rsatilar ekan, ularning hammasi «hushmanzara», «go’zal», «qudratli», «pok», «zebo», «orasta», «dilkash» kabi sifatlar bilan ta’rif­lanadi va «juda ko’p go’zal va rohatbaxsh o’lkalar, yurtlar, vatanlar borki, ularni ham Ahura Mazda bunyod etgan. Bu yurtlarda mehnatsevar, niyati pok Inson yashash uchun ularni butun borlig’i ajal bilan yo’g’rilgan Ahriman xurujlaridan himoya qilishga to’g’ri keladi. Bu esa el-yurtni se­vish va asrash zaruriyatini tug’dirib, axloq mezonining muhim shartiga aylan­gan.
Olam va odam uyg’unligini e’zozlash «Avesto»da qayta-qayta ta’­kidlanadi. Chunki bu ikki tushunchada hayot mohiyati, ezgulik namoyon bo’ladigan makon aks etadi. Quyidagi olqishlar ham shundan dalolatdir:
«Olamga qudrat baxshida bo’lsin!
Olamga olqishlar bo’lsin!
Samimiy so’zlar olamga bo’lsin!
Baxt–saodat olamga bo’lsin!
Farovonlik bo’lsin olamga!
Olam obod bo’lsin! .
Olam obodligi uchun g’ayrat ko’rsatmoq lozim, uni yaxshilik bilan asra­moq va yorug’lik sari eltmoq kerak». Bu o’rinda olamning «qudrat», «ol­qish», «samimiy so’zlar», «baxt–saodat», «farovonlik», «yorug’lik» kabi mo’tabar so’zlar bilan madh etilishi insonning ona zaminga mehrini ifo­dalaydi. Chunki Zardusht uchun vatan ana shu yorug’lik olami ichidadir.
«Avesto»da Ahura Mazda va u yaratgan ma’budlarning hatti–harakatlari u yoki bu darajada ezgulik olami-iymonli kishilar uchun vatan bo’lgan maskanlarni yanada go’zal qilish va devlardan muhofaza etishga qa­ratilgan. Zero, zardushtiylarga vatan yaylov, dala, xonadon, suv, yer, umuman, qadam bosgan zamindan boshlanib muqaddas sanaladi. Uni asrash va himoya qilish iymon talabi bo’lib, u behad olqishlangan.
Binobarin, zardushtiylar uchun vatan mavhum tushuncha bo’lmay, aniq ma­kon va go’shadir. Kishilar o’z hayotlarini shu vatan taqdiri bilan bog’lab, borliqdagi mavjudotlarga befarq qaramaganlar. Buni Ahura Mazdaning o’zi alohida ta’kidlaydi.
«Manzillar, qishloqlar, yaylovlar, suvloqlar, xonumonlar, suvlar, yerlar, giyohlar, zamin-u osmon, pokiza ayollar, yulduz, oy, quyosh, jamiki mavjudotni sharaflamoq orzu amaldir».
Muhimi shundaki, bularning har biriga alohida olqishlar ham bitil­gan. 38-got «Zaminni olqishlaymiz. Zamin bizni o’z bag’riga olgandir» so’zlari bilan boshlanib, zamin asosi va odam tirikligining manbai bo’l­gan suv yuksak e’zozlanadi va «Ey, suvlar! Sizlar yaxshilik bilan ravona­siz. Xilqatni yuvib pok etasiz va ikki jahon saodatiga sazovorsiz. Biz sizlarni e’zozlaymiz» deyiladi. Bu xol tasodifiy emas. Negaki, suv – Ahura Mazdaning eng yaxshi xilqati sanalgan. Uning ilohiy mohiyati olam boqiyligi, borliqdagi go’zallikni saqlash haqidagi tasavvurlar bilan bog’liqdir. Shuning uchun yakka Tangri suvning faqat ezgulikka xizmat qi­lishini olqishlab, uning «yomon fikr sohibiga», «yomon so’zligiga», «bad­kirdorga», «do’st ozorga, dinsizga, oila ozorga nasib qilmasligini da’­vat etadi (65-got). Zero, «suvning bir tomchisini bulg’atgan, tog’ning bir jilg’asini quritgan kimsa Tangri qahriga uchrab, do’zaxga kiradi».
El–yurtni yovuz kuchlardan asrashda quyosh ma’budi Mitra va urushda g’oliblik ma’budi Varahran (Bahrom) alqovlari alohida ajralib turadi. «Yylovning keng, mamlakatni bir butun ulug’likka eltuvchi qudratli sa­vobdor» Mitraning vazifalaridan biri uning yurt himoyachisi sifatidagi benazir mardligidir. Aslida bitimlarni nazorat qiluvchi Mitra «Ming hunar va yuz ming tuman ko’z» sohibi bo’lib, shular bilan yurtlarni qo’riqlay­di, g’animlarga qarshi kurashadi. «Mitraga topinurmiz» so’zlariga alohida urg’u berilib, ma’budning mardlik, adolatpeshalik, vatanparvarlik, so’zi­ga sadoqat kabi fazilatlari bayon etiladi. Uning qahramonligi bilan bog’liq quyidagi ahdnoma xalqning qasamyodiday jaranglaydi.
«Makonni asragaymiz
Tark etmay uni aslo.
Xonadonni asragaymiz,
Urug’ni asragaymiz,
Elni tark etmagaymiz,
Mamlakatni avayla» .
Zardushtiylarda elsevarlik g’oyasi Vatanni himoya qiluvchi qahramonlar timsolida rivoyatlar qobig’ida ifodalangan bo’lib, ular yovuz devlarga qarshi shafqatsiz kurashganlar. «Hurmuzd tomonidan borliq ezgu dunyoni asraguvchi ma’bud» qilib yaratilgan Mitra Mazda xilqatlarining ilohiy qo’­riqchisi sifatida ajralib turadi. Mitraning mo’jizali qurollari, uchqur oti qadim kishilarning boy hayoloti mahsuli bo’lib, ular yordamida ezgulik dushmanlarining mahv etilishi kuylanadi. Lekin chinakam qahramon vatanpar­varga jismoniy kuchning o’zi yetarli emas. Shuning uchun u ma’naviy jihat­dan ham barkamol va qudratlidir:
«Jonzot yo’qki dunyoda
Mitra ezgu fikridan
Kuchli fikr bor desa
Jonzot yo’qki dunyoda
Mitra ezgu ishidan
Kuchliroq ish amali
Bor deya ayta olsa» .
«Avesto»ning «Bahrom Yasht» alqovida elparvarlik g’oyasining yana bir qirrasi aks etadi. Bu iloh Varahran (Bahrom) talqini bilan bog’liq bo’­lib, u Ahura Mazda yaratgan ezgu borliqning azaliy tartibini himoya qi­ladi, ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amal, jumladan, halol mehnat qilgan, Vatanni sevgan kishilarni qadrlaydi. Bu jarayonda u mifologik tasavvurga ko’ra turli qiyofaga kirish orqali ezgu niyatli kishilarga yordam berib, el-yurt dushmanlariga qarshi kurashadi. «Tangrining muno­sib olqish-u e’zozi»ga sazovor bo’lgan Bahrom himoya qilgan yurt tinch va behatardir:
«Yog’iy hujum qilolmas,
Yopirilib kelolmas,
Bu yurtni o’lat olmas,
Yara-chaqa yuqolmas,
Na yovning arobasi,
Na baland tutgan tig’i
Bu yurtga kor qilolmas».
Bahrom xalqning el g’amini yeydigan ideal qahramoni timsoli bo’lib, u «yaxshi­lik dushmanlarining qo’llarini bog’lovchi, ko’zlarini ko’r, quloqlarini kar» qiluvchi yengilmas bahodir sifatida talqin qilinadi.
Ma’lumki, zardushtiylik aqidasiga ko’ra zamindagi hayot davomiyli­gi va kishilarning turmush tarzi hamda faoliyatini ezgu kuchlar boshqarib turgan. Bu faoliyatda mehnatga va el-yurtga munosabat alohida o’rin tutgan. Bu ikki fazilatga ega bo’lganlar ezgu niyatiga yetishadi, yovuz kuchlardan saqlanadi, deb tasavvur qilingan.
Jumladan, zamindagi hayot targ’ibotini boshqaruvchi iloha Osha, suv ma’budasi Anahita shunday ezgu kuchlar vakillaridir. «Osha» so’zi axloqiy masalalarga oid matnlarda Haqiqat, Adolat ma’nolarini anglatadi. «Avesto»da 17-goh Yasht Osha alqovlariga bag’ishlangan bo’lib, zahmatkashlik va elga fidoyilik kabi fa­zilatlar inson vujudiga Osha tomonidan singdirilgan deb ishonganlar. Shu­ningdek, Oshaga sig’inganlarning el-yurti obod, ekini serhosil, mehnati ardoqli, chorvasi bo’liq, ro’zg’ori barakali bo’lgan. Haqiqat va yaxshilikni ulug’lovchi Osha mehnatkash va Vatanni sevgan kishilarga madadkor bo’lib, ularga homiylik qilgan, g’arazgo’ylardan asragan.
Ezgulik olamidagi daryo-yu ariqlarning hamisha serob, chorva mollarini serpusht, tabiatni serfayz qiluvchi Ardvisura insonlar faoliyatini savobli amallar nuqtai nazaridan baholaydi. Hatto zadogan va ulomalar uning oldiga yaxshi niyat xalq, el–yurt manfaatlarini ko’zlab, pok xulq bilan kelgan bo’lsalar ularning xohishi ijobat bo’ladi. Uning uchun yurt obodligi, el farovonligi, osoyishtaligi eng oliy maqsaddir.
Anahita zakovoti mamlakatni har qanday dushman hurujidan saqlashga ham qaratil­gan. U Vatanni balo–qazodan, ajdar-u devlardan himoya qilib, hech kimdan yengilmagan Gershaspning holini tang qiladi, hatto u elsevarlik, vatanparvarlik ruhidagi, yer yuzidan razolat va dushmanlik kuchlarini yo’qotish uchun bel bog’lagan askarlar, bahodirlarga daryolardan ko’priksiz o’tish uchun suvni vaqtincha quritib yo’l ochib beradi».
Osha va Anahita talqinlari bilan bog’liq bu qarashlar ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amal tamoyili mohiyatining muhim qirrasi - mehnatsevar­lik va elparvarlik g’oyasini teran aks ettirgani bilan diqqatga sazovor bo’lib, ezgulik falsafasini boyitgani shubhasizdir.
XULOSA
«Avesto» qadim ajdodlarimizning insoniyatga tuhfa qilgan bebaho ma’naviy ne’mati, tarixiy–qomusiy yodgorlik
dir. Bu asar olam va odam haqidagi bilimlar majmuasi, turli fanlarga oid qimmatli ma’lumotlarni o’zida mujassam etgan qomus hamdir. Shu bilan birga bu turfa bilimlarning hammasiga xos mushtarak jihat borki, u «Avesto»ni yagona va umumbashariy, ta’limiy-axloqiy qarashlarga boy manba sifatida baholash hamda undagi mazkur qarashlarni o’rganish dolzarb pedagogik muammo ekanligini asoslash imkonini beradi.
Bu zardushtiylik ta’limoti asosida insonning axloqiy estetik ideali va ma’naviy hamda jismoniy poklanish g’oyasidir. Ushbu tadqiqotimiz obyekti bo’lgan «Avesto»dagi ta’limiy-axloqiy qarashlar ana shu barhayot g’oyaning muhim bir qismi bo’lib, ayrim xulosalarni umumlashtirishga asos beradi.
1. Axloq–odob masalasi jamiyat rivojining hamma bosqichlarida inson ma’naviyatining tarkibiy qismi bo’lib kelgan. Inson aql-zakovotining uzoq asrlar davomidagi ifodasi «Avesto»ning paydo bo’lishi va mukammallashishi bosqichlarida ham ta’limiy–axloqiy qarashlar ustuvor bo’lib, u umumbashariy ahamiyat kasb etgan. Uning ko’p xudolikdan yakka Tangri – mazdaparastlikka borish yo’li g’oyat murakkab kechgan bo’lsa ham, tub mohiyati o’zgarmagan insonni e’zozlash va uning barkamolligi ideali saqlanib qolgan.
2. Ma’naviy poklik inson tafakkurining rivoji bilan bog’liq ijtimoiy pedagogik hodisa sifatida tobora zaruriyat kasb eta borib, «Avesto»ning barcha qismlariga singib ketgan va bu yodgorlikni o’ziga xos «axloq kodeksi»ga aylantirgan. Asotir, afsona, rivoyat, qo’shiq, duo va madhiyalar kabi turli janrlar mazmun va mohiyat jihatidan ana shu poklik g’oyasini ifodalovchi yagona ta’limiy–axloqiy tizimni vujudga keltirgan.
3. «Avesto» - yuksak axloq, ma’rifiy barkamollik kitobidir. Undagi axloq me’yorlari, ta’lim maqomlari ko’p asrlik hayotiy tajribalar natijasi sifatida davrlar sinovidan o’tgan. Ularning tub mohiyati ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amal tamoyillarida o’z ifodasini topgan. Bu tamoyillarning har biri insonni barkamol shaxs sifatida shakllantirish jarayonidagi muayyan axloqiy me’yorning sharti bo’lib, ular mantiqan biri-birini to’ldiradi va boyitadi. Ularning bari ijtimoiy–siyosiy, insonparvarlik ruhi bilan yo’g’rilgan.
4. «Avesto»dagi ezgulik g’oyasi insonda elparvarlik, yaratuvchilik, kamtarlik, oliyjanoblik, manzil, jamoat joylari, hovuz, ariq, quduq, umuman, borliqni e’zozlash kabi go’zal axloqiy fazilatlarni tarbiyalashga xizmat etsa, yovuzlik esa buzg’unchilik, xudbinlik, jaholat, axloqsizlik kabi g’ayri insoniy illatlarga qaratilgan. Zardushtiylikdagi ta’limiy-axloqiy qarashlar ana shu o’zaro qarama–qarshi ikki xil falsafiy qutbning muttasil murosasiz kurashidagi muhim halqalardan biridir.
5. Bunyodkorlik, halollik, rostlik va naslning asl bo’lishiga intilmoq «Avesto»dagi ta’limiy–axloqiy qarashlar silsilasida alohida o’rin tutadi. Ilohiy tafakkur pardasida Yazdon, Zardusht va ma’budlar tilidan yoki epik syujetlar orqali ifodalangan bu qarashlar chuqur dunyoviy mazmunga egaligi, insonga qaratilgani bilan ibratlidir. Zero, bu fazilatlar insonning jismoniy yetik va bardam bo’lishi, ma’naviy jihatdan pok, iymonli va barkamollikka erishishiga ko’maklashadi.
6. Axloq «Avesto»da aniq tushuncha bo’lib, jamiyatning barcha a’zolari uchun muqaddas burch sanalgan, uning mezonlari ishlab chiqilgan. Ularda kishilarning yoshi, jinsi, kasb–koridan qat’iy nazar hammaning poklik mezoniga amal qilishi majburiy sanalgan. Bunda kishilarni tarbiyalash va qayta tarbiyalashning qo’llanishi chinakam insonparvarlik ifodasidir. Bunday qarashlar Qur’oni karim va Hadis-u shariflardagi fikrlar bilan ko’p jihatdan mazmunan mushtarakdir.
7. «Avesto»da qayd etilgan ta’lim tizimi yoshlarga diniy va dunyoviy bilimlarni singdirishda oila, maktab va o’quv dargohlari hamda jamoatchilik o’rniga alohida ahamiyat berilgan. Bunda ezgulikka ishonish, unga e’tiqod saqlash, yomon niyat va yovuzlikdan holi bo’lish bosh dastur-ul amal bo’lib, ilm, hunar va odob kabi fazilatlar shu yo’ldagi zaruriy shart sanalgan.
8. Barkamol shaxs tarbiyasi «Avesto»ning barcha qismlarida bevosita yoki bilvosita aks etuvchi markaziy masalalardan biridir. Bunda ezgulik insoniy kamolotning bosh yo’li, axloqiy tarbiyaning asosiy mezoni sifatida izohlanadi. Bu mezonda insonlar ruhiyatiga ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal g’oyasini singdirish va shu orqali ularning axloqiy-ma’naviy kamolotini ta’minlash pirovard maqsaddir. Zero, har bir inson bu yo’lda o’z qalbidagi jaholat tuyg’usini yenga bilib, haqiqat va rostlik maqomi sari dadil intilishi farz qilib qo’yilgan.
9. «Avesto»da ta’lim tizimining har bir bosqichi ilm va hunar, jismoniy va aqliy faoliyatning o’zaro uzviyligi asosida qurilgan. Bu jarayonda ota-ona, ustoz-murabbiy va jamoatchilikning o’rni alohida ta’kidlanib, har birining yosh avlod tarbiyasidagi burchi hamda mas’uliyati umumjamiyat manfaatlariga dahldor deb sanalgan, yaxshi ustoz qanchalik ulug’lansa, yomon tarbiyachi shunchalik la’natlangan.
10. «Avecto» ta’limiy–axloqiy o’gitlar majmuasi hamdir. Bu o’gitlar Zardushtdan tashqari shohlar, vazirlar va kohinlar tilidan keltirilgan bo’lib, ko’p asrlik hayotiy saboqlar, kuzatishlar ifodasidir. So’z odobi, ota-onaga hurmat, yoshlar tarbiyasi, oila va muhabbat kabi masalalarga oid pand-u nasihatlarda rostgo’ylik, kattalarga hurmat, sobitlilik, halol yashash, kasb-hunarga nisbatan fidoiylik, sadoqat va muruvvat ko’rsatish kabi fazilatlar ta’sirchan bayon etilgan.

Download 210.03 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling