I bob. Devoni hikmatda qur’oni karimning badiiy ifodasi


Download 44.88 Kb.
bet1/3
Sana10.03.2023
Hajmi44.88 Kb.
#1258112
  1   2   3
Bog'liq
Yassaviy 1-bob (2)


I BOB. DEVONI HIKMATDA QUR’ONI KARIMNING BADIIY IFODASI
1.1.Qur’oni Karim oyatlaridan olingan badiiy iqtiboslarning shoir ijodiy niyatiga muvofiqligi
Asrlar mobaynida bizning zaminimizda islom dini, tasavvuf ilmi so‘fiylar namoyondalari va ularning ta’limotlari paydo bo‘ldi, taraqqiy topdi. O‘rta Osiyoda mavjud bo‘lgan moddiy, qo‘lyozma va og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan durdona yodgorliklar orqali yetib kelgan tasavvuf ilmi va so‘fiylik ta’limoti namunalarining o‘ziyoq juda katta meros egasi ekanligimizni va aynan bizda kuchli taraqqiy topganini isbotlab beradi. O‘zbekiston bugungi kunda o‘z tarixi va madaniyati haqiqiy tarixiy qiymat va ahamiyatga ega bo‘lgan moddiy va ma’naviy manbalari orqali chuqur tahlil qilinadigan hamda epigrafik yodgorliklari miqdori va noyobligi jihatidan Markaziy Osiyoda yetakchi mamlakat ekani aniq. Lekin ularning aksar qismi oldin o‘rganilmagan.
O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-iyuldagi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda mavjud tasavvuf tarixiga oid barcha yodgorliklardan oqilona, ehtiyotkorona va milliy iftixor hissi bilan foydalanishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.
Tasavvuf ahamiyati beqiyos, jozibali bir mavzudir. U ham tarixiy jihatdan, ham inson tarbiyasi jihatidan ko‘ngilga, insonning ichki dunyosiga taalluqli bo‘lgani uchun muhimdir. Dunyo bor ekan, odamzod bilan birga tasavvuf ham bor. Islom tasavvufi islomga muvofiqdir. Shu boisdan u boshqa tasavvuflarga: Hind tasavvufiga, Yunon tasavvufiga, Yahudiy tasavvufiga va boshqa Islomdan avvalgi madaniyatlarning tasavvufiga o‘xshamaydi, ular o‘rtasida katta farqlar bor. Chunki Islom tasavvufining asosini Qur’oni Karim va Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hayotlari, siyratlari, sunnatlari tashkil qiladi1.
Islom madaniyatining Makkasi va barcha mustaslam xalqlarning nurafshon ramzi Qur’oni Karim o‘zining 14 asrlik tarixi davomida qanchadan-qancha mamlakatlar va allomalar taqdirida tutgan o‘rni, badiiy ta’sir sarchashmalari va nufuzi tufayli chuqur ilmiy diniy tahlil va tadqiqotlarga sazovordir. Qur’on mavzulari Islom dinini qabul etgan xalqlar adabiyotiga singib, mahalliy diniy va adabiy aqidayu an’analar bilan uzviy ravishda bog‘lanadi. Islom dini va mahalliy urf-odatlar to‘qimasi asosida o‘zbek adabiyoti ilmining shoh asarlari yaratildi. Qur’oniy mavzularning jahon va alalxusus o‘zbek adabiyotiga singib o‘tishi faqat diniy nuqtai nazardangina ibratli bo‘lib qolmay, balki, Sharq adabiyotining biz uchun mavhum qirralarini biz uchun oydinlashtirib, turli adabiy mavzularning sarchashmalarini ochgan va hozirgi zamon o‘zbek adabiyotining islom adabiyoti shajaraviy, moziydan uzilmas aloqalarini tiklashga ham madad bergan bo‘lardi. Natijada Qur’on ko‘zgusining nurida o‘zbek adabiyotiga xos tarixiy adabiy qatlamlarning vujudga kelishi va rivoji to‘g‘ri tushunilgan bo‘lardi2. Sharq milliy an’analarining rivoji o‘ziga xosligi islom adabiyotining avval arab, keyin fors va nihoyat turk jumaladan o‘zbek tilidagi rivojida namoyon bo‘ladi. Arab va noarab (asosan forsiy va turkiyzabon) adabiy oqimlarining to‘qnashuvi, o‘zaro singib borishi va o‘zaro ta’siri jarayonida musulmon adabiyotlar aro mushtaraklik vujudga keladi va jahon adabiyoti matnida o‘ziga xos va G‘arb adabiyotiga ham tasir o‘tkazuvchi mavqeyini shakllantiradi. Arab, fors va turkiy tillarda yaratilgan islom adabiyotida qay biri ustun degan savol noo‘rindir. Har bir tilda yaratilgan milliy adabiyot o‘ziga xos qirralarga molik bo‘lib, muayyan davrda yuksalishi davlat tili maqomiga ko‘tarilishiga ham bog‘liq bo‘lgan. Ammo bu adabiyotlar uchun umumislom bo‘lmish Qur’oni Karim tilida ijod etish va Qur’on mavzularidan keng foydalanish xosdir3. Musulmon adiblari qay millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, avvalambor yagona ummat a’zolari edi. Shu nuqtai nazardan ularning ijodida milliy xususiyatlar Qur’onda o‘z ifodasini topgan umumislom va umuminsoniy bashoratalar bilan chambarchas bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. X asrda arab xalifaligi hududularida barpo etilgan turli tildagi adabiyotlarda milliy ohanglar kuchayishi tabiiy hol edi. Ammo mazkur davlatlar islom bayrog‘ini tuban tutmaganligi va diniy e’tiqod xalq orasiga singib bo‘lgani tufayli islom yo‘nalishi sayozlashmadi, aksincha to‘siqlarni yengib, kuchayib bordi. Hozirgi kun intilishlari bunga yorqin misol. Shu sabab arab xalifaligi yemirila boshlagandan keyin ham yagona islom madaniyati va adabiyoti nihoyasiga yetmadi, balki yangi tarmoqlar sari rivojlanib, Qur’oniy ohanglar kuchayib bordi. Alohida olingan milliy adabiyotlar ravnaqi islom adabiyotining hayotbaxshligini ta’minladi. Sharq va keng ko‘lamda jahon adabiyoti tarkibida o‘zbek adabiyoti ham Qur’onni asrlar davomida turlicha o‘zlashtirgan va uning mavzulari asosida turfa asarlar yaratilgan. Qur’onning matni 14 asr davomida o‘zgargani yo‘q, o‘zgarmaydi ham. Aksincha undagi iboralar turli tillarga singib o‘tib, o‘ziga xos Qur’oniy iboralar sifatida turli xalqlarning maqol va matallariga asos soldi. Bir so‘z bilangina olam-olam ma’noni ifodalovchi iboralar jilolanib tarix nafasi jonlandi4. Qur’on matni o‘zgarmagan, islom dinini qabul etgan xalqlar tarixi zamon zayli bilan o‘zgarib borgan. Qur’on matni zamon va makonda mahalliy tarixiy muhit bilan muttasir bo‘lib, har bir xalq taraqqiyotining muayyan davrida o‘ziga tegishli xulosalar chiqargan, Qur’oniy mavzularni adabiy asarlarga kiritgan. Mazkur jarayon natijasida milliy adabiyotining Qur’on matni bilan sintezi asosida badiiy va diniy didaktik asarlar yaratilgan. Diniy, falasafiy va umuminsoniy haqiqatlarni ifodalagan Qur’oniy mavzular va diniy mafkura ramzlarining Yassaviy ijodidan muhim o‘rin olgani bunga yorqin dalildir. Yassaviy o‘zbek mumtoz adabiyotining bir necha janrlari va mavzularida samarali ijod qilgan. Yassaviyning irfoniy adib sifatida mumtoz adabiyotimimizga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Yassaviy Qur’onni va tariqat ilmini juda yaxshi bilgan shaxs bo‘lgan. Yassaviy Qur’onni shu qadar yaxshi o‘zlashtirgan ediki, Qur’on uning borlig‘iga va ijodiga singib ketgan edi. U yaratgan har bir she’rda bevosita va bilvosita Qur’onning ta’siri bilinib turadi. Ba’zi o‘rinlarda Qur’on oyatlari aynan berilgan bo‘lsa, bazi o‘rinlarda ularga ishora bilan, yani oyatlarining ma’nolarini nazarda tutuvchi gaplar bilan beriladi. Birgina “Ermish” radifli g‘azalini tahrir qiladigan bo‘lsak, g‘azalda bir baytning o‘zida ikki o‘rinda Qur’on oyatlari berilganini ko‘rishimiz mumkin. Ahamiyatli jihati shundaki Yassaviy Qur’on oyatlaridan shu qadar mohirlik bilan foydalanganki, asarning ma’nosi va ta’sir kuchi oshgan. Quyidagi misollar orqali Qur’on oyatlarini qay darajada mohirlik bilan ishlatilganini ko‘rishimiz mumkin:
M.Mirxoldor o‘g‘lining «Xoja Ahmad Yassaviy» [82] risolasida keltirilgan rivoyat shogirdlar tarbiyasiga oid shu fikrlarimizga monanddir: «Navbatdagi saboqlardan biri tugagach, ustozlari Shahobiddin Isfijobiy talabalarga, har biringiz keyingi darsga bir xo‘roz yoki tovuqni Olloh taolo ko‘rmaydigan joyda "bismil" qilib (ya’ni so‘yib) kelinglar, deb topshiriq berdi. Ertasiga hamma bolalar ustozi aytganlarini qilib kelsa, Ahmad bir xo‘rozni tiriklayin olib keladi. Ustoz, uzur men xo‘rozni “bismil” qila olmadim. Qaerga yashirib so‘ymoqchi bo‘lsam ham, Tangri taolo ko‘rib turar edi. Barakalla, ofarin, deb ustoz yosh shogirdining mustahkam iymon etiqodiga qoyil qoladi. Ustoz Ahmadning xulq-odobiga ofarinlar aytadi» [85-4]. Chunki hamma joyda ham haqiqat yaqqol ko‘rinib turadi, degan g‘oya bu rivoyatda ilgari suriladi. Movarounnahrda so‘fiylik g‘oyalarining tarqalishi Yusuf Hamadoniy maktabidan boshlangan. Abdulholiq G‘ijduvoniy va Xoja Ahmad Yassaviy, Yusuf Hamadoniyning izdoshlari, so‘fiylik oqimidagi turli yo‘nalishlarning yirik vakillaridir. So‘fiylikning ikkinchi maktabi Ahmad Yassaviydan boshlangan bo‘lib, Sulaymon Boqirg‘oniy va Said Ato Yassaviy uning shogirdlaridandir. Keyinchalik XV asrda Movarounnahrda so‘fiylikning yangi oqimi Naqshbandiya tariqati paydo bo‘lgan. Uning namoyandasi sifatida Zangi ota (Xoja Ahmad Yassaviyning jiyani)ni keltirish mumkin. Xo‘ja Xoja Ahmad Yassaviy dunyoqarashining shakllanishiga ta’sir qiluvchi kuch sifatida uning ustozi Yusuf Hamadoniy ta’limoti xizmat qiladi. Yusuf Hamadoniy ta’limoti uning shogirdlari, jumladan, Xoja Ahmad Yassaviy tomonidan ham rivojlantiriladi. Mashhur allomalar Ahmad Yassaviy, Abdulholiq G‘ijduvoniy tomonidan shakllantirilgan “Yassaviya” va “Naqshbandiya” suluklari Yusuf Hamadoniy tariqatining ikki yo‘nalishi edi. Xoja Yusuf Hamadoniy va uning ustozlari ulug‘ pirimiz kabilarning fikrlari Xoja Ahmad Yassaviy dunyoqarashlarining shakllanish ildizlari bo‘lib xizmat etadi va u o‘zining dunyoqarashlari bilan vahiylik maqomiga erishgan [104]. Bu maqomga, shuningdek, Abdulholiq G‘ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband kabi o‘nlab solih insonlar erishganlar va ustozlarining yo‘llarini o‘zlariga dastur qilib olganlar. Jumladan, Xoja Ahmad Yassaviy tariqati so‘fiylik ta’limotining bir bo‘lagi sifatida Ollohga shak keltirmaslikka, insonni baxtsizlikka eltuvchi nafsni yengishga, zaif, beva-bechoralarga yordam berishga undaydi. xalqni, hukmdorlarni iymon-e’tiqodga, insof-diyonatga, mardlikka da’vat qiladi. Ammo Yassaviylik ta’limotida dunyo lazzatlaridan voz kechish, kamtarona hayot g‘oyalari olg‘a surilgan. Xoja Ahmad Yassaviy o‘z e’tiqodiga umrining oxirigacha amal qilib yashaydi. Ta’magirlik, g‘arazgo‘ylikdan uzoqda bo‘ladi. Faqirona kiyinar, g‘ariblarcha yeb-ichar, tilovat va ibodat bilan mashg‘ul edi. Ruhi boy, komil inson Xoja Ahmad Yassaviy xalq orasida kambag‘al, g‘ariblarning himoyachisi sifatida katta shuhrat topdi. Ularni himoya qilish uslubi sifatida o‘z qarashlarini bayon qiladi. Yusuf Hamadoniy vafotidan keyinroq Xoja Ahmad Yassaviy salaflarning (uchinchisi) yetugi sifatida Buxoroda suluk yetakchisi bo‘lib qoladi. Ammo o‘z ta’limotiga sodiq Xoja Ahmad Yassaviy o‘z o‘rnini Yusuf Hamadoniyning boshqa bir shogirdi Abdulholiq G‘ijduvoniyga qoldirib, o‘zi payg‘ambar yoshi - 63 yoshidan boshlab, umrining oxirigacha yolg‘izlikni ixtiyor qiladi va Turkiston zaminining O‘tror shahri yaqinidagi Yassi shahrida g‘orda yashab hayot kechiradi. Bu yerda necha yil yashaganlari aniq emas. 26 Ammo hikmatlarida 125 yoshga (1041-1166-yil) kirganligi haqida ma’lumot berilgan [104]. Xoja Ahmad Yassaviy o‘z tariqatida din va tasavvuf g‘oyalarini targ‘iboti uchun she’rdan unumli foydalangan. Uning shogirdlari zikr chog‘ida Yassaviy yaratgan hikmatlarni ham yod o‘qiganlar. Xoja Ahmad Yassaviy uylangan. O‘g‘li Ibrohim Shayxzoda yoshlikda johil kimsalar qo‘lida qurbon bo‘lgan, qizlari Gavhar Xushtariy Yassaviy avlodlarining davomchisi ekanligi ayrim tarixiy manbalarda qayd qilingan [85-27]. Gavhar Xushtariy Xoja Vali Sulaymonga nikoh qilingan. Ulug‘ o‘zbek shoiri Atoiy hazrat Bahovuddin Naqshbandga ta’lim bergan. Husan Shayx Xoja Ahmad Yassaviy avlodlaridandir. Uning tog‘alari Latif ota va Mustafo quli ota ham shayxlik bilan nom chiqargan. Shoir Tohir Qahhorning yozishicha, ayni shu kunlarda ham Xoja Ahmad Yassaviyning avlodidan Shahobiddin Yassaviy Turkiyada yashamoqda [85-27]. Xoja Ahmad Yassaviy bir qator asarlar yozgan. Xo‘ja Hofiz “Devon”ini, Jaloliddin Rumiy “Masnaviy”sini “Qur’oni forsiy” deb atasalar, Xo‘ja Ahmad Yassaviyning "Devoni hikmat"ini "Qur’oni turkiy" deb e’zozlaydilar. O‘zi bu haqda: «Mening hikmatlarim koni hadisdur», - deb ta’kidlaydi. Darhaqiqat, Yassaviy o‘z she’rlariga hadislarni singdirib, ularni hikmatga aylantirdi. Yassaviy tariqati jahriya zikriga aylangan “G‘iyosul lug‘at” da “Jahr - oshkor kardan; ovozro baland karda xondan” ya’ni, oshkor qilmoq va baland tovush bilan o‘qimoqdir, deb aytilgan. Xuddi shu fikr “Devoni hikmat” da yozilgan:
Meni hikmatlarim xo‘blarga ayting,
Duo, takbir qilib rahmatga boting
Agar hikmat o‘qusa ayyuhannos,
Erur farzand menga ul tolibi xos [27-198].
Bu misralar jahriya zikriga ishoradir. Xoja Ahmad Yassaviy o‘zining 27 butun hayotini hikmatlar yozish bilan bir qatorda, qo‘l mehnatiga bag‘ishlagan. U chiviqdan suzgich to‘qish, yog‘ochdan qoshiq va cho‘mich yo‘nib sotish bilan tirikchilik qilgan [84-34]. Shuningdek, o‘zining shogirdlariga ham ilm olish bilan birga, kasb-hunar egallab, hunari orqasidan kun ko‘rish lozimligini uqtirgan. Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”i to‘rt bobdan: “Daryoi shariat”, “Rohi tariqat”, “Qulzumi haqiqat”, “Daryoi rahmat”dan iboratdir. Shuni ta’kidlash joizki, Ahmad Yassaviyning dunyoqarashi borasida, qizil imperiya davridagi islomshunoslar Yassaviy bilan naqshbandiya tariqatini bir-biriga zid qo‘yib, Yassaviyda tarkidunyochilik, go‘shanishinlik ustun bo‘lib, naqshbandiyada esa qo‘l-mehnat bilan dil-Olloh bilan band, ya’ni dunyoni tark etmay yashash deb talqin qilingan. Emishki, Yassaviyda tilamchilik qilish mumkin. Naqshbandiyada esa tilamchilikka qarshi kurashilgan. Bunday fikr noto‘g‘ri. Yassaviy tariqatida ham mehnat qilish farz, tekinxo‘rlik qilish gunoh sanalgan. Bu borada Xoja Ahmad Yassaviy shunday fikrni keltiradi: “Shayx uldurkim, niyoz olsa, uni miskin, g‘arib, bechora, yetim-yesirlarga bergan. Agar bu narzu niyozni yesa, go‘yo murdor et yemishini tanovul qilgan bo‘lur” [27-8]. Bugungi kunda yetim-yesirlarning haqqiga xiyonat qilayotganlar uchun bu hikmatlar katta ibrat bo‘la oladi. Hadislarni ravon she’riy tilga ko‘chirib, turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar orasiga yoyish Ahmad Yassaviyning buyuk xizmati hisoblanadi. Olloh taolo ta’limini, payg‘ambar alayhissalom o‘gitlarini turkiy tilda yoyish Yassaviy tariqatining maqsadidir. Shunisi alohida diqqatga sazovorki, naqshbandiya ta’limoti fors-tojik tilida, Yassaviy ta’limoti turkiy - o‘zbek tilida yaratilgan. Shuning uchun ham Yassaviy ta’limotini o‘zida mujassamlashtirgan hikmatlarni o‘zbek o‘quvchisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri anglab, ongiga singdira oladi. Har ikkala ta’limot namoyandasi ham bid’at, xurofot, jaholat, nodonlik, bosqinchilik, millatchilik kabi illatlarga qarshi kurashganlar. Zero, har ikkala suluk boshida payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bo‘lib, ular sunniy mazhab aqidalarini yoyishgan. 28 Bu fikrning mazmunini ochishni Xoja Ahmad Yassaviy tug‘ilib o‘sgan diyor tarixi bilan bog‘lash kerakligini o‘rinli deb topdik. Xoja Ahmad tug‘ilganda Sayram shahri turkiy xalqlarning taraqqiy etgan ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri edi. Bo‘lajak sultoni orifin Ahmad Yassaviyning tug‘ilgan joylarini aniq tayin qilishda "Sayram" risolasidagi ushbu to‘rtlik g‘oyat muhim ahamiyatga egadir. Jumladan, unda shunday misralarni o‘qiymiz: Asli Sayram Turkiston, Xoja Ahmad bundan chiqqan. Yassida vatan tutgan, Shahri Sayram emasmu! [85-4]. Bu satrlar bundan 1000 yillar ilgari bitilganligini e’tiborga olsak, bu yerda o‘z vaqtida 400 masjid, madrasa kabi ma’rifat maskanlari, yuzlab olimu fozillarni voyaga yetkazganligiga shubha qilmaymiz. Mo‘tabar kitoblarning bergan ma’lumotlariga qaraganda, u yerdan Qur’oni karimni tafsir qilgan Qozi Bayzoviy 30 dan ortiq kitoblar yozgan Lutfulla Saryomiy yetishib chiqqan. Xoja Ahmad Yassaviy ana shunday tuproqda kamol topdi. Suluklarning g‘oyaviy mazmuniga e’tibor qiladigan bo‘lsak, Bahovuddin Naqshband "Zohirda xalq bilan va botinda haq bilan" shiorini ko‘tarib chiqqan bo‘lsalar-da, xilvatni butunlay inkor etmaganlar [73]. Bu fikrlar Xoja Ahmad Yassaviy suluklariga ham to‘g‘ri keladi. Chunki u Arslonbob va Sayramdagi yetuk olimlardan (1048 yil otasi vafot etgach, yosh Ahmadning ta’lim tarbiyasi bilan onasi Oysha xotun shug‘ullangan) diniy-ilohiy bilimlar bilan bir qatorda, turli dunyoviy bilimlardan ham saboq olgan. Xoja Ahmad Yassaviy shajara jihatdan Muhammad payg‘ambarning kuyovi bo‘lmish hazrat Alining Hanifa ismli ayolidan tug‘ilgan Muhammad hanajitga tutashganligi uchun uning nomiga Xo‘ja nisbati qo‘shilib aytilishi ham sulukka e’tiborni qaratadi. U o‘zining "Rasoil" asarida qodir holiqqa ham, ongsiz xaloyiqqa ham sadoqatli Alloh suygan chin so‘fiylar va shayxlar qanday yo‘ldosh bo‘lishlari kerakligini tushuntirib shunday yozgan: “Chin shayx olgan sadaqalarini shunga ehtiyoj sezgan muhtojlar, g‘ariblarga ulashur. Mabodo, olgan sadaqalarini o‘z nafsiga ishlatsa, it tekkan taomdan harom bo‘lur. Agar zakotga olgan matosidan libos tikib, o‘zi kiysa, ro‘za namozi Alloh dargohida qabul bo‘lmas. Agar shayx olgan sadaqalarini o‘zi yesa, oxiratda Haq taolo unga do‘zaxda turli azoblar berur. Andog‘ shayxlarga qo‘l bergan muridlar ham kofir bo‘lurlar. Oxir zamonda mundog‘ la’natkarda shayxlar ko‘payur, ular qo‘zg‘agan g‘alayonlar dajjol g‘alayonlaridan ortiq bo‘lur. Mundog‘ shayxlar shariatga va tariqatga va haqiqatga va ma’rifatga xiyonat qilurlar...”[27-8].


Download 44.88 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling