I bob. Iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar
I BOB. IQTISODIYOT ASOSLARIGA QARSHI JINOYATLAR
Download 82.71 Kb.
|
iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar
I BOB. IQTISODIYOT ASOSLARIGA QARSHI JINOYATLAR
1.1. O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish Jinoyatning bevosita obyekti O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining asoslari, O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy tizimini bir maromda faoliyat olib borishini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlar. Obyektiv tomondan jinoyat respublika manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan, naf keltirmasligi ayon bo‘lgan bitimning tuzilishida ifodalanadi. Bitim deb, fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlariga aytiladi. Tuzilgan bitimning shakli qilmishning kvalifikatsiyasiga ta’sir etmaydi, ammo aybdorga jazo tayinlashda sud tomonidan inobatga olinishi lozim. Bitim tuzish - bu bitimning barcha shartlari bo‘yicha shaxs (taraf)ning o‘z erkini qonunda nazarda tutilgan tarzda ifodalashidir. Kuyidagi ikki shartga rioya qilgandagina bitim tuzilgan hisoblanadi: 1) bitimning barcha shartlari bo‘yicha erk-iroda ifodalangan bo‘lishi kerak; 2) erkning ifoda etilish shakli bitimlarga qo‘yilgan barcha talablarga javob berishi kerak. Ko‘yilgan talablarga rioya qilinganda bitim tuzilgan hisoblanadi, aks holda bitim haqida gapirishga hojat ham yo‘q. Agar erk qonunda nazarda tutilganidan boshqacha shaklda ifodalansa va bitimni ro‘yxatdan o‘tkazish (masalan, ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq shartnomalar) talabiga rioya etilmagan bo‘lsa, uni tuzilgan deb bo‘lmaydi, chunki u haqiqiy hisoblanmaydi, ya’ni fuqarolik huquq va majburiyatlarini yuzaga keltirmaydi, o‘zgartirmaydi va tugashiga olib kelmaydi. Bunday holda aybdorning harakatlarini JK 25-moddasi 2-qismi va 175-moddasi 1-qismi (javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar bo‘lmaganda) bo‘yicha JK 175- moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishga suiqasd qilish deb kvalifikatsiya qilinadi. Naf keltirmaydigan bitim deganda, shartlari davlat manfaatlariga zid keluvchi bitimni tushunish zarur (masalan, mahsulot yetkazib berish bahosining aniq pasaytirilganligi yoki mahsulotni olish, uni transportda tashish narxlarini aniq oshirib ko‘rsatish; davlat mulkini tasarruf qilishda past narxlash, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy sanktsiya qo‘llagan rezidentlar bilan savdo operatsiyalarini amalga oshirish va hokazolar). O‘zbekiston Respublikasi manfaatlari deganda, samarali bozor iqtisodiyotini yaratish, mulkiy va ashyoviy munosabatlarni, umummilliy qadriyatlarni himoya qilish, tovar mustaqilligiga erishish va shu kabilar tushuniladi. Ko‘rsatib o‘tilgan manfaatlar bitimlarni tuzishga alohida talablar belgilangan qonunchilikda aks ettirilgan va mustahkamlangan, shu jumladan bu savdo operatsiyalarini o‘tkazish va tuziladigan tashqi iqtisodiy bitimlarga ham taalluqli. Jinoyat obyektiv tomonining zaruriy belgisi O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga xilof ravishda bitim tuzilishi natijasida ko‘p miqdorda zarar yetkazilishi hisoblanadi. Ko‘p miqdordagi zararni aniqlashda «zarar» tushunchasi jinoiy qilmishdan ko‘rilgan zararnigina o‘z ichiga olishini nazarda tutish lozim. Zarar miqdorini aniqlashda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitim tuzish sababli boy berilgan naf e’tiborga olinmaydi. Agar bitim tuzilishi natijasida respublika manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan bo‘lsa, jinoyat tugallangan deb hisoblanadi. Subyektiv tomondan jinoyat faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Mansabdor shaxs bitim tuzilgunga qadar uning Respublika manfaatlari uchun naf keltirmasligini bilishi kerak. Bitimning O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zid tuzilganligi ishga tegishli mutaxassislar jalb qilinib aniqlanishi lozim . Agar mansabdor shaxs o‘zining xizmat vazifasiga sovuqqonligi natijasida shunday bitim tuzsa, uning xatti-harakati JK 207-moddasiga binoan (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) kvalifikatsiya qilinadi. Jinoyatning motiv va maqsadi har xil bo‘lishi mumkin, ammo u kvalifikatsiyaga ta’sir qilmaydi. Agar jinoyat sodir etilishiga aybdorda g‘araz yoki boshqa past niyatlar bo‘lganligi aniqlansa, bunday jinoyatni kvalifikatsiya qilishda Jinoyat kodeksining hokimiyat va mansab mavqeidan foydalanib sodir etiladigan tegishli jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilovchi moddalari bilan kvalifikatsiya qilinadi. Masalan, agar sharhlanayotgan jinoyat pora olish evaziga sodir etilgan bo‘lsa, aybdorning harakatlari jinoyatlar majmui tariqasida JK 175 va 210-modda (Pora olish)lari bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi kerak. Agar aybdor bitim tuzishi bilan O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy xavfsizligiga putur yetkazmoqchi ekanligi aniqlansa, uning harakatlari JK 157-moddasi bilan davlatga xoinlik qilish sifatida qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinadi. Sharhlanayotgan jinoyatning subyekti JK 175-moddasida ko‘rsatilgan davlat organi, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa, tashkilot yoki jamoat birlashmasining faqat mansabdor shaxslari bo‘lishi mumkin. («Mansabdor shaxs» tushunchasi haqida JK 205-moddasi tahliliga qarang.) Davlat organi deganda, davlatning jamiyat ustidan rahbarlik qilishida vujudga kelgan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan hokimiyat vakolatlari va vositalari bilan ta’minlangan davlat mexanizmining tashkillashgan qismini tushunish zarur. Davlat organi sifatida bitta mansabdor shaxs yoki mansabdor shaxslarning tashkillashgan guruhi bo‘lishi mumkin. Korxona — yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan, mulkchilik huquqi yoki xo‘jalikni to‘la yuritish huquqi bo‘yicha o‘ziga qarashli mol-mulkdan foydalanish asosida mahsulot ishlab chiqaradigan va sotadigan yoki mahsulotni ayirboshlaydigan, ishlarni bajaradigan, xizmat ko‘rsatadigan, mulkchilikning barcha shakllarida teng huquqlilik asosida amaldagi qonunlarga muvofiq o‘z faoliyatini amalga oshiradigan mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt hisoblanadi 1 . Muassasa boshqaruv, ijtimoiy-madaniy yoki boshqa notijorat vazifalarni amalga oshirish uchun mulkdor tomonidan tashkil etilgan va to‘la yoki qisman moliyaviy ta’minlab turiladigan tashkilot hisoblanadi 2 . Tashkilot deganda, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashkil qilingan har qanday tijorat yuridik shaxs, shuningdek, xorijiy yuridik shaxslar, kompaniyalar hamda fuqarolik huquq layoqatiga ega va xorijiy davlatlar qonunchiligiga muvofiq tuzilgan boshqa korporativ uyushmalar tushuniladi. Jamoat birlashmalari ma’naviy yoki o‘zga nomoddiy ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun o‘z manfaatlarining mushtarakligi asosida qonunda belgilangan tartibda birlashgan fuqarolarning ixtiyoriy birlashmalari hisoblanadi. Bunga o‘smirlar, yoshlar, nogironlar, ilmiy, texnikaviy, madaniy, sport va boshqa fuqarolar birlashmalari misol bo‘la oladi. Siyosiy partiyalar, ommaviy harakatlar, kasaba uyushmalari, xotin-qizlar, o‘smirlar va bolalar tashkilotlari, veteranlar va nogironlar tashkilotlari, ilmiy-texnikaviy, madaniy-ma’rifiy, fizkultura-sport va boshqa ko‘ngilli jamiyatlar, ijodiy uyushmalar, yurtdoshlar uyushmalari, assotsiatsiyalar va fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmalari deb e’tirof etiladi. Shaxsga bitimlarni tuzish bo‘yicha qonunda belgilangan tartibda vakolat berilgandagina uni javobgarlikka tortish mumkin. Aks holda uning harakatlarini JK 175-moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish mumkin emas. Agar etarli dalillar bo‘lsa, aybdor shaxs bu bitimdan manfaatdor bo‘lsa, uning harakatlari firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin. JK 175-moddasi 2-qismida O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitim tuzishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxs qilmishni: a) takroran; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; JK 175-moddasining 2-qismi «a» va «b» bandlarida ko‘rsatilgan alohida kvalifikatsiya qilinadigan belgilar oldin sharhlangan bosqinchilik belgilarini takrorlaydi va ushbu jinoyatga nisbatan hech qanday maxsus o‘ziga xos xususiyatlarga ega emas. Sharhlanayotgan moddaning 3-qismiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitim tuzish: a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa javobgarlik yuzaga keladi. Sharhlanayotgan moddaning 4-qismiga muvofiq, yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, shaxs jazodan ozod etiladi. Download 82.71 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling