I bob. Iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar
Qalbaki pul, Aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish
Download 82.71 Kb.
|
iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar
1.2. Qalbaki pul, Aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish
Qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazishning ijtimoiy xavfliligi qog‘oz pul yoki qimmatli qog‘ozlar ko‘payib ketishiga, ya’ni pul va tovar massasi o‘zaro mutanosibligining buzilishiga sabab bo‘ladi. Muomalada tovar bilan ta’minlanmagan qog‘oz pullar paydo bo‘ladi, bu esa pulning qadrsizlanishiga, iqtisodiy beqarorlikka sabab bo‘ladi, davlat iqtisodiyotining asoslariga putur yetkazadi. Jinoyatning bevosita obyekti davlatning pul va kredit tizimi hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning normal faoliyat olib borishini ta’minlovchi munosabatlar. Jinoyatning predmeti bank biletlari (banknotlar), ya’ni puldir. O‘zbekiston Respublikasining pul birligi so‘m, shuningdek, metall tangadir. Jinoyatning predmeti O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining bank biletlari (banknotlar), shuningdek, metall tangalar, Aksiz markalar, O‘zbekiston Respublikasi valutasidagi qimmatli qog‘ozlar, chet el valutasi, chet el valutasidagi qimmatli qog‘ozlar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»1 154-1-son Qonunining 32-moddasiga ko‘ra bank bileti hisoblangan so‘m pullar (so‘mlar) — 1 so‘mdan 1000 so‘mgacha bo‘lgan shaklda muomalaga kiritiladi. O‘zbekiston Respublikasining har qanday metall tangalari, shu jumladan oltin, kumush va platina tangalar (bu tangalar soni cheklanganligi tufayli, asosan, to‘lov vositasidan ko‘ra ko‘proq, kollektsiya buyumi sifatida foydalaniladi). Bank biletlari (banknotlar) O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan emissiya qilinadi. Aksiz markalari markirovkalanishi shart bo‘lgan mahsulotni ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning talabnomalari bo‘yicha Aksiz markalari uchun haq to‘lanib, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy organlarida ro‘yxatdan o‘tilganidan keyin «Agrobank»ning mintaqaviy bo‘limlari tomonidan beriladi. Aksiz markasi Aksiz solig‘i to‘langaniga dalildir. Aksiz markalari qat’iy hisobda turadigan blanklar hisoblanadi. FK 96-moddasiga muvofiq, «mulkiy huquqlarni belgilangan shaklga va majburiy rekvizitlarga amal qilgan holda tasdiqlovchi hujjatlar qimmatli qog‘ozlar hisoblanib, ular taqdim etilgan taqdirdagina mazkur huquqlarni amalga oshirish yoki boshqa shaxslarga berish mumkin bo‘ladi». Qimmatli qog‘ozlar jumlasiga: obligatsiyalar, veksellar, cheklar, depozit va jamg‘arma sertifikatlari, bankning taqdim qiluvchiga pul beriladigan jamg‘arma daftarchasi, konosament, aksiya hamda qonun hujjatlari bilan qimmatli qog‘ozlar jumlasiga kiritilgan boshqa hujjatlar kiradi. O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 7 mayda qabul qilingan «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi: Qonuniga muvofiq, chet el valutasi jumlasiga tegishli xorijiy davlatda muomalada bo‘lgan va qonuniy to‘lov vositasi hisoblangan banknot ko‘rinishdagi chet el pullari, shuningdek, muomaladan chiqarilgan yoki muomaladagi, ammo O‘zbekiston Respublikasi pul belgilariga almashtirilishi lozim bo‘lgan chet el pullari; hisobvaraqlarda va omonatlarda bo‘lgan xorijiy davlatlarning pul birliklaridagi va xalqaro hisob-kitob birliklaridagi mablag‘lar kiradi. Chet el valutasidagi qimmatli qog‘ozlar — chet el valutasidagi fond boyliklari (aksiyalar, obligatsiyalar va boshqalar), chet el valutasidagi to‘lov hujjatlari (cheklar, veksellar, akkreditivlar va boshqalar), shu jumladan yo‘l cheklaridir. Obyektiv tomondan jinoyat o‘tkazish maqsadida qalbaki bank biletlari(banknotlar), metall tangalar, Aksiz markalar, qimmatli qog‘ozlar yoxud chet el valutasi yoki chet el valutasidagi qimmatli qog‘ozlar yasashda va ularni o‘tkazishda ifodalanadi. Qalbaki biletlar yoki qimmatli qog‘ozlar yasash (soxta pul yasash) deganda, mazkur narsalarni to‘la yasash yoxud haqiqiy qog‘oz pullar yoki qimmatli qog‘ozlarga qisman o‘zgartirishlar kiritish (shu narsalarning raqamlarini yoki boshqa zaruriy qismlarini o‘zgartirish) tushuniladi. Qalbaki biletlar yoki qimmatli qog‘ozlarni yasash usullari har xil bo‘lishi mumkin. Bu fotosuratlar, kompyuter texnikasidan foydalanish, chizish, matbaa yo‘li bilan pul yoki qimmatli qog‘ozlarni bosma usulda chiqarish va h.k. usullari bo‘lishi mumkin. Jinoyatning kvalifikatsiyasi uchun uni sodir etish usullarining ahamiyati yo‘q. Biroq, qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlarning barcha o‘lchamlari, zaruriy belgilari, ya’ni rekvizitlari haqiqiysiga chindan ham o‘xshash bo‘lishi jinoyatni kvalifikatsiya qilishning zaruriy sharti hisoblanadi. Aks holda, aybdorning harakatlarini ko‘rib chiqilayotgan modda bo‘yicha kvalifikatsiya qilish mumkin emas. Masalan, shaxsning jurnaldan yangi pulning namuna nusxalarini qirqib olib, ularni yopishtirib sotishga urinishini qalbaki pul yasash yoki ularni o‘tkazish deb bo‘lmaydi. Bunday qilmish muayyan sharoitda firibgarlik deb baholanishi mumkin. Chunki bunday pullar muomalada bo‘la olmaydi va davlatning pul-kredit tizimi asoslariga putur yetkazmaydi. Pul birliklari, Aksiz markalari, qimmatli qog‘ozlarni to‘la yoki qisman qalbakilashtirish (nominalini o‘zgartirish, Aksiz marka va qimmatli qog‘ozlarning rekvizitlarini o‘zgartirish) mumkin. Qalbakilashtirish shakli kvalifikatsiyaga ta’sir etmaydi, ammo jazo tayinlashda sud tomonidan inobatga olinishi mumkin. Qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, agar ularni o‘tkazish maqsadi borligi aniqlansa, loaqal bir nusxa yasalgan paytdan e’tiboran tugallangan jinoyat hisoblanadi. O‘tkazish deganda, ularni muomalaga kiritish, ya’ni ulardan to‘lov, ayirboshlash, hadya qilish vositasi sifatida foydalanish va shu narsalarning muomalada bo‘lishiga imkon beradigan boshqa harakatlarni sodir etish tushuniladi. Aybdorning qalbaki pullar yoki qimmatli qog‘ozlarga jismoniy, yuridik shaxslar yoki davlatga tegishli bo‘lgan mulkni sotib olishini jinoyatning qalbaki predmetlarini o‘tkazish deb hisoblash lozim. Qalbakilashtirilganligi oldindan ma’lum bo‘lgan predmetlarni keyinchalik haqiqatda o‘tkazish uchun olish JK 176-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishga jinoiy jazolanadigan tayyorgarlik ko‘rishni vujudga keltiradi (JK 25-moddasi 2-qismi). Bir dona bo‘lsada, qalbaki predmet qabul qilingan yoki haqiqiy pul belgisi, Aksiz marka yoki qimmatli qog‘oz sifatida foydalanilgan vaqtdan boshlab jinoyat tugallangan hisoblanadi. O‘tkazilgan paytida qalbakilashtiruvchi shaxsning aldovi fosh etilishi (basharti bu shaxs uni tayyorlash bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa) jinoyat sodir etishga suiqasdni tashkil etadi. Qalbaki pul birliklarining muomalaga kiritilishi natijasida nafaqat davlatning pul-kredit tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatiladi, balki o‘zgalarning mulkiga (berilgan tovar va ko‘rsatilgan xizmat uchun haq sifatida, ayirboshlashda, qarz berishda, oldi-sotdida va boshqalar) ham zarar yetkaziladi. Bunday hollarda, jinoyatni faqatgina JK 176-moddasi bilan javobgar qilish yetarli, o‘zganing mulkini talon-toroj qilish uchun javobgarlik belgilangan moddalar bo‘yicha qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi. Agar qalbakiligi aybdorga ayon bo‘lgan valuta qimmatliklari ko‘rinishidagi, pul muomalasida qo‘llanishini istisno qiladigan darajada haqiqiysiga ro‘y-rost o‘xshamaydigan kupyuralar o‘tkazilgan bo‘lsa, shuningdek, aybdorda jabrlanuvchini qo‘pol ravishda aldash niyati bo‘lganligidan guvohlik beruvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lsa bunday qilmish Jinoyat kodeksi 176-moddasining tegishli qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab qilinmaydi. Pul-buyum lotereya biletlari va boshqa hujjatlarni ishlab chiqarish, qalbakilashtirish yoki ularni o‘tkazish JK 176-moddasi bilan javobgarlikni yuzaga keltirmaydi. Pulbuyum lotereya biletlari va boshqa hujjatlarni qalbakilashtirish yoki ularni o‘tkazganlik uchun JK 168-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi kerak. Subyektiv tomondan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. O‘tkazish maqsadining borligi qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasashning zaruriy belgisidir. O‘tkazish maqsadining borligi qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasashning zaruriy belgisidir. Shaxs qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlarni o‘tkazish maqsadida emas, aytaylik, o‘zi uchun, masalan, o‘z qobiliyati mahoratini ko‘rsatish va h.k. uchun yasagan hollarda uning harakatlari jinoiy qilmish hisoblanmaydi. Qalbaki pullar yoki qimmatli qog‘ozlarni o‘tkazish faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir etilishi mumkin. Aybdor shaxs qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlarni o‘tkazayotganini oldindan bilgan bo‘lishi kerak, agar u soxta pul yoki qimmatli qog‘ozlarni o‘tkazayotganligini bilmagan bo‘lsa, uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaydi. Jinoyatning subyekti 16 yoshga to‘lgan, har qanday aqli raso jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin. JK 176-moddasi 2-qismida: a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; b) ko‘p miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan, o‘tkazish maqsadida qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasaganlik yoki ularni o‘tkazganlik uchun javobgarlik nazarda tutiladi. JK 176-moddasi 3-qismida: a) juda ko‘p miqdorda; b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Download 82.71 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling