I bob. Korporativ moliyaning mohiyati va uning tashkil etilishi reja
Download 22.26 Kb.
|
Молия
Moliyaviy-xoʻjalik faoliyati boʻyicha oʻz-oʻzini tartibga solish prinsipi
mavjud moddiy, mehnat va moliyaviy resurslardan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish va ilmiy-texnik taraqqiyot boʻyicha qarorlar qabul qilish va ularni amalga oshirishda korxonalarga toʻliq mustaqillik taqdim etilganligini oʻzida ifodalaydi. Korxonalar ishlab chiqariladigan mahsulot (xizmat)ga talabdan kelib chiqqan holda rivojlanish istiqbollarini belgilaydi va oʻz faoliyatini rejalashtiradi. Tezkor va joriy rejalar asosini xaridorlar bilan tuzilgan mahsulot yetkazib berish va mol yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan moddiy resurslar bilan ta’minlash boʻyicha tuzilgan shartnomalar tashkil etadi. Moliyaviy rejalar biznes rejada koʻzda tutilgan tadbirlarni pul mablagʻlari bilan ta’minlashga, shuningdek, davlat budjeti bilan hisob-kitoblarni kafolatlashga qaratilgan. Aylanma mablagʻlarni toʻldirish oʻz moliyaviy resurslari (sof foyda), zarur holatlarda qarz mablagʻlari va boshqa jalb qilinadigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi. Oʻz xarajatlarini oʻzi qoplash prinsipi korxonani rivojlantirish uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar sof foyda va amortizatsiya ajratmalari hisobiga qamrab olinishini nazarda tutadi. Bu mablagʻlar tegishli korxona xususiy kapitalining minimal iqtisodiy samaradorligini ta’minlashga qaratilgan. Korxona oʻz xarajatlarini oʻzi qoplashda takror ishlab chiqarish jarayonini oʻz manbalari hisobiga moliyalashtiradi va tegishli budjetlarga soliqlar toʻlaydi. Amaliyotda mazkur prinsipga amal qilish barcha korxonalarda samarali ishlashni va zararlarni tugatishni talab qiladi. Oʻz xarajatlarini oʻzi qoplashdan farqli ravishda oʻz-oʻzini moliyalashtirish nafaqat samarali faoliyat koʻrsatish imkonini beradi, balki tadbirkorlik faoliyati asosida moliyaviy resurslarni shakllantirish imkonini ham yaratadi. Oʻz-oʻzini moliyalashtirish prinsipi shartnoma majburiyatlariga, kredit-hisob-kitob va soliq intizomiga rioya qilish orqali korxonalarda moddiy javobgarlikni kuchaytirish imkonini beradi. Xoʻjalik shartnomalari shartlarini buzish natijasida jarimalar toʻlash, shuningdek, boshqa tashkilotlarning zararlarini qoplash mahsulot yetkazib berish boʻyicha majburiyatlarni bajarishdan korxonani ozod qilmaydi. Oʻz-oʻzini moliyalashtirish prinsipini amalga oshirish uchun quyidagi shartlarga rioya qilish lozim: – joriy va investitsion faoliyat boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun yetarli miqdorda oʻz kapitalini jamgʻarish; – kapitalni joylashtirish uchun maqbul yoʻnalishlarni tanlash; – asosiy kapitalni doimiy ravishda yangilab borish; – tovar va moliya bozorlari talabiga moslasha olish. Korporativ moliyani boshqarish amaliyotida pul oqimlari sinxronligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Chunki pul oqimlari oʻzaro mosligini ta’minlash faoliyat uzluksizligiga xizmat qiladi. Buning uchun esa kapitalni oqilona joylashtirish va bozor talablariga tez moslashuvchanlik doimiy nazoratga olinishi lozim boʻladi. Aylanma mablagʻlarni shakllantirish manbalarini oʻz va qarz manbalariga ajratish prinsipi alohida tarmoqlarda ishlab chiqarishni tashkil etish va texnologik xususiyatlarga koʻra belgilanadi. Mavsumiylik xususiyatiga ega tarmoqlarda (savdo, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va boshqalar) aylanma mablagʻlarni shakllantirishning qarz manbalarining ulushi yuqoriligini kuzatish mumkin. Mavsumiylik xususiyatiga ega boʻlmagan tarmoqlarda (ogʻir sanoat, transport, aloqa) aylanma mablagʻlarni shakllantirish manbalari tarkibida oʻz aylanma mablagʻlari ustunlikka ega boʻladi. Moliyaviy zaxiralar tashkil etish hamkorlar oldida oʻz majburiyatlarini bajarmaslik natijasida moddiy javobgarlikning oʻsib borishi, bozor konyukturasining mumkin boʻlgan tebranishlari sharoitida korxonalarda barqaror faoliyatni ta’minlash uchun zarurdir. Aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy zaxiralar qonunchilikda belgilangan tartibda sof foyda hisobidan shakllantiriladi. Boshqa xoʻjalik sub’ektlarida esa moliyaviy zaxiralar ta’sis hujjatlari asosida tashkil etiladi. Masalan, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar oʻzining ustavida nazarda tutilgan, lekin oʻz ustav kapitalining oʻn besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda zaxira fondini vujudga keltirishi mumkin. MChJ zaxira fondi jamiyatning ustavida belgilangan miqdorga yetgunga qadar har yili sof foydadan ajratmalar qilish yoʻli bilan shakllantiriladi. Har yilgi ajratmalar miqdori jamiyat ustavida belgilab qoʻyiladi, lekin u jamiyat ustavida belgilangan miqdorga yetgunga qadar sof foydaning besh foizidan kam boʻlishi mumkin emas. Amaliyotda mazkur prinsiplarga rioya qilishni ta’minlash korporativ moliyani boshqarish tizimlarini tashkil etish va moliyaviy siyosatni ishlab chiqish orqali amalga oshirilishi lozim. Bunda quyidagilarni hisobga olish maqsadga muvofiq: – faoliyat doirasi va yoʻnalishlari (mahalliy yoki xalqaro doirada; eksport yoki import); – tarmoq xususiyatlari; – tadbirkorlik faoliyatining tashkiliy-huquqiy shakllari. Keltirilgan prinsiplarga rioya qilish korxonalarning moliyaviy barqarorligi, toʻlovga layoqatliligi, daromadliligi va bozordagi faolligini ta’minlaydi. Bugungi kunda biznesni tashkil etish uni amalga oshirishning turli xil shakllarini taqozo etadi. Biror bir shaklni tanlash koʻp sonli omillarga bogʻliq holda amalga oshiriladi va quyidagilarni aniqlash lozim boʻladi: belgilangan asosdagi tashkiliy-huquqiy xususiyatlar; kapital egalari oʻrtasidagi munosabatni oʻzida ifodalovchi mulkchilik shakli; nafaqat texnologik jarayonlar, shu bilan birga resurslar, shu jumladan moliyaviy resurslarni ham talab qilish darajasiga koʻra faoliyat xususiyatlari. Bulardan tashqari biznesni tashkil etish nuqtai nazaridan tabiiy-iqlim va geografik sharoitlarni ham hisobga olish lozim boʻladi. Umuman keltirib oʻtilgan sharoitlardan kelib chiqqan holda korxonalardan resurslarni oʻzlashtiribgina qolmasdan qoʻyilgan maqsadlarga erishish ham talab etiladi. Natijada iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, davlat, milliy, global ahamiyat kasb etuvchi masalalar oʻz yechimini topishi mumkin. Shunda tashkil etiladigan biznes faoliyati muvaffaqiyat keltirishi bilan birga kutilgan natijaga erishish va eng asosiysi maqsadlarga erishish imkonini beruvchi biznez jarayonini doimiy yangilab borishga ham imkon beradi. Download 22.26 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling