31-modda. Hayvonot bog‘lari
Hayvonot bog‘lari ekologik ta’lim-tarbiya ishlarini yo‘lga qo‘yish, hayvonlarning nodir ekzotik va mahalliy turlari ekspozitsiyalarini yaratish, ularning irsiy fondini saqlab qolish, yovvoyi hayvonlarni o‘rganish hamda ularni tutqunlikda ko‘paytirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish maqsadida barpo etiladi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik hayvonot bog‘lari madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tabiatni muhofaza qilish muassasalari hisoblanadi.
Yer maydonlari barcha tabiiy zaxiralari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qo‘yiladigan tartibda xo‘jalik maqsadlarida foydalanishdan tortib olinib, hayvonot bog‘lariga beriladi.
Hayvonot bog‘larining hududida ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga aloqasi bo‘lmagan hamda bu bog‘lardagi hayvonlarning hayoti uchun qulay sharoitni saqlab qolishga tahdid qiluvchi faoliyat bilan shug‘ullanish man etiladi.
Hayvonot bog‘larining hududida ular oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishni ta’minlash maqsadida:
hayvonlarni bir joyda asrash va ulardan madaniy hamda bilimni oshirish maqsadlarida foydalanish uchun ekspozitsiya tegrasi;
sarhadida ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan ilmiy tegralar (bunday tegraga kirishga ruxsat hayvonot bog‘ining ma’muriyati belgilab qo‘yadigan tartibda beriladi);
hayvonot bog‘i tomoshabinlarining dam olishi va ularga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish uchun rekreatsiya tegrasi;
yordamchi xo‘jalik obyektlarini joylashtirish uchun xo‘jalik tegrasi ajratib beriladi.
Hayvonot bog‘lari jonivorlarning ko‘chma ekspozitsiyalarini tashkil etishlari, jonivorlarni ozuqa bilan ta’min etish maqsadida barpo etiladigan yordamchi xo‘jaliklarga ega bo‘lishlari mumkin.
32-modda. Baliq xo‘jaligi tegralari
Nodir, yo‘qolib borayotgan baliq turlari va boshqa suv jonzotlarini muhofaza etish va ko‘paytirish maqsadida, shuningdek baliq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suv obyektlari yoki ularning bir qismi baliq xo‘jaligi tegralari deb e’lon qilinishi mumkin.
Suv obyektlarining baliq xo‘jaligi tegralaridagi ish tartibi tabiatni muhofaza qilish va suv xo‘jaligi idoralari taqdimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi.
Baliq xo‘jaligi tegralarida baliqlar va boshqa suv jonzotlarini muhofaza qilish hamda ularni ko‘paytirish bilan bog‘liq sharoitlarga zarar yetkazuvchi har qanday xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanish man etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |