Oila huquqining asosiy prinsiplari quyidagilardan iboratdir:
1. Oilaning jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lishi.
Bu prinsip mamlakatimiz birinchi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan qoidaga asoslanadi. Unga ko‘ra, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega.
Oila jamiyat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega, deyilganda, mamlakatda mavjud bo‘lgan jamiyatlar va jamg‘armalar tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarning oilaga ham moddiy, ham ma’naviy yordam berishi tushuniladi. Bu qoida mustaqil mamlakatimiz Konstitutsiyasida ilk bor belgilangan yangi qoidadir.
O‘zbekistonda jamoat tashkilotlari har xil jamg‘armalar hisobidan oilani mustahkamlash, bolalar manfaatini himoya qilish uchun turli moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatdagi jamoat tashkilotlari tarkibiga kasaba uyushmalari, jamg‘armalar, yoshlar va xotin-qizlar harakatlari, kasbiy assotsiatsiyalar, klublar va boshqalar kiradi.
2. Barcha fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi.
Oila huquqida barcha fuqarolar millati, irqidan qat’i nazar teng ekanligi ifodalangan. Konstitutsiyaning 18-moddasiga muvofiq, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bu xalqlar do‘st va birodarligini ifodalovchi o‘zgarmas qoida bo‘lib, uning oila huquqida aks etishi odamlarning turli millatlarga tegishliligi yoki irqqa mansubligi oilaviy munosabatlarda hech qanday ahamiyatga ega emasligini anglatadi.
Hamma oilaviy munosabatlarda ayol bilan erkak teng huquqliligi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasiga binoan, “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”. Bu prinsip Oila kodeksining 2-moddasida quyidagicha ifodalangan: oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |