184-modda. Bojxona nazorati uchun zarur bo‘ladigan hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etish
Bojxona organi bojxona nazoratini o‘tkazish uchun:
nazorat qilinishi bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan faoliyatni amalga oshiruvchi vakolatli shaxslardan va boshqa shaxslardan bojxona nazoratini o‘tkazish uchun zarur hujjatlar va ma’lumotlarni;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlardan va boshqa organlardan bojxona nazoratini o‘tkazish uchun zarur hujjatlar va ma’lumotlarni talab qilib olish huquqiga ega.
Hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etish to‘g‘risida so‘rov yo‘llangan, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar va organlar ushbu hujjatlar va ma’lumotlarni bojxona organiga mumkin qadar qisqa muddatlarda yuborishi shart.
Bojxona deklaratsiyasi hamda bojxona nazoratini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar tovarlar bojxona nazorati ostida turgan tovar maqomini yo‘qotgan yildan keyingi yildan e’tiboran uch yil davomida saqlanadi.
185-modda. Bojxona organlari mansabdor shaxslarining bojxona nazorati ostida turgan tovarlar saqlanadigan joylarga kirishini ta’minlash
Binolarida va hududlarida bojxona nazoratidan o‘tishi lozim bo‘lgan tovarlar va (yoki) transport vositalari, bojxona nazorati uchun zarur hujjatlar turgan yoki turishi ehtimoli bo‘lgan yoxud nazorat qilinishi bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar shu binolarga va hududlarga bojxona organlarining mansabdor shaxslariga ular xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan taqdirda kirish imkonini beradi. Agar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida yoki xalqaro shartnomalarida davlat organlari mansabdor shaxslarining alohida obyektlarga kirishi uchun boshqacha tartib belgilangan bo‘lsa, bojxona organlarining mansabdor shaxslari bu obyektlarga O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida yoki xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda kirishga haqli.
186-modda. Bojxona nazorati uchun zarur yuk operatsiyalarini va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish
Bojxona organining talabiga ko‘ra vakolatli shaxs tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan yuk operatsiyalarini amalga oshirishi, shuningdek bojxona nazoratidan o‘tishi kerak bo‘lgan tovarlarning o‘rov-idishini ochishi, ularni tarozida tortishi yoki boshqacha tarzda ularning miqdorini aniqlashi shart.
Tovarlar va (yoki) transport vositalari bilan amalga oshiriladigan yuk operatsiyalari hamda boshqa operatsiyalar bojxona organi uchun biror-bir qo‘shimcha xarajatlar keltirib chiqarmasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |