142-modda. Ruxsatnomani bekor qilish
Ruxsatnoma quyidagilar asosida bekor qilinadi:
vakolatli shaxsning ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasiga ko‘ra;
ruxsatnoma qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Ruxsatnoma ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan hollarda bojxona organi tomonidan, ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda esa sud tomonidan bekor qilinadi.
Ruxsatnoma bekor qilingan taqdirda, u bojxona organlariga qaytarilmaydi.
Ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risidagi sud qarori ruxsatnoma berilgan sanadan e’tiboran amal qiladi.
Ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risidagi sud qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
III bo‘lim. Transport vositalariga va tovarlarning ayrim toifalariga nisbatan bojxona rejimlarining qo‘llanilishi
22-bob. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalarini olib o‘tish
143-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalari
Bojxona nazoratida turgan tovarlarni va (yoki) yo‘lovchilarni haq evaziga yoki bepul tashish uchun foydalaniladigan transport vositasi tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasidir.
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan, transport vositasi bilan birga tashiladigan standart ehtiyot qismlar, ashyolar va uskunalar, standart baklardagi moylash materiallari va yoqilg‘i, shuningdek ashyo-anjomlar bojxona maqsadlari uchun mazkur transport vositasining ajralmas qismi deb qaraladi. Ashyo-anjomlarga quyidagilar kiradi:
harakatlanish yo‘lida yoki oraliq to‘xtab o‘tish yoxud to‘xtab turish joylarida daryo va havo kemalari, poyezdlar, shuningdek avtotransport vositalari normal ishlatilishini hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tovarlar;
daryo va havo kemalarining bortida, avtotransport vositalarida yo‘lovchilar va ekipajlar a’zolari iste’mol qilishi uchun yoki poyezdlarda yo‘lovchilar va poyezd brigadalarining xodimlari iste’mol qilishi uchun mo‘ljallangan tovarlar, bu ashyo-anjomlar sotilishidan yoki sotilmasligidan qat’i nazar;
daryo va havo kemalarining, poyezdlarning, shuningdek avtotransport vositalarining yo‘lovchilariga hamda ekipaj a’zolariga mazkur ashyo-anjomlarini transport vositalarida iste’mol qilish maqsadisiz sotish uchun mo‘ljallangan tovarlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |