28-modda. Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda ulushlarni aniqlash
Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda hamda ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, agar er va xotin o‘rtasidagi nikoh shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, er va xotinning ulushlari teng deb hisoblanadi.
Sud voyaga yetmagan bolalar manfaatlaridan va (yoki) er va xotindan birining e’tiborga loyiq manfaatini hisobga olib, jumladan, agar er yoki xotin uzrsiz sabablarga ko‘ra daromad olmagan bo‘lsa yoxud er va xotinning umumiy mol-mulkini oila manfaatlariga zarar yetkazgan holda sarflagan bo‘lsa, er va xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushlari tengligidan chekinishga haqlidir.
Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda er va xotinning umumiy qarzlari ularga belgilangan ulushlarga mutanosib ravishda har ikkalasi o‘rtasida taqsimlanadi.
Agar er va xotindan biri umumiy mol-mulkni er yoki xotinning erkiga zid ravishda va oila manfaatiga mos bo‘lmagan holda o‘z xohishiga ko‘ra sarflagan yoki boshqa shaxsga o‘tkazgan bo‘lsa, uni bo‘lishda bu mol-mulk yoki uning qiymati hisobga olinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011-yil 20-iyuldagi 6-sonli “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 20, 24-bandlari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 217 moddasi.
6-bob. Er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi
29-modda. Nikoh shartnomasi
Nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi.
30-modda. Nikoh shartnomasi tuzish
Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin.
Nikoh davlat ro‘yxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |