I tergov va sud harakatlarining tushunchasi va huquqiy tabiati


Tergov harakati ishtirokchilari


Download 455.5 Kb.
bet2/6
Sana03.06.2020
Hajmi455.5 Kb.
#113704
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
JINOYAT PROTSESSIDA SO`ROQ QILISNING PROTSESSUAL TARTIBI VA RASMIYLASHTIRILADIGAN PROTSESSUAL HUJJATLAR


Tergov harakati ishtirokchilari. Tergov harakatlari o‘tkazishda fuqarolar va mansabdor shaxslar: curishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, himoya­chi, jabrlanuvchi, vakillar, qonuniy vakillar, guvohlar, ekspert, mutaxassis, xolislar va boshqalar ishtirok etadilar. Ushbu ishtirokchilarning barchasi ko‘pqirrali, murakkab faoliyatni amalga oshiradilar.

Tergov harakatlari o‘tkazish chog‘ida protsessual faoliyatda har bir ishtirokchining «ulushi» uning protsessual maqomi bilan o‘lchanadi. Tergov harakatlarini o‘tkazish chog‘ida ishti­rokchilarning huquqiy maqomi: a) ishtirokchining isbotlash­dagi o‘rni; b) tergovchi tomonidan daliliy ma’lumotlarni olish protsessida amalga oshiradigan funksiyasi; v) tergov harakatiga jalb qilinishining majburiy yoki majburiy emasligi bilan belgilanadi.

Ish uchun ahamiyatli barcha holatlarni aniqlash majburiya­tiga ega bo‘lgan isbot qilish sub’etlari tergovchi, tergov qilishda qonuniy asoslarga ko‘ra ishtirok etadigan boshqa shaxslar, ya’ni surishtiruvchi, surishtiruv organining boshli­g‘i, tergov bo‘limining boshlig‘i, prokurorlar hisoblanadi. Hokimiyat faoliyatini amalga oshira turib ushbu shaxslar tergov harakatining borishiga rahbarlik qiladilar va huquqni qo‘llash faoliyatini amalga oshiradilar. Tergovchi yoki uning vazifasini amalga oshiruvchi shaxs tergov harakatini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, boshqa ishtirokchilar bilan huquqiy munosabatga kirishadi, ularning huquqlarini va majburiyatlarga amal qilishlarini ta’minlaydi, ishtirokchi­larning xatti-harakatlarini tegishli maqsadga yo‘naltiradi, tergov harakatlari o‘z vaqtida, qonuniy va samarali o‘tkazish­ning butun mas’uliyatini o‘z bo‘yniga oladi.

Tergov harakatlarining qolgan barcha ishtirokchilari huquqiy maqomiga ko‘ra :

1) jinoyat protsessida shaxsiy va vakillik manfaatlariga ega bo‘lgan va isbotlash sub’ekti sifatida ishtirok etadigan shaxslar;

2) isbotlash sub’ekti bo‘la olmaydigan shaxslar guruhlariga bo‘lish mumkin.

Bunday tasniflash tergov harakatlarida gumon qilinuvchi­ning, ayblanuvchining, jabrlanuvchi va ularning qonuniy vakillarining, himoyachining, jabrlanuvchi vakilining (agar ishtirok etayotgan bo‘lsa, fuqaroviy da’vogar va fuqaroviy javobgarning) muhim holatni egallaganligini qayd etadi. Mazkur shaxslar tergov harakatlariga jalb qilinganligidan yoki tergov harakatida ishtiroki boshqacha mazmun kasb etishi­dan qat’i nazar tergovchi o‘zining qarshisida keng huquqlarga ega bo‘lgan isbot qilishning sub’ekti turganligini yoddan chiqarmasligi kerak. Har qanday tergov harakati o‘tkazilganda ushbu shaxslarning huquqiy holati, so‘roq qilish, ko‘zdan kechirish va boshqa tergov harakatlari to‘g‘risidagi normalar doirasidagi tartib bilan belgilanadi. Agarda ayblanuvchi, gumon qilinuvchi va jabrlanuvchilar so‘roq qilinganda tergov­chi ko‘rsatuv berish mazkur shaxslarning huquqlari, jabrla­nuvchi uchun esa majburiyat ekanligini nazarda tutishi kerak. Bundan shu narsa kelib chiqadiki, tergovchi huquqlarni amalga oshishini ta’minlashi shart. Sanab o‘tilgan shaxslar esa o‘zlari zarur hisoblaganlarini ma’lum qilishlari – ko‘rsatuv berib, tergovchi ularni so‘roq qilishni talab qilishlari mumkin.

Har qanday tergov harakatida ayblanuvchi, gumon qilinuvchi va jabrlanuvchi, uning vakili (agar ishtirok etayotgan bo‘lsa) isbot qilish sub’ekti sifatida maqomidan kelib chiqadigan huquqlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Bu fikr ashyoviy dalillarni, turar joy va binolarni ko‘zdan kechirish to‘g‘risidagi normalarda aniq shaklda bayon qilingan: ayblanuvchi, sudlanuvchi, himoyachi, shuningdek jabr­lanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari surishtiruvchining, tergovchining va sudning e’tiborini, ularning fikricha ish holatini aniqlashga yordam berishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarga qaratish huquqiga egadirlar. Tabiiyki, bunda ular narsa va hujjatlarni olish va ishga qo‘shish, ahamiyatli holatlarni bayonnomada qayd qilish to‘g‘risida iltimoslar qilishlari mumkin. Isbot qilish sub’ektlarining huquqlari ular tomonidan amalga oshirili­shi mumkinligi bois yuqorida sanab o‘tilgan shaxslar dastlab­ki tergovda juda faol faoliyatni amalga oshiradilar. Ular­ning barchasi, jumladan, dastlabki tergovda ishtirok etayotgan himoyachi va jabrlanuvchining vakili tergovning istalgan vaqtida narsa va hujjatlarni taqdim qilishlari mumkin.

Ayblanuvchi (gumon qilinuvchi) va jabrlanuvchidan farqli ravishda himoyachi isbot qilishda o‘z manfaatlarini emas, balki gumon qilinuvchining va ayblanuvchining manfaatlarini himoya qiladi. Uning faoliyat maqsadi-ayblanuvchini oqlaydigan va uning aybini engillashtiradigan, gumon qilinuvchi tomonidan jinoyat sodir qilinganlik to‘g‘risidagi taxminlarni inkor qiladigan holatlarni aniqlash bo‘lib, tergov harakatida ishtirok etish shaklini ham belgilaydi. Qonunda ayblanuvchi va gumon qilinuvchi ishtirok etadigan tergov harakatlarida himoyachining ishtirok etishga haqli ekanligi belgilangan. Ushbu shaxslarni so‘roq qilishdan oldin himoyachi o‘zining ular bilan yakka holda uchrashish huquqidan foydalanib, himoya qilish taktikasini muhokama qilib oladi. Ayblanuvchi va gumon qilinuvchi shaxslarni suroq qilinishiga qatnashib, himoyachi tergovchi ruxsati bilan savollar bilan murojaat qiladi, bayonnomaga kerakli qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni kiritishini so‘raydi, bayonnomada aks ettirilgan ma’lumotlar­ning to‘laligi va to‘g‘riligini tasdiqlaydi. Bizning fikri­mizcha, tergovchi himoyachining iltimosnomasiga ko‘ra himoya ostidagi shaxs qatnashmagan boshqa tergov harakatlarni amalga oshirishda ham himoyachi ishtirok etishiga yo‘l qo‘yishi kerak: jabrlanuvchining guvohni, ekspertni so‘roq qilishda. Bunday fikrning kelib chiqishi himoyachining tergov tugaganidan so‘ng qo‘shimcha tergov harakatlarini o‘tkazish va ularda ishtirok etish hamda ular tasdiqlangan hollarda tergov harakatlarini o‘tkazishda faol ishtirok etib, guvoh, jabrlanuvchi, ekspert va mutaxassisga savol berish huquqiga asoslangan.

Ko‘zdan kechirish, guvohlantirish, yuzlashtirish, tanib olish uchun ko‘rsatish, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish kabi tergov harakatlarida ishtirok etgan himoyachi uning nuqtai nazariga ahamiyatli bo‘lgan xolatlarga tergov­chining e’tiborini qaratadi, ularni to‘liq bayonnomada aks ettirilishini nazorat qiladi, mutaxassisga savollar beradi, hujjatlar va ashyoviy dalillarni ishga biriktirib qo‘yilishi­ni iltimos qiladi. Boshqacha qilib aytganda, himoyachi ayrim­lar aytganidek, tergovchi, xolis va mutaxassislarning xatti-harakatlarini kuzatishi bilan cheklanmasdan, o‘rganish va tanishib chiqishni faol amalga oshirishi mumkin.

Ekspertiza tayinlanganda himoyachi o‘z himoyasi ostidagi shaxsning barcha huquqlaridan foydalanishi mumkin. Xususan, u ayblanuvchi nomidan, ekspertga rad bildirish, ekspertga qo‘shimcha savollar berish, tergovchining ruxsati bilan eksper­tiza o‘tkazilishida ishtirok etish, xulosa bilan tanishib chiqish, xulosa yuzasidan o‘zining e’tirozlarini bildirish kabi huquqlariga ega. Agar himoyachi o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan birgalikda ishda ishtirok etadigan bo‘lsa, u himoyasi ostidagi shaxsning protsessual huquqlari amalga oshirilishi ustidan ham kuzatib turishi kerak; kerakli iltimosnomalar orqali himoyachi, yuzaga chiqqan xatolarni bartaraf etilishiga qaratilgan barcha choralarni amalga oshirishi lozim.

Guvoh, jabrlanuvchi va ekspertlarning so‘roq qilinishida himoyachi ishtirok etib, ayblanuvchi yoki gumon qilinuvchi shaxslarning aybini rad etuvchi yoki javobgarligini engillash­tiruvchi ma’lumotlarni savollar berish orqali aniqlashga harakat qiladi.

Dalillarni to‘plash – bu nafaqat biror bir aniq ma’lu­motlarni aniqlash, balki ularni to‘g‘ri protsessual tartibda rasmiylashtirish, xususan, hujjat va narsalarni ish material­lariga biriktirilishini unutmasligimiz lozim. Bunday qaror qabul qilish faqat isbot qilish sub’ektlari – ya’ni surish­tiruvchi, tergovchi, prokuror va sudga tegishli.

Tergov harakatlarida jabrlanuvchi va uning vakilining ishtiroki to‘g‘risidagi masala diqqatga sazavordir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan fuqarolarning qonun va sud oldida, shuningdek taraflarning tengligi jinoyat protsessida xususan, dalillar to‘plashda jabrlanuvchi rolini qaytadan belgilashni taqozo etadi. SHu bilan bog‘liq ravishda ko‘plab tadqiqotchilarning e’tiborlari bir – biriga qarshi funksiyalarni amalga oshiruvchi ishtirokchilar tashkil topadi­gan taraflar (bir tarafda ayblanuvchi va uning himoyachisi, ikkinchi tarafda jabrlanuvchi va uning vakili) o‘rtasidagi notenglik va uni bartaraf qilishga qaratilmoqda.

Jabrlanuvchi va uning vakili sudda mustaqil taraf sifa­tida ishtirok etsalar-da, dastlabki tergovda ularning noteng­ligi saqlanib qolgan.

Xuddi shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat–protsessual kodeksi jabrlanuvchining tergov haraka­tida ishtirok etish huquqini bermaydi. Qonun tergovchining jabrlanuvchini ko‘zdan kechirish va tergov eksprimentida ishtirok etishga jalb qilish huquqini nazarda tutadi. Lekin mantiqan uning ishtirokisiz o‘tkazilishi mumkin bo‘lmagan boshqa tergov harakatlarida ham ishtirok etadi. Masalan, so‘roqda so‘roq qilinuvchi sifatida, tanib olish uchun ko‘rsa­tishda tanib oluvchi, ba’zida tanib olinuvchi sifatida, yuzlash­tirishda esa yuzlashtirilayotgan shaxslarning biri sifatida, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish tergov harakatlarida ishtirok etishi mumkin. Uning tintuv va olib qo‘yish tergov harakatlariga jalb qilinishi ham istisno holat emas. Xuddi shu holatlarda jabrlanuvchi vakilining ishtirok etishi vakillikni bergan shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning kafolati bo‘lar edi. Jabrlanuvchi va uning vakiliga ular uchun muhim hisoblangan tergov harakatlariga ishtirok etishga ruxsat berish to‘g‘risida iltimos qilish huquqi berilganda maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bizningcha, jabrlanuvchini va vakilini o‘z tashabbusi yoki ularning ilti­mosiga ko‘ra nafaqat ko‘zdan kechirish va tergov eksprimentiga, balki boshqa tergov harakatlariga ham jalb qilgan tergovchi­larning ishlari to‘g‘ridir. Ekspertiza tayinlash va o‘tkazishda ayblanuvchining va jabrlanuvchining huquqlaridagi tengsizlik yuridik adabiyotlarda qattiq tanqidga olinadi. Agar ayblanuv­chi ekspert tanlashga, ekspert oldiga qo‘yilgan savollar maz­muniga; ta’sir ko‘rsatish, ekspertiza o‘tkazilayotganda ishtirok etish, ekspert xulosasi bilan tanishish huquqlariga ega ekan, jabrlanuvchi, ekspertning xulosasiga befarq bo‘lmasa-da yoki ekspert xulosasi uning manfaatlarga ham ta’sir etsa-da yuqoridagi huquqlarga ega emas. Ayblanuvchi va jabrlanuvchi huquqlaridagi muvozanatsizlikni yo‘qotish to‘g‘risida yuqorida bayon qilinganlar jabrlanuvchiga ekspertiza tayinlashni talab qilish huquqining berilishi kerakligiga urg‘u beradi.

Tergov harakatining qolgan ishtirokchilari – guvohlar, eks-pertlar, tarjimonlar, xolislar va boshqa bir qancha ishti­rokchilar zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun jalb qilinadilar. SHu majburiyatlarga yarasha huquqlarga ega bo‘lsalar-da, ular shaxsiy manfaatlarga ega bo‘lmaydilar.

I.2. So‘roq qilish tushunchasi, ahamiyati va uning umumiy qoidalari
So‘roq qilish jinoyat sudlov ishlarini yuritishda eng keng tarqalgan tergov harakati bo‘lib, bir shaxsdan (guvoh, jabr­lanuvchi, gumon qilinuvchi va ayblanuvchidan) og‘zaki ko‘rsatuv­lar olish va mustahkamlash maqsadida protsessual so‘rov tarzida amalga oshiriladi. So‘roq qilinuvchi tomonidan bildirilgan ma’lumot hamda ba’zi hollarda topshiriladigan grafik, ashyo va xabarlarning boshqacha tasvirlari ko‘rsatuv berishning shakli hisoblanadi.

So‘roq qilish tergov harakati jinoyatni ochishda ham asosiy usul bo‘lib xizmat qiladi. Tergov amaliyotida biror bir ochilgan jinoyat ishi yo‘qki, unda so‘roq qilish tergov harakati o‘tkazilmagan bo‘lsa. So‘roq qilish tergov harakatining aha­miyati shundaki, jinoyat izlari sifatida qolgan va moddiy dunyoning inson ongidagi in’ikosidan isbot qilishda foyda­laniladi.

So‘roq qilish tergov harakati orqali tergov harkatini o‘tkazuvchi shaxs so‘roq qilinuvchidan muayyan holat yuzasidan ma’lumotni olishi va fikrini bilishi mumkin bo‘ladi. Qolaversa, ushbu tergov harakati so‘roq qilinuvchiga jinoyat ishi yoki uning muayyan holati yuzasidan bilganlarini boshqa­larga ma’lum qilish va munosabatini bayon qilish imkonini beradi.

So‘roq qilish tergov harakati o‘zining tashqi ko‘rinishidan o‘xshash bo‘lgan harakatlar: tushuntirish talab qilish yoki olish, og‘zaki arizani qabul qilish (ya’ni tergov harakati hisoblanma­gan protsessual harakatlar) va fuqarolarni surishtirish (protsessual harakatlar bo‘lmagan tezkor-qidiruv choralari) mazmuni va ahamiyatiga ko‘ra ulardan farq qiladi. Ko‘rsatuvlar esa ba’zida ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshi­rish, tanib olish uchun ko‘rsatish kabi tergov harakatlarida ham ularning tarkibiy qismi sifatida mavjud bo‘lishi mumkin.

So‘roq qilish tergov harakatida faqat so‘roq qilishning ishtirokchisi, ya’ni guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi va ayblanuvchi maqomiga ega bo‘lgan bir shaxsdan dalil to‘plash maqsadida ko‘rsatuv olinadi. Dalillarning maqbullik talabi­ga ko‘ra tushuntirish xatida va og‘zaki ariza qabul qilish bayonnomasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar dalil hisoblanmaydi. Demak, ushbu harakatlar garchand protsessual hisoblansa-da, uni so‘roq qilish tergov harakatiga tenglashtira olmaymiz.

Fuqarolarni surishtirish protsessual harakatlar bo‘lmagan tezkor-qidiruv choralari jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi organlarning faoliyatida muhim o‘rin egallaydi. SHu borada ishni tashkil qilish, jinoyatni ochishda tergov tusmollarini yuritish, jinoyatni sodir qilgan shaxslarni topishda zaruriy chora bo‘lgani bilan protsessual doirada amalga oshirilmagan­ligi bois ham so‘roq qilish tergov harakatidan farqalanadi.

So‘roq qilishda ko‘rsatuvlar qanday shaklda (og‘zaki yoki yozma) bo‘lishi va qanday harakatlar bilan (misol uchun soqov odam­ning imo-ishoralari) ifodalanishidan qat’i nazar, tergovda ish uchun ahamiyatli faktlar va ularning tavsifi borligi yoki yo‘qligi haqidagi axborotlar olinishi kerak. Aks holda, so‘roq qilish davomida olingan ko‘rsatuvlar isbotlovchi ahamiyatdan mahrum bo‘ladi.

So‘roq qilishning umumiy qoidalari Jinoyat-protsessual kodeksining 96-108-moddalarida belgilangan. Bizning jinoyat – protsessual qonunchilikda so‘roq qilishning umumiy qoidalariga yuridik adabiyotlarda so‘roq qilishning (umumiy va maxsus) shartlari iborasi qo‘llaniladi6.

Qonunda, shuningdek jinoyat protsessi nazariyasida so‘roq qilishning umumiy qoidalarida birinchi navbatda so‘roq qi­lishning joyi turadi. Jinoyat – protsessual qonun surishti­ruvchiga yoki tergovchiga guvohni, jabrlanuvchini, gumon qilinuvchini va ayblanuvchini dastlabki tergov o‘tkaziladigan joyda yoki so‘roq qilinuvchi qaerda bo‘lsa, o‘sha joyda, sudga esa sud muhokamasi yuritilayotgan joyda so‘roq qilishga ruxsat beradi (JPK, 96-modda).

So‘roq qilishdan oldin guvoh, jabrlanuvchi, ozodlikda bo‘lgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchilar chaqiruv qog‘ozi bilan chaqiriladilar. CHaqiruv qog‘ozi pochta orqali jo‘natiladi yoki chopar orqali topshiriladi. CHaqiruv telefonogramma, tele­gramma, radiogramma bilan yoki telefaks orqali ham bo‘lishi mumkin.

CHaqiruv qog‘ozida shaxs kim sifatida, qaysi manzilga va kimning huzuriga chaqirilayotganligi, qaysi kunda va qaysi soatga etib kelishi kerakligi, shuningdek, uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmay qolgan taqdirda qanday oqibatlar ro‘y berishi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. CHaqiruv qog‘ozi chaqiriluvchiga topshirilib, tilxat olinadi. CHaqiruv qog‘ozi olib borilganda chaqiriluvchi vaqtincha yo‘q bo‘lsa, unga berib qo‘yish uchun chaqiruv qog‘ozi u bilan birga yashovchi voyaga etgan oila a’zo­laridan biriga, yotoqxona ma’muriyatiga, uy egasiga yoki fuqaro­larning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakiliga topshirilib, tilxat olinadi (JPK, 97-modda).

Tergov hibsxonasida, vaqtincha qabul qilish-taqsimlash qabul-xonalari, jazoni ijro etish yoki tarbiya koloniyalarida saqlanayotgan shaxslar shu muassasalarning ma’muriyati orqali chaqirtiriladi.

So‘roq qilishdan oldin so‘roq qilinuvchidan uning tug‘ilgan joyi, familiyasi, ismi, otasining ismi, aniq tug‘ilgan vaqti (yili, oyi, kuni), ish joyi, mansabi, mashg‘ulot turi, ma’lu­moti, oilaviy ahvoli, sudlanganligi yoki sudlanmaganligi aniqlanadi. Ushbu ma’lumotlarning hammasi jinoyat ishidagi yoki so‘roq qilinuvchining shaxsiy hujjatlaridagi ma’lumot­lar bilan solishtiriladi. Har qanday holda ham surishti­ruvchi, tergovchi yoki sud so‘roq qilinuvchi o‘zini kim deb tanishtirgan bo‘lsa, aynan o‘sha shaxs ekanligiga ishonch hosil qilishi lozim (JPK, 98-modda).

So‘roq qilinuvchi ish yuritilayotgan tilni biladimi, u qaysi tilda ko‘rsatuv bera olishi mumkin, degan masalalar ham aniqlanishi lozim. Zarur hollarda tarjimon chaqiriladi va u kelguncha so‘roq qilish to‘xtatib turiladi (JPK, 99-modda). So‘roq qilinuvchining qaysi tilda ko‘rsatuv bera olishi bayonnomada ko‘rsatilishi shart.

So‘roq qilinuvchining shaxsi aniqlanganidan keyin unga huquq va majburiyatlari tushuntiriladi. Bu huquq va majbu­riyatlar tushun-tirilganligi ham so‘roq bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi (JPK, 100-modda).

So‘roq qilinuvchiga ishning unga ma’lum bo‘lgan holatlari to‘g‘risida so‘zlab berish taklif qilinmog‘i lozim. So‘roq qilinuvchi erkin so‘zlab berganidan keyin uning ko‘rsatuv­larini to‘ldirish va aniqlashga qaratilgan savollar berilishi mumkin (JPK, 101-modda).

Kutilayotgan javobga bevosita yoki bilvosita yo‘naltirish mazmunidagi ishora qiluvchi savollar berish taqiqlanadi (JPK, 102-modda). Ishora qiluvchi savollar deganda so‘roq qilinuvchidan ma’lum bir javobni olish maqsadida unga savol berish tushuniladi. Ishora qiluvchi savollarga misol keltira­digan bo‘lsak quyidagini ko‘rsatish mumkin: “o‘sha kuni egnin­gizda qora kiyim edimi?” deb so‘rashning o‘zi shaxsning qora kiyimiga ishora qilyapti. Bu savolni to‘g‘ri shakllantirib “o‘sha kuni qanday kiyim kiygan edingiz?” deb so‘ralsa to‘g‘ri bo‘ladi.

So‘roq qilinuvchining ko‘rsatuvlari raqamlar yoki xotirada saqlanishi qiyin boshqa ma’lumotlarga taalluqli bo‘lsa, u so‘roq jarayonida o‘zidagi yoki ishga qo‘shib qo‘yilgan hujjat­lardan yoxud boshqa yozuvlardan foydalanishi mumkin. So‘roq qilinuvchiga so‘roq qilish jarayonida o‘zidagi hujjatlar va boshqa yozuvlarni o‘qib eshittirishga ruxsat etilishi mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi va sud so‘roq qilinuvchidan so‘roq qilish jarayonida u foydalanayotgan hujjatlar va boshqa yozuvlarni talab qilishi, ularni keyin qaytarib berishi yoki ishga qo‘shib qo‘yishi mumkin (JPK, 103-modda).

So‘roq qilinuvchining ilgarigi so‘roqda bergan ko‘rsatuvlari faqat uning hozirgi so‘roqda bergan ko‘rsatuvlari tinglanib, qayd qilinib, u imzo chekkanidan keyin hamda hozirgi va ilgarigi so‘roqlarda berilgan ko‘rsatuvlar o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda; so‘roq qilinuvchi sudda ko‘rsatuv berishdan bosh tortganda; ish so‘roq qilinuvchining ishtiroki­siz ko‘rib chiqilayotganda o‘qib eshittirilishi mumkin (JPK, 104-modda).

So‘roq jarayonida surishtiruvchi, tergovchi va sud, shuningdek sud muhokamasida taraflar ishga qo‘shib qo‘yilgan yoki taraflar ixtiyorida bo‘lgan narsalar va hujjatlarni so‘roq qilinuvchiga ko‘rsatishlari, shuningdek bu hujjatlarni o‘qib eshittirish­lari mumkin. So‘roq bayonnomasida yoki sud majlisi bayonno­masida qaysi narsa yoki hujjat ko‘rsatilganligi, hujjat matnining qaysi qismi va uning kim tomonidan o‘qib eshit­tirilganligi, narsa yoki hujjatni ko‘rsatish vaqtida qanday savollar berilganligi va bunga javoban so‘roq qili­nuvchi qanday ko‘rsatuvlar berganligi aniq aks ettirilishi kerak (JPK, 105-modda).

So‘roq jarayoni va natijalari surishtiruv va dastlabki tergov bosqichida so‘roq bayonnomasida, sud muhokamasida esa sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi. So‘roq jarayonida bayonnoma yuritish bilan bir qatorda ovozni yozib olish, videoyozuv va kinotasvirga olish ham qo‘llanilishi mumkin (JPK, 106-modda).

Ko‘rsatuvlar bayonnomaga birinchi shaxs nomidan, imkoni boricha so‘zma-so‘z yozib boriladi. Savol-javob so‘roq jarayonida qanday olib borilgan bo‘lsa, shunday izchillikda qayd qilina­di. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisiga raislik qiluv­chi tomonidan chetlatilgan, shuningdek, so‘roq qilinuvchi javob berishdan bosh tortgan savollar ham bayonnomaga kiritilishi kerak.

Bayonnomada, bundan tashqari, so‘roq qilinuvchi tomonidan avvalgi so‘roqlarda berilgan ko‘rsatuvlarning o‘qib eshittiril­gani, ko‘rsatuv berish jarayonida so‘roq qilinuvchining hujjat yoki boshqa yozuvlardan foydalangani, so‘roq qilinuvchiga so‘roq davomida narsa va hujjatlar ko‘rsatilgani, so‘roq paytida ovoz yozish, videoyozuv, kinotasvirga olish o‘tkazilgani qayd qilina­di, fonogramma, video-yozuv, kinotasma bayonnomaga ilova qilinadi.

Agar so‘roq qilishda texnik vositalaridan foydalanilgan bo‘lsa, bayonnomada quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:



  • Fotosurat, videoyozuvlar va ovozli yozuvlardan foydalan­ganligi haqidagi ma’lumotlar qayd etilishi lozim;

  • Texnik vositalar to‘g‘risida ma’lumotlar;

  • Agar uzilishlar bo‘lsa, ularning sabablari va muddat­lari;

  • So‘roq qilinuvchi tomonidan texnik vositalardan foyda­lanish borasida berilgan ariza va shikoyatlar;

  • So‘roq qilinuvchining imzosi.

So‘roq tugaganidan keyin bayonnoma o‘qib chiqish uchun so‘roq qilinuvchiga ko‘rsatiladi yoxud uning iltimosiga ko‘ra surish­tiruvchi, tergovchi tomonidan unga o‘qib beriladi.

So‘roq qilinuvchi ko‘rsatuvni o‘z qo‘li bilan yozma ravishda bayon qilishga haqli, o‘z qo‘li bilan yozilgan ko‘rsatuv bayonno­maga ilova qilinib, bu haqida bayonnomaga yozib qo‘yiladi.

So‘roq qilinuvchi yoki taraflarning iltimosiga ko‘ra sud majlisida bayonnomaga imzo qo‘yilguniga qadar yozilgan ovoz, videoyozuv va kinotasvir namoyish qilinishi mumkin. Ular bilan bayonnoma o‘rtasida tafovut bo‘lgan hollarda, tafovut sababini aniqlash uchun qayta so‘roq qilinishi mumkin.

So‘roq qilinuvchi bayonnomani o‘qib bo‘lgach, ko‘rsatuvlari to‘g‘ri yozilganligi va u bilan tanishganligini imzo chekib tasdiqlaydi. Imzo bayonnomaning oxiriga qo‘yiladi, basharti ko‘rsatuvlar bir necha sahifaga yozilgan bo‘lsa, har qaysi sahifaga alohida imzo chekiladi.

So‘roq qilishda tarjimon qatnashayotgan bo‘lsa, u so‘roq qilinayotgan shaxsning bayonnomadagi ko‘rsatuvlarini unga og‘zaki tarjima qiladi, so‘roq qilinuvchining o‘z qo‘li bilan yozib bergan ko‘rsatuvlarini esa, yozma ravishda tarjima qiladi. Tarjimon ko‘rsatuvlar yozilgan bayonnomaning oxiriga va har bir sahifasiga alohida, shuningdek so‘roq qilinuvchining o‘z qo‘li bilan yozib bergan ko‘rsatuvlarining tarjimasiga imzo chekadi.

So‘roqning umumiy davom etish vaqti bir kunda sakkiz soat­dan oshmasligi lozim. Dam olish va ovqatlanish uchun beriladi­gan bir soat tanaffus bu hisobga kirmaydi (JPK, 107-modda).

Tergov amaliyoti so‘roq qilinuvchini so‘roq qilishning davom etish vaqtini belgilashda mutaxassis-shifokor fikri olini­shi mumkin. Lekin ushbu muddat ham yuqorida ko‘rsatilgan maksimal muddatdan oshishi mumkin emas.

Dastlabki tergovda va sudda qo‘shimcha so‘roq qilish zarurati tug‘ilishi mumkin. Bunday so‘roq quyidagi hollarda o‘tkazi­ladi:

-so‘roq qilinuvchi ishning o‘ziga ma’lum bo‘lgan barcha holat­lari to‘g‘risida ko‘rsatuv bera olishi uchun qonunda nazarda tutilgan so‘roqning umumiy davom etish vaqti etarli bo‘lmasa;

-so‘roq qilingan shaxs ilgari bergan ko‘rsatuvlarini to‘ldirish yoki o‘zgartirish istagini bildirsa;

-ayblanuvchiga yangi yoki o‘zgartirilgan yoxud qo‘shimcha ayblov e’lon qilinsa;

-surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan ilgari so‘roq qi­lingan shaxsning ko‘rsatuvlari to‘g‘ri yozilganligini prokuror qo‘shimcha so‘roq qilish yo‘li bilan tekshirib ko‘rishni lozim topsa;

-surishtiruvchi yoki boshqa tergovchi tomonidan ilgari so‘roq qilingan shaxsning ko‘rsatuvlari to‘g‘ri yozilganligini ishni yuritish uchun qabul qilgan tergovchi qo‘shimcha so‘roq qilish yo‘li bilan tekshirib ko‘rishni lozim topsa;

-ilgari so‘roq qilingan shaxsga berilishi kerak bo‘lgan va ish uchun muhim yangi savollar tug‘ilsa;

-shaxs so‘roq qilinganidan keyin ishga kirishgan zaxiradagi xalq maslahatchisi ushbu shaxsni yangitdan so‘roq qilishni talab qilsa (JPK, 108-modda).


Download 455.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling